ANEVRIZMALAR


Etiologiyasi. Qontomirning bo‘rtib chiqqan joyiga anevrizma deb aytiladi. Anevrizmalar xuddi daraxt shoxchalaridan bahor faslida bo‘rtib chiqqan kurtaklarni eslatadi. Anevrizma, asosan arteriyalar ikkiga bo‘lingan (bifurkatsiya) va tarmoqlarga ajralgan joylarda paydo bo‘ladi (1.11-rasm). Chunki ushbu joylar gemodinamik zarbalarga ko‘p uchraydi. Demak, arteriyalarning proksimal qismi anevrizmalar eng ko‘p uchraydigan soha hisoblanadi. Anevrizma arteriyalar devorida defektlar bor joylarda (gipoplaziya) ham vujudga keladi.


1.11-rasm. Anevrizmalar ko‘p aniqlanadigan arteriyalar. 1 - arteria communicans anterior; 2 - arteria cerebri anterior; 3 - arteria cerebri media; 4 - arteria carotis interna; 5 - arteria communicans posterior; 6 - arteria cerebri posterior; 7 - arteria basilaris; 8- arteria vertebralis.


Yosh oshgan sayin anevrizmaning yorilish xavfi osha boradi. Anevrizma eng ko‘p yoriladigan davr – bu 40-60 yoshlardir. Anevrizmaning yorilishiga turtki bo‘luvchi asosiy omillar AG va katta yosh hisoblanadi.

Anevrizmalar paydo bo‘lishida AG ning o‘rni juda katta. AQB ko‘tarilib turishi arteriyalar devoriga gemodinamik zarbalarni kuchaytiradi va anevrizmalarning vujudga kelishi va kattalashuviga turtki bo‘ladi. Aterosklerotik va degenerativ o‘zgarishlar ham anevrizmalar paydo bo‘lishiga sababchi bo‘ladi. Arteriyalarning distal qismida anevrizmalar ko‘pincha turli etiologiyali vaskulopatiyalar va mikotik zararlanishlar sababli vujudga keladi.

Anevrizmalar qachon paydo bo‘lganligiga qarab, ularning shakli va hajmi turlicha bo‘ladi. Qopsimon anevrizmalar ko‘p uchraydi va ular 3 qismdan iborat: bo‘yin, tana va gumbaz qismlari. Anevrizmaning bo‘yin qismi uch devordan, ya’ni endoteliy, mushak qavat va adventitsiyadan iborat, tanasi – biriktiruvchi to‘qima va miofilament fragmentlaridan tashkil topgan, gumbazi – faqat ichki qavatdan iborat. Anevrizmaning gumbazi uning eng ojiz qismi hisoblanadi va yorilish ham aynan shu joyda ro‘y beradi.

Kontrastli angiogrammalarda anevrizmalar juda yaxshi ko‘rinadi. Hajmi bo‘yicha kichik, ya’ni miliar (diametri <3 mm), o‘rtacha (4–15 mm), katta (16– 25 mm) va juda yirik (>25 mm) anevrizmalar farq qilinadi. Anevrizmalar, odatda, bitta yoki ikkita (90 %), kam hollarda (10 %) ko‘p sonli bo‘ladi. Ular, asosan (97 %), Villiziy aylanasining oldingi qismi va juda kam hollarda (3 %) vertebrobazilyar sohada aniqlanadi. Anevrizmalar miyaning oldingi arteriyasi va oldingi biriktiruvchi arteriyada – 50 %, ichki uyqu arteriyasida – 26 %, miyaning o‘rta arteriyasida – 21 %, bazilyar arteriya yoki miyachaning orqa pastki arteriyasi bo‘g‘zida – 3 % uchraydi.

Klinikasi. Klinik kechishi bo‘yicha arterial anevrizmalar 3 guruhga ajratiladi: 1) yorilmagan – bosh miya va kranial nervlarning zararlanish simptomlari bilan namoyon bo‘ladi; 2) yorilgan – intrakranial gemorragiya rivojlanadi; 3) simptomsiz – klinik simptomsiz namoyon bo‘ladi va tserebral angiografiya tekshiruvida aniqlanib qoladi.

Yorilmagan anevrizmalar ko‘pincha kranial nevropatiyalar (ayniqsa, III, IV, V, VI kranial nervlar) bilan namoyon bo‘ladi. Chunki anevrizmalar Villiziy aylanasini tashkil qiluvchi arteriyalarda ko‘p aniqlanadi. Bu arteriyalar yonidan esa kranial nervlar o‘tadi.


Eslatma. Uch shoxli nerv nevralgiyasini kuzatgan har bir vrach bemorda bazal arteriya va uning tarmotslari anevrizmasini izlashi lozim.


Agar yorilmagan anevrizmalar odatiy klinik simptomlar (bosh og‘riq xurujlari, kranial nevropatiyalar) bilan namoyon bo‘lsa, yorilgan anevrizmalar juda og‘ir asoratlarni yuzaga keltiradi. O‘lim holatlari ham juda ko‘p uchraydi. Anevrizmalar yorilishi, odatda, AQB ko‘tarilganda yoki jismoniy zo‘riqishlar paytida ro‘y beradi. Ba’zi bemorlar so‘nggi paytlarda bosh og‘riq xurujlari kuchayganidan shikoyat qilib yurishgan bo‘ladi, boshqa birlarida hech qanday simptomlar kuzatilmaydi. Demak, anevrizma yorilishidan oldin nevrologik buzilishlar kuzatilmasligi ham mumkin.

Anevrizma yorilsa, subaraxnoidal qon quyilishlarda kuzatiladigan simptomlar vujudga keladi. Chidab bo‘lmas darajada kuchli bosh og‘riq va qusish paydo bo‘ladi, bemor hushini yo‘qotadi. Meningeal simptomlar rivojlanadi. Tana harorati keskin ko‘tariladi. Shuningdek, kranial nervlar zararlanishi simptomlari (ptoz, g‘ilaylik, anizokoriya, mimik muskullarning periferik falajligi) aniqlanadi. Agar kattaroq anevrizma yorilsa, bemor chuqur komaga tushadi va u yordam ko‘rsatilgunga qadar o‘lib qolishi mumkin. Ventrikulyar gemorragiyalarda va bazal arteriyalar yorilganda o‘lim ko‘p kuzatiladi. Bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘iga yaqin joylashgan anevrizma yorilsa, epileptik xurujlar ro‘y beradi. Bunday holatda gemiparez, gemiplegiya va afaziyalar ham rivojlanadi. Biroq, anevrizmalar yorilganda rivojlanadigan gemisindrom a. cerebri tedianing reflektor spazmi sababli yuzaga kelishini esda tutish lozim. Vaholanki, bu holat ko‘p uchraydi.

Yorilgan anevrizmaning klinikasida 2 davr farqlanadi: 1) o‘tkir – dastlabki 2 hafta; 2) sovuq – 2 haftadan so‘nggi davri. Anevrizma yorilgach, dastlabki 2 hafta ichida subaraxnoidal, parenximatoz yoki ventrikulyar gemorragiyalar rivojlanadi. Parenximatoz va ventrikulyar gemorragiyalar og‘ir kechadi. Agar bemor gemorragiya ro‘y bergan kuni operatsiya qilinmasa, dastlabki 2 hafta ichida o‘tkir paydo bo‘lgan klinik simptomlar keskin tus oladi. Gemorragiya sohasida destruktiv o‘zgarishlar, okklyuzion gidrotsefaliya va dislokatsion sindrom rivojlanadi. Bu og‘ir holatlar kasallikning o‘tkir davrida, ya’ni 2 hafta ichida paydo bo‘ladi. Bu muddat o‘tgach, patologik jarayonlar jadalligi pasayadi, ya’ni o‘tkir gemorragiyaning sovuq davri boshlanadi.

Klinik simptomlarning qay tarzda namoyon bo‘lishi qaysi tomirda joylashgan anevrizma yorilganligiga ko‘p jihatdan bog‘liq.

Ichki uyqu arteriyasi anevrizmasi yorilishi simptomlari. IUA ning ikkiga ajralgan qismida joylashgan anevrizma yorilsa, peshona sohasida kuchli bosh og‘rig‘i va gemiparez yoki gemiplegiya rivojlanadi. A. ophthalmica boshlanadigan joydagi anevrizma yorilsa, kuchli bosh og‘rig‘i paraorbital sohada yuzaga keladi va ko‘rish funktsiyasi pasayadi. Orqa biriktiruvchi arteriya ajralgan joydagi anevrizma yorilsa, III nerv zararlanadi (ptoz, g‘ilaylik, diplopiya) va qarama-qarshi tomonda gemiparez rivojlanishi mumkin. Shuningdek, V nervning 1-shoxchasi innervatsiya qiladigan sohada trigeminal og‘riqlar paydo bo‘ladi. Ba’zida IV va VI nervlar zararlanadi.

Miyaning oldingi arteriyasi va oldingi biriktiruvchi arteriya anevrizmalari yorilishi simptomlari. Peshona va paraorbital sohadagi kuchli og‘riqlar psixomotor qo‘zg‘alishlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Psixomotor qo‘zg‘alishlar peshona sohasida joylashgan 3-funktsional blok (Luriya bo‘yicha) disfunktsiyasi sababli ro‘y beradi. Bu buzilishlar "peshona psixikasi" deb ham ataladi. Peshona psixikasi uchun xulq-atvorning keskin buzilishlari (adinamiya yoki giperaktiv holat), konfabulyatsiya, diqqat va xotira buzilishi, ayniqsa Korsakov amneziyasi xos. O‘choqli nevrologik simptomlardan oyoqda monoparez rivojlanishi mumkin. Oldingi biriktiruvchi arteriya anevrizmasi yorilsa, qo‘shimcha ravishda gipotalamo-gipofizar simptomlar ham vujudga keladi, elektrolitlar almashinuvi buziladi, giperglikemik sindrom shakllanadi.

Miyaning o‘rta arteriyasi anevrizmasi yorilishi simptomlari. Yaqqol ifodalangan nevrologik simptomlar, ya’ni gemiparez yoki gemiplegiya, gemianesteziya, sensomotor afaziya, gomonim gemianopsiya paydo bo‘ladi. O‘choqli nevrologik simptomlar subaraxnoidal gemorragiya belgilari bilan birgalikda namoyon bo‘ladi.

Bazilyar arteriya anevrizmasi yorilishi simptomlari. Bazilyar arteriyada joylashgan anevrizma yorilsa, nafas olish va yurak-qon tomir faoliyati keskin buziladi va darrov koma rivojlanadi. Bunday paytda kranial nervlar deyarli har doim zararlanadi. O‘tkir gemorragiyaning birinchi kuniyoq ikkala qorachiq ham kengayadi (ikki tomonlama midriaz) va fotoreaktsiya umuman yo‘qoladi. Bazilyar arteriyaning yuqori va pastki segmentlari anevrizmasi yorilishi turli simptomlar bilan namoyon bo‘ladi. Yuqori segment anevrizmasi yorilsa – ptoz, qochuvchi g‘ilaylik, midriaz, Parino simptomi, kuchli nistagm, ba’zida oftalmoplegiya rivojlanadi. Anevrizmalar yorilishi, aksariyat hollarda, ushbu arteriya tarmoqlarining periferik qismida o‘tkir ishemiya holatlarini yuzaga keltiradi. Ba’zida ishemiya miyaning katta sohasini egallaydi. Bazilyar arteriya anevrizmasi yorilsa, a. cerebri posterior qon bilan ta’minlaydigan sohada ishemiya rivojlanadi. Bunda gomonim gemianopsii yoki kortikal ko‘rlik paydo bo‘ladi. Ishemiya a. basilaris ning kalta arteriyalarida ro‘y bersa, alternirlashgan sindromlar vujudga keladi.

Umurtqa arteriyasi va uning tarmoqlarida joylashgan anevrizma yorilishi simptomlari. Umurtqa arteriyasida joylashgan anevrizma yorilsa, yurak-qon tomir va nafas olish faoliyati keskin buziladi, chuqur koma rivojlanadi. Agar kichik hajmdagi anevrizma yorilsa, bulbar sindrom (disfagiya, disfoniya, dizartriya), markaziy tetraparez va tetranesteziya paydo bo‘ladi. Bu buzilishlar, albatta IKG va meningeal simptomlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Shuningdek, kardiovaskulyar va neyroendokrin buzilishlar ham kuzatiladi, dislokatsiya belgilari shakllanadi. O‘choqli nevrologik simptomlar yuzaga kelishi nafaqat gematoma, balki arteriyalardagi gipoperfuziya va spazm oqibatida ro‘y bergan ishemik o‘choqlar bilan ham bog‘liq.

Yordam ko‘rsatish bosqichlari. Bemorni neyroxirurg ko‘radi, uning ahvoli Hunt-Hess shkalasi yordamida baholanadi, MSKT tekshiruvi o‘tkaziladi va operatsiya o‘tkazish masalasi hal qilinadi.

Prognoz. Anevrizmalar yorilishi bemor hayoti uchun o‘ta xavfli bo‘lib, o‘lim holatlari ko‘p (deyarli 70 %) kuzatiladi. Prognoz, ko‘pincha, anevrizma hajmi va uning joylashgan joyiga bog‘liq. Agar anevrizma yorilgandan so‘ng bemorning hayoti saqlab qolinsa, keyin ro‘y berishi mumkin bo‘lgan o‘lim holatlari kamayadi. Anevrizmalarning yana yorilish xavfi doimo mavjud. Shuning uchun ham yana yorilmay qolgan anevrizmalarni izlab topish o‘ta muhimdir.



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив