LYuMBAL PUNKTsIYa


Lyumbal punktsiya muolajasi tserebrospinal suyuqlik, ya’ni likvor tarkibinii o‘rganish uchun o‘tkaziladi. Yaqin o‘tmishda lyumbal punktsiya (LP) asosiy diagnostik muolajalardan biri bo‘lgan va nevrologiya, neyroxirurgiya amaliyotida keng qo‘llanilgan. Zamonaviy neyrovizualizatsiya metodlarining (MSKT, MRT) tibbiyotga kirib kelishi LP o‘tkazilishini keskin chegaralab qo‘ydi. Biroq, nerv sistemasining infektsion kasalliklarida LP xanuzgacha qo‘llab kelinadi. 

Lyumbal punktsiya quyidagi kasalliklarga gumon qilinganda va qiyosiy tashxis maqsadida o‘tkaziladi

  • Nerv sistemasining yuqumli-infektsion kasalliklari (meningit, meningoentsefalit, entsefalit, Giyen-Barre sindromi).
  • Intrakranial gemorragiyalar (subaraxnoidal, intratserebral gematomalar).
  • OITS, sil, brutsellyoz kabi spetsifik infektsiyalarda MNS ning zararlanish belgilari paydo bo‘lganda.
  • Tarqoq skleroz va tarqoq entsefalomielitni qiyoslash maqsadida;
  • Normotenziv gidrotsefaliyalar, havfsiz kechuvchi intrakranial gipertenziyalar.
  • Subaraxnoidal bo‘shliqqa antibiotiklar va kimyoviy preparatlar yuborish (davolash maqsadida).

            Lyumbal punktsiya o‘tkazishga monelik qiluvchi holatlar

  • Orqa kranial chuqurcha sindromi (miyacha va miya ustuni o‘smalari, gematomasi, abstsessi).
  • Bosh miyaning chakka bo‘lagi o‘smalari.
  • Epidural spinal abstsess.
  • Markaziy tipda nafas olish va yurak faoliyatining buzilishi bilan kechuvchi patologik holatlar (og‘ir koma, o‘tkir zaharlanishlar).
  • Gemorragik sindromlar (trombotsitopeniya va koagulopatiyalar).

Eslatma. Likvor miya qorinchalarining (ayniqsa, yon qorinchalar) xorioidal chigallarida ishlab chiqariladi. Sog‘lom odamda bir kunda 450 ml likvor ishlab chiqariladi, qayta so‘riladi va yangilanib turadi.


Lyumbal punktsiya texnikasi

Lyumbal punktsiya toza, yorug‘ va steril xonalarda o‘tkaziladi. Bu muolajani o‘tkazayotgan vrach yonida yordamchi hamshira bo‘lishi lozim. Bemor qattiq joyga o‘ng yoki chap yonboshga yotqiziladi. Uning tagiga steril choyshab tashlanadi, usti ham steril choyshab bilan yopiladi. Bemor boshini iyagi ko‘ksiga tegadigan darajada, ikkala oyog‘ini esa tos-son va tizza bo‘g‘imlarida bukib yotadi (rasmga qarang).

 

   

73-a rasm. Lyumbal punktsiya o‘tkazilayotgan payt

73v-rasm. Mandrenli nini tiqiladigan joy

 

Bukilgan oyoqlarning soni qoringa tegib turishi kerak. Buning uchun bemor ikkala oyog‘ini ham qo‘llari bilan o‘ziga tortib yotadi. Bu holat ravoq shaklini eslatadi. Ana shunda punktsiya qilinadigan umurtqalararo bo‘shliq kengroq ochiladi.

Lyumbal punktsiya L2-L3 yoki L3-L4 umurtqalar orasida qilinadi. Chunki orqa miya L2 umurtqa sohasiga etmasdan tugaydi va undan keyin cavum edvuna boshlanadi. Bu erda “ot dumi” joylashgan. Agarda punktsiya L2 umurtqa suyagidan yuqorida qilinsa, orqa miyaning pastki qismi zararlanib falajliklar va tos funktsiyasi buzilishlari ro‘y beradi.

LP qilinadigan joyni to‘g‘ri aniqlash uchun yonbosh suyakning ustki o‘sig‘i qirrasi paypaslab topiladi. So‘ngra yod botirilgan cho‘p bilan undan  umurtqa pog‘onasi bo‘ylab to‘g‘ri chiziq o‘tkaziladi. Keyin umurtqa pog‘onasining o‘rtasi bo‘ylab chiziq tortiladi. Ushbu chiziqlar tutashgan nuqta L3-L4 umurtqalari orasiga to‘g‘ri keladi.

Punktsiya qiluvchi vrach qo‘llariga tibbiy qo‘lqop kiyadi va uni spirt bilan tozalaydi. Punqtsiya qilinadigan joy avval yod eritmasi, so‘ngra spirt bilan artadi. Iloji boricha kattaroq soha tozalanishi kerak. So‘ngra LP qilinadigan joy terisi ichiga 0,5 % novokain yuborib “limon po‘chog‘i” hosil qilinadi. Novokainning qolgan qismi teri osti va undan pastroqdagi to‘qimalarga yuboriladi. LP uchun 10 yoki 20 ml novokain kerak bo‘ladi. So‘ngra vrach  ko‘rsatkich barmog‘i bilan L4 umurtqaning o‘sig‘idan bosib turadi va uning ustidan mandrenli ninani tiqadi. Nina umurtqa pog‘onasiga perpendikulyar tarzda biroz yuqoriga yo‘naltirib tiqiladi.

Nina teri, teri osti yog‘ qatlamlarini teshib o‘tib umurtqa kanaliga yaqinlashadi. Nina umurtqa pog‘onasi boylamlari va qattiq pardani teshib o‘tib subaraxnoidal bo‘shliqqa tushadi. Vrach nina qattiq pardani teshib o‘tganiga amin bo‘lgach, sekin-asta mandrenni torta boshlaydi. Nina subaraxnoidal bo‘shliqqa tushgach, “ot dumi” ildizchalari ta’sirlanib tok urgandek og‘riq paydo bo‘lishi mumkin. Buning havfli tomoni yo‘q. Mandrenni olayotganda nina teshigidan likvor oqib chiqa boshlaydi. Hamshira esa nina ostida probirkani ushlab turadi. Likvorning nina teshigida tez-tez oqib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mandren nina teshigida ushlab turiladi. Agar subaraxnoidal bo‘shliqda bosim baland bo‘lsa, likvor tez-tez oqadi yoki otilib chiqadi, agar bosim past bo‘lsa, likvor kam tomchilar bilan oqiadi. Agar likvor kam oqib chiqsa, bemordan bir-ikki marotaba yo‘talish so‘raladi.

Likvorni probirkaga olishdan oldin 2-3 tomchi pastga tomiziladi. Chunki periferik qon yoki boshqa elementlar nina yo‘liga tushib qolishi va noto‘g‘ri ma’lumot sababchisi bo‘lishi mumkin. Likvor 2 ta probirkaga olinadi (har biriga 3-4 ml). Ushbu miqdor har qanday analiz uchun etarli. Neyroxirurg yoki nevropatolog ko‘rsatmasiga binoan monometr yordamida likvor bosimi o‘lchanishi mumkin.

Agar vrach bitta urinishda subaraxnoidal bo‘shliqqa tusha olmasa, ninani biroz orqaga tortib qaytadan urinib ko‘rinishi kerak. Biroq ninani me’yordan ortiqcha chuqurroq tiqish talab etilmaydi. Ketma-ket urinishlar ham mumkin emas. Aks holda atrofdagi qon tomirlar zararlanib mahalliy gematomalar rivojlanishi mumkin. Punktsiya qilingan kuni geparin va shu kabi boshqa antikoagulyantlar qilishdan ehtiyot bo‘lish lozim.

  

LP asoratlari

  • Miyachaning katta ensa teshigiga o‘tirib qolishi. Bu holat koma yoki o‘lim bilan tugaydi.
  • Punktsiya L2 umurtqa pog‘onasidan yuqorida qilinsa, spinal falajliklar va tos a’zolari funktsiyasi buziladi.
  • Nina ketma-ket tiqilaversa, mahalliy gematomalar paydo bo‘ladi.
  • Gigienik talablarga amal qilinmasa, mahalliy abstsess va sepsis rivojlanish havfi bor.
  • Postpunktsion bosh og‘riqlar. Bu og‘riqlar ko‘p miqdorda likvor olinganda intrakranial bosimning tushib ketishi sababli ro‘y beradi. Ularni bartaraf etish uchun bemor bir necha soat gorizontal holatda yotadi, venadan natriy xlor va glyukozaning izotonik eritmasi yuboriladi, 2 ml kofein kuniga 2-3 mahal mushak ichiga qilinadi, analgetiklar beriladi. Likvor ishlab chiqarilishini tezlashtirish uchun teofillin 200 mg dan kuniga 3 mahal ichishga beriladi.

Likvor tarkibi. Sog‘lom odamda likvor suvdek tiniq va rangsiz bo‘ladi. Hujayralar soni 0-5 ta shaklli elementlar (asosan, limfotsitlar) dan iborat, oqsil miqdori 0,15-0,33 g/l, qand miqdori 2,5-3,5 mmol/l bo‘ladi. Likvor bosimi gorizontal holatda 100-200, o‘tirgan holatda 200-400 mm suv ust. ga teng. Turli patologik holatlarda likvor rangi va uning tarkibi o‘zgaradi (23-jadval).

 

23-jadval

Sog‘lom odamda va turli kasalliklarda likvor ko‘rsatkichlari

 

Likvor

Bosim

mm.suv ust.

Rangi

Xujayralar soni

Oqsil miqdori

Qand

miqdori

Normada

Gorizontal holatda – 100-200, o‘tirgan holatda – 200-400 mm. suv ust

Tiniq, rangsiz

0–5 shaklli elementlar (limfotsitlar)

0,15 – 0,33 g/l

2,5 – 3,5 mmol/l

Noto‘g‘ri punktsiya  (yo‘lakay qon)

Normada

Qizg‘ish

O‘zgarmagan eritrotsitlar

Normada

Normada

Punktsiya paytida likvorni olgan sayin undagi eritrotsitlar soni kamayib, likvor rangi tiniqlashib boradi.

Subaraxnoidal qon quyilish

400–600 gacha oshadi

Dastlab qizil rang, keyinchalik ksantoxromiya aniqlanadi

Eritrotsitlar soni 300 000 ga etadi, leykotsitlar soni biroz oshadi

Oshadi

Normada

Yiringli meningit

Juda oshadi

 (800-1000)

Yiringli, loyqali

Juda oshadi

(10 000–50 000)

Bir necha barobarga oshadi

Deyarli 2 barobarga kamayadi

Sil  meningiti

Biroz oshadi

Tiniq rangdan och sariq rangacha. Probirkadagi likvor ustida fibrin halqa paydo bo‘ladi

Uncha yuqori bo‘lmagan pleotsitoz

6000–10000

Kamayadi  

Seroz meningit

Doimo oshadi

Tiniq, ba’zida loyqali

Limfotsitlar hisobiga oshadi

Doimo oshadi (4000–8000)

Normada

yoki biroz kamayadi

Bosh miya o‘smasi

Oshadi

Tiniq yoki ksantoxromiya

O‘zgarmaydi

yoki pleotsitoz

Normada yoki oshadi

Normada

Miya abtsessi

Oshadi

Tiniq rangdan loyqa ranggacha

Neytrofillar hisobiga pleotsitoz

Normada yoki oshgan

Normada

Orqa miya o‘smasi

Normada yoki pasaygan

Ksantoxromiya

Normada yoki biroz oshadi

Engil darajadan yuqori darajagacha oshgan bo‘ladi

Normada

Meningizm

Oshadi

Tiniq

Normada

Normada

Normada

 

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив