Spondiloartroz


Ma’lumki, umurtqalarni bir-biri bilan bog‘lovchi bo‘g‘imli o‘siqchalar mavjud. Ushbu o‘siqchalar orasidagi bo‘g‘imlarda kuzatiladigan distrofik o‘zgarishlarga spondiloartroz deb aytiladi. Spondiloartrozda umurtqaning deyarli barcha juft bo‘g‘imlari zararlanadi. Bu kasallik ko‘pincha umurtqa pog‘onasining bo‘yin va bel qismlarida kuzatiladi.
    Rentgenologik tekshiruvlarda bo‘g‘imlararo yoriqlarning torayishi, tog‘ay to‘qimalarning mo‘rtlashuvi, bo‘g‘imlar ankilozi va umurtqa o‘siqchalarida osteofitlar aniqlanadi. Bo‘gimlar ankilozi bo‘g‘imlarning harakatlanish xususiyati yo‘qolishi degani. Spondiloartroz yoshga bog‘liq kasallik bo‘lib, asosan, yoshi kattalarda uchraydi. Umurtqa pog‘onasi kasalliklariga sabab bo‘luvchi aksariyat etiologik omillar spondiloartroz rivojlanishiga olib keladi.       Spondiloartroz bora-bora umurtqa pog‘onasi deformatsiyasini yuzaga keltiradi.    Shuning uchun ham spondiloartroz va deformatsiyalovchi spondilyoz ko‘pincha birga uchraydi. Rentgenologik tekshiruvlarda bu o‘zgarishlar juda yaxshi aniqlanadi.
   Deformatsiyalovchi spondilyoz – umurtqa suyagi, uning bog‘lamlari va umurtqalararo disklarda distrofik o‘zgarishlar bilan kechadigan va oxir-oqibat umurtqa pog‘onasining deformatsiyasini yuzaga keltiradigan surunkali kasallik.    Spondilyozda qush tumshug‘iga o‘xshash osteofitlar paydo bo‘ladi, umurtqa kanali torayadi, umurtqa pog‘onasining uzun bog‘lamlariga kaltsifikatlar yig‘iladi va ular ossifikatsiyaga uchraydi. Bir-biriga qarab o‘sayotgan osteofitlar o‘zaro birlashib, sinostozlar hosil qiladi. Suyak o‘siqchalari yoki bo‘lakchalarining o‘zaro birlashib, bitib ketishiga sinostoz deb aytiladi. Umurtqa suyaklarining orqa-lateral yuzasi bo‘ylab paydo bo‘lgan osteofitlar va sinostozlar xavfli hisoblanadi. Chunki ular umurtqalararo teshiklardan o‘tadigan spinal ildizchalarni siqib qo‘yadi va radikulopatiyalar rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Umurtqa suyaklarida paydo bo‘ladigan osteofitlar va sinostozlar bir necha yil ichida shakllanadi. Deformatsiyalovchi spondilyoz, asosan, yoshi kattalarda uchraydi.


Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi ©asab.cc




Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив