ONG
Ob’ektiv borliqning miyamizda sub’ektiv aks etishiga ong deb aytiladi. Ong o‘z tabiatiga ko‘ra nihoyatda xilma-xil bo‘lib, unga o‘z-o‘zini anglash, atrof-muhitni anglash kiradi. Ong taraqqiyotning oliy darajasida yuzaga kelib, faqat insondagina bo‘ladi. Hayvonlarda ong bo‘lmaydi.
Odamda ong asta-sekin rivojlanadi. Yangi tug‘ilgan bolada ong bo‘lmaydi. Bola o‘sib-ulg‘aygan sayin uning ongi ham rivojlanib, takomillashib boradi. Ong integrativ jarayon bo‘lib, yuqori darajada izchilligi, jadalligi, chuqurligi va kengligi bilan boshqa bilish jarayonlaridan farq qiladi. Biroq turli yoshda va turli odamlarda ong turlicha bo‘ladi. Ong kimda qanday bo‘lishidan qat’i nazar, u bir butundir.
Ong inson egallagan bilimlar va atrof-muhit ta’siri ostida shakllanadi va rivojlanadi. Bilimsiz ong bo‘lmaydi. Biroq ong va bilim bir xil jarayon ham emas. Masalan, o‘ta ilmli odamni o‘ta ongli odam deb bo‘lmaydi. Ongga o‘zini o‘zi anglash, ya’ni «Men» ongi kiradi. «Men» degan ong, odatda, bizdan yo‘qolmaydi va ancha yaqqol ifodalangan bo‘ladi. Ong bizning ruhiy jarayonlarimiz va hayotiy vaziyatlar dinamikasini o‘zida aks ettiradi. Ruhiy kasalliklarda ong buziladi.
Ongda doimo turgan joyimiz va vaqt aks etib turadi. Es-hushi joyida bo‘lgan odam hamma vaqt qaerdaligini anglaydi, soat nechaligini, hech bo‘lmaganda, taxminan ayta oladi. Ruhiy kasalliklarda esa ham o‘zini anglash, ham borliqni anglash izdan chiqadi, ya’ni ong buziladi.
O‘z tanasini his qilish, atrofdagi narsalar va odamlarni tanish, o‘zi turgan makonni bilish ong funktsiyalaridan hisoblanadi. Odam tanasi faqat tashqi olamdan (ko‘ruv, eshituv, hid bilish) emas, balki tanasining ichki a’zolaridan ham intraretseptorlar orqali ma’lumot olib turadi. Lekin ular ongda aks etmaydi. Tashqi olamdan axborot olish va o‘zini o‘zi anglash doimo ongda aks etib turadi. Ana shu jarayonlar natijasida odam o‘z his-tuyg‘ulari, sezgilari, xohishlari, ehtiyojlarini atrof-muhitdagi, ya’ni jamiyatdagi vaziyat bilan taqqoslaydi. Bu ongning eng muhim funktsiyasidir.
Ong rivojlanishi va takomillashishida bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ining roli katta. Demak, ikkilamchi signal sistemasiga mas’ul bo‘lgan po‘stloq ong uchun o‘ta muhim morfo-funktsional tizimdir. Shuningdek, miya ustunida joylashgan retikulyar formatsiya ham ong jarayonida muhim o‘rin tutadi. Retikulyar formatsiya uyqu va tetiklikni boshqarib, ong darajasiga bevosita ta’sir o‘tkazadi. Nutq inson ongi shakllanishi uchun o‘ta muhim bo‘lgan bilish jarayonidir. Nutqi rivojlanmay qolgan bolalarda ong rivojlanishi ham oqsaydi.
Ong patologiyasi. Ongning psixotik va nopsixotik buzilishlari farq qilinadi. Psixotik tipdagi buzilishlarga obnubilyatsiya, deliriya, oneyroid, amentsiya, depersonalizatsiya, es-hushning kirdi-chiqdi bo‘lib qolishi, ambulator avtomatizmlar va sobnambulizm kiradi. Ongning nopsixotik tipdagi buzilishlariga somnolentsiya, sinkope, sopor va koma kiradi.
A. Ongning psixotik buzilishlari:
- Obnubilyatsiya (nubes – bulut degani) – ongning engil darajada buzilishi. Ochiq osmonni bulut xira qilgani kabi go‘yoki ong ham biroz xiralashadi, voqelikni idrok etish sustlashadi. Obnubilyatsiya holatidagi odam baland ovoz yoki tovushda darrov o‘ziga keladi. Obnubilyatsiya – ong buzilishining eng dastlabki bosqichi. Masalan, zaharlanishlarda ong buzilishi aynan obnubilyatsiyadan boshlanadi.
- Deliriya (lot. delirium – aqldan ozmoq) – asosan ko‘ruv gallyutsinatsiyasi va illyuziyalar bilan namoyon bo‘ladigan ong buzilishi bo‘lib, o‘z shaxsini anglash saqlanib qoladi. Deliriyani biz ko‘pincha tana harorati oshgan bolalarda va turli xil zaharlanishlarda ko‘ramiz. Bunday paytlarda ularning ko‘ziga turli xil hayvonlar yoki boshqa dahshatli narsalar ko‘rinadi, ularni qo‘li bilan haydaydi, alahsirab yoniga hech kimni yo‘latmaydi. Agar bola tuzala boshlasa, deliriya belgilari ham yo‘qoladi. Spirtli ichimliklardan zaharlanishda ham deliriya holatlarini ko‘p kuzatamiz. O‘tkir meningitning dastlabki bosqichida, gipertermiya va kuchli infektsion intoksikatsiya paytida ham deliriya kuzatiladi. Deliriya ko‘p holatlarda psixomotor qo‘zg‘alishlar bilan kechadi. Deliriya ruhiy kasalliklarda, ayniqsa, shizofreniyada ko‘p uchrashi va surunkali davom etishini esda tutish lozim.
- Oneyroid – gallyutsinatsiyalar va aql bovar qilmaydigan fantastik g‘oyalar bilan namoyon bo‘ladigan ong buzilishi. Demak, oneyroid tevarak-atrofni, ya’ni real hayotni idrok etishning buzilishi bilan namoyon bo‘ladi. Bemor o‘zini koinot bo‘ylab uchib yurgandek, uzoq-uzoqlarda sarguzasht qilayotgandek, harbiy yurishlarda ishtirok etayotgandek tutadi. Ularning kechinmalari fantastik tusda bo‘ladi. Deliriyadan farqli o‘laroq, oneyroidda bemor kamroq qo‘zg‘algan, ya’ni bo‘shashgan bo‘lib, xayollar og‘ushiga cho‘madi.
- Amentsiya (lot. amentia – aqldan ozish) – o‘zini va tevarak-atrofni anglashning to‘la izdan chiqishi bilan namoyon bo‘luvchi ong buzilishi. O‘zini anglamaslik, atrofdagi odamlarni tanimaslik, vaqt va makonni adashib idrok etish, yuzuq-yuluq nutq, xotira va fikrlash buzilishi bilan namoyon bo‘ladigan ushbu simptomlar majmuasi amentiv sindrom deb ham yuritiladi. Ushbu patologik holat organik psixoz va kuchli intoksikatsiyada ko‘p uchraydi. Amentsiya deliriyaga o‘xshab ketsa-da, undan og‘irroq holat. Amentsiyadan chiqayotgan bemor (ayniqsa, intoksikatsiyalarda) avval deliriyaga o‘tib, xotirasini qisman yo‘qotadi.
- Depersonalizatsiya (shaxs parchalanishi) – o‘z shaxsini idrok etishning buzilishi bilan namoyon bo‘luvchi patologik holat. Bemorga o‘zining qo‘l-oyoqlari katta yoki kichikdek, egri-bugridek, yuz-ko‘zlari noto‘g‘ri shakldagidek, ba’zan qo‘llari o‘ziniki emas, birovnikidek tuyuladi. Bemorga tanasi ikki qismga bo‘linib, bir-biridan alohida harakat qilayotgandek seziladi. Depersonalizatsiya shizofreniya, organik psixozlar va bosh miya o‘ng yarim shari zararlanishlari uchun xos. Chunki bosh miyaning o‘ng yarim shari o‘z tanasini anglash uchun ham javob beradi.
- Es-hushning kirdi-chiqdi bo‘lib qolishi – ongning ancha ko‘p uchrab turadigan buzilishlaridan biri. Ong torayishi bilan namoyon bo‘luvchi ushbu holatda tashqi dunyodan ma’lumotlar ongda to‘la aks etmaydi. Bemor o‘z o‘y-xayollari og‘ushiga cho‘milib, atrofdagi voqelikdan ajralib yashaydi. U shifoxonada yotganini bila turib, o‘zini xuddi uyda yoki ishxonadagidek tutadi, mantiqqa zid bo‘lgan xatti-harakatlar qiladi. Bemorning ongi ichki patologik kechinmalar bilan mashg‘ul bo‘ladi. Unda birdan paydo bo‘ladigan g‘azab, uydan qochib chiqib ketish hissi, ota-onasiga yoki aka-ukalariga tashlanish kabi patologik holatlar kuzatilib turadi. Es-hushning kirdi-chiqdi bo‘lib qolishi bir necha soatdan bir necha kungacha davom etadi.
- Ambulator avtomatizmlar – o‘z xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holda kuzatiladigan xatti-harakatlar. Bunda gallyutsinatsiya, illyuziya yoki boshqa tipdagi affektiv buzilishlar bo‘lmaydi. Avtomatizmlar epilepsiyada ko‘p kuzatiladi. Epilepsiyada kuzatiladigan avtomatizmlar tez o‘tib ketadi. Avtomatizmda g‘alati holatlar ko‘p kuzatiladi. Masalan, avtomatizm paytida uydan chiqadi, yo‘lni kesib o‘tadi, avtobusga o‘tiradi, shaharning narigi chetiga borib, soy bo‘yini aylanib yuradi, kechga yaqin yana uyiga qaytib kelib, joyiga yotib uxlaydi. Biroq ushbu bo‘lib o‘tgan voqealar uning esida qolmaydi. Shuning uchun ham ambulator avtomatizmlar somnambuliya (lunatizm) va trans holatlari bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Ambulator avtomatizmlar bir necha daqiqa (fuga), bir necha soatdan bir necha kungacha (trans) davom etishi mumkin.
- Somnambulizm (lunatizm) – uyqu paytida kuzatiladigan ong buzilishlari. Asosan bolalar va o‘smirlarda kuzatiladi. Turli xil avtomatizmlar bilan namoyon bo‘ladi. Somnambulizmda qisman yoki chala uyg‘onishni kuzatish mumkin. Somnambuliya tunda kuzatiladi. Somnambuliya paytida bola uyg‘onib, tomga chiqib o‘tin tashlashi, paxsa ustida yiqilmay yurishi, soy ustidagi quvurdan yiqilmay u tomonga o‘tishi mumkin.
- Somnolentsiya – uyqusirash bilan namoyon bo‘luvchi ong buzilishi. Somnolentsiya holatida odamda begona nutqni qabul qilish qobiliyati so‘nadi, atrofida nima bo‘layotganini bilmaydi. Somnolentsiya – haqiqiy uyqu va bedorlik orasidagi mudroq holat. Mudroq holatga tushib qolgan odamning qulog‘iga atrofdagi gap-so‘zlar tovushdek kirib turadi xolos, anglanmaydi. Somnolentsiya og‘ir sindrom bo‘lmasdan, charchagan har qanday sog‘lom odamda ham uchraydi. Masalan, tuni bilan shifoxonada navbatchilik qilib, ertasi kuni professorning ma’ruzasida mudrab o‘tirgan talaba somnolentsiya holatidagi talabadir.
- Sinkope – qisqa muddatli hushdan ketish. Ongning birdan yuz beradigan qisqa muddatli buzilishi bo‘lib, qattiq qo‘rqqanda, o‘ta hayajonli xabarlarni eshitganda, arterial qon bosim birdan tushib ketganda kuzatiladi. Sinkopening sabablari turli-tuman bo‘lib, bunda hushdan ketish qisqa muddat davom etadi.
- Sopor – ongning ancha chuqurroq buzilishi bo‘lib, bosh miyani bevosita va bilvosita zararlovchi patologik holatlarda rivojlanadi.
- Koma – ongning batamom buzilishi bilan namoyon bo‘luvchi og‘ir patologik sindrom. Komadan keyingi davr – bu o‘limdir. Sopor va koma neyroreanimatologiya tasarrufiga kiruvchi og‘ir holatlardir.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha