Miya qorinchalari o‘smalari
Miya qorinchalari o‘smasida IKG tez rivojlanganligi uchun dastlab miyaning umumiy simptomlari paydo bo‘ladi. Bu simptomlar, asosan, kuchli va zo‘rayib boruvchi bosh og‘riq, tserebral qusish, bosh aylanishi, ko‘rishning pasayishi bilan namoyon bo‘ladi.
Ularning ichida uzoq davom etuvchi bosh og‘riqlar asosiy o‘rin kasb etadi. Ayniqsa, bosh og‘riqlarning gohida xurujsimon bo‘lib zo‘rayib ketishi va qayt qilishlar bilan namoyon bo‘lishi ventrikulyar o‘smalar uchun juda xos. Shuningdek, ko‘ruv nervi diski dimlanishi ham erta rivojlanadi. Keyinchalik umumiy intoksikasiya hisobiga ruhiy buzilishlar vujudga keladi.
Miya qorinchalarining birlamchi va ikkilamchi o‘smalari farqlanadi. Birlamchi o‘smalar qorinchalarning xorioidal chigallarida yoki ependimal qavatda o‘sadi, ikkilamchi o‘smalar avval miya parenximasida paydo bo‘lib, keyinchalik miya qorinchalari ichiga o‘sib kiradi. Bular, asosan, multiform glioblastomalardir.
Birlamchi o‘smalar uzoq vaqt klinik simptomlarsiz kechadi va juda katta hajmga etadi. O‘choqli nevrologik simptomlar bo‘lmasligi yoki kasallik faqat bosh og‘riq bilan namoyon bo‘lishi sababli ventrikulyar o‘smalar uzoq vaqt aniqlanmay qoladi. Bunday bemorlar bosh og‘riqlarni bosish uchun, odatda, analgetiklar ichib yurishadi. Ba’zi bemorlar bosh og‘riqlar kuchayib qusish va ko‘rish pasayishi qo‘shilgandan so‘ng vrachga murojaat qilishadi. Umuman olganda, barcha subektiv nevrologik simptomlar ichida eng ko‘p uchraydigani ham bosh og‘riq, vrachga eng kam murojaat qiluvchilar ham bosh og‘riqdan aziyat chekuvchi bemorlardir. Chunki surunkali bosh og‘riqdan aziyat chekuvchi bemorlar buni odatiy hol yoki charchash alomati deb vrachga murojat qilishmaydi. Shu bois o‘sma bilan bog‘liq bosh og‘riqlar sababi kech aniqlanadi. Ko‘rish faoliyati pasaya boshlagan bemor, albatta, okulistga murojaat qiladi. Ko‘ruv nervi diski dimlanishini aniqlagan okulist bemorni nevropatolog ko‘rigiga yuboradi.
Likvor, asosan, yon qorinchalarning xorioidal chigallarida ishlab chiqariladi. Sog‘lom odamda bir kunda 400 ml dan ortiq likvor ishlab chiqariladi va parallel tarzda reabsorbtsiya bo‘lib turadi. Bu to‘qimalardan o‘suvchi o‘smalar xorioidal chigallarni qo‘zg‘aydi va likvor gipersekretsiyasini yuzaga keltiradi. Buning natijasida IKG tez rivojlanadi. Agarda o‘sma yon qorinchani III qorincha bilan bog‘lovchi Monro teshigi yonida o‘ssa, okklyuzion gidrotsefaliya tez rivojlanadi. Likvor gipersekretsiyasi va uning qayta so‘rilishi buzilganligi sababli yon qorincha o‘smalarida gipertenzion-gidrotsefal sindrom tez rivojlanadi. Miya qorinchalari, ayniqsa, yon qorinchalar juda kengayib ketadi.
III qorincha o‘smasi. Bu soha o‘smasida ham gipertenzion-gidrotsefal sindrom, ya’ni okklyuzion gidrotsefaliya erta rivojlanadi. Buning asosiy sababi III qorinchaning tepa-oldingi qismida joylashgan o‘smada Monro teshigi, pastki-orqa qismida joylashgan o‘smada Silviy suv yo‘liga kirish qismining bekilib qolishidir. Biroq yon qorincha o‘smalaridan farqli o‘laroq, III qorincha o‘smalarida o‘choqli nevrologik simptomlar erta paydo bo‘ladi. Shuningdek, III qorinchaning tubida joylashgan vegetativ markazlar qo‘zg‘alishi yoki zararlanishi hisobiga paroksizmal dientsefal sindromlar ham paydo bo‘ladi.
Talamusning pastki qismida joylashgan o‘smada gipotalamus zararlanishi hisobiga organizmda moddalar almashinuvi keskin buziladi. Gipotalamik soha zararlanishi barcha vegetativ funktsiyalarning chuqur buzilishlari bilan kechadi. Ular dientsefal epileptik xurujlar, patologik uyquchanlik, kardiovaskulyar, termoregulyatsiya va moddalar almashinuvi buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha