EShITUV NERVI
Nerv haqida qisqacha ma’lumot. Dahliz-chig‘anoq nervi (n. vestibulocochlearis, VIII nerv) funktsional jihatdan bir-biridan farq qiluvchi 2 qism, ya’ni eshituv va vestibulyar qismlardan iborat. Nervning eshituv qismi (pars cochlearis) Korti a’zosida joylashgan maxsus retseptorlardan tovushlarni qabul qilib koxlear nerv orqali eshituv markazi (Geshl pushtasi) tomon yo‘naltiradi. Nervning vestibulyar qismi (pars vestibularis) yarim aylanasimon kanallar (labirint) va dahlizdan (vestibula) muvozanat va koordinatsiyaga oid signallarni vestibulyar nerv (n.vestibularis) orqali markazga uzatadi (30-rasm).
30-rasm. Dahliz-chig‘anoq nervi (n. vestibulocochlearis) |
Vestibulyar apparat miya ustuni tuzilmalari, miyacha va talamus bilan mustahkam neyronal aloqalarga ega. Vestibulyar analizatorning markaziy qismi bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ining chakka va tepa sohalarida yoyilib joylashgan.
Tekshirish usullari
Dahliz-chig‘anoq nervining koxlear va vestibulyar qismlari alohida-alohida tekshiriladi. UAV amaliyotida eshituv o‘tkirligi oddiy usullar (masalan, shivirlab gapirish), audiometriya va kamerton yordamida tekshiriladi.
A. Eshituv funktsiyasini tekshirish
- Bemorning shikoyatlari va eshituv o‘tkirligini tekshirishning oddiy usullari. Koxlear nerv zararlangan bemorning asosiy shikoyati – bu eshitish pasayishidir. Engil holatlarda bemor o‘zida eshituv funktsiyasi pasayganini sezmasligi mumkin. Buni aniqlash uchun eshituv o‘tkirligi har bir quloqda alohida-alohida tekshiriladi. Bunda bir quloq barmoq bilan bekitib turiladi. Normada shivirlab gapirilgan tovush 5-6 metrdan eshitiladi. Agar bemor 1 metr masofada ham shivirlab gapirganni eshitmasa, demak eshituv o‘tkirligi keskin pasaygan. Eshituv o‘tkirligi ikkala barmoqni quloqlar oldida bir-biriga ishqalab ham tekshiriladi va qaysi quloqda yaxshiroq eshitilayotgani so‘raladi (Z.R. Ibodullaev).
- Eshituv o‘tkirligini audiometriya yordamida tekshirish. Kompyuterlashtirilgan audiometriya usuli yordamida eshituv o‘tkirligi haqida to‘la va aniq ma’lumot olinadi. Eshituv o‘tkirligi pasayishiga gipoakuziya, yo‘qolishiga (karlik) surditas deyiladi.
- Eshituv o‘tkirligini kamerton yordamida tekshirish. Tovushlarning suyaklar va havo orqali o‘tkazilishi kamertonal sinamalar, ya’ni Veber va Rinne sinamalari orqali tekshiriladi (31- rasm).
31a-rasm. Veber sinamasi. Tovushlarning suyaklar orqali o‘tkazilishini tekshirish. |
31b-rasm. Rinne sinamasi. Tovush o‘tkazuvchi tuzilmalar faoliyatini tekshirish |
Veber sinamasi. Kamerton kaftga urib tebrantiriladi va rasmda ko‘rsatilganidek boshning qoq o‘rtasiga (verteks) qo‘yiladi. Sog‘lom odamda kamerton tovushi ikkala quloqqa ham bir xil tarqaladi. Qaysi tomonda tovushni o‘tkazuvchi apparat zararlansa (tashqi eshituv yo‘llari), o‘sha tomonda kamerton tebranishi yaxshi eshitiladi (chunki tebranish suyak orqali tarqaladi). Agarda tovushni qabul qiluvchi Korti apparati zararlansa (masalan, neyrosensor karlik), kamerton tebranishi sog‘lom tomonda yaxshi eshitiladi.
Rinne sinamasi. Tebrantirilgan kamerton so‘rg‘ichsimon o‘simtaga qo‘yiladi. Kamerton tovushi eshitilishi to‘xtagandan so‘ng, u tashqi eshituv yo‘liga yaqinlashtiriladi. Normada kamerton tovushi yana eshitila boshlaydi (Rinne sinamasi musbat). Chunki tovush havo orqali yaxshi tarqaladi. Tovush o‘tkazuvchi apparatlar (nog‘ora parda, eshitish suyakchalari) zararlansa, tashqi eshituv yo‘liga olib borilgan kamerton tebranishi emas, balki so‘rg‘ichsimon o‘simtaga qo‘yilgan kamerton tebranishi yaxshi va uzoqroq eshtiladi (Rinne sinamasi manfiy).
B. Vestibulyar funktsiyani tekshirish
- Sistem bosh aylanish. Vestibulyar apparat zararlanganda bemorning asosiy shikoyati – bu soat strelkasi bo‘ylab (yoki unga teskari yo‘nalishda) bosh aylanishdir. Bunday bosh aylanishga sistem bosh aylanish deb aytiladi. Sistem bosh aylanish Men’er sindromining asosiy belgisidir. U aksariyat hollarda xurujsimon tusda namoyon bo‘ladi. Bemorga nafaqat atrofdagi narsalar, balki o‘zining tanasi ham bir tomonga aylanayotgandek va er chayqalib turgandek tuyuladi. Shuning uchun bemor o‘rnidan turishga va boshini qimirlatishga qo‘rqadi. Qo‘shimcha ravishda ko‘ngil aynish, qusish va ko‘z oldi qorong‘ilashuvi kuzatiladi.
- Vestibulyar ataksiya. Muvozanat va koordinatsiyani ushlab tura olmaslikka ataksiya deb aytiladi. Ataksiya normada kuzatilmaydi. Ataksiya Romberg sinamasi yordamida tekshiriladi. Bu sinamani tekshirayotganda vrach bemorning yon tomonida, sal orqaroqda turishi kerak. Bemor tik turganda yoki o‘tirganda bir tomonga og‘ib ketadi. Vestibulyar apparat (labirint) qaysi tomonda zararlangan bo‘lsa, bemor o‘sha tomonga og‘adi. Vestibulyar ataksiya deyarli har doim sistem bosh aylanish va bir tomonlama nistagm bilan namoyon bo‘lishini esda tuting.
- Nistagm. Ko‘z olmasining ritmik titrashiga nistagm deb aytiladi. Nistagm normada kuzatilmaydi. Nistagmni tekshirish uchun nevrologik bolg‘acha chap va o‘ngga, yuqori va pastga harakatlantiriladi. Bu paytda ko‘z olmasining ritmik titrashlari ro‘y beradi. Vestibulyar apparat zararlanishi uchun rotator komponent bilan namoyon bo‘luvchi bir tomonlama gorizontal nistagm xos. Bosh aylanish kuchayganda, ko‘zni yumganda va bosh holatini o‘zgartirganda nistagm kuchayadi. Bemor bir nuqtaga qarab tinch tursa, nistagm yo‘qoladi. Bemor vestibulyar patologiyadan tuzalgan sayin, nistagm sustlashib boradi va yo‘qoladi.
- Diks-Xolpayk sinamasi. Vestibulyar bosh aylanishni aniqlashda qo‘llaniladigan ushbu sinama quyidagi tarzda o‘tkaziladi (32-rasm).
32-rasm. Vestibulopatiyada bosh aylanishni tekshirish usuli (Diks-Xolpayk sinamasi) |
Bemor kushetkaga o‘tqaziladi. Vrach uning boshini ikkala kafti bilan ushlab o‘ng tomonga 45° ga ohista buradi. Undan ikkala ko‘zi bilan vrachning burun qanshariga qarab turish so‘raladi. So‘ngra vrach bemorni kushetkaga keskin yotqizadi. Bemorning boshi kushetkadan 30 ° pastga tushgan bo‘lishi va o‘ng tomonga og‘ib turishi kerak. Oradan 5 soniyalar o‘tgach bemorda bosh aylanishi va gorizontal-rotator nistagm paydo bo‘lib, bu belgilar 1 daqiqa mobaynida saqlanib tursa, demak sinama musbat. Bosh aylanishi va nistgam o‘tib ketgach bemor yana kushetkaga o‘tqaziladi. Bu paytda ham engil nistagm va bosh aylanish kuzatilib turadi. Birozdan so‘ng xuddi shu sinama bemorni chap tomonga yotqizib amalga oshiriladi. Agarda vestibulopatiya o‘ng quloqning vestibulyar appparati bilan bog‘liq bo‘lsa, boshni o‘ng tomonga burganda, chap quloq bilan bog‘liq bo‘lsa, boshni chapga burganda paydo bo‘ladi.
Bemorni tekshirayotgan vrach to‘g‘ri xulosa chiqarishi uchun periferik va markaziy vestibulopatiyalarning qiyosiy belgilaridan voqif bo‘lishi kerak (6 va 7 jadvallar.)
6-jadval. Periferik va markaziy vestibulopatiyalarning qiyosiy belgilari
Periferik vestibulopatiya |
Markaziy vestibulopatiya |
To‘satdan boshlanadi |
Sekin-asta boshlanadi |
Uzoq davom etmaydi (bir necha soniya, kunlar)* |
Uzoq davom etadi (bir necha hafta, oylar) |
Kuchli |
Kuchsiz |
Muvozanat keskin buziladi |
O‘rtacha |
Boshni burganda belgilar kuchayib ketadi |
Boshni burganda belgilar deyarli o‘zgarmaydi |
Koxlear simptomlar (ko‘pincha, bir tomonlama)** |
Koxlear simptomlar xos emas |
Quloqda shovqin ko‘p kuzatiladi |
Quloqda shovqin kam kuzatiladi |
O‘choqli nevrologik simptomlar yo‘q |
O‘choqli nevrologik simptomlar bor |
Ko‘ngil aynish va qusish ko‘p kuzatiladi |
Ko‘ngil aynish va qusish kam kuzatiladi |
Izoh: * vestibulyar neyronit bundan istisno. ** paroksizmal pozitsion bosh aylanish va vestibulyar neyronit bundan istisno |