Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi ABSANS – BU KIChIK EPILEPSIYaMI?

ABSANS – BU KIChIK EPILEPSIYaMI?


Savol: Absans qanday kasallik? U haqiqatan ham epilepsiyaning kichik turimi?

Javob: Absense – frantsuzchada “yo‘q bo‘lmoq, yo‘qolmoq” degan ma’noni anglatadi. Go‘yoki bemorning ongi qisqa vaqtga “o‘g‘irlanadi”, “olib qo‘yiladi” va yana “qaytarib beriladi”. Bu holatni ba’zi olimlar boshqa sayyoraliklar ishi deb ham hisoblashadi. Go‘yoki ular erliklar psixologiyasini o‘rganish uchun odamlarning ongini qisqa vaqtga o‘g‘irlashadi. 

 Absans – hushning juda qisqa vaqt (2-30 soniya) yo‘qolishi bilan namoyon bo‘ladigan epileptik xuruj. Absanslar tutqanoq xurujlarisiz namoyon bo‘ladi va juda qisqa vaqt davom etadi. Shuning uchun ham uni doktorlar “epilepsiyaning kichik turi” deb atashgan. Biroq absans epilepsiyaning kichik turi emas. “Kichik epilepsiya” degan atama hozirda qo‘llanilmaydi. Absans – epilepsiyaning engil kechadigan alohida turi bo‘lib, ba’zida muttasil davolashni talab qilmaydi.

Savol: Absanslar faqat bolalarda uchraydimi? Mana siz “absanslar muttasil davolashni talab qilmaydi” deb aytdingiz. Shunga batafsilroq izoh bersangiz.

Javob: Ha!Absanslar faqat bolalar va o‘smirlarda uchraydigan kasallik. Katta yoshdagilarda absanslar kuzatilmaydi yoki shunga o‘xshash holatlar bo‘lib turadi, xolos. Biroq bular absans emas. Absanslar bolalik va o‘smirlik davrida juda ko‘p uchrasa-da, ularning deyarli hammasi balog‘at yoshiga etmasdan o‘tib ketadi. Shuning uchun ham kattalarda absanslar uchramaydi. Masalan, “bolalar absans epilepsiyasi”, “o‘smirlar absans epilepsiyasi”, “yuvenil mioklonik epilepsiya”da prognoz juda yaxshi. Bunday bemorlarning deyarli 90 foizi to‘la tuzalib ketishadi.

Savol: Qolgan 10 foizi-chi?

Javob: 100 foiz demaganimning sababi, ba’zi bemorlarda absanslar bilan birgalikda boshqa tipdagi epileptik xurujlar ham kuzatiladi. Ana shu epileptik xurujlar keyin ham davom etaveradi. Ba’zida ular og‘ir tus oladi. Shu bois epilepsiya bilan og‘rigan katta yoshdagilarning bolalik davri o‘rganilganda ularda absanslar ham kuzatilgan bo‘ladi.

Savol: Epilepsiya – bu tutqanoq kasalligimi? Tutqanoq deganda epilepsiya tushuniladimi? Shu atamalarga oydinlik kiritsangiz.

Javob: Xalq orasida “epilepsiya” deganda tutqanoq kasalligi tushuniladi. Biroq “Tutqanoq kasalligi” atamasi epilepsiyani to‘la-to‘kis qamrab oladigan atama emas. “Tutqanoq xurujlari” deganda bosh va qo‘l-oyoqlar, ya’ni tanada muskullar tortishuvi, qotib qolishi va titrashlari bilan kechadigan xurujlar tushuniladi. Biroq epilepsiyaning tutqanoq xurujlarisiz, ya’ni faqat ongning (hushning) qisqa muddatga yo‘qolishi bilan kechadigan turlari ko‘p. Absanslarni bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin. “Epileptik xurujlar” atamasi esa keng ma’no kasb etuvchi atama bo‘lib, uning tutqanoq hurujlari va tutqanoq xurujlarisiz kechadigan turlari mavjud. Absanslar tutqanoq xurujlarisiz kechadigan epilepsiyadir.

Savol: Siz absanslarning turi ko‘p deb aytdingiz. Absanslarning eng ko‘p uchraydigan oddiy turiga ta’rif bersangiz. Absans xurujlari paytida nimalar ro‘y beradi?

Javob: Absansning eng ko‘p uchraydigan turi – bu bir nuqtaga qarab qotib qolishdir. Bu oddiy absans. Bu paytda bemorning qorachiqlari kengayadi, yorug‘likka ta’sirlanmaydi, yuzi oqarib ketadi. U nima ish qilayotgan bo‘lsa shu holatda qotib qoladi, ya’ni gapirayotgan bo‘lsa, gapirishdan to‘xtaydi, yozayotgan bo‘lsa yozishdan, rasm chizayotgan bo‘lsa rasm chizishdan to‘xtaydi va h.k. Biroq bemor muvozanatini yo‘qotmaydi, yiqilib tushmaydi. Demak, xuruj paytida bemor qanday vaziyatda bo‘lsa, shu holatda haykaldek qotib qoladi. Bu holat bir necha soniya, odatda, 5-15 soniya davom etadi. Absans xuruji o‘tib ketgach, bemor yana o‘z ishini davom ettiraveradi. Oddiy absanslar qanday tezlikda paydo bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shunday tezlikda darrov to‘xtaydi. U hozirgina o‘zida nima bo‘lganini sezmaydi yoki atrofdagilardan bilib oladi. Oddiy absanslar paytida ko‘z olmasi bir-ikki aylanib olishi yoki bosh orqaga qimirlab ketishi mumkin. 

Oddiy absansning qanday bo‘lishini yaxshiroq bilib olmoqchi bo‘lsangiz, bir epizodni ko‘z oldingizga keltiring. Ayrim qizlar biror yigitga ko‘zi tushsa, unga qarab turgan joyida qotib qoladi. Bu paytda uning ko‘zlari katta-katta ochilgan, qorachiqlari kengaygan, kipriklari pirpirab turgan bo‘ladi. Go‘yoki yigit ushbu qizning hushini bir necha soniyaga o‘g‘irlab qo‘yadi. Yonidagi dugonasi “Hey, senga nima bo‘ldi?” deb, uning ko‘zlari oldidan qo‘llarini o‘tkazsa ham, qiz buni bilmaydi. Bir necha soniyadan keyin o‘ziga keladi. Aynan mana shu holat oddiy absansga o‘xshashdir. 

Savol: Absans bolalarda ko‘p uchraydi deb aytdingiz. Absanslar qaysi yoshda ko‘p uchraydi va bir kunda necha marta ro‘y beradi?

Javob: Absanslar eng ko‘p boshlanadigan davr – bu 4-6 yoshlardir. Biroq absanslar juda erta, ya’ni 2 yoshda yoki bir oz kechroq, ya’ni 12-14 yoshda ham boshlanaveradi. Absans xurujlari, ya’ni absanslar bir kunda 20-40 marotaba kuzatiladi. Ba’zi bolalarda absanslar soni bir kunda 100 taga etadi. Ularning sonini to‘g‘ri sanab aytib berish juda qiyin. Buning uchun 24 soat bolaning yonida kuzatib o‘tirishingiz kerak. Absanslarning bir kunda necha marotaba bo‘lishini bilish uchun EEG videomonitoring tekshiruvi o‘tkaziladi. Buning uchun bemorning boshiga 16 yoki 24 ta elektrod taqib qo‘yiladi va 24 soat mobaynida kompyuterga EEG yozuvi tushiriladi. Maxsus videokamera esa absans xurujlarini yozib boradi.

Savol: Absanslarning murakkab turlari ham bor deb aytdingiz. Ular qanday kechadi?

Javob: Murakkab absanslarda hushni yo‘qotish uzoqroq (20-30 soniya) davom etadi, yiqilib tushishlar ko‘p kuzatiladi. Hech qanday aurasiz namoyon bo‘luvchi bunday xurujlar sababli bemor ko‘p tan jarohatlari oladi. Murakkab absanslarda hushning yo‘qolishi bosh va tanada turli xil harakatlar bilan namoyon bo‘ladi. Bemor o‘zicha nimalarnidir gapiradi, mimik muskullari bilan qandaydir imo-ishoralar qiladi, qo‘l-oyoqlari bilan shart bo‘lmagan turli xil harakatlarni bajaradi yoki kimnidir haydaydi. Bu paytda bemorning hushi karaxt holatda bo‘ladi, nimalar qilayotganini o‘zi bilmaydi, eslab ham qolmaydi. 

Murakkab absanslarning qisqacha ta’rifi shuki, muskullar titrashi bilan kechuvchi absanslarga mioklonik absanslar deb aytiladi. Bunda bir necha soniya davom etuvchi hushning yo‘qolishi muskullar titrashi bilan namoyon bo‘ladi. Kichik-kichik titrashlar asosan yuz, bosh, elka va qo‘llarda, kam hollarda oyoq va gavda muskullarida ro‘y beradi. Bu titrashlar xuddi giperkinezlarni (beixtiyoriy harakatlar) eslatadi, biroq ulardan farqli o‘laroq hushning yo‘qolishi bilan namoyon bo‘ladi. Mioklonik absanslar o‘smirlarda ko‘p uchraydi. 

Murakkab absanslarning eng og‘ir turi bu – muskullar tonusining yo‘qolishi bilan kechuvchi turi. Bu holat atonik absanslar deb aytiladi. Atonik absanslarda hushning yo‘qolishi muskullar tonusining keskin pasayishi yoki yo‘qolishi bilan namoyon bo‘ladi. Muskullar atoniyasi bo‘yin muskullarida kuzatilsa, bemorning boshi bir necha soniyaga osilib qoladi, qo‘llarda kuzatilsa, qo‘li qimirlamay qoladi yoki qo‘lidagi narsa tushib ketadi, oyoqlarda kuzatilsa, yiqilib tushadi. Atonik xurujlar sababli yiqilib tushgan bemor yana o‘rnidan turib yurib ketadi. Atonik absanslarda tan jarohati ko‘p kuzatiladi. Bu holat 20-30 soniya davom etadi. Atonik absanslar epilepsiyaning og‘ir turi bo‘lmish Lennoks-Gasto sindromida ko‘p uchraydi.

Tonik absanslarda ko‘z olmasi yuqoriga yoki yon tomonlarga ketib qoladi, bosh orqaga yoki yon tomonlarga qayrilib ketadi, qo‘l-oyoq muskullarining tonik qisqarishi kuzatiladi. Muskullarning qisqarishi engil tarzda ham, og‘ir ko‘rinishda ham namoyon bo‘ladi. Ba’zi bemorlarda gavdani oldinga bukib oladigan xurujlar ham kuzatiladi.

Savol: Bunday bolalarning kelajagi qanday?

Javob: Albatta yaxshi. Aytib o‘tganimdek, absanslar bilan kechuvchi epilepsiyani bartaraf etish oson. Biroq benzonal dorisi absanslar bilan kechuvchi epilepsiyani kuchaytirib yuborishini esda tutish lozim. Absanslarni bartaraf etuvchi dorilar ko‘p ishlab chiqilgan va bemorlar vrach-nevropatolog tavsiyasiga binoan ushbu dorilarni ichib yurishlari kerak.



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив