Atipik prozopalgiyalar
Atipik prozopalgiyalar – yuzning bir yoki ikkala tomonida kuzatiladigan doimiy og‘riq va paresteziyalar. Kasallik 30–60 yoshlarda rivojlanadi va ayollarda ko‘p uchraydi. Atipik prozopalgiyalar stomatologik operatsiyalardan so‘ng paydo bo‘ladi. Bunday og‘riqlar, ko‘pincha, yuqori va pastki jag‘ tishlarini o‘zgartirgan va ularga protezlar qo‘ydirgan odamlarda ko‘p kuzatiladi. Atipik prozopalgiya klinikasi kranial nevralgiya yoki nevropatiyalar klinikasiga o‘xshasa-da, ob’ektiv nevrologik simptomlar (giperesteziya, gipesteziya) kuzatilmaydi. Yuzda trigger sohalar bo‘lmaydi. Stomatologik muolajalar o‘tkazilgan joylar chuqur tekshirilganda ham, ENMG tekshiruvlari o‘tkazilganda ham nervlarda organik buzilishlar aniqlanmaydi. Og‘riq va paresteziyalar nafaqat operatsiya o‘tkazilgan joyda, balki yuzning boshqa sohalarida ham kuzatiladi. Kasallik uchun qisqa muddatli og‘riq xurujlari xos emas, og‘riqlar goh zo‘rayib, goh kamayib turadi. Atipik prozopalgiya yuzning idiopatik og‘riqlari deb ham ataladi.
Atipik prozopalgiyaning yana bir klinik turi – bu atipik odontalgiya. Tish olingan joyda uzoq vaqt saqlanadigan og‘riqlarga atipik odontalgiya deyiladi. Atipik odontalgiyada ham ob’ektiv nevrologik simptomlar kuzatilmaydi. Bu sindrom tish oldirib, tish qo‘ydirgan bemorlar yoki uzoq vaqt davom etgan stomatologik muolajalarda ko‘p uchraydi. Tish olingan joyda kuydiruvchi va boshqa tishlarga irradiatsiya qiluvchi og‘riqlar bir oygacha, ba’zida undan ham ko‘p vaqt saqlanib qoladi. Bu og‘riqlar aksariyat bemorlarda ovqatlanayotgan paytda kamayadi, ruhiy-hissiy zo‘riqishlarda, sovuqda yoki yuziga biror narsa tegib ketsa kuchayadi. Atipik odontalgiya klinikasi dental pleksalgiya klinikasiga o‘xshab ketadi, biroq unga qaraganda engil kechadi.
Dental pleksalgiya – yuqori va pastki jag‘larning nerv chigallari ta’sirlantirilganda kuzatiladigan og‘riqlar. Dental pleksalgiyaning asosiy sabablari – bular yuqori va pastki jag‘ tishlarida o‘tkazilgan stomatologik muolajalar. Og‘riqlar vegetativ simptomlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi, chunki bu erdagi nerv chigallari vegetativ gangliyalar bilan chambarchas bog‘langan. Dental pleksalgiyada yuz sohasida og‘riqlar va dizesteziyalar bo‘lsa-da, ob’ektiv nevrologik simptomlar (gipesteziya, giperesteziya) kuzatilmaydi. Dental pleksalgiyalar, odatda, oylab davom etadi, ba’zida bir yildan oshadi. Uzoq davom etuvchi og‘riqlar reaktiv nevrotik buzilishlarga olib keladi. Bemorni tinchlantirish va bu belgilarning vaqtinchalik ekanligiga ularni ishontirish o‘ta muhim. Agarda vrach buni uddalay olsa, kasallik belgilari 1–2 oy ichida o‘tib ketadi.