Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi YuVENIL ABSANS EPILEPSIYa

YuVENIL ABSANS EPILEPSIYa


Yuvenil absans epilepsiya (YuAE) – o‘smirlik davrida boshlanuvchi va, asosan, absanslar bilan kechuvchi idiopatik tarqalgan epilepsiya. Biroq 40% holatlarda kasallik tarqalgan tonik-klonik xurujlar bilan ham boshlanadi. Bu esa YuAE ni BAE dan farqlab turuvchi asosiy belgilardan biridir. Chunki BAE faqat absanslar bilan boshlanadi va tonik-klonik xurujlar esa keyin qo‘shiladi.
   
YuAE 10-21 yoshlarda boshlanadi. Ammo kasallik eng ko‘p uchraydigan davr – bu 10-14 yoshlar. Yosh oshgan sayin YuAE kam uchrab boradi. Masalan, 17 yoshdan so‘ng bu kasallik juda kam kuzatiladi, 21 yoshdan keyin esa rivojlanmaydi. Epilepsiyaning ushbu turi o‘smirlik davrida boshlanganligi va asosan, absanslar bilan namoyon bo‘lganligi uchun ham “yuvenil absans epilepsiya” nomini olgan.
   
Absanslar klinikasi xuddi BAE da kuzatiladigan absanslar kabi namoyon bo‘ladi. Ammo YuAE da absanslar soni juda kam. Agar BAE da absanslar bir kunda o‘nlab yoki yuzlab ro‘y bersa, YuAE da bir kunda 2-3 marotaba kuzatiladi, xolos. Absanslar davomiyligi o‘rtacha 5-10 soniyaga teng. Ba’zida ular 30 soniyagacha davom etadi. BAE da giperventilyasiya deyarli 100% holatlarda absanslarni qo‘zg‘ab yuborsa, YuAE da bu ko‘rsatkich 10% dan oshmaydi.
   
Aytib o‘tilganidek, YuAE tarqalgan tonik-klonik xurujlar bilan ham boshlanadi va bu ko‘rsatkich yosh oshgan sayin ko‘payib boraveradi. Chunki kasallikning absanslar bilan boshlanuvchi turida ham keyinchalik tonik-klonik xurujlar kuzatila boshlaydi. Tonik-klonik xurujlar qisqa vaqt davom etadi va ko‘pincha uyqu paytida yoki ertalab uyg‘onganda ro‘y beradi. Ularning soni ham kam. Ushbu xurujlar uyqu deprivasiyasi, ya’ni bemor uxlamagan paytlarda kuchayadi. EEG da 3-3,5 Gts li tarqalgan bilateral-sinxron pik-to‘lqinli komplekslar aniqlanadi.    Asosiy bioelektrik faollik saqlanib qoladi. Nevrologik va intellektual buzilishlar kuzatilmaydi.
   
Tashxis qo‘yish algoritmi:

       •    Absanslarning, asosan, 10-14 yoshlarda boshlanishi.
       •    Nasliy moyillik borligi.
       •    Absanslarning kam uchrashi.
       •    Tonik-klonik xurujlar bilan ham boshlanishi.
       •    Nevrologik statusda o‘zgarishlar bo‘lmasligi.
       •    Bosh miyada struktur o‘zgarishlar kuzatilmasligi.
      •    Intellekt saqlanib qolishi.
      •    Xuruj paytida chastotasi 3-3,5 Gts bo‘lgan bilateral-sinxron pik-to‘lqinli faollik paydo bo‘lishi.
  
Prognoz. Aksariyat hollarda (90%) yaxshi. Biroq kasallikning tonik-klonik xurujlar bilan boshlanuvchi turida to‘la tuzalish faqat 70% holatlarda kuzatiladi.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Epilepsiya. Qo`llanma. Toshkent, 2018., 128 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив