Asab sistemasi ichki a’zolarni qanday boshqaradi?
Organizmda hech qanday a’zo yoki to‘qima yo‘qki, asab sistemasining ishtiroki bo‘lmasa. Shuning uchun ham xalq orasida «Barcha kasalliklar asabdan» degan naql bor. Buning tagida katta ma’no yotibdi. Asab sistemasi organizmning barcha faoliyatini boshqaradi va nazorat qilib turadi. Biror bir jarayon asab sistemasining ishtirokisiz kechmaydi. Ko‘z yoshi oqishi, so‘lak ajralishi, qon tomirlarda qon yurishi, terlash, siydik ajralib chiqishi kabi har qanday funktsiyalar asab sistemasining bevosita ishtiroki va nazoratida ro‘y beradi.
Asab sistemasining ichki a’zolar faoliyatini boshqaradigan qismiga vegetativ asab sistemasi deb aytiladi. Vegetativ asab sistemasi simpatik va parasimpatik nerv sistemalariga ajratiladi. Bularning ikkalasi birgalikda ichki a’zolar faoliyatini boshqarib turadi.