ATAKSIYa


Koordinatsiya va muvozanatning buzilishiga ataksiya deb aytiladi. Ataksiyaning asosiy belgisi – tik turganda va yurganda chayqalib ketish. Tik turganda chayqalib ketishga statik ataksiya, yurganda chayqalib ketishga dinamik ataksiya deb aytiladi. 

   Ataksiya turlari

  • Miyacha ataksiyasi
  • Sensitiv ataksiya
  • Vestibulyar ataksiya
  • Po‘stloq ataksiyasi

A) Miyacha ataksiyasi –miyacha zararlanganda rivojlanadigan ataksiya. Uning asosiy sabablari – miyachaning o‘zida yoki orqa kranial chuqurchada joylashgan o‘sma, abstsess,  miyachada qon aylanishning buzilishlari, miyacha va miya ustunining yallig‘lanish kasalliklari (tserebellit, entsefalit), orqa kranial chuqurcha leptomeningiti, kraniotservikal anomaliyalar va intoksikatsiyalar. Miyacha ataksiyasi bilan namoyon bo‘luvchi nasliy-degenerativ kasalliklar ham ko‘p. Bunga Fridreyx va Per Mari ataksiyalari, olivopontotserebellyar degeneratsiyalar, tarqoq skleroz kabi bir qator kasalliklarni misol qilib ko‘rsatish mumkin.

    Miyacha yarim sharlari zararlansa dinamik ataksiya rivojlanadi. Romberg sinamasini tekshirayotganda bemor zarargangan tomonga og‘adi. Yurganda katta qadamlar tashlab chayqalib yuradi va yon tomonga (zararlangan tomonga) og‘ib ketaveradi, ya’ni muvozanat yo‘qoladi. Bemor iloji boricha devorni yoki yonidagi vrachni ushlab yurishga harakat qiladi. Ataksiya bilan bemorning yurishi xuddi mast odamning yurishini eslatadi. Qo‘l va oyoqlarning aniq va ravon harakatlari izdan chiqadi: qadam tashlash uchun ko‘targan oyoqlari yon tomonga og‘ib ketadi, qo‘llari ham xuddi darbozabonning qo‘llariga o‘xshab yon tomonlarga ketib qoladi. 

Bemor koordinator sinamalarni qiynalib bajaradi. Barmoq-burun sinamasini bajarayotganda barmog‘ini burun uchiga tegiza olmaydi, qo‘li titrab ketadi, qo‘l burun uchiga yaqinlashgan sayin titrash yanada kuchayadi, ya’ni bemor barmoq-burun sinamasini intensiya bilan bajaradi. Tovon-tizza sinamasini bajarayotganda (yotgan holatda tekshiriladi) bemor ko‘tarilgan oyog‘ining tovoni bilan tizzaga aniq tusha olmaydi va titrab ketadi, ya’ni bemor tovon-tizza sinamasini ataksiya bilan bajaradi. Parkinsonizmda kuzatiladigan titrashlardan farqli o‘laroq, miyacha zararlanishi bilan bog‘liq titrashlar yirik amplitudali bo‘ladi. Miyachaning qaysi tomonida zararlanish kuchli bo‘lsa, koordinator buzilishlar o‘sha tomonda yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Shuningdek, nistagm, adiadoxokinez, dismetriya, skandirlashgan nutq, megalografiya (makrografiya) miyacha zararlanishining asosiy simptomlari hisoblanadi. Bemor xuddi mast odamga o‘xshab sekin, cho‘zib va g‘o‘ldirab gapiradi, nutqdagi ravonlik va dadillik yo‘qoladi. Muskullar tonusi pasayib ketadi, biroq muskullar kuchi saqlanib qoladi, atrofiya, arefleksiya kuzatilmaydi. Muskullar gipotoniyasi tufayli pay reflekslari biroz pasayishi mumkin. Chunki reflekslar normal chaqirilishi uchun muskullar tonusi normal holatda bo‘lishi kerak. Muskullar atoniyasi kuchli rivojlangan tomonda xuddi gemiparez rivojlangandek tuyuladi (psevdoparez). Bunday paytlarda vrach adashib miyacha yarim sharlari emas, bosh miya katta yarim sharlari zararlangan, deb o‘ylashi mumkin. Xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun miyacha simptomlari va muskullar kuchini yaxshilab tekshirish zarur. 

Miyacha chuvalchangi zararlansa statik ataksiya rivojlanadi, ya’ni bemor tik turganda chayqalib ketadi. Miyacha yarim sharlari zararlanganda bemor zararlangan tomonga og‘ib yursa, miyacha chuvalchagni zararlanganda ikki tomonga ham chayqalib yuradi, tik turganda orqaga yoki oldinga og‘ib ketadi. Agar chuvalchangning oldingi qismi zararlansa, bemor oldinga, orqa qismi zararlansa – orqaga og‘ib ketadi.  Muskullar gipotoniyasi ikki tomonlama namoyon bo‘ladi. Og‘ir holatlarda bemor to‘g‘ri o‘tira olmaydi ham, o‘tirgan joyida orqa yoki oldinga og‘ib ketadi. Miyacha ataksiyasida koordinatsiya va muvozanatni ko‘z bilan nazorat qilishning ahamiyati past, ya’ni bemor ko‘zlarini yumganda ataksiya biroz kuchayishi mumkin xolos (engil holatlarda umuman o‘zgarmaydi). Mushak-bo‘g‘im sezgisi ham buzilmaydi.

    B) Sensitiv ataksiya – orqa miyaning orqa ustuni zararlanganda rivojlanadigan ataksiya. Orqa miyaning orqa ustunidan mushak-bo‘g‘im sezgisi uchun javob beradigan chuqur sezgi yo‘llari o‘tadi. Chuqur sezgi retseptorlari (proprioretseptorlar) muskul, pay va suyaklarda joylashgan. Bosh miya katta yarim sharlari proprioretseptorlar orqali tananing (shu jumladan oyoq-qo‘llarning) fazodagi holati haqida doimo ma’lumot olib turadi. Bu esa tana muvozanatini saqlashda muhim ahamiyatga ega. Orqa miyaning orqa ustuni spinal o‘smalar, spinal qon aylanishning buzilishlari, travmatik jarohatlarda ko‘p zararlanadi. Sensitiv ataksiya orqa miya so‘xtasi va funikulyar mielozning eng asosiy simptomidir. Bu ataksiya, shuningdek, periferik nervlar zararlanganda (kuchli polinevropatiyalar) ham rivojlanadi. 

Sensitiv ataksiyada tana va qo‘l-oyoqlarning fazodagi holati haqidagi tasavvur yo‘qoladi. Bunday bemorlar ko‘zini yumganda bir qadam ham oldinga yura olmay chayqalib ketadi. Romberg sinamasini tekshirayotganda biroz chayqalib turgan bemordan ko‘zni yumish so‘ralsa, o‘sha zahoti gandiraklash kuchayib ketadi va bemor yiqilib tushadi. Og‘ir holatlarda uni doimo qo‘lidan ushlab yurish kerak. Bemor yurganda doimo pastga qarab qadam tashlashini nazorat qilib yuradi. Chunki chuqur sezgi yo‘llari zararlanganligi sababli oyoqlarning erga tekkanligi haqidagi ma’lumot miyaga etib bormaydi. Chuqur sezgi buzilishi sensitiv ataksiya uchun juda xos. Shuningdek, muskullarda kuchli gipotoniya har doim aniqlanadi. Chunki proprioretseptorlar muskullar tonusini ta’minlab turishda katta ahamiyatga ega. Bunday bemorlarning oyoq panjalari shalpayib osilib yotadi. Bu esa qadam tashlashga halaqit beradi. Shuning uchun ular yurganda oyoqlarini baland ko‘tarib tashlab yuradi (steppaj). Yurganda ikkala oyog‘ini baland ko‘tarib erga qarab yuradigan va oyoq panjalari osilib yotgan odamni ko‘rsangiz, unda sensitiv ataksiya rivojlanganligiga amin bo‘lasiz. Bu holat, ayniqsa, orqa miya so‘xtasi, ya’ni zahmning so‘nggi bosqichlari uchun xos. Muskullar atoniyasi tufayli bo‘g‘imlar xaddan tashqari o‘ynab qoladi. Mushak-bo‘g‘im sezgisini tekshirish qo‘l va oyoqlarning barmoqlaridan boshlanadi. Vrach bemordan ko‘zlarini yumishni so‘raydi va uning barmoqlarini chap yoki o‘ng tomonga, tepa yoki pastga bukib, bemordan nima qilayotganini so‘raydi. Sensitiv ataksiyada bemor bu harakatlarni to‘g‘ri aytib bera olmaydi. Biroz engil holatlarda mushak-bo‘g‘im sezgisi kichik bo‘g‘imlarda, og‘ir zararlanishlarda o‘rta va katta bo‘g‘imlarda sezilmaydi. Bu simptomlar qo‘llarga qaraganda, oyoqlarda ko‘proq namoyon bo‘ladi. Og‘ir holatlarda bemor umuman tik tura olmaydi va o‘tira olmaydi.

    S) Vestibulyar ataksiya –vestibulyar apparatning turli sohalari, ya’ni vestibulyar yadro va uning tolalari, chakka bo‘lagida joylashgan vestibulyar analizatorning po‘stloq qismi zararlanganda kuzatiladigan ataksiya. Vestibulyar appparat ichki quloq kasalliklari, miya ustuni entsefaliti, IV qorincha va ko‘prik o‘smalari, umurtqa va labirint arteriyalarida qon aylanishning buzilishlari va orqa kranial chuqurcha kasalliklarida zararlanadi. Vestibulyar ataksiya, ayniqsa, Men’er sindromida yaqqol namoyon bo‘ladi. Kuchli virusli infektsiyalardan keyin ham ataksiya bilan namoyon bo‘luvchi vestibulopatiyalar rivojlanadi. 

Vestibulyar ataksiya, ko‘pincha, bir tomonlama bo‘ladi va bemor yurganda, tik  turganda zararlangan tomonga og‘ib ketadi. Vestibulyar ataksiya bosh va gavdani bir holatdan ikkinchsi holatga o‘zgartirgand kuchayib ketadi. Ko‘zni yon tomonlarga burish ham ataksiyani kuchaytiradi. Shuning uchun ham bemor boshi, ko‘zi va gavdasini u yoki bu tomonga ehtiyotkorlik bilan sekin buradi. Ko‘zni yumganda koordinator buzilishlar birmuncha kuchayadi. Mushak-bo‘g‘im sezgisi buzilmaydi. 

Vestibulyar ataksiya boshqa ataksiyalardan farqli o‘laroq, kuchli sistem bosh aylanishlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Bosh aylanishsiz vestibulyar ataksiya bo‘lmaydi. Sistem bosh aylanishda atrofdagi narsalar soat strelkasi bo‘ylab yoki unga teskari yo‘nalishda aylanadi, oyog‘ining tagidagi er ham chayqalib turadi, bosh va tana holatini o‘zgartirganda bosh aylanish kuchayib ketadi.  Shuningdek, ko‘ngil aynish va qusish, nistagm ham kuzatiladi. Gorizontal nistagm bir tomonga qaraganda kuchliroq, ikkinchi tomonga qaraganda sustroq ifodalangan bo‘ladi. Bu holat vestibulyar apparatning ta’sirlanishi yoki zararlanishiga bog‘liq.

D) Po‘stloq ataksiyasi – bosh miya katta yarim sharlarining asosan peshona sohasi, kam hollarda chakka va ensa sohalari zararlanganda kuzatiladigan. Chunki peshona va ensa bo‘laklaridan miyacha funktsiyasini nazorat qiluvchi kortikotserebellyar yo‘llar boshlanadi. Ensa bo‘lagidan miyacha tomon yo‘nalgan kortikotserebellyar yo‘llar chakka bo‘lagi orqali o‘tadi. Po‘stloq ataksiyasi, asosan, bosh miya o‘smalari, tserebral insult, anevrizma, abstsess va kraniotserebral jarohatlarda ko‘p kuzatiladi. 

Po‘stloqning bir tomonlama zararlanishida, bemor qarama-qarshi tomonga og‘adi. Chunki bosh miyaning chap yarim shari miyachaning o‘ng yarim sharini, o‘ng yarim shari esa, miyachaning chap yarim sharini nazorat qiladi. Demak, miyacha va vestibulyar ataksiyalardan farqli o‘laroq, bosh miya katta yarim sharlari zararlanganda ataksiya qarama-qarshi tomonda kuzatiladi. Peshona ataksiyasining og‘ir turlari uchun astaziya-abaziya juda xos. Tik tura olmaslik va yura olmaslikka astaziya-abaziya deb aytiladi.

    Bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ida oliy ruhiy funktsiyalar joylashganligi uchun po‘stloq ataksiyasi deyarli har doim hulq-atvor buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, peshona ataksiyasida “shaxs parchalanishi” ko‘p uchraydi. Peshona psixikasi deb atalmish bu holatda bemorning yoshiga mos bo‘lmagan hulq-atvor shakllanadi: engil-elpi hazil mutoyibalar, agressiv harakatlar, giperseksual holat, nutq va xotira buzilishlari va h.k. Nevrologik buzilishlardan psevdobulbar sindrom alomatlari (o‘z-o‘zidan yig‘lash, kulish, xartum refleksi, Marinesku-Rodovich refleksi) yoki boshqa turdagi tserebral simptomlarni aniqlanadi. Sezgi buzilishlari va miyacha simptomlari kuzatilmaydi. Po‘stloq ataksiyasi bilan bog‘liq koordinatsiya va muvozanat buzilishlarini psevdotserebellyar ataksiya deb atashadi. Po‘stloq ataksiyasida ko‘ruv nazoratining ahamiyati past. Ushbu ataksiyaning hulq-atvor buzilishlari bilan birgalikda namoyon bo‘lishi va bemorning gandiraklab yurishi xuddi ko‘chada tentirab ketayotgan mast odamni eslatadi. 

Agar ataksiya ensa bo‘lagi zararlanishi sababli rivojlansa, po‘stloq ataksiyasi bilan birgalikda eshituv va ko‘ruv gallyutsinatsiyalari, kortikal ko‘rlik, oksipital epilepsiya, kvadrant gemianopsiyalar kuzatiladi.



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив