Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi BEL-DUMG‘AZA ChIGALI PLEKSOPATIYaSI

BEL-DUMG‘AZA ChIGALI PLEKSOPATIYaSI


Bel-dumg‘aza chigali (plexus lumbosacralis) – Lx–L5, Sx–S4 spinal ildizchalar yig‘indisidan hosil bo‘lgan (5.7-rasm). Bel-dumg‘aza chigalining lyumbal qismidan (L1–L4) hosil bo‘ladigan asosiy nervlar – n. iliohypogastricus, n. ilioinguinalis, n. genitofemoralis, n. cutaneus femoris lateralis, n. obturatorius, n. femoralis bo‘lsa, sakral qismidan (L5, S1–S4) hosil bo‘ladigan asosiy nervlar – bular n. gluteus superior, n. gluteus inferior, n. pudendus, n. cutaneus femoris posterior, n. Ischiadicus.

 

5.7-rasm. Bel-dumg‘aza chigali va yondosh nervlar.

 

Etiologiyasi. Bel-dumg‘aza chigali pleksopatiyasi ko‘p uchraydigan polietiologik kasalliklardan biridir.

Uning sabablari:

  • Degenerativ-distrofik o‘zgarishlar (umurtqa osteoxondrozi, disk churrasi, Bex­terev kasalligi, spondilartroz).
  • Turli infektsiyalar (gripp, herpes zoster, OITV, zaxm, sil, brutsellez, qorin tifi).
  • Yallig‘lanish kasalliklari va kollagenozlar (meningomielit, epidural abstsess, bod kasalligi, SQV, polimiozit, sarkoidoz, sistem vaskulit).
  • Uzoq vaqt sovuq joyda qolib ketish, sovuq joyda uxlab qolish.
  • Travmatik jarohatlar, xirurgik operatsiyalar.
  • Intoksikatsiyalar (margimush, qo‘rg‘oshin, alyuminiy).
  • Metabolik buzilishlar (uremiya, qandli diabet, ichkilikbozlik, gipotireoz, giyohvandlik, eklampsiya, leykemiya, anemiya).
  • Bachadon bo‘yni, yo‘g‘on ichak, prostata va tos muskullari o‘smalari, yonbosh arteriya anevrizmasi.
  • Og‘ir jismoniy mehnatlar, sport mashqlarida kuzatiladigan jarohatlar, noto‘g‘ri turmush tarzi va boshqa omillar.

Pleksopatiyaning umurtqa pog‘onasi bilan bog‘liq asosiy sabablari – bu-lar osteoxondroz, spondiloartroz va deformatsiyalovchi spondilyoz.

Umurtqa osteoxondrozi. Osteoxondroz (osteo suyak, chondros tog‘ay) suyak va tog‘ay to‘qimasining distrofiyasi, degan ma’noni anglatadi. Umurtqa oste­oxondrozi umurtqalar va ularni bir-biri bilan bog‘lovchi tog‘ay to‘qimalar hamda umurtqalar orasidagi disklar distrofiyasi bilan namoyon bo‘luvchi surunkali kasallik. Umurtqa osteoxondrozida umurtqalar tanasi kichrayadi, ularda osteofitlar paydo bo‘ladi. Umurtqalar orasidagi disklar mo‘rtlashib yupqalashadi, fibroz halqacha parchalanadi va umurtqalar orasidagi yoriq torayadi. Bu distrofik o‘zgarishlar disk churrasi paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Osteoxondrozda orqa miya o‘tadigan umurtqa kanali va umurtqa pog‘onasining yon tomonlarida joylashgan spinal ildizchalar o‘tadigan teshiklar ham torayadi. Ma’lumki, radikulyar arteriya va venalar yon teshiklardan o‘tadi. Shuning uchun ham mielopatiya, radikulopatiya va pleksopatiyalar kelib chiqishining asosiy sabablaridan biri – bu umurtqa osteoxondrozidir. Osteoxondroz deyarli har doim spondiloartroz bilan namoyon bo‘ladi va keyinchalik deformatsiyalovchi spondilyoz rivojlanishiga olib keladi.

Spondiloartroz. Ma’lumki, umurtqalarni bir-biri bilan bog‘lovchi bo‘g‘imli o‘siqchalar mavjud. Ushbu o‘siqchalar orasidagi bo‘g‘imlarda kuzatiladigan distrofik o‘zgarishlarga spondiloartroz deb aytiladi. Spondiloartrozda umurtqaning deyarli barcha juft bo‘g‘imlari zararlanadi. Bu kasallik ko‘pincha umurtqa pog‘onasining bo‘yin va bel qismlarida kuzatiladi.

Rentgenologik tekshiruvlarda bo‘g‘imlararo yoriqlarning torayishi, tog‘ay to‘qimalarning mo‘rtlashuvi, bo‘g‘imlar ankilozi va umurtqa o‘siqchalarida osteofitlar aniqlanadi. Bo‘gimlar ankilozi bo‘g‘imlarning harakatlanish xususiyati yo‘qolishi degani. Spondiloartroz yoshga bog‘liq kasallik bo‘lib, asosan, yoshi kattalarda uchraydi. Umurtqa pog‘onasi kasalliklariga sabab bo‘luvchi aksariyat etiologik omillar spondiloartroz rivojlanishiga olib keladi. Spondiloartroz bora-bora umurtqa pog‘onasi deformatsiyasini yuzaga keltiradi. Shuning uchun ham spondiloartroz va deformatsiyalovchi spondilyoz ko‘pincha birga uchraydi. Rentgenologik tekshiruvlarda bu o‘zgarishlar juda yaxshi aniqlanadi.

Deformatsiyalovchi spondilyoz – umurtqa suyagi, uning bog‘lamlari va umurtqalararo disklarda distrofik o‘zgarishlar bilan kechadigan va oxir-oqibat umurtqa pog‘onasining deformatsiyasini yuzaga keltiradigan surunkali kasallik. Spondilyozda qush tumshug‘iga o‘xshash osteofitlar paydo bo‘ladi, umurtqa kanali torayadi, umurtqa pog‘onasining uzun bog‘lamlariga kaltsifikatlar yig‘iladi va ular ossifikatsiyaga uchraydi. Bir-biriga qarab o‘sayotgan osteofitlar o‘zaro birlashib, sinostozlar hosil qiladi. Suyak o‘siqchalari yoki bo‘lakchalarining o‘zaro birlashib bitib ketishiga sinostoz deb aytiladi. Umurtqa suyaklarining orqa-lateral yuzasi bo‘ylab paydo bo‘lgan osteofitlar va sinostozlar xavfli hisoblanadi. Chunki ular umurtqalararo teshiklardan o‘tadigan spinal ildizchalarni siqib qo‘yadi va radikulopatiyalar rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Umurtqa suyaklarida paydo bo‘ladigan osteofitlar va sinostozlar bir necha yil ichida shakllanadi. Deformatsiyalovchi spondilyoz, asosan, yoshi kattalarda uchraydi.

Klinikasi. Bel-dumg‘aza chigalining to‘la zararlanishi kam uchraydi. Ko‘pincha bu chigalning quymich nervi chiqadigan qismi zararlanadi. Bel-dumg‘aza pleksopatiyasining asosiy klinik belgisi – bu bel-dumgaza sohasida paydo bo‘lgan va oyoqning orqa-lateral yuzasi bo‘ylab irradiatsiya qiluvchi og‘riqlar. Og‘riq son va boldirning orqa-lateral yuzasi bo‘ylab irradiatsiya qilib, oyoq panjasining yon tomonini ham qamrab oladi. Ushbu og‘riqlar, odatda, o‘tkir yoki surunkali tarzda namoyon bo‘ladi. Og‘riqlarning qay tarzda vujudga kelishi uni keltirib chiqargan etiologik omillarga ko‘p jihatdan bog‘liq. O‘tkir tarzda paydo bo‘luvchi og‘riqlar, odatda, o‘ta kuchli bo‘lib, "belga xuddi pichoq sanchgandek, o‘tkir narsa tiqib buragandek, bel sinib qolgandek" tuyuladi. Bemor og‘riqlarga chiday olmay, buralib yotib oladi yoki dod solib ingraydi. Og‘riq yo‘talganda, aksa urganda, kuchanganda kuchayadi. Og‘riqlar o‘ta kuchli bo‘lganligi bois, tekshiruvlarni boshlashdan oldin og‘riqlarni bartaraf etish lozim.

Kuchli og‘riq xurujlari paytida bel-dumg‘aza sohasining bir tomondagi muskullarida spastik qisqarishlar yuzaga keladi. Bu esa umurtqa pog‘onasini bir tomonga, ya’ni og‘rigan tomonga bukib qo‘yadi. Natijada, reflektor sko­lioz rivojlanadi. Bel lordozi esa silliqlashadi. Bu holat antalgik holat deb ataladi. Chunki bemor gavdasini to‘g‘rilamoqchi bo‘lsa, og‘riq kuchayadi. Shu sababli bemor bir tomonga, ya’ni sog‘lom tomonga qiyshayib yuradi. Bel sohasidagi paravertebral muskullar paypaslab tekshirilganda og‘riq kuzatilgan tomondagi muskullar qotishgan bo‘ladi va bo‘rtib turadi. Buni "defans mussulorum" deb ham atashadi.

Beli og‘rigan bemorning to‘shakda yotishi yoki kursida o‘tirishi ham og‘riq kuzatilayotgan tomonni to‘g‘ri aniqlab olishga yordam beradi. Bemor to‘shakda sog‘lom tomonga yonboshlab, og‘rigan oyog‘ini bukib yotadi. Agar yonboshlamoqchi bo‘lsa, asosan, qo‘llari va sog‘lom oyog‘ini ishga soladi. Bemor og‘riyotgan oyog‘ini qaysi tomonga bukib yotishiga qarab, bel-dumg‘aza chigalining qaysi qismi ko‘proq zararlanganini bilib olish mumkin. Agar son nervini hosil qiluvchi bel chigali (L2–L4) zararlansa, bemor bukilgan oyog‘ini ichkariga burib yota­di, agar quymich nervini hosil qiluvchi lyumbosakral chigallar (L4–L5, S1–S3) zararlansa, bukilgan oyog‘ini tashqariga yozib yotadi.

To‘shakda yotgan bemor o‘rnidan turayotganda oldinga engashib oladi, sog‘lom oyog‘ini erga bosib, atrofdagi narsalarni qo‘llari bilan ushlab turadi. Bu paytda og‘riyotgan oyog‘i yarim bukilgan bo‘ladi. Bemor kursiga sog‘lom dumbasini qo‘yib o‘tiradi va gavdasini orqaga hamda sog‘lom tomonga biroz og‘dirib oladi. Kursidan turayotganda sog‘lom oyog‘iga suyanib turadi, og‘riyotgan oyog‘ini esa biroz bukib oladi. Tik turganda qo‘li bilan ustar chekkasi, devor yoki o‘zi bilan kelgan odam elkasiga suyanib turadi. Og‘riyotgan oyog‘ini erga bosmaslikka harakat qiladi. Aksariyat bemorlar og‘riq o‘tib ketguncha hassa bilan yurishni afzal ko‘rishadi. Agar og‘riq chap tomonda kuzatilayotgan bo‘lsa, hassani chap qo‘li bilan, o‘ng tomonda kuzatilayotgan bo‘lsa, o‘ng qo‘li bilan ushlab yuradi. Shu yo‘l bilan bemor og‘riyotgan oyog‘ini asrashga harakat qiladi.

Reflekslar. Og‘riq kuzatilayotgan oyoqda pay reflekslari oshadi. Buning sababi – muskullar gipotoniyasi. Kasallik davom etaversa, pay reflekslari pasaya boshlaydi. Agar p. femoralisni hosil qiluvchi bel chigali nervla­ri zararlansa, tizza refleksi, p. ishchiadicus ni hosil qiluvchi bel-dumg‘aza chigali nervlari zararlansa, axill refleks pasayadi. Bel-dumg‘aza pleksopatiyasida tizza refleksi ko‘pincha saqlanib qoladi, axill refleks esa erta pasayib so‘nadi. Ayniqsa, diskogen etiologiyali pleksopatiyalarda pay ref­lekslari erta so‘nadi. L5–S1 diskning lateral churrasida axill refleks, bel umurtqalari orasidagi disklar churrasida tizza refleksi pasayadi. Disk churralari L4–L5 va L5–S1 umurtqalar orasida ko‘p, L1–L2, L2–L3 va L3–L4 umurtqalar orasida esa kam uchraydi.

Muskullar tonusi va trofikasi. Boldir va oyoq panjasining barcha muskullarini quymich nervi tarmoqlari (n. tibialis va p. peroneus) innerva­tsiya qiladi. Og‘riq kuzatilayotgan oyoqda muskullar gipotoniyasi kasallikning dastlabki kunlariyoq paydo bo‘ladi va uzoq vaqt saqlanib qoladi. Bel-dumg‘aza chigalining bel qismi ko‘proq zararlansa, sonning old tomonidagi muskullarda, dumg‘aza qismi ko‘proq zararlansa – oyoqning orqa-lateral tomonidagi, ayniqsa, peroneal guruh muskullarida gipotoniya kuzatiladi. Gipo­toniya kuzatilgan muskullarda keyinchalik atrofiya rivojlanadi. Oyoq panjasi osilib qoladi. Muskullar trofikasining buzilishi kasallikni keltirib chiqargan etiologik omilga ko‘p jihatdan bog‘liq. Mabodo lyumboishialgiya tez o‘tib ketsa, muskullarda trofik buzilishlar rivojlanmay qoladi.

Sezgi buzilishlari. Sezgi buzilishlari chigalning qaysi tarmoqlari qo‘proq zararlanganiga bog‘liq. Gipesteziya ko‘pincha sonning orqa-lateral, boldirning tashqi va oyoq panjasining pastki yuzasi bo‘ylab aniqlanadi. S1 ildizcha zararlansa, boldirning orqa-lateral va oyoq panjasining tashqi-pastki yuzasi, L5 ildizcha zararlansa, boldirning orqa-lateral va oyoq panjasining pastki yuzasi, L4 ildizcha zararlansa, sonning oldingi va boldirning ichki yuzasi bo‘ylab gipesteziya kuzatiladi.

Vegetativ buzilishlar. Og‘riq kuzatilayotgan oyoqda harorat pasayishi, tsianoz, oyoq panjasi va boldir sovqotishi, a. dorsalis pedisda tomir urishi pasayishi, giperkeratoz kabi vegetativ buzilishlar ham aniqlanadi.

Tashxis qo‘yish algoritmi. Bel-dumg‘aza pleksopatiyasi tashxisini qo‘yish uchun bir necha klinik tekshirish usullari mavjud. Ularning aksariyati og‘riqni aniqlashga qaratilgan. Klinik tashxisni og‘riq bilan bog‘liq simptomlarni o‘rganish orqali qo‘yish ham mumkin.

A) Klinik simptomlar

  • Laseg simptomi quymich nervining tortilishi sababli yuzaga keladigan simptom bo‘lib, p. Ischiadicus ta’sirlanishida doimo aniqlanadi. Bu simptomni tekshirayotganda bemor oyoqlarini uzatib, chalqanchasiga yotadi. Laseg simptomi 3 bosqichda tekshiriladi. Birinchi bosqich: vrach bemorning og‘riyotgan oyog‘ini bir vaqtning o‘zida chanoq-son va tizza bo‘g‘imlarida bukadi. Bu bosqichda og‘riq kuzatilmaydi, chunki quymich nervi tortilmaydi. Ikkinchi bosqich: vrach bemorning oyog‘ini tizza bo‘g‘imida yoza boshlaydi, chanoq-son bo‘g‘imi esa bukilganicha qoladi. Quymich nervining tortilishi sababli oyoqning orqa-lateral yuzasi bo‘ylab kuchli og‘riq paydo bo‘ladi. Uchinchi bosqich: vrach bemorning tizza bo‘g‘imida yozilgan oyog‘ini sekin tushira boshlaydi va dastlabki holatiga qaytaradi. Bunda nerv tortilishi to‘xtaganligi sababli og‘riq yana kamayadi yoki to‘xtaydi.
  • Lasegning kesishgan simptomi – bemorning sog‘lom oyog‘i tizza bo‘g‘imida emas, balki son bo‘g‘imida bukib tepaga ko‘tariladi. Buning natijasida belda va kasal oyoqning orqa tomoni bo‘ylab og‘riq paydo bo‘ladi.
  • Neri simptomi – bemorning boshini oldinga engashtirganda, belda va oyoqning orqa-lateral yuzasi bo‘ylab og‘riq kuzatiladi.
  • Sikar simptomi – bemorning oyoq panjasini keskin pastga bukkanda, tizza ostidagi chuqurchada og‘riq vujudga keladi.
  • Bexterev simptomi – oyoqlarini uzatib chalqancha yotgan bemorning tizzasi pastga bosilsa, og‘riq kuzatiladi.
  • Dejerin simptomi – yo‘talganda yoki aksa urganda, quymich nervi bo‘ylab og‘riq yuzaga keladi.
  • Bonne simptomi – tizza bo‘g‘imida bukilgan oyoqni yon tomonlarga og‘dirganda og‘riq paydo bo‘ladi.
  • Matskevich simptomi – qorni bilan erga qarab yotgan bemorning oyog‘i tizza bo‘g‘imida bukilsa, oyoqning old yuzasi bo‘ylab va chov sohasida og‘riq paydo bo‘ladi. Bu simptom son nervi va uni hosil qiluvchi spinal ildizchalar zararlansa kuzatiladi.
  • Vasserman simptomi qorni bilan erga qarab yotgan bemorning oyog‘i orqaga ko‘tarilsa, oyoqning old yuzasi bo‘ylab va chov sohasida og‘riq paydo bo‘ladi. Bu simptom son nervi va uni hosil qiluvchi spinal ildizchalar zararlansa kuzatiladi.
  • Erben simptomi og‘riq kuzatilayotgan oyoqda teri harorati pasayadi. Bu simptom quymich nervining vegetativ tolalari zararlanganligi sababli yuzaga keladi.
  • Minor simptomi – bemor tik turganda og‘riyotgan oyog‘i tizza bo‘g‘imida biroz bukilgan holatda bo‘ladi va buning natijasida og‘riyotgan oyoq tovoni erdan biroz ko‘tarilib, sog‘lom oyoq tovoni esa erga tegib turadi.
  • Og‘riq nuqtalari. Bemorni tekshirganda bir qator og‘riq nuqtalari aniqlanadi. Bel-dumg‘aza umurtqalari o‘siqlarini perkussiya qilsa, paravertebral nuqtalarni bosib tekshirsa, o‘tkir og‘riq paydo bo‘ladi va oyoq nervlari bo‘ylab irradiatsiya qiladi. Dumg‘aza suyagi perkussiya qilinganda ham irradiatsiya qiluvchi og‘riqlar kuzatiladi. Og‘riq nuqtalari quymich nervi­ning dumba sohasidagi chiqish joyida, ya’ni quymich do‘ngligi (tuber ischiadicum) va son suyagining katta ko‘sti (tpochanter major) orasidagi nuqtada, dumba burmasining o‘rta qismi, sonning orqa yuzasining o‘rta qismi, tizzaosti chuqurchasi, boldir kichik suyagining boshi (caput fibulae), boldir orqa yuzasining o‘rta qismi, lateral to‘piqning orqa qismi va oyoq panjasi tagining o‘rtasida joylashadi. Bu nuqtalarda quymich nervi va uning tarmoqlari teriga yaqinroq joylashib o‘tadi.
  • Boshqa simptomlar. Bemor ikkala oyog‘ini uzatib o‘tirsa, og‘riq kuzatilayotgan oyog‘i biroz bukilgan holatda bo‘ladi. Agar bukilgan oyog‘ini yozish so‘ralsa, uni yozadiyu, sog‘lom oyog‘ini esa bukib oladi. Agar bemor og‘riq kuzatilayotgan oyog‘ini tashqariga yozsa, sonning medial yuzasi bo‘ylab og‘riq paydo bo‘ladi. Bu og‘riq yopqich nervi (n. obturatorius) tortilishi sababli yuzaga keladi. Sog‘lom oyog‘ining ustiga yonbosh yotgan bemorning kasal oyog‘ini yuqoriga ko‘tarsa, chov sohasida va belda og‘riq paydo bo‘ladi.

       B) Rentgenodiagnostika. Tibbiy amaliyotda raqamli rentgenodiagnostika usullari qo‘llana boshlanishi umurtqa pog‘onasida kuzatilayotgan har qanday patologik o‘zgarishlarni to‘g‘ri aniqlash imkonini yarat­di. Rentgenologik tekshiruvlar pleksopatiya sababini aniqlashda katta ahamiyatga ega. Bel-dumg‘aza pleksopatiyasi aniqlangan bemorlarda rentgenologik tekshiruvlar umurtqa pog‘onasi deformatsiyasi, umurtqa suyaklari balandligi qisqarishi, umurtqalararo yoriq torayishi, umurtqa kanali stenozi, umurtqa suyagining orqa-lateral yuzasi bo‘ylab osteofitlar borligi va spinal ildizchalar o‘tadigan yon teshiklar torayishini ko‘rsatadi. Rentgenologik tek­shiruvlarda, shuningdek, umurtqa pog‘onasining boshqa etiologiyali deformatsiyalari, anomaliyalari, umurtqa jarohatlari, sili va o‘smalari, skolioz, spondilolistez kabi bir qator patologiyalar ham yaxshi aniqlanadi. Rentgenologik tekshiruvlar yordamida disk churralari va orqa miyaning yumshoq to‘qimalari kasalliklarini aniqlab bo‘lmaydi. Buning uchun KT va MRT tekshiruvlarini o‘tkazish zarur.

V) Kompyuter tomografiya va magnitli rezonans tomografiya. Ushbu neyrovizualizatsiya usullari nafaqat umurtqa pog‘onasi va umurtqalararo diskda, balki yumshoq to‘qimalarda ro‘y berayotgan barcha patologik o‘zgarishlarni aniqlash imkonini beradi. KT/ MRT tekshiruvlari orqali umurtqalararo disklar holati, ularning qaysi tomonga va necha mm ga siljigani, orqa miya va uning ildizchalari hamda orqa miya pardalari holati haqida to‘la ma’lumotga ega bo‘linadi. Ushbu to‘qimalarning deyarli barcha kasalliklari, ya’ni anomaliya, o‘sma, kista, abstsess, spetsifik va nospetsifik yallig‘lanish kasalliklari, demielinizatsiya bilan kechuvchi patologik holatlar KT/MRT yordamida oson aniqlanadi. Zaruratga qarab ushbu tekshiruvlar kontrast yuborib o‘tkazilishi mumkin. Qon tomirlar holatini o‘rganish zarurati paydo bo‘lsa, KTA yoki MRA o‘tkaziladi. Bu tekshiruvlar yordamida qon tomirlar anomaliyasi, anevrizma va ulardan o‘suvchi o‘smalar aniqlanadi.


Qiyosiy tashxis

Bel muskullari mioziti. Bel muskullari mioziti nisbatan ko‘p uchraydigan kasallik bo‘lib, uni ko‘pincha bel-dumg‘aza pleksopatiyalari bilan qiyoslashga to‘g‘ri keladi. Og‘riqlar kuydiruvchi xususiyatga ega bo‘lib, asosan, zararlangan muskullarda uchraydi. Muskullarni paypaslab yoki perkussiya qilib tekshirganda og‘riq kuchayadi. Bu og‘riqlar nerv tutamlari bo‘ylab irradiatsiya qilmaydi, gipesteziyalar kuzatilmaydi. Zararlangan muskullarni paypaslab tekshirganda ularning qotishganini aniqlash mumkin. Shuningdek, muskul aponevrozlarida dumaloq yoki uzun shaklga ega tugunlar shakllanadi. Bel muskullari ishtiroki talab qilinadigan har qanday harakatlarda og‘riq kuchayadi, bemor harakatlanmay yotsa – pasayadi yoki to‘xtaydi. Og‘riq to‘xtagan holatda ham zararlangan joyda achishtiruvchi yoqimsiz sezgilar saqlanib qoladi.

Sakroileit dumg‘aza-yonbosh bo‘g‘imi yallig‘lanishi. Dumg‘aza va chanoq suyaklarining quloqsimon yuzasi bir nechta bog‘lamlar (ligamentum sacroiliacae) orqali bir-biriga birikkan. Ushbu birikkan joylarda dumg‘aza-yonbosh bo‘g‘imi (articulatio sacroiliaca) hosil bo‘ladi. Bu bo‘g‘im turli xil infektsiyalarda yallig‘lanadi va bel-dumg‘aza pleksopatiyasiga o‘xshash klinik simptomlar bilan namoyon bo‘ladi. Og‘riq dumg‘aza sohasida paydo bo‘ladi va dumg‘aza suyaklarini perkussiya qilganda hamda gavdani oldinga engashtirganda kuchayadi. Og‘riq tik turganda ham kuchayadi yoki paydo bo‘ladi. Oyoqni yon tomonlarga burganda dumg‘aza-yonbosh bo‘g‘imi sohasida og‘riqlar kuzatiladi. Sakroileitda radikulyar simptomlar aniqlanmaydi, og‘riqlar nerv tutamlari bo‘ylab irradiatsiya qilmaydi, reflekslar va muskullar tonusi o‘zgarmaydi.

Psoit – yonbosh-bel muskuli (m. iliopsoas) yallig‘lanishi. Yonbosh-bel muskuli chanoqning oldingi guruh muskullariga kiradi. Uning yuqori qismi umurtqa pog‘onasining bel umurtqalaridan (L1L4) boshlanib, pastga tushib keladi va chanoqning ichidan o‘tib, son suyagining kichik ko‘stiga yopishadi. Yonbosh-bel muskulining vazifasi sonni oldinga bukish va qisman tashqariga burishdan iborat. Ushbu muskulning yallig‘lanishida kuydiruvchi og‘riqlar paydo bo‘ladi. Muskulning tonik qisqarishi sababli oyoq chanoq-son bo‘g‘imida bukilib ichkariga buralib qoladi. Uni yozish va tashqariga burish juda chegaralangan bo‘lib, ba’zida imkoni bo‘lmaydi. Bu holat nafaqat m. Iliopsoas yallig‘lanishi, balki muskul atrofida joylashgan a’zolar yallig‘lanishi (paranefrit, kichik tos abstsesslari) va o‘smalarda ham kuzatiladi. Psoit uchun irradiatsiya qiluvchi radikulyar og‘riqlar va tortilish simptomlari xos emas.

Obliteratsiyalovchi endaarteriit – arteriyalarning endotelial qavati yallig‘lanishi bo‘lib, tomirlar obliteratsiyasi, periferik qon aylanishi buzilishi va ishemik nekroz rivojlanishi bilan namoyon bo‘ladi. Ko‘pincha oyoq arteriyalari zararlanadi. Og‘riqlar yurganda paydo bo‘ladi, dam olganda o‘tib ketadi. Bu holat almashinib turuvchi oqsoqlanish sindromi deb aytiladi. Og‘riqlar boldirning yuqori qismida va ko‘pincha uning ichki yuzasida kuzatiladi. A. dorsalis pedisda tomir urishi keskin pasayadi yoki umuman aniqlanmaydi. Vegetativ-trofik o‘zgarishlar oyoqning distal qismida yaqqol ifodalangan bo‘ladi. Oyoqning tizzadan pastki qismi, ayniqsa, oyoq panjalari "muzlab" yuradi, tsianoz kuzatiladi, tirnoqlar mo‘rtlashadi. Obliteratsiyalovchi endaarteriit uchun radikulyar og‘riqlar, reflekslar o‘zgarishi, muskullar atrofiyasi xos emas. Zararlangan tomonda "paypoq" tipida sezgi buzilishi mumkin va uning sababi vaza nervorumda qon aylanishi buzilishi va ikkilamchi nevropatiyadir. Tashxis arteriyalarni ultratovush tekshirish usullari (dopplerografiya, dupleksli skanirlash) orqali qo‘yiladi.

Bel-dumg‘aza meningoradikuliti – orqa miya pardalari va ildizchalarining bel-dumg‘aza sohasida yallig‘lanishi. Meningoradikulit klinikasi xuddi bel-dumg‘aza pleksopatiyasi klinikasiga o‘xshab ketadi. Bu kasallik uchun ham radikulyar og‘riqlar xos bo‘lib, ular bel-dumg‘aza sohasida paydo bo‘lib, oyoqlarga irradiatsiya qiladi. Meningoradikulitda og‘riqlar bel qismida kuchliroq, ikkala oyoqda esa sustroq ifodalangan bo‘ladi. Bu og‘riqlar, shuningdek, qorin sohasi va chov burmasiga ham irradiatsiya qiladi. Og‘riqlar yo‘talganda, aksa urganda va turib yurganda kuchayadi. Og‘riqlar umurtqa suyaklarini perkussiya qilganda, paravertebral nuqtalarni bosganda kuchaya­di. Meningoradikulitda kuzatiladigan og‘riqlar bel-dumg‘aza pleksopatiyasidagi og‘riqlarga o‘xshab gavdani bir tomonga qiyshaytirib tashlamaydi.

Meningoradikulitni bel-dumg‘aza pleksopatiyasidan farqlovchi asosiy simptom – bu Kernig simptomi. Bu simptom bel-dumg‘aza pleksopatiyasi va radikulopatiyalarda kuzatilmaydi. Meningoradikulit uchun Neri simpto­mi juda xos. U deyarli har doim aniqlanadi. Laseg simptomi yaqqol ifodalangan bo‘lmaydi. Pay reflekslari dastlab ikkala oyoqda ham oshadi, Babinskiy simptomi aniqlanadi. Chunki bu kasallikda biroz bo‘lsa-da, yon ustun ham zararlanadi. Bu holat radikulomedullyar arteriyalarda qon aylanishi buzilishi bilan ham izohlanadi. Ammo keyinchalik periferik buzilishlar ustunlik qiladi, ya’ni axill va tizza reflekslari so‘na boshlaydi.

Meningoradikulit etiologiyasi ko‘pincha virusli va bakterial infektsiyalar bilan bog‘liq. Shuning uchun kasallik qariyb har doim tana harorati ko‘tarilishi, bel og‘rig‘i bilan birgalikda bosh og‘rig‘i, qonda yallig‘lanish reaktsiyalarining paydo bo‘lishi bilan boshlanadi. Likvorda pleotsitoz kuzatiladi. Meningoradikulitni araxnomielitdan farqlash o‘ta mushkul. Lekin klinik simptomlarni chuqur tahlil qilish ularni qiyoslash imkonini beradi. Meningoradikulitda periferik simptomlar, radikulyar og‘riqlar va radikulyar tipda sezgi buzilishlari ustunlik qilsa, araxnomielitda mielitik simptomlar, ya’ni markaziy tipda harakat, o‘tkazuvchi tipda sezgi buzilishlari ustunlik qiladi. Araxnomielitda tos a’zolari funktsiyasi ham buziladi. Og‘riqlar meningoradikulitdagidek kuchli bo‘lmaydi. Araxnomielitda likvor yo‘llarida ham to‘siqlar paydo bo‘ladi va, shu sababli, oqsil-hujayra dissotsiatsiyasi aniqlanadi.

Koksit – chanoq-son bo‘g‘imi yallig‘lanishi. Bolalik va o‘smirlik davrida ko‘p uchraydi. Koksit ko‘pincha sil kasalligida kuzatiladi. Koksit chanoq-son bo‘g‘imida harakatning keskin chegaralanishi va ushbu sohada og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. "Koksit" tashxisini bemorning yurishiga qarab ham qo‘yish mumkin. Bemor yurganda gavdasi oldinga biroz engashib, orqa tomoni biroz chiqib turadi. Harakatlarning chanoq-son bo‘g‘imida chegaralanganligi bemorning qadam tashlashidan shundoq bilinib turadi: u engil qadam tashlab yura olmaydi. Cho‘kkalab o‘tirgan bemorning tizza va chanoq-son bo‘g‘imlarida bukilgan oyoqlari ikkala yon tomonga to‘la yozilmaydi. Chanoq-son bo‘g‘imidagi og‘riq sonni ichkari va tashqariga burganda kuchayadi. Oyoqlarini yozib qo‘yib, tovon tagidan musht bilan urganda chanoq-son bo‘g‘imida og‘riq paydo bo‘ladi yoki kuchayadi. Chov burmasi sohasi bosib tekshirilganda ham og‘riq vujudga keladi yoki kuchayadi. Chanoq-son bo‘g‘imida teri burmasi yo‘g‘onlashadi. Pay reflekslari o‘zgarmaydi.

Kechishi. Bel-dumg‘aza pleksopatiyasi radikulyar og‘riqlar bilan o‘tkir boshlanadi. Kasallikning o‘tkir davri qanday kechishi va qancha vaqt davom etishi kasallik etiologiyasi, yondosh kasalliklar, bemorning umumiy ahvoli va davolash muolajalari qancha erta boshlanganligiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Og‘riqlarni bir hafta ichida to‘xtatish mumkin. Ba’zida kuchli sovqotish, ya’­ni "shamollashdan" paydo bo‘lgan lyumbago 1–2 kunda bartaraf etiladi. O‘t­kir virusli yoki bakterial infektsiyalar sababli paydo bo‘lgan pleksopatiyaning o‘tkir davri, odatda, 1–2 haftadan 1–2 oygacha davom etadi va birato‘la surunkali davrga o‘tadi.

Agarda bir-ikki hafta o‘tgach, og‘riqlar to‘xtagandan so‘ng gipesteziya, pay reflekslari arefleksiyasi va muskullarda atrofiya boshlansa, kasallik uzoq davom etishi va oyoqlarda periferik falajliklar bilan tugallanishi mumkin. Bunday holatlar umurtqa pog‘onasining kuchli degenerativ o‘zgarishlari, disk churralari, og‘ir yallig‘lanish reaktsiyalari va kuchli intoksikatsiyalarda ro‘y beradi. Demak, kasallikning birinchi kuniyoq uning etiologiyasi aniqlanishi kerak.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
  1. Sunnat
    Sunnat
    25 июля 2022 13:06
    Согласны? Да 0 Нет 0
    Assalomu aleykum doktor ukoldan sòng oyoģimda kuchli oģriq qichishish paydo bo'ldi va bir oydan buyon davom etmoqda doktorga kòrsatdim dori ukol qildim foydasi bòlmadi nima qilsam bòladi?
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив