Ikkilamchi bosh og‘riqlar
Ikkilamchi bosh og‘riqlarning asosiy sabablari bilan tanishib chiqamiz.
Intrakranial gipertenziya. Bosh og‘riqlar – IKG ning eng asosiy belgilaridan biridir. IKG bosh miyaning yallig‘lanish kasalliklari, ya’ni meningit, entsefalit, leptomeningit, xorioependimatit, onkologik kasalliklari, kraniotserebral jarohatlar, bosh miyaning parazitar kasalliklari, ya’ni toksoplazmoz, tsistitserkoz, exinokokkoz sababli rivojlanadi. Aksariyat hollarda IKG surunkali tarzda rivojlanadi. IKG uchun diffuz tipdagi lo‘qillovchi bosh og‘riqlar xos bo‘lib, ular engashganda va jismoniy harakatlar paytida kuchayadi. Og‘riqlar diffuz xususiyatga ega bo‘lsa-da, ikkala ko‘z kosasi va ensa sohasida yanada kuchliroq namoyon bo‘ladi (qolgan ma’lumotlar IKG yozilgan joyda keltirilgan).
Bo‘yin umurtqalari patologiyasi. Bo‘yin umurtqalari patologiyasi, ya’ni osteoxondroz, disk churrasi, yallig‘lanish kasalliklari, o‘smalar, kraniotservikal anomaliyalar nafaqat bo‘yin, elka va qo‘llardagi og‘riqlar, balki bosh og‘riqlar bilan ham namoyon bo‘ladi. Chunki, boshning orqa qismini yuqori bo‘yin segmentlaridan chiqadigan spinal ildizchalar innervatsiya qiladi. Demak, ensa sohasidagi bosh og‘riqlarga shikoyat qilgan bemorning bo‘yin umurtqalari rentgen yoki MRT yordamida tekshirilishi kerak. Og‘riqlarning bosh va bo‘yin sohasida birgalikda namoyon bo‘lishiga kraniotservikalgiya deb ataladi. Ensa sohasidagi og‘riqlar chakka sohasiga ham irradiatsiya qiladi. Bu bemorlarda boshni turli tomonlarga harakatlantirish og‘riqlarni kuchaytirib yuboradi. Ularda bo‘yin muskullari taranglashuvi, paravertebral va oksipital nuqtalarda og‘riqlar ham aniqlanadi. Ba’zi bemorlarda orqa bo‘yin simpatik sindromi rivojlanadi va migrensimon bosh og‘riqlar, bosh aylanish xurujlari, taxikardiya, mioz yoki midriaz bilan namoyon bo‘ladi. Ensa sohasida kuzatilayotgan og‘riqlar ensa nervlari nevralgiyasi belgisi bo‘lishi ham mumkin. U holda og‘riqlar lokal ko‘rinishda namoyon bo‘ladi va ushbu nerv chiqadigan sohani barmoq bilan bosib tekshirsa og‘riq kuchayadi.
Orqa kranial chuqurcha sindromi. Ensa sohasidagi og‘riqlar va ataksiyalar subtentorial o‘smalar uchun juda xos. Bu soha o‘smalarida likvor yo‘llari bekilishi sababli IKG ham rivojlanadi. Boshni oldinga bukkanda yoki orqaga qayirganda ataksiya va og‘riqlar kuchayib ketadi. Bu sinamalarni ehtiyotkorlik bilan o‘tkazish kerak. Og‘riqlar va lokal simptomlarning borgan sayin kuchayib borishi – bosh miya o‘smalari uchun juda xos. Orqa kranial chuqurcha sindromiga gumon paydo bo‘lgan birinchi kundayoq MRT tekshiruvini o‘tkazib tashxisni aniqlab olish zarur.
Posttravmatik bosh og‘riqlar. O‘tkazilgan kraniotserebral jarohatlar (KTsJ) aksariyat hollarda bosh og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. Bunday bemorlarda bosh og‘riqlar oylab va yillab davom etadi. KTsJ da bosh og‘riqlarning asosiy sabablari – postravmatik intrakranial gipertenziya, bosh miya pardalari ezilishi (ularda og‘riq retseptorlari ko‘p bo‘ladi), subaraxnoidal kistalar, surunkali subdural va epidural gematomalar va h.k. Bosh og‘riqlarga moyil odamlarda engil KTsJ lar ham kuchli bosh og‘riqlarni qo‘zg‘ab yuborishi mumkin. Agar surunkali bosh og‘riqlar KTsJ asorati bo‘lsa, bunday bemorlarda xotira buzilishlari ham aniqlanadi. Diqqat va xotira susayishi hamda ortiqcha jizzakilik KTsJ uchun juda xos ekanligini esda tutish lozim. Bosh og‘riqlar bilan birgalikda, bosh aylanishi, uyqu buzilishi, jismoniy va aqliy faoliyatning pasayishi kabi simptomlar KTsJ ning doimiy yo‘ldoshi bo‘lishi mumkin. KTsJ o‘tkazgan bemorning bo‘yin umurtqalarini ham rentgenologik tekshiruvlardan o‘tkazish talab etiladi. Agar KTsJ o‘tkazgan bemorda ma’lum muddat o‘tib turli nevrologik simptomlar, masalan anizokoriya, mopoparez yoki gemiparez, tutqanoq xurujlari, nutq buzilishlari, ataksiya, ko‘rishning buzilishi paydo bo‘la boshlasa, bemorda intrakranial gematoma rivojlanayotgan bo‘lishi mumkin. Bunday paytlarda KT yoki MRT qilib tekshiruvini o‘tkazish zarur. Mana shunday holatlarning oldini olish uchun KTsJ o‘tkazgan har qanday bemor rentgenologik tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim.
Sinusitlar. Gaymorit va frontitlar bosh og‘riqlarning asosiy sabablaridan biridir. Yiringli jarayon qanchalik kuchli bo‘lsa, og‘riqlar ham shunchalik kuchli bo‘ladi. Ayniqsa, frontitlarda kuzatiladigan bunday og‘riqlarni klaster tsefalgiya, migren, glaukoma va bosh miya o‘smalari bilan qiyoslashga to‘g‘ri keladi. Gaymoritda kuzatiladigan og‘riqlar esa trigeminal nevralgiyalarga o‘xshab kechadi. Sinusitlar uchun turli darajadagi og‘riqlardan tashqari burun bitishi, yiringli ajralmalar chiqishi, yuz sohalarini bosib tekshirganda va boshni oldinga engashtirganda og‘riqning kuchayib ketishi, ko‘zlarning qizarishi xos. Shuningdek, ertalab uyg‘onganda va havo sal sovuganda og‘riqlarning kuchayib ketib, darrov burun bitib qolishi ham ko‘p kuzatiladi. Sinusitlarda og‘riqlar naqadar kuchli bo‘lmasin, o‘choqli nevrologik simptomlar aniqlanmaydi.
Arterial gipertenziya. Bosh og‘rig‘i gipertoniya kasalligi (GK) bilan og‘riganlar uchun o‘ta xos simptomlardan biridir. Odatda, bosh og‘rig‘i AQB oshgan paytlarda paydo bo‘ladi yoki kuchayadi. Demak, GK da bosh og‘rig‘ining paydo bo‘lishi bemorga AQB ni o‘lchab ko‘rish kerakligi eslatuvchi holatdir. Turli etiologiyali arterial gipertenziyalar uchun simillab turuvchi doimiy bosh og‘riqlar xos. AQB oshganda bosh og‘riq bilan birgalikda, bosh aylanishi va yurganda chayqalib ketishlar ham ro‘y beradi. Gipotenziv dorilar qilinsa, AQB bilan birgalikda bosh og‘riqlar ham pasayadi. Uzoq yillardan buyon ushbu kasallik bilan og‘riyotganlarda gipertonik (distsirkulyator) entsefalopatiyalar sababli turli darajadagi nevrologik va neyropsixologik buzilishlar ham aniqlanadi. Bosh og‘riqqa shikoyat qilib vrachga murojaat qilgan har qanday bemorning AQB o‘lchanishi kerakligini yodda tutish lozim.
Tserebrovaskulyar kasalliklar. O‘tkir TsVK ichida eng kuchli bosh og‘riqlar bilan namoyon bo‘luvchi kasallik – bu subaraxnoidal qon qo‘yilish (SQQ). Subaraxnoidal bo‘shliqqa qon quyilganda boshning ensa qismida shu qadar kuchli bosh og‘riq paydo bo‘ladiki, bemor bu og‘riqni “xuddi ensamga qattiq narsa kelib urilgandek”, deb ta’riflaydi. SQQ da paydo bo‘lgan og‘riq bir necha kun mobaynida (5–7 kun) saqlanib turadi. Ko‘ngil aynish va qayt qilishlar ham kuzatiladi, meningeal simptomlar paydo bo‘ladi, tana harorati oshadi, bemor qisqa muddat xushdan ketadi. SQQ odatda AQB keskin ko‘tarilgan paytda anevrizma yorilishi sababli ro‘y beradi. Shuning uchun bemor zudlik bilan shifoxonaga yotqizilishi kerak. Kuchli bosh og‘riqlar bilan birgalikda sopor, koma va gemiplegiya va nutq buzilishlari rivojlansa, subaraxnoidal-parenximatoz qon quyilish ro‘y bergan bo‘ladi.
Virusli infektsiyalar. O‘tkir virusli infektsiyalar deyarli har doim bosh og‘riqlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Buning sababi virusli intoksikatsiya bo‘lib, bosh og‘riqlar, odatda diffuz tarzda namoyon bo‘ladi. Bunday paytlarda tana harorati oshishi, kuchli terlash, umumiy holsizlik, uyquchanlik, ko‘ngil aynishi, qayt qilish ham kuzatiladi. Tana harorati oshishi bilan namoyon bo‘luvchi har qanday kasalliklarda meningeal simptomlarni tekshirish va meningitni inkor qilish zarur.
Meningit. Ma’lumki, bosh og‘riq meningitning asosiy belgilaridan biri. Ular yiringli meningitlarda juda kuchli ifodalangan bo‘lib, xushning turli darajada buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Biroq, seroz meningitlarda bosh og‘riq sababi meningit ekanligini vrach payqamasligi mumkin. Chunki, ba’zi seroz meningitlarda yaqqol ifodalangan patognomonik simptomlar kuzatilmaydi yoki ular engil namoyon bo‘ladi. Bunday holatlar ba’zan oddiy tumov bilan bog‘lanadi va vrachlar e’tiboridan chetda qoladi. Agar vrach meningeal simptomlarni tekshirmasa, tana haroratini o‘lchamasa, qon tahlilini o‘rganmasa va kasallik anamnezini yig‘masa xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin. Seroz meningitlarda MRT ning diagnostik ahamiyati past.
Glaukoma. Ko‘z kosasi va periorbital sohada kuchli og‘riqlarning paydo bo‘lishi, giperemiya, ko‘rishning keskin pasayishi, ko‘ngil aynish va qusish paydo bo‘lsa, o‘tkir glaukoma xurujini inkor qilishga to‘g‘ri keladi. Buning uchun ko‘zning ichki bosimini o‘lchash zarur. Shuningdek, ko‘zoynak taqadiganlarda ularning to‘g‘ri tanlanganligiga ham e’tibor qaratish lozim.
Metabolik va toksik entsefalopatiyalar. Ushbu kasalliklarda diffuz tarzda doimiy bosh og‘riqlar kuzatiladi. Ular gohida kuchayib, gohida pasayib turadi. Bosh og‘riqlar bilan birgalikda psixoemotsional (jizzakilik, uyqu buzilishi), vegetativ (taxikardiya, AQB ning o‘ynab turishi, qizil dermografizm, mioz yoki midriaz) va kognitiv buzilishlar (diqqat va xotira pasayishi) aniqlanadi. Surunkali alkogolizm va giyohvandlikda ham doimiy bosh og‘riqlar kuzatiladi. Abstinent sindromda bosh og‘riqlar yanada kuchayadi.
Nitratlar bilan bog‘liq bosh og‘riqlar. Yurak-qon tomir kasalliklarida nitratlar ko‘p qo‘llaniladi. Nitratlar turli darajada bosh og‘riq chaqirish xususiyatiga ega. Shuning uchun ham bosh og‘riqqa shikoyat qilgan bemorlarning qaysi dorilarni qabul qilayotganligi bilan qiziqish va o‘sha dorilarning nojo‘ya ta’sirlari ichida bosh og‘riqlar ham bor-yo‘qligiga e’tibor qaratish lozim.
Psixogen bosh og‘riqlar – o‘tkir yoki surunkali psixoemotsional zo‘riqishlar sababli yuzaga kelgan bosh og‘riqlar. Depressiya va nevroz psixogen bosh og‘riqlar (PBO) ning asosiy etiologik omillaridan hisoblanadi. PBO aniq bir xususiyaga ega emas. Ular boshning turli sohalarida joylashadi va turli ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Bosh og‘rig‘i kallaning bir yarmida yoki ikkala tomonida, doimiy yoki vaqti-vaqti bilan, kuchli yoki kuchsiz, xurujsimon yoki simillovchi, ertalab yoki kechasi qo‘zg‘aydigan bo‘lishi mumkin. PBO deyarli har doim psixoemotsional zo‘riqishlardan keyin paydo bo‘ladi yoki kuchayadi. Jismoniy charchash ham bosh og‘rig‘ini zo‘raytiradi. Ba’zida bemor uyda yolg‘iz qolsa ham zerikkanidan bosh og‘rig‘i qo‘ziydi. Agar uning uyiga mehmon kelsa yoki o‘zi mehmonga borsa, bemor bosh og‘rig‘ini unutib yuboradi. Dastlab bosh og‘rig‘i psixoemotsional zo‘riqishlardan so‘ng paydo bo‘ladigan bo‘lsa, keyinchalik avtobusda ishga borib kelishning o‘zi ham bosh og‘riqni qo‘zg‘ab yuboradi.
Niqoblangan depressiyada bosh og‘riq monosimptom sifatida kelishi mumkin. Bunday paytlarda bosh og‘riqni bartaraf etish uchun albatta antidepressantlar tavsiya etishga to‘g‘ri keladi. Niqoblangan depressiyada antidepressantlar tavsiya etib turilmasa, bosh og‘riqlar yillab davom etishi mumkin. Bizning kuzatuvlarimiz shuni ko‘rsatdiki, “intrakranial gipertenziya” tashxisi bilan davolanib yurgan bemorlarning deyarli yarmidan oshig‘ida psixogen etiologiyali bosh og‘riqlar aniqlangan. Shu bois har bir vrach bosh og‘riqqa shikoyat qilgan bemorlarni nafaqat somatik va nevrologik, balki psixologik tekshiruvlardan ham o‘tkazishi kerak.
Nevrasteniyada to‘yib ovqat eyish, bolasini emizish, do‘konga borib kelish, yuqori qavatli uyning zinapoyasidan chiqish, hattoki kino va kontsertlarga borib kelish ham bosh og‘riqlar sababchisi bo‘ladi. Buning natijasida bemorlarda isterik va ipoxondrik xarakter shakllanadi, ular faqat bosh og‘rig‘i haqida o‘ylaydigan bo‘lib qolishadi. Affektiv buzilishlar bilan kechuvchi bosh og‘riqlar doimiy va zo‘rayib boruvchi xususiyatga ega bo‘lib, ba’zi holatlarda bosh miyada hajmli jarayon bor-yo‘qligini aniqlashga majbur qiladi. Negaki, bu bemorlarda bosh og‘rig‘idan tashqari, ko‘ngil aynish, qayt qilish, bosh aylanishi, yurganda chayqalib ketish, ko‘rishning buzilishi, qo‘l va oyoqlarning uvishishlari ham tez-tez namoyon bo‘lib turadi. Analgetiklar yordam bermaydi. Bemorning shikoyatlari tahlil qilinsa, bosh miyaning organik kasalliklarida kuzatiladigan bosh og‘riqdan farq qiluvchi tomonlari ko‘p bo‘ladi. PBO da bemor bosh og‘rig‘iga aniq bir ta’rif bera olmaydi: «Nima desam ekan, ba’zan boshimning ichi go‘yoki suvga to‘lgandek og‘ir bo‘lsa, goho bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoladi, ba’zi paytlarda ikkala chakkam xuddi rezina bilan qattiq bog‘lab qo‘ygandek siqib og‘riydi. Gohida esa ensam shunday og‘riydiki, boshimni qimirlata olmayman, chunki qimirlatsam, miyam lo‘qillab otilib chiqay deydi». Bemorni tinglayotganda shuni e’tiborga olish kerakki, ularning ko‘pchiligi aynan bosh og‘rig‘idan emas, miyaning ichi og‘riyotganidan shikoyat qilishadi. Bosh miyaning organik kasalliklarida bosh og‘riq, ko‘pincha, ma’lum bir lokalizatsiyaga ega va odatda turg‘un bo‘ladi. PBO da esa bosh og‘riqlar vaziyatga qarab o‘zgarib turadi, bemorlar yozdan ko‘ra qishni yoqtirishadi, negaki ular issiqni ko‘tara olmaydilar. Shuning uchun ham yoz oylarida boshi og‘riyotganiga shikoyat qiluvchi nevrastenik bemorlar soni ko‘payadi.
Doimiy PBO umumiy giperesteziyaga ham sababchi bo‘ladi. Bunday bemorlar yorug‘likni, shovqinni, atrofida odamlar ko‘p bo‘lishini yoqtirishmaydi. Ularning terisi ham juda sezgir bo‘ladi. Ba’zan teriga toshmalar toshib, qichishib yuradi. Yoshi kattalarda bosh og‘riq diqqat va xotiraning buzilishi bilan kechadi, ular parishonxotir bo‘lib qolishadi. Parishonxotirlik yoshlarda ham kuzatiladi. Bunday bemorlar fikrini bir joyga jamlay olmaydilar. Boshning faqat uyda yoki ishxonada, kunning aniq belgilangan vaqtida og‘rishi aksariyat psixogen bosh og‘riqlar uchun juda xosdir. Ko‘p hollarda PBO ni boshqa etiologiyali bosh og‘riqlardan farqlash qiyin bo‘ladi. Subaraxnoidal qon quyilish, seroz meningit, o‘sma kasalliklari, qon-tomir anevrizmalari, IKG bilan kechuvchi kasalliklar, migren, uch shoxli nerv nevralgiyasi, kraniotservikalgiya kabi kasallik va sindromlar PBO o‘xshab namoyon bo‘ladi. Ba’zida biz bemorga chuqur tekshiruvlar o‘tkazmay xatoliklarga yo‘l qo‘yamiz. Psixogen etiologiyali bosh og‘riqlar bilan organik etiologiyali bosh og‘riqlar orasida qiyosiy tashxis o‘tkazishga qiynalgan har bir vrach, avvalombor “organik tashxisni” qo‘yib bemorni chuqur tekshiruvdan o‘tkazishni davom ettirishi kerak.
Shunday bir voqea nevrologiyaga oid kitoblarda yozib qoldirilgan. Kechqurun shifoxonaning qabul bo‘limiga boshi qattiq og‘rib turgan ayolni olib kelishadi. Asab kasalliklari bo‘limidan ushbu bemorni ko‘rish uchun navbatchi vrachni chaqirishadi. Vrach qabul bo‘limiga kelib qarasa, avval tanish bo‘lgan va unga doimo bosh og‘rig‘i bilan murojaat qiladigan bemor uning qarshisida turibdi. Bu bemor aynan ushbu vrach navbatchiligida bir necha bor qattiq bosh og‘rig‘idan shikoyat qilib, «Tez yordam» mashinasida shifoxonaga olib kelingan va yordam ko‘rsatib, uyiga yuborilgan. Bemor “Isterik bosh og‘riq” tashxisi bilan nevropatologda davolanib yurgan. Navbatchi vrach bundan voqif bo‘lgan. Bemor har gal murojaat qilganda, vrach uning nevrostatusini tekshirib, birinchi yordam ko‘rsatib keyin uyiga yuborgan. Biroq, bu gal «Isteriya» tashxisiga ishonch hosil qilgan vrach uning nevrostatusini tekshirmaydi va og‘riq qoldiruvchi hamda tinchlantiruvchi dorilar qilib uyiga jo‘natadi. O‘sha kechasi tunda bemor navbatdagi bosh og‘rig‘i xuruji paytida vafot etadi. Patologoanatomik tekshiruvlar bosh miyaga anevrizmaning yorilishidan qon quyilganligini ko‘rsatadi. Bemorni to‘la tekshirmagan vrach yuridik javobgarlikka tortiladi. Demak, necha bor murojaat qilishiga qaramasdan, bemor obdon tekshirilishi kerak. Chunki og‘ir nevrologik kasalliklar isterik simptomlar orasida bilinmay qolishi mumkin, ya’ni isterik simptomlar vrachning ko‘zini shamg‘alat qilib qo‘yishi ehtimoldan holi emas.
Tashxis. Har qanday etiologiyali bosh og‘riqning xronologiyasini o‘rganish katta diagnostik ahamiyatga ega. Dastlab organik kasallikni inkor qilish – tibbiyotning oltin qonunidir. Shu bois bosh og‘riqqa shikoyat qilgan bemor albatta standartda ko‘rsatilgan tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Har qanday bosh og‘riqda nevrologik status chuqur tekshiriladi. Birlamchi bosh og‘riqlarda (migren, klaster tsefalgiya) organik nevrologik buzilishlar kuzatilmasligini ham esda tutish lozim. Bosh og‘rig‘i ko‘p etiologiyali sindrom bo‘lganligi uchun bemorning somatik statusi ham o‘rganiladi. Har bir bemorda psixologik statusni o‘rganish o‘ta muhimdir. Ayniqsa, bemorning yashash va ishlash sharoiti, turmush tarzi, zararli odatlari batafsil o‘rganiladi. Vrach bosh og‘riqni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan kasalliklarni e’tiborga olib, ularga qarshi davolash muolajalari boshlaydi, bemorning qanday dorilar ist’emol qilayotganini aniqlaydi.
Bosh og‘riqlarda quyidagi laborator va instrumental tekshiruvlar o‘tkaziladi: 1) qon va siydik tahlili; 2) AQB ni ikkala qo‘lda ham o‘lchash; 3) EKG; 4) ko‘z tubini o‘rganish; 5) kalla suyagi va bo‘yin umurtqasini rentgen qilish; 6) duppleks va MRT tekshiruvlarini o‘tkazish (diagnostik qiyinchiliklarda); 7) likvor tekshiruvlarini o‘tkazish (ko‘rsatmaga binoan).
Ikkilamchi bosh og‘riqlarda davolash va profilaktika tadbirlari. Ikkilamchi bosh og‘riqlarni davolash avvalombor ularni yuzaga keltirgan sabablarni bartaraf etishdan iborat.
Davolash muolajalari bilan birgalikda UAV sog‘lom turmush tarzini ham targ‘ib qiladi. Chekish va ichishdan voz kechish, ratsional ovqatlanish qoidalariga amal qilish, toza havoda sayr qilish va badantarbiya bilan shug‘ullanishni targ‘ib qilish bosh og‘riqlar profilaktikasini muvaffaqiyatli amalga oshirishga yordam beradi. Bemor achchiq va sho‘r narsalardan voz kechishi, xamirli ovqatlarni cheklashi ham o‘ta muhim. Surunkali bosh og‘riqlarda dam olish sihatgohlarida davolanish samaralidir. Fizioterapiya, igna bilan davolash, yodbromli vannalar, massaj kabi reflektor davolash muolajalarining ahamiyati juda kattadir. Davolash muolajalarini olib borayotgan vrach avvalombor bemorni tinchlantiradi, unda davolashning samarali tugashiga ishonch tug‘diradi. Buning uchun bemor bilan rejali tarzda psixologik suhbatlar o‘tkazib turish lozim. Har qanday etiologiyali bosh og‘riqlarda psixogen omillar etakchi o‘rinni egallashi mumkin. Bosh og‘riqlarning surunkali tus olishiga, ko‘pincha bosh og‘riq atrofida yuzaga kelgan salbiy psixologik muhit sababchi bo‘ladi. Davolash muolajalari tugagandan keyin tibbiy nuqtai nazardan olganda bemor bosh og‘riqdan qutuladi, biroq psixologik nuqtai nazardan hali unda bosh og‘riqlar davom etaverishi mumkin. Endi uni “organik” bosh og‘riqlar emas, balki psixogen bosh og‘riqlar bezovta qilayotgan bo‘ladi. Bunday bemorlarga faqat platseboterapiya va psixoterapiya yordam berishi mumkin xolos.
Professor Zarifboy Ibodullaev