APATIYa


Apatiya – hamma narsaga befarqlik bilan namoyon bo‘luvchi ruhiy holat. Apatiyaning klinik manzarasi depressiyaga juda o‘xshab ketganligi bois, bu sindrom haqidagi ma’lumotni ushbu bobda keltirib o‘tamiz. Apatiyada bemor hech narsaga qiziqmaydi, hech qaysi tadbirda ishtirok etmaydi yoki yoqar-yoqmas qatnashadi, atrofda bo‘layotgan voqealarga o‘ta befarq bo‘ladi. Depressiyaga juda o‘xshab ketadigan ushbu holat hissiy reaktsiyalar so‘nishi bilan namoyon bo‘ladi. Bunday bemorni ko‘rgan vrachlar ba’zida adashib “depressiya” tashxisini qo‘yishadi. Apatiya har kimda har xil namoyon bo‘ladi. Masalan, oila a’zolaridan,  ishdan yoki rahbariyatdan ko‘ngli sovigan odam ham ba’zida apatiyaga tushadi. Bu oddiy apatiya bo‘lib, vaziyat o‘zgarsa, tezda o‘tib ketadi. 
      
O‘zida qandaydir kasallik borligini bilganda ham odam apatiyaga tushishi mumkin. Mabodo zahm, OITS, sil yoki boshqa bir jiddiy kasalliklar aniqlansa, odam apatiyaga tushadi. Bu holat keyinchalik depressiyaga o‘tishi ham mumkin.  Shuningdek, bosh miyaning bir qator qon-tomir (entsefalopatiya, insult) va degenerativ kasalliklarida (Alsxaymer, parkinsonizm) bemor apatiyaga tushadi. 
Agar apatiya iroda so‘nishi bilan namoyon bo‘lsa, apato-abulik sindrom haqida so‘z boradi. Bu holat, ayniqsa, bosh miyaning peshona bo‘lagi zararlanishi uchun xos. Apatiya depressiyaga qaraganda engil ruhiy holat. Apatiyada depressiyadagi kabi kuchli psixopatologik simptomlar kuzatilmaydi. Masalan, fikrlar karaxtligi bo‘lmaydi, o‘z joniga qasd qilishga urinishlar kuzatilmaydi va antidepressantlar ham tavsiya etilmaydi. Vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarsa yoki apatiyaga olib kelgan kasallikdan bemor xalos bo‘lsa, apatiya tezda barham topadi. Apatiyada psixoterapiya yuqori darajada samaralidir.

Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
              ©asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив