Arteriya dissektsiyasi (qatlanishi)
Ma’lumki, arteriya devori 3 qavatdan iborat. Arteriyaning ichki qavati (intima) uning o‘rta qavatidan ajralib qolishiga arteriya qatlanishi, ya’ni arteriya dissektsiyasi deb aytiladi. Buning natijasida ichki va o‘rta qavatning orasida uzun bo‘shliq paydo bo‘ladi. Bu bo‘shliq intimal qavatda paydo bo‘lgan yoriqlar orqali arteriyaning ichiga ochiladi. Natijada, arteriyaning haqiqiy teshigidan yangi paydo bo‘lgan bo‘shliq ichiga qon o‘tadi va arteriyaning shu qismi kengaya boshlaydi. Bu esa qopsimon anevrizma paydo bo‘lishiga olib keladi. Shu erda tromb ham shakllana boshlaydi. Arteriyaning qatlanishi uning torayishiga ham sabab bo‘ladi. Buning natijasida stenoz va okklyuziya rivojlanadi, arteriyaning distal qismida perfuzion bosim pasayadi. Bu vaziyat o‘ta xavfli bo‘lib, aterotrombotik, arterioembolik va gemodinamik insultlarni yuzaga keltiradi. Arteriya qatlanishi yoshlar va o‘rta yoshdagilarda ko‘p kuzatiladi. Arteriya qatlanishi 80% hollarda uyqu arteriyalari, 20% hollarda umurtqa arteriyalarida uchraydi. Arteriya qatlanishining asosiy sabablari – o‘smirlik davridan buyon davom etayotgan AG, kraniotserebral jarohatlar, fibromuskulyar displaziya, Marfan sindromi, vaskulopatiya va o‘tkazilgan virusli infektsiyalardir.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Insult va koma. Qo`llanma. Toshkent, 2013., 193 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha