Orqa miyaning kulrang va oq moddasi
Orqa miyada kulrang va oq modda farq qilinadi. Kulrang modda (substantia grisea) orqa miyaning markaziy qismida, oq modda (substantia alba) uning chekkasi bo'ylab joylashgan. Kulrang modda neyronlar tanasidan tashkil topgan, oq modda mielin parda bilan qoplangan nerv tolalaridan iborat. Kulrang moddaning o'rtasidan markaziy kanal (canalis centralis) o'tadi. Ushbu kanal katta yoshdagilarda ependimositlar bilan qoplanib bitib ketgan. Markaziy kanal yuqorida kengayib IV qorincha bilan bog'lanadi. Pastki qismi kengayib terminal qorincha hosil qilib tugaydi. Bunga Krauze qorinchasi deyiladi.
Markaziy kanaldan oldinda oldingi kulrang bitishma (comissura grisea anterior), orqada – orqa kulrang bitishma (comissura grisea posterior) joylashgan. Oldingi kulrang bitishmaning old qismida oldingi oq bitishma (comissura alba anterior) joylashgan bo'lib, uning tolalari chap va o'ng tomondagi oldingi ustunlarni birlashtiradi. Orqa kulrang bitishmaning orqa qismida orqa oq bitishma (comissura alba posterior) joylashgan. Yon va orqa shoxlar orasida kulrang modda yuzasida orqa miyaning retikulyar formatsiyasi yotadi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b.
© Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi © asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha