Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi GIYEN-BARRE SINDROMI QANDAY KASALLIK?

GIYEN-BARRE SINDROMI QANDAY KASALLIK?


Giyen-Barre sindromi – nerv tolasini o‘rab turgan mielin qobig‘ining emirilishi bilan kechuvchi o‘tkir infektsion kasallik bo‘lib, asosan, oyoq-qo‘llar falajligi bilan namoyon bo‘ladi. Ushbu kasallik 1916 yili frantsuz nevropatologlari G.Giyen va J.Barre tomonidan yozib qoldirilgan. Kasallik har qanday yoshda aniqlanadi. Biroq eng ko‘p kasallanish
20-40 yoshlar orasiga to‘g‘ri keladi. Kasallik ikkala jins egalarida ham deyarli bir xil uchraydi.

Sabablari nima?

Giyen-Barre sindromi turli virusli infektsiyalar va kasalliklar sababli rivojlanadi. Bular – gripp, qizamiq, tepki kasalligi, gerpetik infektsiyalar, emlashlar, nerv tizimiga toksik ta’sir ko‘rsatuvchi kimyoviy vositalar, nurlanishlar, immun tizim kasalliklari va hokazo.

Belgilari qanday?

Asosiy belgilari – bu oyoq-qo‘llarda to‘satdan paydo bo‘lgan falajliklar. Bu kasallikda simptomlar to‘satdan paydo bo‘lib, avj olib ketadi. Albatta, bundan oldin tana harorati keskin ko‘tariladi. Ko‘p hollarda bugun oyoqlarda paydo bo‘lgan falajlik ertaga qo‘llarga o‘tadi va keyingi kuni esa so‘zlash va yutinish buziladi.

Bu holatni tibbiyotda Landri falajligi deb atashadi. Ba’zan esa o‘tkir boshlangan kasallik belgilarining to‘la shakllanishi 2-4 haftagacha cho‘ziladi, undan keyin esa kasallik zo‘rayishdan to‘xtab, tiklanish davri boshlanadi.

Ba’zan falajliklar va sezgi buzilishlari birato‘la oyoqlarda ham, qo‘llarda ham paydo bo‘ladi. Falajliklar qo‘llarga o‘tganda nafas olish qiyinlashib, zotiljam rivojlanish xavfi yuzaga keladi. Kasallikning dastlabki kunlariyoq pay reflekslari so‘nadi va bemor oyoq-qo‘llarini qimirlata olmay yotadi.

Davosi bormi?

Albatta, bor. Zudlik bilan shifoxonaga yotqizish zarur. Deyarli 90-95% holatlarda bemor tuzalib ketadi. Giyen-Barre sindromi tashxisi aniqlangan kuniyoq bemorga plazmaferez muolajasi (qonni viruslardan tozalash) va antivirus dorilar (masalan, atsiklovir) qilinishi kerak. Odatda, bemor 1-2 oy ichida tuzalib ketadi. Biroq tashxis kechikib qo‘yilsa va plazmaferez bilan antivirus terapiya o‘z vaqtida qilinmasa, uzoq davom etuvchi falajliklar rivojlanadi.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив