GIPERVENTILYaTsION SINDROM
Giperventilyatsion sindrom (GVS) – asosan, nafas olish ritmining buzilishi bilan namoyon bo‘luvchi psixovegetativ buzilishlar majmuasi.
Etiologiyasi va patogenezi. XX asr so‘nggida giperventilyatsion sindrom psixovegetativ sindromning yadrosini tashkil qiladi, deyilgan. GVS ni yuzaga keltiruvchi asosiy etiologik omillar – bular o‘tkir va surunkali stress holatlari, doimiy xavotir va depressiyadir. Aynan kuchli psixoemotsional zo‘riqishlar nafas olish ritmini darrov izdan chiqaradi va giperventilyatsion sindrom rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Chunki nafas olish sistemasi, xuddi yurak-qon tomir sistemasi kabi hissiy qo‘zg‘alishlarga o‘ta sezgir. Shu bois ham GVS, asosan, psixogen omillar ta’sirida rivojlanadi. GVS juda kam hollarda somatik va endokrin kasalliklar, metabolik buzilishlar va intoksikatsiyalar sababli rivojlanadi.
Klinikasi. Nafas olish ritmining buzilishi, qo‘rquv va xavotir, bosh aylanishi, sinkopal holatlar va tetanik spazmlar GVS ning asosiy klinik simptomlaridir. Nafas olish buzilishlari nafas olishdan qoniqmaslik, havo (kislorod) etishmasligi, ko‘p esnash, chuqur xo‘rsinish kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Bemor o‘pkasini havoga to‘ldirish uchun chuqur-chuqur nafas olib qo‘yadi va bu odatiy holga aylanadi. Shuning uchun ham bu sindromning nomida “giperventilyatsiya” so‘zi aks etgan. Bemor deyarli har doim havo (kislorod) etishmayotganidan shikoyat qiladi, yoqasi ochiq kiyimlar kiyib yuradi, derazalarni ochaveradi. Agar bemor odamlar gavjum avtobuslar, metro va katta yig‘ilishlar o‘tkaziladigan zallarga tushib qolsa, uning nafas olishi yanada qiyinlashadi, iloji boricha toza havoga chiqishga harakat qiladi. Shuningdek, psixoemotsional stress (imtihon yoki odamlar oldida so‘zga chiqish) paytida nafas buzilishlari kuchayadi. Nafas etishmovchiligining surunkali ko‘rinishlarida ba’zan adashib bronxial astma tashxisi ham qo‘yiladi.
Aksariyat bemorlarda bosh aylanishi (ba’zida, bosh og‘rig‘i), ko‘p terlash, yuz va oyoq-qo‘llarda paresteziyalar, uyqu buzilishi, hushdan ketishlar, qo‘rquv va xavotir kabi simptomlar kuzatiladi. Shu erda sinkopal buzilishlarni alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Ular engil tarzda namoyon bo‘ladi: bemorning ko‘z oldi qorong‘ilashadi, holdan toyib o‘tirib qoladi, boshi aylanib biroz hushdan ketadi. Bu paytda umumiy ichki titroq vujudga keladi va bemorni ter bosadi. Yaqqol ifodalangan sinkopal holatlar, odatda, qattiq stress (urush-janjallar) paytida ro‘y beradi. Ba’zida vrachlar bu holatni isteriyaga yo‘yishadi. Biroq u navbatdagi giperventilyatsion paroksizm bo‘lishi mumkin. GVS nafas olish ritmining buzilishidan tashqari yana bir qator klinik simptomlar bilan namoyon bo‘ladi.
Vegetativ markazlar disfunktsiyasi sababli yurak-qon tomir faoliyati ham buziladi. Yurakning tez-tez urishi, “yurakning bo‘g‘izga tiqilib kelishi”, yurak sohasining uvishishi, og‘riqlar, ko‘krak qafasining siqishi ko‘p kuzatiladi. AQB o‘zgarishlari bemorning qaysi vegetativ tipga kirishiga bog‘liq. Agar u vagotonik bo‘lsa, AQB giperventilyatsion xurujlar paytida tushib ketadi, simpatikotonik bo‘lsa – AQB oshadi.
GVS klinikasida nerv-mushak qo‘zg‘aluvchanligi oshishi alohida o‘rin tutadi. Buning natijasida muskullar spazmi, ya’ni tetaniyalar (yun. tetanos – muskullarning tonik titrashi va spazmi) paydo bo‘ladi. Titroq bilan namoyon bo‘luvchi tonik spazmlar, ko‘pincha, qo‘llarning distal qismida kuzatiladi. Tonik spazmlar va titrashlar paytida bemorning qo‘l panjalari tortishib «akusher qo‘li» simptomi paydo bo‘ladi, oyoq panjalari ham tortishib ichkariga va pastga bukilib qoladi. Tonik spazmlar va titrashlar yuz muskullarida ham kuzatiladi. Xvostek va Trusso simptomlari aniqlanadi. Muskullarning tonik spazmi va titrashlari giperventilyatsion paroksizmlar paytida vujudga keladi yoki kuchayadi. Ular tinch paytda kuzatilmasligi ham mumkin.
Giperventilyatsion sindromda oshqozon-ichak sistemasida ham turli xil funktsional buzilishlar aniqlanadi: kekirish, disfagiya, og‘iz qurishi, qorin sohasida noxush sezgilar va og‘riqlar, qabziyat va h.k. Bemor ichaklar g‘o‘rillashini sezib turadi, qorni, ko‘pincha dam bo‘lib yuradi, ishtahasi buziladi. Hayotiy muhim a’zolar disfunktsiyasi va minerallar almashinuvining buzilishi, ya’ni normal fiziologik jarayonlarning izdan chiqishi bemorning umumiy ahvoliga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Umumiy holsizlik, tez charchab qolish, jismoniy va hissiy zo‘riqishlarni talab qiladigan ishlarga bemorning layoqati so‘nadi.
GVS da giperventilyatsion krizlar yoki paroksizmlar ko‘p uchraydi. Giperventilyatsion krizlarning paydo bo‘lishiga psixoemotsional stress va jismoniy zo‘riqishlar turtki bo‘ladi. Bu paytda bemorning nafas olishi to‘satdan buziladi, havo etishmay bo‘g‘ilib qoladi, chuqur-chuqur nafas ola boshlaydi. Uni qo‘rquv va vahima bosadi, titray boshlaydi, yuzida va oyoq-qo‘llar muskullarida tetaniyalar paydo bo‘ladi, boshi aylanadi, sovuq terga botib sinkope rivojlanadi. Bemorning qo‘l panjalariga razm solinsa, unda “akusher qo‘li”ni kuzatish mumkin. Lokal tetanik spazmlar umumiy titrashlar fonida namoyon bo‘ladi.
Giperventilyatsion krizni bartaraf etish uchun bemorga tselofan qopcha beriladi. Bemor qopchani ikkala qo‘li bilan germetik tarzda ushlab uning ichiga nafas olib-chiqara boshlaydi. Buning natijasida tselofan ichidagi havoda SO2 miqdori oshadi. Bu havodan nafas olingach o‘pkada ham SO2 miqdori ko‘payadi va nafas alkalozi barham topadi. Natijada kriz belgilari o‘tib ketadi. Giperventilyatsion kriz paytida to‘g‘ri va ravon nafas olish mashqlari ham uning tez o‘tib ketishiga yordam beradi.
Tashxis qo‘yish. Tashxis, asosan klinik simptomlarga asoslanib qo‘yiladi. Bu erda bemorning shikoyatlari asosiy o‘rin tutadi. GVS ning asosiy klinik simptomlari 2.8-jadvalda aks ettirilgan. Tashxis qo‘yishda ushbu jadvaldan foydalanish mumkin.
2.8–jadval
Giperventilyatsion sindromning diagnostik belgilari
Respirator buzilishlar |
To‘liq va ravon nafas ola olmaslik, kislorod etishmasligi, havo olishdan qoniqmaslik, quruq yo‘tal, ko‘p esnash, chuqur xo‘rsinish |
Neyrovegetativ va psixoemotsional buzilishlar |
Bosh aylanishi, ba’zida bosh og‘rishi, sinkopal holatlar, quloq shang‘illashi va bitib qolishi, ko‘p terlash, qizib yoki sovib ketish, paresteziyalar, qo‘rquv va xavotir, distimiya, uyqu buzilishi |
Tetanik sindrom |
Yuz, qo‘l va oyoqlar muskullarida tonik spazmlar va titrashlar, mialgiyalar |
Kardiovaskulyar buzilishlar |
Taxikardiya, ekstrasistoliya, kardialgiya, AQB tushib ketishi yoki ko‘tarilishi, kardiosenestopatiya |
Gastroenterologik Buzilishlar |
Disfagiya, og‘iz qurishi, kekirish, aerofagiya, epigastral sohada yoqimsiz sezgilar, abdominalgiya, meteorizm, qabziyat |
Umumiy belgilar |
Umumiy holsizlik, tez charchash, ichki titroqlar, jismoniy mehnatga layoqatning sustlashib ketishi |
Nerv-mushak qo‘zg‘aluvchanligi oshganligini kuzatish uchun Xvostek va Trusso simptomlari tekshiriladi. Xvostek simptomi – yuz nervi o‘tadigan sohalarga bolg‘acha bilan urib tekshiriladi va bunda yuz muskullari qisqarishi paydo bo‘ladi. Bu simptom normada kuzatilmaydi. U faqat nerv-mushak qo‘zg‘aluvchanligi oshganligini ko‘rsatuvchi patologik holatlarda paydo bo‘ladi. Masalan, gipokaltsiemiya, gipomagniemiya va alkalozlarda Xvostek simptomi chaqiriladi. Trusso simptomi esa quyidagicha tekshiriladi: AQB ni o‘lchashga mo‘ljallangan manjet qo‘lga (elkaga) taqiladi va unga havo yuboriladi. Elka muskullari va tomirlari siqilgandan so‘ng qo‘l panjasida tonik spazmlar va titrashlar paydo bo‘ladi. Trusso simptomi normada kuzatilmaydi.
Yashirin tetaniyalarni aniqlashda elektromiografiya tekshiruvidan foydalaniladi. GVS da nerv-mushak o‘tkazuvchanligi oshishining asosiy sababi – mineral almashinuvning buzilishi, ya’ni gipokapnik alkaloz sababli kaltsiy, magniy, kaliy va xloridlar miqdorining kamayib ketishidir. Giperventilyatsiya bilan nerv-mushak qo‘zg‘aluvchanligining oshishi orasida bevosita bog‘liqlik bor: giperventilyatsiya kuchaygan sayin nerv-mushak qo‘zg‘aluvchanligi ham oshib boradi.
Bemorda GVS borligiga ishonch hosil qilish uchun bu sindromni sun’iy tarzda chaqirish mumkin. Buning uchun bemordan 3-5 daqiqa mobaynida chuqur-chuqur nafas olib-chiqarish so‘raladi. Bu paytda GVS belgilari paydo bo‘ladi. Bunga giperventilyatsion sinama deb aytiladi. Alveolyar havoda SO2 miqdori va qonda pH ko‘rsatkichini o‘rganish ham katta diagnostik ahamiyatga ega. Bunda alkaloz belgilari aniqlanadi. Qonda kaltsiy, magniy, kaliy, natriy, xlor, RSO2, RO2 miqdori tekshiriladi. Zaruratga qarab boshqa laborator va paraklinik tekshiruvlar o‘tkazilishi mumkin. Qiyosiy tashxis, asosan, bronxial va yurak astmalari bilan o‘tkaziladi.
Davolash. Davosi kompleks tarzda olib boriladi. Bunda asosiy urg‘u bemorga psixoterapevtik ta’sir ko‘rsatish, to‘g‘ri nafas olish ko‘nikmasini shakllantirish va minerallar buzilishni bartaraf etishga qaratiladi.
Psixoterapevtik davolash usullari va sog‘lom turmush tarzi. Bemorning hayot tarzi va ish sharoitlari o‘rganiladi. GVS rivojlanishiga turtki bo‘luvchi asosiy stress omili psixodiagnostik usullar va testlar yordamida aniqlab olinadi. Kasallik sababi aniqlangach, psixodinamik terapiya yordamida bu buzilishlar korrektsiya qilinadi. Psixodinamik terapiyani psixoanaliz usullarini chuqur biladigan mutaxassis o‘tkazadi. Bu erda xatoga yo‘l qo‘yish turli yatropatiyalarni yuzaga keltirishi mumkin. Bemor sog‘lom turmush tarziga o‘rgatiladi, chekish va spirtli ichimliklar ichish man etiladi. Ba’zida GVS ni yuzaga keltirgan asosiy sabab bartaraf qilinsa, kasallik darrov orqaga chekinadi. Masalan, o‘ziga yoqmaydigan ishxonadan bo‘shadi, eri ichkilikni tashladi, betob yotgan bolasi tuzalib ketdi va h.k. Ertalab va kechqurun toza havoda sayr qilish, piyoda yurish kabi engil jismoniy mashqlarning foydasi juda katta. Aksariyat hollarda bemor dori-darmonlarsiz tuzalib ketadi.
Farmakologik davolash usullari. Asosan, psixotrop va vegetotrop dorilar tavsiya etiladi. Bu dorilar qo‘rquv, xavotir va depressiya alomatlarini bartaraf etadi. Ayniqsa, anksiolitiklar o‘ta samaralidir. Amitriptilin, paroksetin, fluvoksamin, velaksin kabi dorilardan foydalanish mumkin. Amitriptilin kuniga 50–75 mg dan tavsiya etiladi. Amitriptilinning dastlabki kunlari namoyon bo‘ladigan sedativ ta’siri giperventilyatsiyani bartaraf etishda juda samarali hisoblanadi. Agar dorining nojo‘ya ta’sirlari (og‘iz qurishi, taxikardiya) bemorga yoqmasa, fluvoksamin kuniga 50–100 mg, paroksetin 20–40 mg, sertralin 50–100 mg, velaksin 75 mg miqdorda tavsiya etiladi. Antidepressantlar bilan davolash, odatda, 2–4 oy mobaynida olib boriladi. Bemor tez tuzalib ketsa, bu dorilarni uzoq muddat berishga hojat yo‘q.
Minerallar almashinuvini maromga keltirish va nerv-mushak qo‘zg‘aluvchanligini pasaytirish maqsadida kaltsiy va magniy preparatlarini ichish tavsiya etiladi. Bu maqsadda ergokaltsiferol (vitamin D2) kuniga 20000–40000 XB, kaltsiy glitserofosfat va kaltsiy glyukanat kabi dorilar 1–2 oy mobaynida ichiladi. Bemor tarkibida kaltsiy va magniy tuzlarini saqlovchi har qanday polivitaminlarni (Magne V6) qabul qilishi mumkin. Magne V6 tarkibida laktat magniy va piridoksin bor. Bu dori nafaqat muskullar, balki nerv markazlari qo‘zg‘alishini ham pasaytiradi, muskullarda minerallar almashinuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Magne V6 2 tabl. kuniga 3 mahal ichiladi.
Prognoz. Deyarli har doim yaxshi.
Professor Zarifboy Ibodullaev