A. cerebri posterior havzasi va insulti
A. cerebri posterior ning yuzaki tarmoqlari oksipitoparietal sohaning po‘stloq qismi va chakka bo‘lagining mediobazal yuzasini qon bilan ta’minlaydi. Arteriyaning chuqur tarmoqlari talamus, gipotalamus va qadoqsimon tananing orqa qismi, Gratsiole tutami, Lyuis tanasi hamda o‘rta miyaning bir qismini qon bilan ta’minlaydi. A. cerebri posterior ning anastomozi boshqa arteriyalar bilan yaxshi rivojlangan. Bu arteriya, xususan, miyaning o‘rta va oldingi, tomir chigali arteriyasi va bazilyar arteriya tarmoqlari bilan anastomoz qiladi. Shuning uchun ham miyaning orqa arteriyasida total infarktlar deyarli kuzatilmaydi va insult ham kam uchraydi.
Miyaning orqa arteriyasi yuzaki tarmoqlari zararlansa, bosh miyaning ensa sohasi, uchinchi va qisman ikkinchi chakka pushtasi, bazal va chakka bo‘lagining mediobazal pushtalari (shu jumladan, paragippokampal pushta) da infarkt rivojlanadi.
Klinik simptomlar, asosan, gomonim gemianopsiya yoki yuqori kvadrant gemianopsiya, metamorfopsiya va ko‘ruv agnoziyasi bilan namoyon bo‘ladi. Infarkt chap yarim sharda kuzatilsa, aleksiya va amnestik afaziya ham vujudga keladi. Ensa po‘stlog‘ida joylashgan ikki tomonlama o‘choqlar ikki tomonlama gemianopsiya bilan namoyon bo‘ladi va bunda makulyar (markaziy) ko‘rish saqlanib qoladi. Po‘stloq markazlari zararlanishi sababli paydo bo‘ladigan gemianopsiyada qorachiqning yorug‘likka reaksiyasi saqlanib qoladi. Buning sababi – ko‘z to‘r pardasidan po‘stloq tomon yo‘nalgan ko‘ruv yo‘llarining zararlanmaganidir.
Ensa-tepa sohalarini qon bilan ta’minlovchi arteriyalar zararlanishi uchun ko‘ruv agnoziyasi xos. Ko‘ruv agnoziyasi deb, avval tanish bo‘lgan obyektlarni tanimaslikka aytiladi. Bu sindrom po‘stloqdagi 18, 19 va 39-maydonlar zararlanganda rivojlanadi. Ko‘ruv agnoziyasi ko‘pincha optik-fazoviy buzilishlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi, ya’ni bemor chap-o‘ng, yuqori-past munosabatlarni chalkashtiradi, atrof-muhitdagi obyektlar joylashuvini noto‘g‘ri qabul qiladi. Ushbu simptomlar paydo bo‘lishida topografik xotira buzilishining o‘rni katta. Chunki ensa-tepa sohalari topografik xotira shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Ensa bo‘lagining pastki qismida joylashgan ikki tomonlama ishemik o‘choqlarda ba’zan ranglar agnoziyasi ham ro‘y beradi. Bunday bemorlar oq-qorani ajratadi, xolos, qolgan ranglarni esa tanimaydi.
Talamusning ventrolateral qismi, ya’ni n. kaudatus va korpus genikulatum lateralae ni qon bilan ta’minlovchi arteriya zararlansa, klassik tarzdagi talamik sindrom (Dejerin-Russi sindromi) rivojlanadi. Bu sindrom qarama-qarshi tomonda gemigipesteziya yoki gemianesteziya, giperpatiya, gemialgiya, gemiataksiya va gemianopsiya bilan namoyon bo‘ladi. Shuningdek, o‘tib ketuvchi afferent gemiparez, atetoid giperkinezlar trofik va vegetativ buzilishlar ham vujudga keladi.
Gipotalamusning orqa qismi, talamusning dorsomedial yadrosi va Lyuis tanasini qon bilan ta’minlovchi a. talamo-perforata zararlansa, kontralateral tomonda gemiataksiya, intension tremor va kuchli vegetativ buzilishlar rivojlanadi. Bu arteriya bilan bog‘liq gemorragik insult ko‘p kuzatiladi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b.
© Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi © asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha