Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi PERIFERIK VEGETATIV ETIShMOVChILIKDA DAVOLASh TAMOYILLARI

PERIFERIK VEGETATIV ETIShMOVChILIKDA DAVOLASh TAMOYILLARI


PVE bilan bemorlarni davolash ushbu buzilishlar etiologiyasiga bog‘liq. Birlamchi, ya’ni idiopatik PVE da davolash o‘ta mushkul hisoblanadi. Bu kasalliklar nasliy etiologiyali bo‘lganligi bois zo‘rayib boraveradi. Ikkilamchi, ya’ni simptomatik PVE da davolash muolajalari aksariyat hollarda ijobiy natija beradi.
Ortostatik gipotenziya. Bunday bemorlarni davolashda ko‘p suyuqlik ichish va osh tuzini ko‘proq iste’mol qilish tavsiya etiladi. Qabul qilinadigan bir kunlik suyuqlik miqdori 3 litrni tashkil qilishi kerak. Bu suyuqlik oddiy suv, sharbat, qora choy va qahvadan iborat bo‘ladi. Suyuqlik tsirkulyatsiya qiluvchi qon hajmini oshiradi va ortostatik gipotenziya belgilarini kamaytiradi. Organizmga kuniga 5–7 g osh tuzi ham tushishi lozim. Buning uchun tuzlangan baliq, pomidor, bodring kabi oziq-ovqatlarni ko‘proq iste’mol qilish kerak. Oyoqlarga elastik paypoqlar kiyish va belga elastik bandajlar taqish periferik vazodilatatsiyaning oldini oladi.
Gorizontal holatda yotganda bosh 30 gradusga ko‘tarilgan bo‘lishi lozim. Davolash davom etayotgan davrda ko‘p tik turmaslik, bir holatda ko‘p o‘tirmaslik, xamir ovqatlarni to‘yib emaslik tavsiya etiladi. Spirtli ichimliklar ichish man etiladi. Issiq havoda yurish va issiq dushlar qabul qilish ham mumkin emas.
Farmakologik dori vositalardan 2 ml kofein kunning birinchi yarmida m/i qilinadi. Shuningdek, florinef yoki kortinefni 0,05 mg kechqurun yotishdan oldin ichish buyuriladi. Uning dozasi har haftada oshirib boriladi va 0,1-0,4 mg dan kuniga 2 mahal ichishga o‘tiladi.
Simpatomimetiklardan efedrin kuniga 12,5–25 mg, midodrin (gutron) 2,5 mg kuniga 2 mahal, (zaruratga qarab 10–20 mg), metilfenidat (ritalin) 5–10 mg kuniga 3 mahal ovqatdan 15–30 daqiqa oldin, fenilpropanolamin (propagest) 12,5–25 mg kuniga 3 mahal (zaruratga qarab 50–75 mg), digidroergotamin 2,5–10 mg dan kuniga 2–3 mahal ichish tavsiya etiladi. Anemiya bilan birgalikda namoyon bo‘luvchi ortostatik gipotenziyada eritropoetin (rekormon, epostin) 50 XB/kg v/i yoki t/o haftasiga 1–2 marta qilinadi.
Postural ortostatik taxikardiya sindromi. Taxikardiyani bartaraf etish uchun β-adrenoblokatorlar kam dozada tavsiya etiladi. Buning uchun propranolol kuniga 10–40 mg dan ichishga buyuriladi.
Siyish buzilishlari. Ushbu buzilishlar siydik tuta olmaslik, uning tezlashuvi va ushlanishlari bilan kechadi. Davolash muolajalari siyish buzilishlari turiga qarab o‘tkaziladi. Siydik tuta olmaslik va tez-tez siyishlarda miotrop spazmolitiklar tavsiya etiladi. Bu maqsadda driptan 5 mg (1 tabl.) yoki spazmeks 5 mg (1 tabl.) kuniga 3 mahaldan beriladi.
Tez-tez siyishlarni bartaraf etish uchun antidiuretik gormonlar qo‘llaniladi. Masalan, desmopressinni (minirin) 100–400 mkg dan ichish buyuriladi yoki 10–40 mkg intranazal yo‘l bilan yuboriladi. Shuningdek, kichik tos a’zolarini mashq qildirish ham tez-tez siyishlarni kamaytirishga yordam beradi. Buning uchun bemorning o‘zi ixtiyoriy ravishda siydik qovug‘ini (qovuqni) qisqartiruvchi mashqlarni kuniga 10–15 marotaba bajaradi. Shuningdek, qovuq sohasi engil aylanasimon shaklda silanadi yoki past chastotali toklarda elektrostimulyatsiya qilinadi. Qovuq sohasini bosib kuchli massaj qilish yoki tez-tez elektrostimulyatsiya qilaverish aslo mumkin emas! Buning oqibatida qovuq atoniyasi rivojlanishi mumkin.
Siydik ushlanishlari va shu sababli qiynalib siyishlarda xolinergik dorilar ishlatiladi. Buning uchun karbaxolin, atseklidin, prozerin, neyromidin qo‘llaniladi.
Ichki sfinkterlar spazmini yumshatish uchun α-adrenoblokatorlar, ya’ni alfuzozin 5 mg, tamsulozin 0,1–0,4 mg, doksazozin 4–8 mg, terazozin 2,5–5 mg kechqurun yotishdan oldin ichiladi. Ayniqsa, prazozin samaralidir. Prozazinni dastlabki haftada 0,5 mg dan 3 mahal, keyingi haftada 2 mg dan 2 mahal, uchinchi haftada 1 mg dan kuniga 3 mahal ichish buyuriladi. Tashqi sfinkterlar spazmini pasaytirish uchun miorelaksantlar, ya’ni baklofen, tizanidin qabul qilinadi.
Ichaklar parezini bartaraf etish. Kam-kamdan tez-tez ovqatlanish tavsiya etiladi. Engil hazm bo‘ladigan ovqatlar tanovul qilish va yog‘li ovqatlarni cheklash lozim. Dorilardan serukal 5–20 mg, motilium 10 mg, koordinaks 5–10 mg dan kuniga 3–4 mahal ovqatlanishdan yarim soat oldin ichish buyuriladi. Antixolinesteraz dorilardan kalimin 60 mg dan kuniga 3 mahal ichishga tavsiya etiladi.
Gipogidroz, alakrimiya, kserostomiyalarda davolash. Gipo- va angidrozlarda tana yog‘li kosmetik kremlar bilan massaj qilinadi. Bemor yashaydigan xonalar toza va nam bo‘lishi, o‘ta issiq va sovuq bo‘lmasligi lozim. Buning uchun xonada issiqlik darajasini o‘lchovchi termometr o‘rnatilishi maqsadga muvofiq. Kiyimlar ham tanaga havoni bemalol o‘tkazadigan bo‘lishi kerak.
Alakrimiyada (ko‘z qurishi) ko‘z yoshi sekretsiyasini stimulyatsiya qilish maqsadida pilokarpin 5 mg dan 1 mahal til ostiga qo‘yib so‘rish uchun buyuriladi. Bromgeksin 48 mg dan kuniga 3 mahal ichiladi. Ko‘z yoshi yo‘llari tiqilishi bilan bog‘liq kseroftalmiyada operativ muolajalar ham o‘tkaziladi.
Kserostomiyani (og‘iz qurishi) bartaraf etish uchun so‘lak bezlari stimulyatsiya qilinadi. Bu maqsadda til ostiga pilokarpin 5 mg kuniga 1 mahal, nikotin kislotasi 0,05–0,1 g kuniga 3 mahal, A vitamini 50000–100000 XB/ kun, kaliy yodid 0,5–1 g kuniga 3 mahal ichish buyuriladi. So‘lak konsistentsiyasini o‘zgartirish uchun bromgeksin 1 tabl. kuniga 3–4 mahal ichishga tavsiya etiladi.
Prognoz. Birlamchi PVE da kasallik prognozi yomon hisoblanadi. Ikkilamchi PVE da kasallik prognozi uni keltirib chiqargan asosiy kasallikka bog‘liq va ko‘p hollarda ijobiy natija bilan tugallanadi.


Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив