Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi “ShIFOXONA SINDROMI”

“ShIFOXONA SINDROMI”


“Shifoxona sindromi” – uzoq muddat va ko‘p marotaba shifoxonada da­volanib yuradigan bemorlarda rivojlanuvchi psixosomatik buzilish­lar majmuasi. “Shifoxona sindromi” iborasi 1945 yili psixoanalitik Rene Shpits tomonidan taklif qilingan. Tez-tez kasallanadigan va ko‘p vaqtini shifoxonada o‘tkazuvchi bolalardagi xulq-atvor o‘zgarishlari va psixosomatik buzilishlarni kuzatgan olim ushbu sindromni taklif qilgan. Demak, bu sindrom dastlab bolalarga nisbatan qo‘llanilgan va o‘rganilgan. Keyinchalik uning belgilarini katta yoshdagilarda ham sezishgan.Melanxolik tipdagi shaxslar bu sindromga moyil bo‘lishadi.

Uning asosiy sabablari surunkali kasalliklar, uzoq muddat shifo­xonada qolib ketish yoki tez-tez shifoxonaga tushib turish, kasallik sa­babli uydan va tashqi dunyodan ajralib qolish, ruhiy kasalliklar bi­lan kasallanish, uydagilardan mehr ko‘rmaslik, kasallik sababli o‘lib qolishdan qo‘rqishlar.

Ushbu sindrom kattalarda turli ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Bunday bemorlar oilasidan deyarli uzilib qolishadi. Shifoxonada yashash ular­ning hayot tarziga aylanadi. Ba’zi bemorlarni qanday ukollar olayot­ganligi, tashxis natijasi, davolash samarasi ham qiziqtirmay qo‘yadi. Bemor shifoxonada yotsa bo‘lgani. Ular, odatda, shikoyatchi bo‘lishmaydi. Aksincha, bemor uydagilari bilan chiqishmaydi, tibbiy xodimlar bilan esa do‘stlashib qoladi.

“Shifoxona sindromi” ruhiy kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar orasida keng tarqalgan. Odatda, ular ruhiy kasalliklar statsionari­da bir necha oylab yotishadi. Bunday bemorning yaqin qarindoshlari ham uning shifoxonada yurishini afzal ko‘rishadi. Davolash muddati tugab, shifoxonadan chiqqan bemor bir-ikki kun o‘tgach, uydagi janjalning asosiy sababchisiga aylanadi va yana shifoxonani xohlab qoladi. Ruhiy bemorlar uchun o‘zining uyi va yaqinlari begonadek bo‘lib qoladi. Bu holatni bir necha yillardan buyon ruhiy kasallik bilan og‘rigan bemor­larda kuzatamiz. Shu bois, bemorning ruhiy shifoxonada yashashi maqbul hisoblanadi. “Shifoxona sindromi”da bemorlar shifoxonada davolan­maydi, ular u erda yashashadi, deb bejiz aytishmaydi doktorlar.

Xo‘sh, vaziyatdan chiqish va bemorni oilasiga, jamiyatga qaytarish uchun nima qilish kerak? Avvalambor, bemorni samarali davolash va shifoxo­nadan so‘ng reabilitatsiya yoki sog‘lomlashtirish markazlariga yuborish zarur. Bunda psixoreabilitatsiya juda katta ahamiyatga ega va bu muola­jani albatta tibbiy psixolog o‘tkazadi.

Ularni oila va ijtimoiy hayotdan uzib qo‘ymang. Yaqin qarindoshlarning katta e’tibori o‘ta zarur. Sihatgohlarda musiqaterapiya, davolash gimnastikasi, fizioterapevtik muolajalar, psixoterapiya, sportning kichik turlari, ya’ni stol tennisi, shaxmat va kichik-kichik musobaqalar o‘tkazib turish o‘ta muhim. Surunkali bemorlarda “shifoxona sindromi” rivojlanmasligi uchun ularni faqat dori-darmonga bog‘lab qo‘ymaslik kerak. Kasallik turi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, har bir bemor psi­xologik suhbatdan o‘tib turishi zarur. Faqat psixoterapevt bemorning ichki dunyosini mukammal o‘rgana oladi va uni yaqinlari yordamida hayotga qaytaradi.



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив