ABSTINENT SINDROM
Alkogolizmda abstinent sindrom – o‘tkir spirtli ichimliklar ichishni birdan to‘xtatganda ro‘y beradigan, nevrologik, psixopatologik va psixosomatik buzilishlar bilan namoyon bo‘ladigan o‘tkir patologik holat. Ushbu sindrom, ko‘pincha, o‘tkir spirtli ichimliklarni muttasil ravishda va katta miqdorda qabul qiladiganlarda rivojlanadi. Ularda spirtli ichimlik dozasini kamaytirsa ham abstinent sindrom ro‘y beradi. Agar bemor o‘sha vaqtdayoq spirtli ichimlikni yana qabul qilsa, abstinentsiya belgilari kamayadi yoki o‘tib ketadi. Abstinent sindrom, ko‘pincha uy sharoitida ro‘y beradi. Chunki uyda bemorning yaqinlari undan spirtli ichimliklarni yashirib qo‘yishga intilishadi, uni topib ichishiga turli yo‘llar bilan to‘sqinlik qilishadi. Buning natijasida bemor spirtli ichimlikni etarli dozada qabul qila olmaydi va unda abstinent sindrom rivojlanadi.
Klinikasi. Abstinent sindromning qay tarzda namoyon bo‘lishi bemorning individual holati va umumiy salomatligiga ko‘p jihatdan bog‘liq. O‘ta nimjon bemorda bu sindrom og‘ir kechadi. Bu sindromning asosiy belgisi – psixomotor qo‘zg‘alishdir. Bemor o‘zini agressiv tuta boshlaydi, yaqinlariga tashlanadi, narsalarni otib sindiradi, atrofdagilarga baqiradi, so‘kadi, aroqni topib ber deb hamma yoqni titkilay boshlaydi. Ba’zida esa yig‘lab zorlanadi, qo‘llari va butun tanasini titroq bosadi, terlab ketadi, joni qochib yotib qoladi. Agar bemorga bir-ikki piyola aroq ichirib yuborsa, u biroz tinchlanadi va uxlab qoladi.
Abstinentsiya paytida bemorda avval mavjud bo‘lgan neyropsixologik va psixopatologik buzilishlar yanada kuchayadi, ya’ni nutq buzilishlari, fikrlar tarqoqligi va karaxtligi, xotira sustligi avj oladi. Bemor fikrini bir joyga jamlay olmaydi, atrofdagilarning gapini ilg‘ab ola olmaydi, gaplarni tez unutib qo‘yadi, xatti-harakatlari o‘zgaradi, nima qilayotganini o‘zi ham bilmaydi. Uning o‘zini tutishi xuddi telba odamni eslatadi. U faqat aroq izlaydi va bunga erishsa hursand bo‘ladi, aroqni topib bergan odamni bag‘riga bosib o‘pa boshlaydi yoki yig‘lab yuboradi. Og‘ir holatlarda ko‘ruv va eshituv gallyutsinatsiyalari rivojlanadi: bemorning ko‘ziga turli odamlar ko‘rinadi va ular bilan gaplashadi, yoniga chaqiradi. Bu holat tabiiyki bemorning yaqinlariga qattiq ruhiy zarba bo‘ladi va ular bemorning talabini bajarishga rozi bo‘lishadi. Ba’zida tutqanoq xurujlari ro‘y beradi. Kuchli affektiv buzilishlar sababli bemor yaqinlariga tashlanib ulardan birini o‘ldirib qo‘yishi ham mumkin.
Davolash. Dastlab bemor tinchlantiriladi va uning atrofida ruhiy tinchlik yaratiladi. Agar abstinent sindrom uy sharoitida rivojlansa, vrachlar kelgunga qadar bemorni tinchlantirish uchun bir piyola aroq ichirish ham mumkin. Uning izidan esa davolash muolajalari boshlanadi. Surunkali alkogolizmdan aziyat chekadigan odamning uyida tez yordam uchun zarur bo‘lgan dori vositalari (faollashtirilgan ko‘mir, ichimlik sodasi) va tibbiy anjomlar (klizma uchun) bo‘lishi lozim. Spirtli ichimlikning ichakdan so‘rilishini pasaytirish uchun bemorga tozalovchi klizma qilinadi, faollashtirilgan ko‘mir ichiriladi. Hozirda ichakni tozalovchi va faollashtiruvchi maxsus klizma vositalari mavjud. Bunday vositalardan uy sharoitida ham foydalanish mumkin.
Dori vositalardan natriy xlorid yoki glyukozaning izotonik eritmasiga S vitamini, panangin qo‘shib venadan tomchilatib yuboriladi. Shuningdek, V1 va V6 vitaminlari katta dozada (6 ml) qilinadi. Bemorning uyqusi kelavermasa unga fenazepam 1-2 mg yoki diazepam 5 mg ichiriladi. Uyqusizlik kuchli bezovtalik bilan namoyon bo‘lsa, 12,5–25 mg tizertsin beriladi. Agar bemor epilepsiya bilan kasallangan bo‘lsa, unga klonazepam 0,5–1 mg ichiriladi. Tiaprid (tiaprosan) 100-200 mg/kun 2-3 oy mobaynida ichishga buyuriladi. Sedatsiya juda kuchayib ketgan holatlarda vena ichiga 10–20 ml piratsetam yuborish mumkin.