Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi TIL-HALQUM NERVI NEVRALGIYaSI

TIL-HALQUM NERVI NEVRALGIYaSI


 Til-halqum nervi nevralgiyasi ko‘p hollarda uzunchoq miya sohasida joylashgan qon tomirlar n. glossopharyngeus ni ezib qo‘ysa rivojlanadi. Shuningdek, kalla suyagi jarohatlari va uning bazal qismida joylashgan o‘sma, metabolik buzilishlar, infektsiyalar, intoksikatsiyalar, vazogen ishemiyalar nevralgiya sababchisidir.
     Til-halqum nervi nevralgiyasini uch shoxli nervning 3-shoxchasi nevralgiyasi bilan qiyoslashga to‘g‘ri keladi. Sanchuvchi va kuydiruvchi og‘riq xurujlari avval tilning orqa qismi va tomoq murtaklarida paydo bo‘ladi. Bu og‘riqlar halqum sohasiga irradiatsiya qiladi. Og‘riq xurujlari doimo bir tomonlama bo‘lib, 2 daqiqagacha davom etadi va, asosan, gaplashganda, ovqatlanganda, kulganda, yo‘talganda, esnaganda, o‘tkir stresslarda paydo bo‘ladi yoki kuchayadi. Demak, tilning qimirlashi va yutish bilan bog‘liq har qanday harakatlar nevralgiya chaqiradi. Shuningdek, sho‘r, achchiq, juda sovuq (masalan, muzqaymoq) yoki juda issiq ovqat eganda ham og‘riq qo‘zg‘aladi. Og‘riq xurujlaridan so‘ng gipersalivatsiya paydo bo‘ladi. Shu bois, bunday bemorlar ovqat eyishdan cho‘chib ozib ketadi. Ba’zida og‘riq xurujlari paytida AQB keskin pasayadi, bosh aylanadi va hatto bemor hushidan ketishi ham mumkin. Bunday vazomotor reaktsiyalar vujudga kelishi og‘riq impulslarining IX nerv shoxchalari bo‘ylab miya ustuniga tarqalishi va u erdagi vazomotor markazlar faoliyatini tormozlashi bilan bog‘liq, deb hisoblanadi.    Nevrologik status tekshirilganda tomoq refleksi pasayishi va tilning orqa qismida ta’m sezish dizesteziyasi (har qanday ta’m achchiqdek tuyuladi) kuzatiladi.
      Qiyosiy tashxis. Tilda og‘riq bilan namoyon bo‘luvchi boshqa kasalliklar ham mavjud. Til-halqum nervi nevralgiyasini, avvalambor, til nervi (n. mandibularis shoxchasi) nevralgiyasi bilan qiyoslash kerak. Ammo til nervi nevralgiyasida og‘riqlar tilning oldingi qismida kuzatiladi. Psixogen glossalgiya nevrozda va o‘tkir stresslardan so‘ng rivojlanadi. Psixogen glossalgiyada og‘riq tilning ma’lum bir qismida joylashmaydi. Bemor ko‘pincha tilning pastki yoki ustki qismi, ba’zida tilning hamma joyi og‘riyotganidan shikoyat qiladi. Og‘riqlar kuchli bo‘lmaydi. Bemorning fikrini chalg‘itsa, og‘riqlar kamayadi yoki yo‘qoladi. Gipersalivatsiya kuzatilmaydi. Og‘riq paydo bo‘lishi bemorning kayfiyatiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Agar bemorning kayfiyati tushib ketsa, og‘riq kuchayadi, yaxshi bo‘lsa, yo‘qoladi. Ko‘p hollarda bemor vrachga borib ko‘rinishni paysalga solib yuradi yoki vrach yozib bergan dorilarni qabul qilmasa-da, og‘riq sezmaydi. Bu holatlar psixogen glossalgiya uchun xosligini esda tutish lozim.
    Tilda og‘riqlar uning atrofidagi simpatik tolalar ta’sirlanishida ham kuzatiladi. Kuydiruvchi xususiyatga ega bu og‘riqlar til simpatalgiyasi deb yuritiladi. Til simpatalgiyasi simpatik tolalarning xirurgik jarohatlari, virusli infektsiyalar, metabolik buzilishlar va oshqozon-ichak kasalliklarida ko‘p uchraydi. Tilning orqa qismida og‘riqlar n. laryngeus superior va n. laryngeus recurrens zararlanishlarida ham kuzatiladi. Shuningdek, tilda og‘riqlar va paresteziyalar boshqa bir qator kasalliklarda ham paydo bo‘ladi. Bular – qandli diabet, uremiya, leykemiya, alkogolizm, giyohvandlik, intoksikatsiya, og‘ir kechuvchi anemiyalar, polisitemiya, pellagra, OITS, zahm, oshqozon-ichak sistemasi kasalliklari (xoletsistit, yara kasalligi, giperatsid gastrit va h.k.).
    Til-halqum nervi nevropatiyasi esa ko‘pincha difteriya sababli rivojlanadi. Bunda og‘riqlar kuzatilmaydi. Tilning orqa uchdan bir qismida ta’m bilish buziladi. Halqumda anesteziya kuzatiladi, yutqum reflekslari pasayadi, tilcha bir tomonga og‘ib qoladi. Qisman disfoniya va disfagiya kuzatilishi mumkin.


Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив