Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi DISTIMIYa – BU KAYFIYaT BUZILIShIMI?

DISTIMIYa – BU KAYFIYaT BUZILIShIMI?


Ha, kayfiyatning turg‘un buzilishiga distimiya deb aytiladi. Grekchadan dis – buzilish, timos – kayfiyat degani. Distimiya uzoq davom etsa-da, depressiyaga o‘xshab og‘ir kechmaydi.

Distimiya, asosan o‘smirlarda uchraydi. Distimiya uchun quyidagi belgilar xos:

1) ishtaha pasayib ketishi yoki keragidan ortiq ovqat eb yuborish;

2) o‘ziga ishonch yo‘qligi;

3) uyqusizlik yoki hadeb uxlayverish;

4) umumiy quvvat va ishchanlikning so‘nishi;

5) fikrini bir joyga jamlay olmaslik;

6) ozgina tanbeh bersa, ko‘ziga yosh kelishi;

7) yosh bo‘lsa-da, seksual hayotga qiziqmaslik va undan qoniqish olmaslik;

8) kundalik yumushlarni oxiriga etkazmay tashlab qo‘yish;

9) umidsizlik va maqsadsiz yashash;

10) yoqimsiz voqealarni eslab, xayolga botib yurish;

11) odamlarga qo‘shilmay yolg‘izlikni ma’qul ko‘rish, jamiyatdan qochish;

12) kamgaplik;

13) psixologik stuporga tushib turish.

Eslab qoling! Distimiya – bu depressiya emas. Agar sinchkovlik bilan tekshirmasa, tashxis qo‘yishda adashib qolish mumkin. Agar depressiyada antidepressantlar tavsiya etish zarurati tug‘ilsa, distimiyada psixoterapiya juda zo‘r yordam beradi va antidepressantlar yozish shart emas.

Kayfiyat buzilishi bilan kechadigan yana bir holat bor va bu holat tsiklotimiyadir. Tsiklotimiya – bu kayfiyatning o‘z-o‘zidan tushib va ko‘tarilib ketishi bilan namoyon bo‘ladigan ruhiy holat. Kayfiyati tushib ketsa, yuqorida ko‘rsatilgan belgilar paydo bo‘ladi, ko‘tarilib ketsa, eyforiya holatida yuradi, ya’ni quvnoq va chaqqon bo‘lib qoladi. Bundaylarni tsiklotimik shaxs deb atashadi va yoshlar orasida ko‘p uchraydi.

 

KAYFIYaT NEGA O‘Z-O‘ZIDAN BIRDAN KO‘TARILADI-Yu, KEYIN YaNA TUShIB KETADI?

Psixiatriyada shunday bir tashxis bor. Uning nomi – maniakal-depressiv psixoz. Bu holatni bipolyar affektiv buzilish deb ham atashadi. Bunda maniakal va depressiv holatlar galma-gal namoyon bo‘ladi. Maniya – depressiyaga teskari bo‘lgan ruhiy holat. Bu paytda bemorning kayfiyati yuqori darajaga ko‘tariladi va u sho‘x-shodon bo‘lib qoladi, hazil-mutoyibalar qiladi, hatto qo‘shiqlar aytib, raqsga tushadi, jismoniy faolligi ham kuchayib ketadi (bir haftadan buyon qilinmagan ishlarni bir kunda bajarib tashlaydi), libido kuchayib, seksual faolligi oshadi, gapdon bo‘lib qoladi (bir necha kundan buyon jim yurgan odam endi oila a’zolari bilan qizg‘in suhbat qura boshlaydi).

Uning bu holatidan ko‘ngli ko‘tarilgan farzandlari “Oyim depressiyadan tuzaldilar” deb xursand bo‘lib yurishadi. Biroq bu xursandchilik uzoqqa bormaydi. Bir-ikki haftadan keyin bemor yana depressiyaga tushadi, ya’ni maniakal davr tugab, depressiya davri boshlanadi. Bipolyar affektiv buzilishlar, ya’ni maniakal-depressiv psixoz endogen depressiyalar toifasiga kiradi va bir bosqichdan ikkinchi bosqichga tashqi ta’sirlarsiz o‘tib turadi. Bunday kasallikni malakali psixiatrlar va tibbiy psixologlar davolashadi.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив