Neyroleptik sindrom


Neyroleptik sindrom – neyroleptiklarni uzoq davr mobaynida yoki katta miqdorda qabul qilganda rivojlanadigan va asosan ekstrapiramidal buzilishlar bilan namoyon bo‘ladigan simptomlar majmuasi.

Etiologiyasi. Neyroleptik sindrom etiologiyasi uzoq vaqt va katta dozada neyroleptiklar (galoperidol, tizertsin, triftazin, neuleptil va h.k) qabul qilish bilan bog‘liq.

Neyroleptik sindrom turlari:

  • parkinsonizm;
  • erta diskineziya;
  • kechikkan diskineziya va distoniyalar;
  • akatiziya;
  • stereotiplar;
  • xavfli neyroleptik sindrom.

Erta diskineziya. Neyroleptiklarni katta dozada ist’emol qilganda paydo bo‘ladigan o‘tkir distonik spazmlarga erta diskineziya deb aytiladi. Erta diskineziya, ko‘pincha dastlabki 2 kun ichida rivojlanadi va kam hollarda 5 kunga cho‘ziladi. Bu holat, ayniqsa, klassik neyroleptiklarni (aminazin, galoperidol) ist’emol qilganda ro‘y beradi. Bemorning to‘satdan og‘zi qiyshayib, tillari qotib gapira olmay qoladi, yuzi va bo‘yinlari tortishadi. Agar dori kattaroq dozada berilsa, bemorning oyoq-qo‘llari ham tortishib qoladi. Bunday paytlarda xolinolitiklar (tsiklodol, tropatsin) berilsa, distonik spazmlar tezda o‘tib ketadi. Ba’zida neyroleptiklarni qabul qilishni to‘xtatishning o‘zi kifoya. Bu holat ro‘y bermasligi uchun neyroleptiklar xolinolitiklar bilan birgalikda tavsiya etiladi. Masalan, tsiklodol 0,02 g dan kuniga 1-2 mahal ichishga buyuriladi. Agar neyroleptiklar dozasi oshirib borilsa, xolinolitiklar dozasi ham oshiriladi.

Kechikkan diskineziya va distoniyalar. Bu sindrom, odatda neyroleptiklarni surunkali ravishda qabul qilib yuradiganlarda rivojlanadi. Shuning uchun ham uni kechikkan diskineziya yoki distoniya  deb atashadi. Kechikkan diskineziyalar, ko‘pincha, distoniyalar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Neyroleptiklarni xolinolitiklar bilan birgalikda qabul qilib yurish har doim ham kechikkan diskineziyaning oldini olavermaydi. Aytib o‘tganimizdek, erta diskineziyalarda neyroleptiklarni qabul qilishni to‘xtatish distonik spazmlarni yo‘qolishiga olib keladi. Biroq kechikkan diskineziyalarda buning aksi kuzatiladi, ya’ni neyroleptiklar dozasini kamaytirish yoki qabul qilishni to‘xtatish diskineziyalarni yuzaga keltiradi. Agar bemor neyroleptikni yana qabul qila boshlasa yoki avval ichib yurgan dozasiga etkazsa, diskineziyalar o‘tib ketadi yoki keskin kamayadi. Kechikkan diskineziyalar va distoniyalar ham, odatda, mimik, chaynov va til-halqum muskullaridan boshlanadi.

 Oromandibulyar distoniya ham neyroleptiklar sababli rivojlangan kechikkan distoniyaning bir klinik turidir. Oromandibulyar distoniya klinik simptomlarga juda boy bo‘lgan distoniyadir. Uning asosiy belgilari: 1) bemor og‘zini yumib-ochaveradi; 2) labini chapillataveradi; 2) tilini chiqarib-kiritaveradi, undan tilini chiqarib turish so‘ralsa, bir necha  soniyadan so‘ng yana tortib oladi; 3) jag‘larini qattiq siqib turadi, ya’ni trizm kuzatiladi; 4) chaynov harakatlarini bajaraveradi, yutinish harakatlarini qilaveradi. 5) giperkinezlar va distonik spazmlar sababli dizartriya, disfagiya va disfoniya rivojlanadi. Oromandibulyar distoniyada oral distoniyalar bilan bir qatorda blefarospazm, tortikollis va diafragmal muskullar spazmi ham kuzatiladi. Diafragmal muskullardagi distonik spazmlar ravon nafas olishga halaqit beradi.

Diskineziyalar nafaqat neyroleptiklar, balki antidepressantlar, L-DOFA dorilari, valproatlar, benzodiazepinlar, oral kontratseptivlar, tireoid gormonlar, kofein, teofillin, litiy, tsiklosporin, difenin, karbamazepin, verapamil, anaprilin, tserukal va ba’zi antigistamin dorilarni katta dozada yoki uzoq muddat qabul qilganda ham rivojlanadi. Neyroleptiklar chaqirgan diskineziyalarga qaraganda boshqa dorilar chaqirgan diskineziyalar biroz engil kechadi va dorilarni to‘xtatganda o‘tib ketadi.

Akatiziya. Bir joyda tinch o‘tira olmaslikka akatiziya deb aytiladi. Akatiziya neyroleptiklar bilan davolashning 1-2 haftasida ko‘p kuzatiladi. Biroq bu simptom neyroleptiklarni surunkali ichib yuradigan bemorlarda har doim kuzatilishi mumkin. Bunday bemorlar bir joyda tinch o‘tira olmaydi, o‘tirgan joyidan turib yurib ketadi va bir necha soniyadan so‘ng yana qaytib kelib joyiga o‘tiradi. Bu holatni, ayniqsa, bemorni tekshirayotgan psixiatrlar ko‘p kuzatishadi. Vrach bemorni tinch o‘tirishga undab ko‘rsa ham, undagi ichki tuyg‘u uni o‘rnidan turib yurishga undayveradi. Bemorning o‘zi ham bu harakatlaridan qiynalib ketadi, o‘zini boshqarishga harakat qiladi. Biroq shu harakatlarni bajarishga undayotgan ichki tuyg‘u uni tinch qo‘ymaydi. Bemor oila a’zolari bilan na tinch o‘tirib ovqatlana oladi, na teleko‘rsatuvlar ko‘ra oladi, na tinch o‘tirib dam oladi. U uxlab qolgandagina tinchlanishi mumkin, xolos. Shunda ham uning oyoq qo‘llari qimirlab yotadi.

Akatiziya aksariyat hollarda ichki vahima, qo‘rquv va xavotir bilan birgalikda uchraydi. Bemor qo‘rquvni shunday ta’riflab beradi: “Meni doimo qandaydir bir ichki vahima egallab olgan, bu qo‘rquv nega paydo bo‘layapdi o‘zi”. Biroq bu “qo‘rqoq bemor” mehmonga kelgan ukalari yoki singillarini kechasi bemalol uyigacha kuzatib, o‘zi uyga yolg‘iz qaytib kelishi mumkin. Undan: “Kechasi bitta o‘zing kelishdan qo‘rqmadingmi?” deb so‘ralsa, “Yo‘q” deb javob beradi.

Neyroleptiklar sababli yuzaga kelgan akatiziyani bartaraf etish uchun, asosan tsiklodol tavsiya etiladi. Shuningdek atenolol, obzidan, fenazepam, diazepam, amitriptilin ham ichishga buyuriladi.

Stereotiplar. Ma’nosiz bir xil harakatlarni hadeb takrorlayverishga stereotiplar deb aytiladi. Bu holat neyroleptiklarni doimo ichib yuradiganlarda ko‘p kuzatiladi. Masalan, bemor hadeb sochini o‘ynayveradi, qo‘lini bukib-ochaveradi, ustarni taqillatib o‘tiraveradi va h.k. Stereotiplar tashqi ko‘rinishdan kompulsiv harakatlarga o‘xshab ketadi. Biroq kompulsiv harakatlar turli ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Stereotiplar esa bir xil harakatni hadeb takrorlayverishdan iborat. Stereotiplar ko‘pincha kechikkan diskineziyalar bilan birgalikda kuzatiladi. Xolinolitiklarni tavsiya etish stereotiplarni bartaraf eta olmaydi.

Neyroleptiklarni ichishni to‘xtatish har doim ham stereotiplarning yo‘qolishiga sababchi bo‘lavermaydi. Ularni bartaraf etish uchun asosan klozapin 25-75 mg, klonazepam (antelepsin) 2-6 mg, propranolol (anaprilin, obzidan) kuniga 10-40 mg dan tavsiya etiladi.

Xavfli neyroleptik sindrom. Neyroleptiklar bilan davolashning eng og‘ir asorati bo‘lib, uning kelib chiqishi dofamin etishmovchiligi bilan bog‘liq. Havfli neyroleptik sindromning asosiy simptomlari – muskullar rigidligi, gipertermiya, kuchli vegetativ buzilishlar va somnolentsiya.  Barcha muskullar plastik tarzda qotib qolganligi sababli ixtiyoriy harakatlar juda chegaralanib qoladi, og‘ir holatlarda bemor o‘tirgan joyida qotib qoladi. Uning ko‘zlari bir nuqtaga qadalgan, ranglari oqargan va so‘ngan, yuz ifodasi yo‘qolgan va hamma yog‘ini ter bosgan bo‘ladi. Bemor doimo yarim uyqu (somnolentsiya) holatida bo‘lib, ravon gapirmaydi, og‘ziga solingan ovqatlarni bemalol yuta olmaydi. Chunki yutish va gapirish uchun javob beradigan muskullarda ham gipertonus kuzatiladi. Bunday bemorlar tez kunda ozib ketadi. 

Shuningdek, taxikardiya, taxipnoe, arterial gipotoniya yoki AQB ning o‘ynab turishi, tromboemboliya, anoreksiya, oliguriya ko‘p kuzatiladi. Muskul to‘qimasining diffuz parchalanishi sababli qonda KFK miqdori oshib ketadi. Qonda kaliy miqdori ham oshadi, mioglobulinemiya aniqlanadi. Ushbu biokimyoviy buzilishlar, albatta, buyrak faoliyatini izdan chiqaradi va aksariyat hollarda dializ o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Bunday bemorlar kuchli degidratatsiyadan ham aziyat chekishadi.

Havfli neyroleptik sindrom, aksariyat hollarda, neyroleptiklar bilan davolashning  dastlabki haftasida rivojlanadi.  Xatto bu sindrom 3-5 kun ichida ham paydo bo‘lishi mumkin. Buni bemorga neyroleptiklarni tavsiya etayotgan har bir vrach, ayniqsa psixiatr va nevropatologlar eslarida tutishlari lozim. Chunki ba’zida vrachlar havfli neyroleptik sindrom neyroleptiklarni uzoq yillar mobaynida ichadiganlarda kuzatiladi, deb o‘ylashadi.

Davosi. Bemor zudlik bilan shifoxonaga yotqiziladi. Neyroleptik sindrom aniqlangan bemorni psixiatr yoki uning bevosita ishtirokida malakali vrachlar davolashi kerak. Bu sindrom belgilari endi paydo bo‘layotganda dorini ichish to‘xtatilsa, uning rivojlanib ketishining oldi olinadi. Biroq buning har doim ham iloji bo‘lmaydi. To‘la shakllangan neyroleptik sindromni bartaraf etish o‘ta mushkul. Bu maqsadda, ko‘pincha, dantrolen va bromkriptin qo‘llaniladi. Dantrolen 1 kg tana vazniga o‘rtacha 1-1,5 mg dan kuniga 4 mahal tavsiya etiladi. Bromkriptin 10 mg dan kuniga 3 mahal ichishga buyuriladi. Bu ikkala dorini birgalikda tavsiya etish mumkin. Biroq ularning optimal dozasini tanlab olish zarur. Tarkibida L-DOFA saqlovchi dorilar (nakom, madopar) va karbamazepin (finlepsin) ham buyuriladi. Etarli dozada tokoferol atsetat (E vitamini) va piridoksin (V6 vitamini) ham tavsiya etilishi kerak. Plazmaferez ham qo‘llaniladi.

Umumiy mikrotsirkulyatsiyani yaxshilash uchun trental, sermion, yurak-qon tomir faoliyatini yaxshilash uchun kardiometaboliklar, degidratatsiyani bartaraf etish uchun volemik eritmalar qilinadi. Trombozning oldini olish maqsadida kam dozada antikoagulyantlar (geparin, fraksiparin) qilinadi.

Kechishi va prognoz. Juda og‘ir kechadi va shuning uchun ham u “havfli neyroleptik sindrom” deb ataladi. Xatto faol davolash muolajalari ham har doim ko‘zlangan natijani bermaydi. O‘lim ko‘rsatkichlari yuqori.

Profilaktikasi. Havfli neyroleptik sindrom psixiatriya amaliyotida ko‘p uchraydi. Chunki neyroleptiklar shizofreniya va shu kabi og‘ir psixozlarni davolashda ko‘p qo‘llaniladi. Shuningdek, neyroleptiklar nevrologiya amaliyotida (masalan, giperkinezlarni bartaraf etishda) ham tavsiya etiladi. Neyroleptiklarning barcha xususiyatlari, shu jumladan uning asoratlarini mukammal bilish havfli neyroleptik sindromning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Xatto eng mukammal hisoblanmish olanzapinni tavsiya qilganda ham havfli neyroleptik sindrom rivojlanishi mumkin. Neyroleptiklar bilan davolanayotgan bemorlar har doim vrach nazoratida turishi kerak.

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив