Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Bola nega siyib qo‘yadi?

Bola nega siyib qo‘yadi?


Siydik ajralib chiqarilishini ham asab sistemasi nazorat qiladi. Shu erda tungi enurez, ya’ni tunda bola nima uchun siyib qo‘yishi haqida ikki og‘iz ma’lumot berib o‘tmoqchi edim. Bunday hollarda, odatda, ota-onalar faqat urologga murojaat qiladilar. Bolani, avvalombor, nevropatolog ko‘rishi kerak.

Tagiga siyib qo‘yadigan bolalarning hammasi qotib uxlaydigan bo‘lishadi. Tunda uxlab yotgan bolaning qovug‘i siydikka to‘ladi va buning natijasida qovuqning ichki devorida joylashgan baroretseptorlar (bosimni sezuvchi nerv o‘siqchalari) qo‘zg‘aladi. Ushbu retseptorlarda paydo bo‘lgan signallar orqa miyada joylashgan tos funktsiyalarini nazorat qiluvchi markazga uzatiladi. Bu erda signallar qayta ishlanib, bosh miyaga uzatiladi. Bosh miyaga signal etib kelgach, bola uyg‘onishi kerak. Chunki qo‘shimcha ravishda kelgan har qanday signal bosh miyada qo‘zg‘alish o‘chog‘ini hosil qiladi va buning natijasida uxlab yotgan odam uyg‘onadi. Masalan, qattiq tovush eshitsangiz, biror joyingiz og‘rib qolsa, soat jiringlasa yoki yomon tush ko‘rsangiz uyg‘onib ketishni bunga misol qilish mumkin.

Biroq bola uxlab yotaveradi. Orqa miya esa bosh miyadan javob olmaguncha unga «Bolani uyg‘ot» deb signal yuboraveradi. Bosh miya esa shirin uyquda! Buyrak esa siydik ajratib chiqarib, qovuqni to‘ldirish bilan ovora. Qovuq siydikka to‘lib, yanada kattalashaveradi. Baroretseptorlar esa orqa miyaga tinmay signal yuboraveradi. Orqa miya ham bu signallarni o‘sha zahoti tinmay bosh miyaga etkazaveradi. Endi bu SOS signaliga aylanadi! Bosh miya esa hamon shirin uyquda. U hech qanday signallarni qabul qilmayapti. Hech qanday iloji qolmagan orqa miya qovuq bilan «til biriktirib», bolani siydirish haqida o‘zlari «qaror qabul qilishadi» va uxlab yotgan bola to‘shakka siyib yuboradi. Qovuq siydikdan bo‘shaganligi haqida orqa miyaga yana signal yuboradi. Orqa miya bu signalni yana bosh miyaga jo‘natadi. Endi bosh miyaga signal nafaqat bo‘shagan qovuqdan, balki to‘shakdagi siydikka bo‘kkan terida joylashgan retseptorlardan ham yuboriladi. Ketma-ket kelib turgan signallardan bosh miya uyg‘onib ketadi. Biroq endi kech edi!

Agar enurez engilroq bo‘lsa, bola tagiga siygandan keyin uyg‘onib ketadi. Og‘ir kechuvchi enurezlarda bola tagiga siysa ham uxlab yotaveradi. Bola faqat uyquga to‘ygach yoki onasining baqir-chaqiri va yumshoq joyiga tekkan shapaloqdan uyg‘onadi.

Xo‘sh, tagiga siyadigan bolaning qattiq uxlash sababi nimada? Yoki nima uchun ba’zi bolalarda enurez bir necha yillab davom etadi? Bola aslida uzog‘i bilan 2-3 yoshdan keyin tagiga siymasligi kerak. Enurezning sabablari ko‘p bo‘lib, ularni umumlashtirib oladigan bo‘lsak, bosh miya va orqa miya tuzilmalarining funktsional jihatdan yaxshi takomillash­maganidir. Tagiga siyib qo‘yadigan bolalarda markaziy asab sistemasida qo‘zg‘alish va tormozlanish jarayonlari juda sust rivojlangan bo‘ladi. Bosh miya tomondan signallarning qabul qilinmasligi yoki bu signallarning bosh miyada etarli darajada qo‘zg‘alish hosil qila olmaslik sababi ana shunda.

Enurez bilan kasallangan bolalarning deyarli barchasida nevrasteniya belgilari aniqlanadi, ular o‘ta injiq bo‘ladi. Aksariyat bolalar esa jismoniy nimjon ham bo‘lishadi. Ularning ota-onalari ham yoshligida enurezdan aziyat chekkan bo‘ladi.

Shaharlik yoki «dom»da yashaydigan bolalarda enurez ko‘p uchraydi. Chunki, ular toza havoda kam bo‘lishadi, juda ko‘p vaqtini televizor va kompyuter ekranlari oldida o‘tkazishadi, qo‘l telefonlarini ko‘p o‘ynashadi. Demak, enurezning oldini olishda va hattoki davolashda faol jismoniy harakatlarning o‘rni juda katta. Shu erda muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanadigan bolalarda enurez umuman uchramasligini aytib o‘tmoqchi edim.

Enurezni davolash kerakmi? Ba’zida enurezni masxus davolash talab qilinmaydi. Biroq bolani albatta vrachga ko‘rsating. Agar bolangizda enurezga sababchi bo‘luvchi jiddiyroq kasallik topilmasa, uni sport to‘garaklariga bering. Hatto velosiped haydaydigan yoki yaxshigina futbol o‘ynaydigan bolalarda ham tagiga siyib qo‘yish kam kuzatiladi yoki enurez yo‘qolib ketadi. Nima uchun? Chunki yugurish va velosiped haydash tos a’zolari faoliyati bilan bog‘liq orqa miyadagi markazlarning qo‘zg‘aluvchanlik faoliyatini kuchayti­radi va chiniqtiradi.

Ko‘pincha mendan enurez bilan xastalangan bola katta bo‘lganda jinsiy zaif bo‘ladimi deb so‘rashadi. Yo‘q! Biroq bola hadeb tagiga siyaversa, uning jinsiy a’zolari shamollab qolishi mumkin. Bolani albatta nevropatologga ko‘rsatib, davolatish kerak. Bemorni qanday davolashni vrach individual tarzda hal qiladi.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив