YuZNING EO‘RAYIB BORUBChI GEMIATROFIYaSI (ROMBERG KASALLIGI)
Yuzning zo‘rayib boruvchi gemiatrofiyasi (Romberg kasalligi) – yuzning yarmida teri va uning ostida joylashgan to‘qimalarning zo‘rayib boruvchi atrofiyasi bilan kechuvchi kasallik. Bu patologiyaga 1825 yili dastlab angliyalik vrach C. Parry (1755–1822) e’tibor qaratgan. Bir necha yillardan so‘ng, ya’ni 1846 yili nemis olimi M. Romberg (1795–1873) uni batafsil o‘rgangan. Kasallik 10–15 yoshlarda boshlanadi.
Etiologiyasi. Hanuzgacha noma’lum. Ba’zida yuz gemiatrofiyasi ushbu sohadagi har xil patologik holatlardan so‘ng rivojlana boshlaydi. Masalan, yuz sohasidagi jarohatlar, yiringli abstsess va tishlarni sug‘urib tashlagandan so‘ng yuzning yarmi oza boshlagan. Buni mutaxassislar yuz terisi va muskullarini innervatsiya qiluvchi V va VII nervlar tarmoqlarining (shu jumladan, vegetativ tolalar) travmatik va infektsion zararlanishlari bilan bog‘lashgan. Biroq yuz sohasida bunday jarohatlar va infektsiyalarni o‘tkazganlarning hammasida ham Romberg sindromi rivojlanavermaydi. Shuningdek, bo‘yin sohasida joylashgan simpatik gangliyalarning travmatik va infektsion zararlanishlaridan so‘ng ham yuz gemiatrofiyasi rivojlangan. Ba’zi mutaxassislar yuz gemiatrofiyasiga sklerodermiyaning bir klinik turi sifatida qarashadi. Ba’zida kasallik hech qanday tashqi ta’sirlarsiz boshlanadi.
Klinikasi. Dastlab yuz terisi rangi o‘zgarib, unda jigarrang dog‘lar va sklerodermiyaga o‘xshash o‘choqlar paydo bo‘ladi. Yuzning yarmi asta-sekin oza boshlaydi va kichraya boradi. Yuz terisi yupqalashadi, teriosti yog‘ qatlami kichrayadi va yuz muskullari atrofiyaga uchray boshlaydi. Yuz terisi elastikligini yo‘qotadi va bujmayib tarang tortilib qoladi. Atrofiya tomonda kipriklar va qosh tushadi. Paresteziyalar va nevralgik og‘riqlar yuzaga kelishi mumkin. Tilning yarmi ham atrofiyaga uchraydi.
Ba’zida patologik jarayon yuzning yarmi bilan chegaralanadi va atrofik jarayon yuzning ikkinchi yarmiga o‘tmaydi. Buning natijasida bemorning yuzida yaqqol ifodalangan asimmetriya rivojlanadi (16.1-rasm).
16.1-rasm. Yuz gemiatrofiyasi.
Uni ko‘rgan har bir nevropatolog "Bemorda Romberg kasalligi yo‘qmikan?" degan fikrga boradi. Chunki yuzning bunday asimmetriyasi boshqa hech qanday kasallikda uchramaydi. Atrofik jarayon ba’zida bo‘yin, elka muskullari, qo‘l-oyoqlar, ya’ni tananing butun yarmiga tarqaydi (tana gemiatrofiyasi). Boshqa nevrologik simptomlardan gorizontal nistagm, enoftalm, Gorner sindromi, koordinator va piramidal simptomlar paydo bo‘lishi mumkin. Bemorning sochlari siyraklashib, rangi o‘chadi. Ba’zida yuzning tug‘ma gemiatrofiyasi kuzatiladi va u tananing yarmiga tarqalmaydi. Tug‘ma gemiatrofiya sababini yuz nervining tug‘ma nuqsoni bilan bog‘liq, deb hisoblashadi.
Davolash. Samarali davolash usullari yo‘q. Asosan, simptomatik davolash muolajalari o‘tkaziladi. Ba’zida kosmetik nuqtai nazardan yuzda plastik operatsiya o‘tkaziladi.
Prognoz. Kasallik bir necha yillar mobaynida asta-sekin zo‘rayib boradi. Shu bois uning nomida "zo‘rayib boruvchi" jumlasi aks etgan.