PSIXOGIGIENA
Psixogigiena – bu ruhiy salomatlikni saqlash va mustahkamlash uchun gigienik talablarga javob beruvchi dasturlarni ishlab chiqib amalga oshiruvchi fan. Uning asosiy maqsadi psixogen va psixosomatik kasalliklarni oldini olishda zarur shart-sharoitlarni yaratishdir. Shu bois psixogigienaning maqsad va vazifalari psixoprofilaktikaga o‘xshab ketadi. Tibbiyot psixologiyasining katta yo‘nalishlaridan biri bo‘lmish ushbu egizak fanlar umumiy gigiena va profilaktik tibbiyot qonun-qoidalariga albatta tayanadi.
Psixogigiena stress omillarining inson ruhiyatiga ta’sirini pasaytirish va psixologik immunitetni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqadi. Sog‘liqni saqlash tizimiga psixogigiena qonun-qoidalarini keng tatbiq qilish aholi orasida nafaqat psixogen yoki psixosomatik kasalliklar, balki insult, infarkt, qandli diabet, oshqozon-ichak yaralari kabi organik kasalliklarning ham oldini olishda o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, ruhiy salomatlikni asrashga qaratilgan chora-tadbirlar butun bir organizmni turli kasalliklardan himoya qilishga imkon yaratadi. Psixogigiena o‘ta murakkab ijtimoiy-psixologik muammo hisoblanmish giyohvandlik kabi illatlarga ruju qo‘yishning oldini olish bilan ham faol shug‘ullanadi. Psixogigiena muammolari inson shaxsini e’tiborga olgan holda echiladi. Vaholanki, shaxsning barcha talablarga mos ravishda kamol topishi uchun psixoemotsional omillar ta’sirini imkon qadar pasaytirish lozim bo‘ladi.
Ayniqsa, profilaktika yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalar psixogigiena fanini chuqur egallashi va uning qonunlarini bilishi zarur. Bu psixogen kasalliklar tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyatni yaxshilashga oid yangi dasturlar tayyorlashga katta yordam beradi. Psixogen omillar ichki a’zolar kasalliklariga sababchi bo‘lgani kabi, o‘z vaqtida ichki a’zolar kasalliklari inson ruhiyati buzilishiga ham olib kelishi mumkin. Shunday ekan, somatik klinikalarda ham psixogigienik chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurdir.
Ruhiy buzilish ham «yuqumli» kasallikdir. Albatta, oilada asabi buzilgan yoki bir so‘z bilan aytganda, nevroz yoki psixozga chalingan odam bo‘lsa, buning salbiy ta’siri oila a’zolariga ham o‘tadi va ularning ruhiy salomatligiga katta ziyon etkazadi. Demak, psixogigienaning yana bir katta muammolaridan biri, bu oila psixogigienasidir. Bitta odamning ruhiy salomatligini tiklash, uni o‘rab turgan qarindosh-urug‘lari, yoru birodarlarining ruhiy salomatligini ham tiklash yoki buzilishdan saqlab qolish demakdir.
Psixogigiena quyidagi maqsadlarni o‘z oldiga qo‘yadi: 1) sog‘lom shaxsni tarbiyalash va shakllantirish; 2) turli maskanlarda gigiena talablariga javob beradigan sharoit yaratish; 3) inson salomatligiga ziyon keltiruvchi omillarni kamaytirish va tugatish; 4) bemorlarni sportga qiziqtirish, uni keng ommaga yoyish; 5) har bir kishini o‘z salomatligiga e’tibor bilan qarashga, uni saqlashga o‘rgatish.
Psixogigiena shartli ravishda quyidagi turlarga bo‘linadi:
- yosh davrlari psixogigienasi;
- aqliy va jismoniy mehnat psixogigienasi;
- o‘rganish va o‘rgatish psixogigienasi;
- oila va jinsiy hayot psixogigienasi;
- turmush psixogigienasi;
- bemor psixogigienasi.
Bolani qattiqqo‘llik bilan emas, balki uqtirish va tayinlash yo‘li bilan tarbiyalash zarur. Bolani ortiqcha erkalatib yuborish, uning aytganini qilaverish, talablarini bajaraverish ham yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi, u qaysar, o‘jar, ota-onani hurmat qilmaydigan bo‘lib o‘sadi. Bolani uning yoshiga mos turli o‘yinlar bilan mashg‘ul qilish o‘ta muhim. Bolani teatr, tsirk, hayvonot bog‘iga olib borish, uni tabiat qo‘ynida tarbiyalash uning sinxron rivojlanishida juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bolalar psixogigienasida kattalar, avvalo ota-onaning xulq-atvori o‘ta muhim. Doimo janjal bo‘ladigan, ichkilik ichiladigan, kitob mutolaa qilinmaydigan oilada ruhiyati sog‘lom farzand voyaga etishi ancha murakkab. Bola ota-onaning yaxshi fazilatlariga ham, yomon qilig‘iga ham taqlid qiladi. Hali bolada bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘i funktsional jihatdan to‘liq shakllanmaganligi sababli ularda yaxshi-yomonni tahlil qilish imkoni past. Bolani hayotga o‘rgatib borish, uning tafakkuriga mos hikoyalar, ertaklar aytish, hayotdan misollar keltirib borish unda hayotga qiziqish uyg‘otadi, insonlarga mehr-muhabbatli bo‘lishga undaydi.
Agar ota-ona bolada fan, san’at yoki hunarning qaysidir bir turiga qobiliyatini sezib qolsa, unga har tomonlama yordam berib, barcha sharoitni yaratib berishi zarur. Lekin bolani ilmli qilaman deb, unga keragidan ortiqcha talab qo‘yib yuborish, dars qilishga majbur qilaverish, ko‘chada biroz o‘ynagani qo‘ymaslik bolada depressiya alomatlari rivojlanishiga sabab bo‘ladi. U hech narsaga qiziqmay qo‘yadi.
Bunga bir misol keltirib o‘tamiz. Hali 8 yoshga to‘lmagan G. ismli qizchani bizga ko‘rsatishdi. Qizcha bosh og‘rig‘idan shikoyat qilar edi. Ota-onasi vrach qabulida bo‘lib, qizchada bosh og‘rig‘i sabablarini aniqlay olishmagani va tavsiya etilgan dorilar foyda bermayotganini aytishdi. Qizchani tekshirish mobaynida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, u umuman kam so‘zlar, bir nuqtaga qarab turaverar, doktor bergan savollarga zo‘rg‘a javob berardi. O‘zi haqida so‘zlab berishni iltimos qilinganda, faqat boshi og‘rishini aytdi. Qizchani tekshirayotib unda depressiya alomatlarini aniqladik. Qiz avval hech qanday kasal bo‘lmagan, miya jarohatlari olmagan, ichki a’zolari ham sog‘lom edi. Qizchadan boshing doimo og‘riydimi, og‘rimagan payti bormi deb so‘ralganda u: «Ha, doimo og‘riydi, lekin noyabr oyida og‘rimadi», deb javob beradi (bemor fevral oyida tekshirilayotgan edi).
Qizdagi bosh og‘riqning sabablari har tomonlama tekshirilib, kasallik anamnezi yaxshilab o‘rganilgandan so‘ng shu narsa ma’lum bo‘ldiki, qizni 6 yoshidan boshlab o‘qitish kuchaytirilgan maktabga berishgan. Bundan tashqari, qizcha maktabdan qaytganda, ingliz tili o‘qituvchisi uyda u bilan mashg‘ulot olib borgan, so‘ng esa ota-onasi qizchaning bilimini tekshirish bo‘yicha doimo savol-javoblar o‘tkazgan. Qizchani ko‘chaga tengdoshlari bilan o‘ynagani chiqishga ruxsat berilmagan. Albatta, bolaga qo‘yilgan bu ortiqcha talablar uni ruhan charchatib qo‘ygan. O‘qituvchilar va ota-onasi oldida doimiy mas’uliyat sezgan qizchaning miyasi har doim psixologik bosim ostida bo‘lgan. U bora-bora kamgap, faqat savollargagina javob beradigan, o‘z tengdoshlari bilan o‘ynamaydigan bo‘lib qoladi. So‘ngra esa qizchada doimiy bosh og‘riq rivojlanadi. Noyabr oyida qizcha maktabdan ta’tilga chiqqan, otasi esa xizmat safariga ketgan edi. Qizcha bu davrda, tabiiyki, dars qilmagan va ko‘p vaqtini toza havoda o‘z tengdoshlari bilan o‘ynab o‘tkazgan.
Biz vaziyatni har taraflama o‘rganib, uning ota-onasi bilan suhbat o‘tkazdik. Ularga qiziga qo‘yilgan barcha talablarni kamaytirish, ularni qizning yoshiga moslash, ingliz tilini o‘qitishni vaqtincha to‘xtatish, toza havoda sayr qilishga imkon berish zarurligi tavsiya qilindi. Bu talablar bajarilgandan so‘ng qizchada depressiya alomatlari (kamgaplik, ishtaha yo‘qligi, hech narsaga qiziqmaslik va bosh og‘rig‘i) o‘tib ketdi. Bu voqea bolalar psixogigienasiga misol bo‘la oladi. Vaholanki, psixogigiena talablariga amal qilish nafaqat psixogen buzilishning oldini olar ekan, balki bunday buzilishlarni bartaraf ham eta olarkan.
Maxsus kuchaytirilgan maktabda o‘qimoqchi bo‘lgan har bir bolaga “Maxsus tibbiy-psixologik anketa” to‘ldirilishi zarur va bolalar har yili 2 marotaba ushbu anketa yordamida tekshiruvdan o‘tib turishi zarur.
Psixologiya va umuman tibbiyot uchun eng dolzarb muammolarga to‘la bo‘lgan davr – bu o‘smirlik davri. O‘smirlik davrida nafaqat ruhiy o‘zgarishlar, balki aqliy va jismoniy o‘zgarishlar ham keskin kechadi. Bu davr — o‘tish davridir. O‘smir hali kechagi bola, lekin u katta yigit ham emas. O‘smir o‘z oldida turgan muammolarni o‘zi echishga ruhan hali tayyor bo‘lmasligi mumkin. Lekin uning yoshligini ro‘kach qilib, hadeb tergayverish bolani qaysar va o‘jar qilib qo‘yadi. O‘smirning mustaqilligini tan olgan holda, unda har bir harakatiga mas’uliyat hissini tug‘dirib borish o‘ta muhimdir. U qarshisida paydo bo‘layotgan muammolardan qo‘rqmasligi, shu bilan birga bu muammoga engiltaklik bilan qaramasligi kerak.
Seksual hayotdagi bo‘ronli holatlar har bir o‘smir uchun katta bir sinovdir. Qizlarda hayz kelishi ham chuqur hayajonlanish, qo‘rquv va xavotir bilan kechishi mumkin. Bunday paytlarda qiz bolaga onasining maslahati juda zarur.
Tibbiy psixologga murojaat etilganda, u o‘smirda kechayotgan jarayonlarni to‘g‘ri tahlil qila olishi kerak. Bunda o‘smir yoshdagilar uchun mo‘ljallangan maxsus psixologik testlardan foydalaniladi, o‘smirlar psixologi suhbatlari ham o‘ta muhim. Sport va badantarbiya mashqlarini bajarish, mehnatning o‘ziga yoqqan turlari bilan shug‘ullanish, organizmni chiniqtirib borish o‘smir uchun g‘oyat muhimdir.
Oila mustahkam bo‘lishi uchun nikohga ham katta e’tibor qaratilmog‘i kerak. Turmush qurayotgan ikki yosh, albatta, tibbiy ko‘rikdan, genetik va psixologik tekshiruvlardan o‘tib, salomatligi haqida maxsus tibbiy ma’lumotnomani olgandan so‘ng turmush qurish haqida xulosaga kelish mumkin. Aks holda, bu nikoh baxtsiz bo‘ladi. Qiz bersang ham, olsang ham, etti avlodini surishtir, deb bekorga aytmagan dono xalqimiz. Bitta oilaning baxtsizligiga butun bir jamiyatning muammosi sifatida qaramoq kerak. Haqiqatan ham shunday.
Jinsiy a’zolarning anatomiyasi va fiziologiyasi haqida turmush qurayotgan yoshlar dastlabki ilmga ega bo‘lishlari kerak. Jinsiy a’zolar haqida oddiy bilimga ham ega bo‘lmagan yoshlarning turmush qurishiga faqat ularning sevgi-muhabbatiga asoslanib ruxsat berish noto‘g‘ri. Turmush qurayotgan yigit yoki qizda ruhiy kasallik bormi-yo‘qmi, nevropatolog, tibbiy psixolog yoki psixiatr xulosasi qanday? Afsuski, bularga e’tibor ko‘pincha turmush qurishdan oldin emas, balki oila buzilganidan so‘ng beriladi. Turmush qurilganidan so‘ng turmush o‘rtog‘i ruhiy kasal ekani va uning ota-onasi to‘ydan oldin farzandi «aybini» yashirganligi oqibatida katta janjallar chiqib, oilalar sudlashib yurishadi.
O‘rta va katta yoshdagilar psixogigienasi ko‘pincha kishining egallab turgan lavozimi, kasbi va ish faoliyatiga bog‘liq. Bu davrda oila va jinsiy hayot psixogigienasi alohida e’tiborni talab qiladi. Ikki-uch bolali bo‘lgan oilalarda ham ajralishlar ko‘p uchrayotganligi nafaqat iqtisodiy, balki seksual muammolar bilan ham bog‘liq. Aytib o‘tganimizdek, bu muammoni o‘z vaqtida Zigmund Freyd chuqur o‘rgangan. Z. Freyd jinsiy hayotda baxtsizlikka uchragan oila psixologiyasini o‘rganib, jinsiy hayot nuqtai nazaridan insonlarda nevrotik buzilishning kelib chiqish mexanizmlarini o‘z kuzatuvlariga asoslanib yoritib berdi. Jinsiy zaiflik bor oilada baxtli hayot bo‘lmaydi, bu oila a’zolari nafaqat oilada, balki jamiyatda ham o‘z o‘rnini topib keta olmasliklari mumkin. Er-xotin orasidagi nafaqat yaxshi munosabat va xushmuomalalik, balki sog‘lom jinsiy munosabatlar ham mustahkam oila negizi hisoblanadi.
Qariyalar muammosi har qanday jamiyatda ko‘ndalang turgan muammodir. Shu bois ham ko‘pgina davlatlarda gerontopsixologiya yaxshi rivojlangan. Doimo faol hayot kechirib kelayotgan kishi nafaqaga chiqib ishsiz qolganda, uning ruhiyatiga katta ziyon etishi mumkin. Chunki u psixologik vakuumga tushib qoladi. Ushbu vakuum qandaydir faoliyat bilan to‘ldirilishi kerak. Biror bir faoliyatga jalb qilinmay uyda yolg‘iz qolgan qariyalar ishlab yurgan tengdoshlariga qaraganda tez qarib qoladi. Shu bois ham qariyalarni faol hayotga jalb qilish, ularning boy hayotiy tajribasidan foydalanish o‘ta muhim. Hech bo‘lmaganda ularni o‘zlari avval ishlagan muassasada maslahatchi qilib olib qolish, mahallaga yoki bog‘dorchilik ishlariga jalb qilish zarur.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc)
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha