ONKOLOGIK KASALLIKLARDA BEMORLAR PSIXOLOGIYaSI
Onkologik kasalliklarda bemorlar psixologiyasi alohida e’tiborni talab qiladi. Ayniqsa o‘zida “rak” tashxisini eshitgan zahoti bemor ruhiyati qattiq zarbaga uchraydi. Shuning uchun ham bu tashxis bemordan sir tutiladi. Biroq aksariyat bemorlar ularga qilinayotgan nur terapiyasi, kimyoterapiya yoki o‘rta tibbiy xodimlar orqali kasallikdan voqif bo‘lishadi. Bunday paytlarda bemordan turli xil psixologik reaktsiyalarni kutish mumkin. Biri o‘z joniga qasd qilish xayoliga borsa, boshqasi depressiyaga tushadi yoki bu tashxisga ishonmay qayta-qayta tekshiruvlardan o‘ta boshlaydi, yana boshqa biri aksincha, yanada kuchli va matonatli bo‘ladi, oila a’zolari davrasida ko‘proq vaqt o‘tkazishga intiladi. Shu o‘rinda o‘zimiz guvohi bo‘lgan bir voqeani keltirib o‘tsak. Ushbu voqeada davosiz kasallik butun bir boshli oilani nafaqat halokat yoqasidan saqlab qoladi, balki undagi psixologik muhitni tubdan o‘zgartirib yuboradi.
B. ismli katta amaldorning bir o‘g‘li va bir qizi bor edi. Qizi aqlli va zukko, o‘g‘li esa, aksincha, juda takasaltang bo‘ladi. Chunki yarim tunda ishdan qaytadigan ota oila a’zolari davrasida deyarli bo‘lmas edi. Buning oqibatida uning A. ismli 14 yashar o‘g‘li betarbiya va o‘ta bezori bo‘lib ulg‘ayadi, onasiga quloq solmaydi, singlisiga tinmay azob berib yashaydi. Hatto akasining zug‘umiga chiday olmay singlisi o‘z joniga qasd qiladi, biroq hayoti saqlab qolinadi. Shundan so‘ng ona depressiya kasaliga duchor bo‘ladi. O‘g‘il hatto ko‘cha bezoriligi uchun qisqa muddatga qamalib ham chiqadi.
Shunday notinch kunlarning birida otasida rak kasalligining og‘ir turi aniqlanadi va u ishdan ketadi. Hayot zarbalariga ko‘p uchragan amaldor tushkunlikka tushmaydi, aksincha o‘zida kuch topib, matonatli insonga aylanadi. U endi butun e’tiborini oilasiga qaratadi: bor ilm va tajribasini farzandlariga bag‘ishlaydi, xotinini depressiyadan chiqarib oladi, apato-abulik sindrom darajasiga tushib qolgan qizini hayotga qaytaradi, o‘g‘lining qiziqishlari va dunyoqarashini zimdan o‘rganib (chunki o‘z o‘g‘lining ichki dunyosini bilmasdi), u bilan do‘st bo‘lib oladi. Avvallari otadan doimo qochadigan farzand endi otasini suhbatiga to‘ymaydigan, sirdosh bo‘lib qoladi. Oiladagi psixologik muhit bir yil ichida har kim havas qilgudek darajada tiklanadi.
Saraton o‘pkaga metastaz berib, otaning ahvoli og‘irlashadi. O‘tkazilayotgan nur terapiyasi va kimyoterapiya tufayli unda mador qolmaydi. Oila iqtisodiy qiyinchilikda qoladi, chunki bu oilada faqat ota ishlardi. Ular hovlini sotib, uch xonali uyga ko‘chib o‘tishadi. Otaning ahvoli og‘irlashib boraveradi. O‘g‘il otaga shu qadar bog‘lanib qoladiki, xatto shifoxonada ham uning yonidan jilmaydi. Kundan kun ozib-to‘zib borayotgan otani o‘g‘li cho‘miltirar, ovqatiga qarar, yonida o‘tirib, turli xil kitoblar o‘qib berar edi. Ona va qiz ham mehr bilan kasal otani parvarish qilishadi. Ota olamdan ko‘z yumadi. Biroq o‘zidan baxtli oila qoldirib ketdi. U farzandlari qalbining to‘ridan joy oldi. Bu voqeani menga so‘zlab bergan A. ismli ushbu o‘g‘il hozirda 2 farzandning otasi va yaqinda katta lavozimlardan birida ish boshladi. Biroq u har bir so‘zida men uchun eng asosiysi – bu oilam, onam va farzandlarim tarbiyasi, der edi.
Oila boshiga tushgan musibat ularni birlashtirdi va unda og‘ir dardga duchor bo‘lgan otaning roli juda katta bo‘ldi. Bu erda biz og‘ir kasallikka bo‘lgan psixologik reaktsiya mutlaqo ijobiy ko‘rinishda namoyon bo‘lganining guvohi bo‘ldik.
Mabodo bemorda xavfli o‘sma aniqlansa, bemor iloji boricha unda bu kasallik borligidan bexabar bo‘lishi kerak. Bunday vaziyatlarda vrach qanday yo‘l tutadi? Odatda, «Sizda haqiqatan ham o‘sma aniqlandi, biroq u xavfsiz, ya’ni hayotingizga xavf solmaydi, uni davolash mumkin», deyiladi. Lekin bemorda o‘smaning xavfli turi borligini vrach uning qarindoshlariga aytishi lozim. Gap shundaki, bemor ertami-kechmi o‘z kasali haqida qarindoshlaridan bilib oladi yoki bo‘lmasa shifokorlarning xatti-harakatidan, o‘zaro muloqotlaridan sezib qoladi. Bu erda, ayniqsa, hamshiralar juda ehtiyot bo‘lishlari lozim. Chunki bemor ba’zan aldov yo‘llari bilan hamshiralardan haqiqatni bilib olishga intiladi va buning uddasidan chiqadi ham. Buning yuridik javobgarligi borligini har bir tibbiyot xodimi unutmasligi kerak. Yuridik javobgarlik turli ko‘rinishda bo‘lishi mumkin: ishdan haydalishdan tortib, ozodlikdan mahrum bo‘lishgacha. Chunki o‘zida xavfli kasallik borligini bilgan bemor o‘z joniga qasd qilishi mumkin. Ba’zan bemor yaqinlariga xat yozib qoldiradi va undan sirni kimdan bilib olganligini ko‘rsatadi. Ba’zi hollarda bemor o‘z kasali haqida bemorlardan bilib oladi. Shuning uchun ham shifokorlar bir bemorning tashxisini boshqa bemorga aytmasligi kerak. Sirni bilgan bemor davolash ishlarida katta qiyinchiliklar tug‘dirishi yoki shifoxonani tark etishi mumkin.
Odatda, sirdan voqif bo‘lgan bemorda dastlab ruhiy karaxtlik ro‘y beradi, bu xabarni u o‘lim haqida chiqarilgan hukmdek qabul qiladi. Nima qilishini bilmay qoladi, xayolan har xil rejalar tuzadi, aniq bir qarorga kela olmaydi, doktorlar xato qilmadimikan deb o‘ylaydi, qayta tekshiruvlar o‘tkazilishini iltimos qiladi. Boshqa mutaxassislar yoki boshqa tibbiy markazlar bilan maslahatlashib ko‘rishni yaqinlaridan talab qiladi.
Biz tez sur’atda rivojlanayotgan axborot texnologiyalari asrida yashamoqdamiz, deyarli har bir insonda internetdan shu zaxoti foydalanish imkoniyati bor va har qanday ma’lumotga darrov ega bo‘lish mumkin. Bemorlar ham tibbiy saytlarga ko‘p kiradigan bo‘lishgan. Demak, tibbiyot xodimlari bu erda sirni saqlashda ojizlik qiladi. Iloji boricha bemorlarga tibbiyot xodimlari uchun mo‘ljallangan saytlarga kirish o‘z kasalligi haqida noto‘g‘ri xulosa chiqarishga sababchi bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirilishi kerak. Bu erda talabalar ham ehtiyot bo‘lishlari lozim, bemor ulardan ham o‘ziga kerakli ma’lumotlarni bilib olishi qiyin emas. Talabalar bemorlarni ko‘rgani kirganda, palatada darslik va o‘quv qo‘llanmalarini qoldirmasliklari, ularni bemorga bermasliklari kerak.
Qo‘llanilayotgan diagnostika va davolash usullaridan ham bemor o‘z kasalining og‘ir-engil darajasini bilib olishi mumkin. Masalan, ko‘pchilik nur bilan davolash usuli asosan xavfli o‘smalarda ko‘p qo‘llanilishi yoki og‘riqlarni qoldirish uchun narkotik analgetiklar buyurilishi, ozib ketish rak kasalligi uchun xos ekanligini biladi.
Demak, onkologiyada sir saqlash o‘ta murakkab masala. Biroq buning uddasidan chiqishga intilish va bemor sirni bilib qolgandan so‘ng vrach qanday yo‘l tutishni ham o‘ylab qo‘yishi kerak. Odatda, sirdan voqif bo‘lgan bemorlarda reaktiv nevroz yoki reaktiv psixoz rivojlanadi. Bu holatda, albatta, tibbiy psixolog yordamidan unumli foydalanish kerak.
Onkologik bemorlarda psixoemotsional buzilishlar
Onkologik kasalliklarda reaktiv holatlar, birinchi navbatda, xavotirli-depressiv sindrom rivojlanishi bilan namoyon bo‘ladi. Shuningdek, ipoxondriya, isteriya, insomniya va agressiv holatlar yuzaga kelishi yoki aksincha, bemorda o‘z kasaliga nisbatan butunlay befarqlik paydo bo‘lib, ularda apato-abulik sindrom rivojlanishi mumkin. Agar operatsiya yoki boshqa davolash muolajalari muvaffaqiyatli o‘tsa, reaktiv nevroz va psixoz belgilari o‘z-o‘zidan kamaya boshlaydi.
Kasallik avj olib, bemorning ahvoli og‘irlashaversa, ruhiy buzilishlar kuchayib, turli xil gallyutsinatsiya, konfabulyatsiya, psevdoreministsentsiya, derealizatsiya, depersonalizatsiya va deliriylar rivojlanishi mumkin. Bu sindromlar haqida avvalgi boblarda ma’lumotlar berganmiz. Ular kaxeksiya rivojlangan bemorlarda ko‘p kuzatiladi va gohida o‘tkir ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Kasallik kuchaygan paytlarda stupor holatlari kuzatiladi.
Deylik, bemor o‘zida rak kasali borligini bilib qoldi va uni vrachga aytdi. Vrach ushbu vaziyatda qanday yo‘l tutishi kerak? Ta’kidlash lozimki, ko‘pchilik davlatlarda rak tashxisi qo‘yilgandan so‘ng bemordan kasallik yashirilmaydi, unga davolanish va natijalariga oid barcha ma’lumotlar beriladi. Chunki bu kasallik sababli yuzaga keladigan nafaqat tibbiy muammolar, balki oila a’zolari va ish joyi bilan bog‘liq bir qator yuridik muammolarni (masalan, vorislik masalasi) ham hal qilishga to‘g‘ri keladi. Shu bois rak aniqlangan bemorga kasallik haqida ma’lumot berishni individual tarzda hal qilish lozim. Bunda bemorning yoshi, dunyoqarashi, oila va jamiyatda tutgan o‘rni hisobga olinadi. Albatta, bemorga undagi kasallik turi haqidagi ma’lumot berilishidan oldin, uning yaqin oila a’zolari bilan maslahatlashib olinadi. Agar oila a’zolari bunga qarshi tursa, sirni ochmagan ma’qul.
Mabodo, xabarni eshitgan bemor «Menda bunday kasallik yo‘q, men ishonmayman» deb, ma’lumotni inkor qilsa, vrach uning fikrini ma’qullashi kerak. Faqat xavfli o‘sma barcha tekshiruvlar natijasida aniqlangan taqdirdagina, uni bemorning yaqinlariga aytish mumkin. Chunki onkologik kasalliklar diagnostikasida yo‘l qo‘yilgan xatolik og‘ir asoratlar va janjallarga sabab bo‘ladi. «Xavfli o‘sma» tashxisining so‘nggi tekshiruvlarda xavfsiz bo‘lib chiqqani tibbiy amaliyotda uchrab turadi. Ba’zan gistologik tekshirishlarda ham xatoga yo‘l qo‘yiladi. Demak, tekshiruvlar o‘ta aniqlik bilan o‘tkazilishi zarur.
Bemorga kasallik haqida ma’lumot bermaslikning salbiy tomonlari ham bor. Masalan, yaqin orada to‘yi rejalashtirilgan yigit yoki qizning ota-onasiga farzandining kasalligi haqida deontologiya va etikaning barcha qonun-qoidalariga amal qilgan holda ma’lum qilish zarur. Kasalligi jiddiy ekanligidan bexabar bemor belgilangan muddatda muolajalarga kelmasligi va zarur dori-darmonlarni o‘z vaqtida qabul qilmasligi yoki uzoq safarga ketishi, zararli fizioterapevtik muolajalar olishi mumkin. Shuningdek, ushbu kasallik bilan ishlashga monelik qiluvchi kasb egalari uchuvchi, poezd mashinisti, haydovchi va shu kabilar o‘zi va boshqalar hayoti uchun xavfli vaziyatlar yuzaga kelishiga sababchi bo‘lib qolishini ham unutmaslik kerak. Bunday vaziyatlar juda ko‘p va ular vrach tomonidan e’tiborga olinishi zarur. Bemorga kasallik haqida xabar berilgandan so‘ng unga davolashning afzalliklari haqida batafsil ma’lumot beriladi. Vrach juda ustomonlik bilan har bir jumlani to‘g‘ri tanlagan holda bemor bilan suhbat o‘tkazishi zarur. Ushbu kasallik bilan davolangan va yaxshi natijalar kuzatilgan bemorlarni misol keltirishi ham foydadan holi emas.
Obro‘-e’tiborga ega vrach ishonchli psixologik usullardan foydalangan holda o‘ta og‘ir onkologik bemorlar bilan ham til topisha oladi va ularga o‘z fikrini bemalol singdiradi. Bemorning fikri-zikri esa vrach tavsiyalarini bajarishga qaratilgan bo‘ladi, hatto umrining so‘nggi kunlarigacha, ahvoli og‘irlashgan paytda ham vrach tavsiyalaridan voz kechmaydigan va hayotga umid bilan yashovchi bemorlar ko‘p. Bemor bilan bunday hamnafas bo‘lishga erishish uchun onkolog o‘ta mahoratli psixolog bo‘lishi kerak.
Onkologik shifoxonalarda psixologik yordam faqat suhbatdan iborat bo‘libgina qolmasdan, bemor fikrini chalg‘ituvchi barcha imkoniyatlardan foydalanish zarur. Turli xil tadbirlar o‘tkazib turish ham psixologik taranglikni kamaytiradi. Bir qancha bemorlarni yiqqan holda psixologik suhbatlar o‘tkazish, mashhur vrachlar va tibbiy psixologlar bilan uchrashuvlar tashkil qilish ham foydali. Yuqorida aytib o‘tilganidek, nafaqat bemorning o‘ziga, balki uning oila a’zolariga ham psixologik yordam berishga to‘g‘ri keladi. Agar ular bilan psixolog va onkologlar shug‘ullanmasa, bemor va ularning yaqinlari «rakdan butunlay xalos qilishni» va’da qilayotgan tabiblarga va psevdovrachlarga murojaat qilib, to‘g‘ri davolanish uchun o‘ta zarur bo‘lgan qimmatli vaqtni yo‘qotishadi.
Quyidagi voqea bunga yaqqol misol bo‘ladi.
Tibbiyot institutini tugatgan va o‘sma kasalligining dastlabki bosqichlaridayoq maxsus tibbiy yordamdan voz kechib, tabibning tavsiyasi bilan «rak kasalligini kuydirib yo‘qotish uchun» kerosinni burniga tomizib, shuningdek, oz-ozdan ichib yurgan va keyinchalik toksik entsefalopatiya, kuchli darajada ifodalangan gallyutsinator-illyuzor buzilishlar, deliriyalar rivojlangan bemorning uyiga ko‘rgani borganimda, uning ahvoli o‘ta og‘ir edi. U yotgan joyida alahsirar, ro‘parasida turgan osma ukol osib qo‘yilgan kiyim osgichga qarab, «Yo‘qotinglar uni, yo‘qotinglar uni», deb qo‘l siltardi. Men «Kim u?» deb so‘raganimda, «U tabib, tabib, u meni zaharladi, yo‘qotinglar uni, yo‘qotinglar», deb baqirardi. Rafiqasi «Adasi, hozir sizga osma ukol qo‘yishadi, u tabib emas, kiyim osadigan narsa», desa ham, hadeb hozir aytgan gaplarini takrorlayverdi. Rafiqasini goh tanir, goh uning yonida yig‘lab o‘tirgan singlisi bilan adashtirardi. «Xotinimni chaqirib kel», deb uning o‘ziga baqirardi. Rafiqasi yig‘lab: «Adasi, bu menman» desa, unga tikilib qarab, ma’nosiz uzuq-yuluq gaplarni takrorlayverardi. U yonidagi ovqatga tikilib qarab turdi-da, uni itarib to‘kib yubordi va unga zahar qo‘shilgan dedi. Tomirdan qilinadigan dorilarni avval bemorni uxlatib qo‘yib keyin yuborishga to‘g‘ri keldi va davolanishni shu tarzda davom ettirish tavsiya etildi. Eng achinarlisi, endi 28 yoshga kirgan bu yigitda oshqozon raki aniqlangan edi, uni operatsiya qilib davolasa bo‘lardi, u boshqa a’zolarga metastaz bermagan edi. Bir o‘g‘il va qizi bor bu bemorning o‘zi ham, rafiqasi ham shifokor edi (ular birga o‘qishgan). Meni konsultatsiyaga olib kelgan akasi ham vrach. Aynan akasi tabibda emas, onkologlarda davolanishni, operatsiya qildirishni qayta-qayta ukasiga uqtirgan. Biroq u vrachlarga va akasining so‘zlariga quloq solmay, tabibda davolana boshlagan va 6 oy ichida shu ahvolga tushgan. Uni tekshirgan boshqa vrachlar ham zaharlanish sababli gepatit, nefrit, jigar va buyrak etishmovchiligi, retinopatiya, arterial gipertoniya kasalliklarini aniqlashdi. 6 oy ichida bir qancha kasallik paydo bo‘lgan. Yana bir oydan so‘ng bemor vafot etdi. Faqat rakdan emas, zaharlanish asoratlaridan! U yana necha yil yashashi mumkin edi.
Shuni unutmaslik kerakki, hanuzgacha rakdan butunlay xalos qiluvchi giyoh yoki dori ishlab chiqilmagan. Biroq zamonaviy davolash usullarini qo‘llab, bemorni xavfli o‘smaning dastlabki bosqichidayoq, ushbu kasallikdan butunlay xalos etish mumkin. Bu haqda bemor va uning yaqinlariga tushuntirish ishlarini olib borish lozim. Shifoxonalarda bu haqda ilmiy-ommabop devoriy gazetalar osib qo‘yish, kichik-kichik broshyuralar tayyorlash ham o‘ta muhimdir.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha