SINKOPE


Qisqa muddatli xushdan ketishga sinkope deb aytiladi. Sinkope o‘tkir holat hisoblanadi. Xushning uzoq muddatga yo‘qolishi sinkope uchun xos emas.

Etiologiyasi va patogenezi. Sinkope sabablari juda ko‘p. Ular – kardiovaskulyar buzilishlar (aritmiya, fibrillyatsiya, ortostatik gipotenziya, karotit sinusning ortiqcha sezgirligi, stenokardiya), tserebrovaskulyar kasalliklar (umurtqa arteriyasi va uyqu arteriyalarining o‘tkir stenozlari, boshqa sababli o‘tkir vertebrobazilyar ishemiyalar), periferik vegetativ etishmovchilik, simpatektomiya, nafas yo‘llari bilan bog‘liq patologik holatlar (tinmay yo‘talish, giperventilyatsion sindrom), miya qorinchalari o‘smalari, metabolik buzilishlar va ishemik gipoksiyalar (gipoklikemiya, gipokaliemiya, gipokaltsiemiya, o‘tkir qon yo‘qotishlar, anemiya), intoksikatsiya va zaharlanishlar (ekzo va endotoksinlar, elektrolitlar disbalansi, is gazi bilan zaharlanish), issiq joyda qolib ketish, oftob urishi  va h.k. Demak, markaziy va periferik vazomotor markazlar faoliyatiga keskin ta’sir ko‘rsatib o‘tkir tserebral ishemiya va gipoksiya holatini yuzaga keltiruvchi barcha salbiy omillar sinkope rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Sinkope, shuningdek, qattiq qo‘rqqanda yoki stress paytida ham rivojlanadi. Biroq, o‘tkir stress sababli rivojlanadigan sinkpopeni isteriyada kuzatiladigan sinkopedan farqlay olish kerak. Haqiqiy sinkopeda bemor darrov xushiga kelsa, isterik sinkopeda bemor go‘yoki xushsiz yotadi. Aksariyat sinkopelar rivojlanish mexanizmi n.vagus sistemasi faollashuvi va simpatik markazlarning tormozlanishi bilan bog‘liq.

Klinikasi. Sinkope deyarli har doim ko‘z oldi qorong‘ilashib ketishi va bosh aylanishi bilan boshlanadi. Bemor bunga shikoyat qilib ulgurmasdan bir necha soniyaga xushdan ketadi. Xushiga kelgach undan so‘ralsa, quloqlari shang‘illab bitib qolgani, oyoq-qo‘llar uvishib holdan toygani, ko‘ngli aynigani, sovuq ter bosgani va xushini yo‘qotganini aytadi. Bemorning rangi oqarib ketadi, tomir urishi tezlashadi yoki sekinlashadi (simpatik yoki parasimpatik reaktsiya), AQB tushadi. Biroq AQB tushishi kollaps darajasida bo‘lmaydi. Sinkope AQB ning keskin tushib ketmasligi va tezda tiklanishi bilan shok (kollaps) dan farq qiladi. Ba’zi bemorlar sinkope paytida nima bo‘lganini bila olmay qoladi, ya’ni u to‘satdan rivojlanadi.

Sinkope paytida nafas olish va yurak urishi to‘xtab qolmaydi, sopor va koma rivojlanmaydi, tutqanoq xurujlari kuzatilmaydi, bemor darrov xushiga keladi. Bemorni xushiga keltirish uchun yuziga sovuq suv sepish yoki gorizontal holatga yotqizishning o‘zi etarli.

Endi sinkope turlari bilan tanishib chiqamiz.

Vazodepressor (vazovagal) sinkope. Asosan, yoshlarda (ayniqsa, qizlarda) uchraydigan o‘tkir holat bo‘lib, uning yuzaga kelishi o‘tkir stress yoki issiq joyda qolib ketish bilan bog‘liq. Masalan, qorong‘ida kuchukdan qo‘rqish, oqayotgan qondan yoki murdadan qo‘rqish, issiq paytlari uzoq davom etuvchi imtihonlar (abutiruentlar va talabalarda uchrab turadi), issiq va kislorod kam bo‘lgan joylarda uzoq vaqt tik turish, katta shovqinli issiq zallarda kinofilmlar ko‘rish, kutmagan odamga to‘satdan duch kelish va h.k.  Hissiyotga boy kinofilmlarda aktyorlar sinkope holatlarini ko‘p ijro etishadi.

Ortostatik gipotenziya.  Sinkope bilan namoyon bo‘luvchi ushbu sindromning asosiy sabablaridan biri – bu periferik vegetativ etishmovchilik. Ortostatik gipotenziya orqa miyaning yon shoxchalari, periferik va vistseral qon tomirlarni innervatsiya qiluvchi efferent simpatik vazomotor tolalar zararlanishi sababli rivojlanadi. Ma’lumki, simpatik vazomotor tolalar turli vaziyatlarda tomirlar vazokonstriktsiyasini ta’minlab beradi. Ular zararlansa, intravaskulyar bosim paytida periferik tomirlar vazokonstriktsiyasi ro‘y bermaydi va buning oqibatida sistem AQB tushib ketadi. Sistem AQB keskin tushib ketsa, bosh miyada o‘tkir ishemik gipoksiya rivojlanadi. Ortostatik gipotenziya qon bosimni tushiruvchi dorilar, antidepressantlar va neyroleptiklarni katta miqdorda qabul qilganda ham uchraydi. Parkinsonizmda sinkope, ko‘pincha, levodopa dorilarini (nakom, madopar) qabul qilib yuradiganlarda ro‘y beradi.

Ortostatik gipotenziya gorizontal holatda yotgan bemor vertikal holatga o‘tganda sistem AQB ning keskin tushib ketishi bilan namoyon bo‘ladi. Bu holat bemor o‘rnidan turib o‘tirganda yoki biroz tik turganda ham ro‘y beradi. Og‘ir holatlarda bemor hushidan ketsa, engil holatlarda bemorning boshi aylanib gandiraklab ketadi, ko‘z oldi qorong‘ilashadi va yana o‘tirib oladi yoki yonboshlab yotadi. Sinkopal holatda bemorning rangi oqarib, qorachiqlari kengayadi, AQB 50/30 mm sim. ust. gacha tushib ketadi. Tomir urishi sustlashadi va yumshoq bo‘ladi. Muskullarning umumiy gipotoniyasi ham kuzatiladi. Ortostatik gipotenziya tashxisini qo‘yish uchun gorizontal holatda yotgan bemorning AQB o‘lchanadi. Keyin o‘tirish yoki tik turish tavsiya etiladi. Bir daqiqa o‘tgach, AQB yana o‘lchanadi. Vertikal holatda sistolik bosim 20 mm sim. ust. ga, diastolik bosim 10 mm sim. ust. ga tushganda, bemorga ortostatik gipotenziya tashxisi qo‘yiladi.

Kardiogen sinkope. Asosan, aritmiya, paroksizmal taxikardiya, qorinchalar fibrillyatsiyasi, AV-qamal,  sinus tuguni kuchsizligi, stenokardiya va miokard infarkti bilan bog‘liq. Demak, har qanday sinkope sababi kardiogen omillar bo‘lishi mumkin. Miokard infarkti yoki stenokardiya sababli rivojlangan sinkope og‘riqlar fonida paydo bo‘ladi. Bu erda kardiogen sinkope bilan kardiogen shokni farqlay olish lozim (“Shok” yozilgan joyga qarang). 

 Vertebrobazilyar sohada qon aylanishining o‘tkir buzilishi. Ko‘p hollarda sinkope bilan namoyon bo‘ladi. Buning asosiy sababi miya ustunida joylashgan retikulyar formatsiya ishemiyasidir. Bemorda diplopiya, nistagm, dizartriya va ataksiya kabi nevrologik simptomlar aniqlanadi. Bu erda drop-atakani sinkope bilan farqlay olish kerak. Drop-ataka (dropp–attaks) xushni yo‘qotmasdan o‘ta qisqa muddatga yiqilib tushish bilan namoyon bo‘ladigan o‘tkir holat. Buning sababi ham retikulyar formatsiyaning o‘tkir ishemiyasidir. Demak, drop-ataka ham, sinkope ham vertebro-bazilyar sohada kuzatiladigan TIA sababli rivojlanadi. Drop-ataka paytida bemor to‘satdan ro‘y bergan muskullar atoniyasi sababli yiqilib tushsa, sinkope paytida xushini yo‘qotgani uchun yiqilib tushadi. Ikkala holat ham bir necha soniya davom etgani uchun, ularni farqlash o‘ta qiyin.

Karotid sinus sezgirligi. Arterial gipertenziya va uyqu arteriyasi aterosklerozida kuzatiladigan sinkope. Katta yoshdagilarda uchraydigan bu holat boshni yon tomonga burganda yoki bo‘yinbog‘ni siqib bog‘laganda ro‘y beradi.

Nikturik sinkope. Keksa yoshdagilarda tunda siyish paytida yoki siyib bo‘lganda keyin kuzatiladigan sinkope.

Isterik sinkope (psevdosinkope). Isteriyada kuzatiladigan holat bo‘lib, bu shaxs o‘zini xushini yo‘qotgan odamdek tutadi, kipriklari pirpirab turadi. Haqiqiy xushdan ketgan odamning kipriklari pirpiramaydi. Uning burun teshigi yoki qoshlariga qog‘oz uchini tegizsa, ijirg‘anib qo‘lingizni itarib yuboradi yoki o‘girilib yotadi. Agar uning yonidan hamma chiqib ketsa, yon-beriga qarab o‘rnidan turib oladi yoki boshqa harakatlar qiladi. Bu holatni eshik teshigidan qarab kuzatish mumkin. Asosan, yosh ayollarda uchraydigan bu holat deyarli har doim urush-janjal va kelishmovchiliklardan so‘ng rivojlanadi. Buyuk frantsuz nevrologi J.M. Sharko ayollarda uchraydigan isterik xurujlarga quyidagicha baho beradi: “Isterik reaktsiya – bu ayol kishi uchun erkakdan o‘z alamini olishning yana  bir usuli ”. Haqiqatan ham ayol kishi istagi bajarilsa, isteriya o‘tib ketadi.

Tashxis. Sinkope, ko‘pincha, 20-30 soniya davom etadi va kam hollarda bir necha daqiqaga cho‘ziladi. Sikope kuzatilgan har qanday bemorda uning etiologiyasini aniqlash lozim. Ayniqsa, yurak-qon tomir kasalliklari sababli rivojlangan sinkopal holatlar jiddiy tekshiruvlarni talab qiladi. Elektrolitlar (Na, K, CI) va qand miqdori o‘rganiladi. Shuningdek, EKG, ExoKG, EEG, kraniografiya, flyurografiya, yirik arteriyalarni duppleksli skanirlash qilinadi. Bosh miyani MRT qilish zarurati tug‘ilishi mumkin. Har qanday etiologiyali sinkope ortostatik sinamalarni o‘tkazishni taqozo etadi. Qiyosiy tashxis, asosan, absanslar bilan o‘tkaziladi.

Davosi. Engil holatlarda bemorning yoqalari ochilsa, yuziga sovuq suv sepilsa va salqinroq joyga olib chiqilsa, uning xushi darrov joyiga keladi. Ba’zida, ya’ni vazovagal sinkopeda bemorga yordam ko‘rsatishga ulgurmasdan o‘ziga kelib qoladi. Novshadil spirtini hidlatish har qanday etiologiyali sinkopeda o‘ta samarali. Agar ushbu muolajalardan so‘ng ham bemor xushiga kelavermasa, demak unda sinkope emas, balki xushdan ketishning jiddiyroq shakli – kollaps, sopor yoki epileptik xuruj.  

Prognoz. Prognoz deyarli har doim yaxshi. Biroq jiddiy kasalliklar sababli ro‘y bergan sinkope maxsus tekshiruvlar va davolash muolajalarini o‘tkazishni talab qiladi.

Profilaktikasi. Sinkope nafaqat turli kasalliklar, balki jismonan nimjon odamlarda ham ko‘p uchraydi. Buning oldini olish uchun faol jismoniy mehnat va sport bilan shug‘ullanib organizmni chiniqtirib borish kerak. UAV aholi bilan targ‘ibot ishlarini olib borganida tamaki chekish, spirtli ichimliklar ist’emol qilish va gipodinamiya sinkopega moyillikni yuzaga keltiruvchi omillar ekanligini tushuntirib borishi kerak.

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив