Oilaning UCh toifasi
Psixologlar er-xotin orasidagi munosabatlarga qarab oilaning 3 xil toifasini ajratishgan: “Ona-o‘g‘il”, “Ota-qiz” va “Aka-singil” toifasidagi oilalar.
- “Ona-o‘g‘il” toifasidagi oila
Bunday oilada ayol kishi oilani boshqarishni deyarli butunlay qo‘lga oladi, uning huquqlari beqiyos bo‘lib, hattoki erkak kishi bajarishi lozim bo‘lgan ishlarni ham o‘zi nazoratga oladi yoki o‘zi bajaradi, ya’ni u xotin emas, balki Ona rolini ijro etadi. Erning haq-huquqlari esa bu erda juda kam ifodalangan bo‘lib, oilani boshqarish ishlariga u deyarli aralashmaydi, ya’ni u oilada er emas, balki O‘g‘il vazifasini ijro etadi. Oilani boshqarishning bunday usuli ikkala tomonni ham qoniqtiradi, ya’ni er-xotin orasidagi munosabatlar shunday vaziyatni yuzaga keltiradi. Xotin erini o‘z himoyasiga oladi, uni boshqa erkaklardan asraydi, unga doimo maslahat berib yuradi. Bu oilada so‘nggi qaror xotin tomondan qabul qilinadi, er esa uning aytganlarini so‘zsiz amalga oshiradi.
- “Ota-qiz” toifasidagi oila
Bu oilada barcha yumushlarni erkak kishi bajaradi, erning huquqlari beqiyos bo‘ladi, u hattoki ayol kishi bajarishi lozim bo‘lgan oila yumushlarini ham o‘z qo‘liga oladi, xotiniga qiz bolaga qaragandek munosabatda bo‘ladi. Ya’ni u er emas, balki Ota vazifasini bajaradi. Xotinning haq-huquqlari esa bu erda juda kam ifodalangan bo‘lib, oilani boshqarish jarayoniga deyarli aralasha olmaydi, ayol kishi bajarishi lozim bo‘lgan ishlarga ham eridan beruxsat qo‘l urmaydi, ya’ni u oilada ona emas, balki qiz vazifasini ijro etadi. Oilani boshqarishning bunday usuli ikkala tomonni ham qoniqtiradi, ya’ni er-xotin orasidagi munosabatlar ushbu vaziyatni yuzaga keltiradi.
Psixologik nuqtai nazardan olganda “Ona-o‘g‘il” va “Ota-qiz” toifasidagi oilada voyaga etgan farzandlarning hayoti keyinchalik xavf ostida qolishi mumkin. Ularning keyingi taqdirini 2 xil variantda tahlil qilamiz:
A) “Ona-o‘g‘il” toifasidagi oilada voyaga etgan qiz “Ota-qiz” toifasidagi oilada voyaga etgan o‘g‘ilga turmushga chiqsa, bu oila barbod bo‘lishi mumkin. Chunki qiz Ona hukmronlik qilgan oilada, o‘g‘il esa Ota hukmronlik qilgan oilada katta bo‘lgan. Qiz oilani Onasidek boshqarishga, ya’ni erini o‘ziga bo‘ysundirishga intilsa, yigit oilani xuddi Otasidek boshqarishni istaydi va xotinini o‘ziga bo‘ysundirishga harakat qiladi. Tabiiyki, buning uddasidan chiqish o‘ta mushkul bo‘lib, tez-tez urish-janjallar ro‘y berib turadi. Buning oqibatida farzandlar tarbiyasiga katta ziyon etadi va bu oila barbod bo‘lish darajasiga keladi.
B) “Ona-o‘g‘il” toifasidagi oilada voyaga etgan o‘g‘il “Ota-qiz” toifasidagi oilada ulg‘aygan qizga uylandi deylik. Bunday oiladan oila yo‘lboshchisi etishib chiqishi ancha mushkul. Chunki o‘g‘il Ona hukmronlik qilgan oilada, qiz esa Ota hukmronlik qilgan oilada o‘sib voyaga etgan, ya’ni “kichik” rolni o‘ynovchilar turmush qurishgan. Ushbu yangi oilada yigit xotini yo‘lboshchi bo‘lishini xohlasa, qiz buning teskarisini, ya’ni eri yo‘lboshchi bo‘lishini xohlaydi. Ularning o‘zlari oilani mustaqil ravishda boshqara olishmaydi, birovlarga qaram bo‘lib yashashadi, maslahat uchun qiz Otasining oldiga chopsa, o‘g‘il Onasining oldiga otlanadi. Bu vaziyat uzoq davom etib, axiyri ular oilani boshqarishni o‘zlashtirib olishadi.
- “Aka-singil” toifasidagi oila
Bunday oila psixologik nuqtai nazardan eng maqbul oila. Chunki bu erda er-xotinning vazifalari o‘zaro taqsimlangan, ya’ni er oilani boshqarishning 60 foizini o‘z qo‘liga oladi, 40 foiz yumushni xotiniga qoldiradi. Oila bo‘yicha muhim qarorlarni qabul qilish erkak kishining qo‘lida bo‘lib, oilaning yo‘lboshchisi va himoyachisiga aylanadi. Ayol kishi esa uning eng yaqin maslakdoshi bo‘ladi. Demak, oilada er o‘zini xuddi aka sifatida, xotin esa singil sifatida ko‘rsatadi. Bunday oilada erkak kishining ham, ayolning ham huquqlari saqlangan bo‘ladi, ota-ona orasidagi bunday munosabatlar ta’siri ostida voyaga etgan o‘g‘il ayol kishini, qiz esa erkak kishini hurmat qiladigan bo‘lib o‘sishadi. Bunday oila mustahkam bo‘lib, uning a’zolarini hamma hurmat qiladi. Ularning farzandlari ham keyinchalik oila qurishsa, o‘zaro munosabatlarini “Aka-singil” toifasidagi oilaga o‘xshab amalga oshirishga harakat qilishadi.
Professor Zarifboy Ibodullaev