Yarimsharlarning pastki (bazal) yuzasi
Yarimsharlar bazal yuzasining oldingi qismi – peshona, o‘rta qismi – chakka, orqa qismi – ensa bo‘laklariga to‘g‘ri keladi (10.5-rasm).
Fissura longitudinalis cerebri ning ikkala yon tomonidan hidlov egati (sulcus olfactorius) o‘tadi. Unda hidlov piyozchasi va hidlov trakti yotadi. Orqaroqda hidlov uchburchagi (trigonum olfacrorium) joylashgan. Fissura longitudinalis cerebri bilan sulcus olfactorius orasida to‘g‘ri pushta (gyrus rectus) mavjud. Hidlov egatining tashqi-yon tomonida orbital egatchalar (sulci orbitales) va orbital pushtalar (gyri orbitales) joylashgan.
Yarimsharlarning bazal qismida yaxshi ko‘zga tashlanadigan kollateral egatdan oldinda burun egati (sulcus rhinalis) bor. Uning lateral qismidan gyrus parahippocampalis va uncus o‘rin olgan. Kollateral egatning lateral qismida medial ensa-chakka pushtasi (gyrus occipitotemporalis medialis) joylashgan. Gyrus occipitotemporalis medialis bilan gyrus occipitotemporalis lateralis ni bir-biridan ensa-chakka egati (sulcus occipitotemporalis) ajratib turadi.