Idrok
Idrok - xilma-xil xossalarni tartibga solib, birlashtirib ongimizda namoyon etadi, narsa va hodisalarning yaxlit obrazini yaratadi.
Idrok qilish odamning kasbi, hayot tajribasi, bilimi va ehtiyojiga bog‘liq. Rivojlanish jarayonida kishining idrok qilish qobiliyati takomillashib, saralanib boradi. Narsa va hodisalarni idrok qilish odamning dunyoqarashiga ham bog‘liq: bir xil narsa yoki voqeani ikki kishi bir xil idrok qilmasligi mumkin. Insonning butun umri mobaynida idrok qilish jarayoni o‘zgarib boradi.
Idrokning asosiy xususiyati uning yaxlitligidir. Masalan, minbarda nutq so‘zlayotgan odamni idrok qilar ekanmiz, notiqning kiyim-boshi, minbarda o‘zini tutishi, kimligi, qancha vaqtdan buyon ma’ruza qilayotganligi va qachon tugatishi va hokazolarni umumlashtirib, u odamning ongimizda yaxlit obrazini yaratamiz, ya’ni idrok qilamiz.
Biror narsa va hodisani yoki odamlarni idrok qilishda avvalgi tajribamiz muhim ahamiyat kasb etadi, ya’ni tajriba idrok etishni osonlashtiradi. Masalan, biz hayvonot bog‘iga borganimizda, avval ko‘rmagan hayvon yoki qushlarga sinchkovlik bilan nazar tashlaymiz, ularning barcha xususiyatlarini o‘rganib idrok qilamiz. Keyingi gal borganimizda esa ularni idrok qilishimiz ancha osonlashadi.
Professor Zarifboy Ibodullaev