YuZ NERVI NEVROPATIYaSI
Yuz nervi nevropatiyasi – yuz nervi zararlanishi sababli mimik muskullarning falajlanishi bilan namoyon bo‘luvchi kasallik. Aksariyat hollarda yuz nervi nevropatiyasi sababi aniqlanmay qoladi. Bunday holatlar idiopatik nevropatiya yoki Bell falaji deb ataladi. KXT-10 da yuz nervining idiopatik nevropatiyasi G51.0 ruknda Bell falaji nomi bilan yuritiladi. Yuz nervi zararlanishi belgilari 1836-yili angliyalik nevrolog K. Bell tomonidan yozilgan.
Etiologiyasi. Kasallik har qanday yoshda uchraydi. Kasallanish darajasi erkaklar va ayollarda deyarli bir xil. Har yili 100 000 aholi soniga 25–30 kishida Bell falaji kuzatiladi. Bell falaji barcha yuz nevropatiyalarining 75% ini tashkil qiladi.
Kasallik sabablari
- Viruslar – OGV, Epshtayn-Barr, gripp, adenoviruslar, epidemik parotit, poliomielit, OITS virusi. Virusli nevropatiyaning eng ko‘p sababchisi OGV-1 hisoblanadi.
- Bakteriyalar – brutsellez, borellioz, leptospiroz, difteriya, zahm va boshqalar.
- Qon tomir va endokrin kasalliklari – arterial gipertenziya, ateroskleroz, qandli diabet.
- Homiladorlik. Homiladorlikda yuz nervi zararlanish xavfi 10 barobarga oshadi.
- Yalliglanish kasalliklari – meningit, meningoentsefalit, yiringli otit, mastoidit, sil limfadeniti, pastki jag‘ sohasidagi yiringli jarayonlar (abstsess, flegmona) yoki ularni operatsiya qilib olib tashlash.
- Fallopiy kanali torayishi yoki uning tug‘ma torligi.
- Ekzogen va endogen intoksikatsiyalar (zaharlanishlar, alkogolizm, diabet, uremiya).
- Autoimmun kasalliklar – Giyen-Barre sindromi, TS, SQB, Shegren sindromi, sarkoidoz, amilodioz.
- O‘smalarda – ko‘prik-miyacha burchagi, ayniqsa, VIII nerv nevrinomasi, xolesteatoma, limfoma, leykoz, ensa chuqurchasi va chakka suyagi o‘smalari.
- Bosh miya jarohatlari – kalla suyagining yuz nervi o‘tadigan sohalari, ayniqsa, chakka suyagi piramidasi jarohatlanishi.
- Genetik buzilishlar – Melkersson-Rozental sindromi va h.k.
Patogenezi. Yuz nervining anatomo-topografik xususiyatlari kasallik patogenezida alohida o‘rin tutadi. Etiologiyasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, yuz nervining Fallopiy kanalidagi qismi ko‘p zararlanadi. Etiopatogenetik omillar ichida ushbu kanalning ba’zi odamlarda tor bo‘lishi, kanal ichida nerv vaskulyarizatsiyasi sustligi va, albatta, yuz nervining boshqa kranial nervlarga qaraganda filogenetik jihatdan yoshligi ham e’tiborga olinadi. Yuz nervining kanal ichidagi qismi zararlansa, tunnel sindrom haqida so‘z boradi. Fallopiy kanali torligi va devorlari suyakdan tashkil topganligi bois yuz nervining kanal ichidagi qismi ishemiya va kompressiyaga ko‘p duchor bo‘ladi.
Ishemiyaning ketma-ket keluvchi birlamchi va ikkilamchi turlari farqlanadi. Agar ishemiya yuz nervini qon bilan ta’minlovchi tomir (vasa nervorum) spazmi sababli rivojlansa, birlamchi, perifokal shish sababli rivojlansa, ikkilamchi ishemiya deb yuritiladi. Ishemiya va kompressiya darajasiga bog‘liq bo‘lgan holda yuz nervi mielinopatiyasi yoki aksonopatiyasi rivojlanadi.
Yuqorida ko‘rsatilgan patologik omillarning ta’sir doirasiga bog‘liq bo‘lgan holda yuz nervining zararlanishi turlicha kechadi. Virusli yoki bakterial infektsiyalar sababli rivojlangan nevropatiya patogenezida yallig‘lanish reaktsiyasi, perifokal shish, nuqtali gemorragiyalar va limfotsitar infiltratsiyaning o‘rni katta. Ushbu patologik jarayonlar sababli yuz nervida destruktiv o‘zgarishlar rivojlanadi. Aksariyat hollarda nervning mielin pardasi emiriladi, akson esa saqlanib qoladi. Bunday holatlar mielinopatiya deb yuritiladi. Mielinopatiya bilan kechuvchi yuz nevropatiyasi yaxshi tiklanadi. Agar akson ham zararlansa, Valler degeneratsiyasi ro‘y beradi. Bunday holatlar aksonopatiya deb yuritiladi. Aksonopatiyada nerv regeneratsiyasi juda sust kechadi, ya’ni u bir necha oylab yoki yillab davom etadi. Aksariyat hollarda nerv funktsiyasi tiklanmay qoladi.
Klinikasi. Kasallik, odatda, o‘tkir boshlanadi, ya’ni mimik muskullar falajligi bir necha soat ichida rivojlanadi. Ba’zida bu jarayon 1–2 kunga cho‘ziladi. Mimik muskullar bir tomonda falajlanadi va natijada bemorning yuzi qiyshayib qoladi. Mimik muskullarning falajlanishi prozoparez yoki prozoplegiya deb ataladi. Bemorning yuziga diqqat bilan nazar tashlansa, yuz asimmetriyasi yaqqol ko‘rinib turadi. Zararlangan tomonda og‘iz burchagi osilib qoladi va og‘iz sog‘lom tomonga tortilib ketadi. Bu holat, ayniqsa, bemor gaplashganda yoki kulganda kuchayadi. Zararlangan tomonda pastki lab osilgan va burun-lab burmalari silliqlashgan bo‘ladi. Bemor qoshini yuqoriga ko‘tarsa, yuzning sog‘lom tomonida ajinlar paydo bo‘ladi, falajlangan tomonda esa bemor qoshini ko‘tara olmaydi va natijada peshonaning bir tomoni silliq bo‘lib qoladi. Falajlangan tomonda ko‘z yorig‘i katta bo‘ladi.
M. orbicularis oculi falajlanishi oqibatida bemor ko‘zini yuma olmaydi. Agar yumishga harakat qilsa, ko‘z olmasi tepaga ketib, ko‘zning oqi ko‘rinib qoladi. Ko‘zning oqi ko‘rinib qolishi «quyon ko‘zi», ya’ni lagoftalm (yun. lagos – quyon) deb atalsa, ko‘z olmasining tepaga ketib qolishi Bell simptomi nomini olgan. Ko‘zni yumayotganda Bell simptomining paydo bo‘lishi VII nerv bilan III nervning hamkorlikdagi faoliyati buzilishi bilan bog‘liq. M. orbicularis oculi ning engil falajligida bemor ko‘zini yumsa, kipriklari sog‘lom tarafdagidan ko‘ra yaqqol ko‘rinib turadi (kiprik simptomi).
Zararlangan tomonda qosh usti refleksi chaqirilmaydi. Bemor ko‘zlarini yumib-ochganda falajlangan tomondagi ko‘zi biroz kechikib yumilib-ochiladi. Bemorning yaxshi yumilmagan ko‘zidan doimo yosh oqib turadi. Buning asosiy sabablari – ochiq qolgan ko‘zning havo bilan doimo ta’sirlanishi va pastki qovoq falajlanganligi uchun ko‘z yoshining burun kanaliga tushmasligidir. Shuningdek, bemor lunjiga havo to‘ldirib puflamoqchi yoki hushtak chalmoqchi bo‘lsa, havo og‘iz burchagining falajlangan tomonidan chiqib ketadi. Bemor og‘ziga suv olib uni ushlab turolmaydi, suv og‘izning falajlangan burchagidan oqib tushadi. Bemorning og‘zi yaxshi yopilmaganligi bois og‘iz burchagining falajlangan tomonidan so‘lak oqib turadi.
Demak, bemor qoshlarni ko‘tarish va chimirish, ko‘zlarni chirt yumish va xo‘mrayish, lablarni cho‘chchaytirish, lunjni havoga to‘ldirish va puflash kabi mimik sinovlarni asimmetrik tarzda bajaradi. Ba’zida quloq atrofida og‘riqlar paydo bo‘ladi. Bu og‘riqlar VII va V nerv tolalari orasida anastomozlar mavjudligi hamda XIII nerv tolalari zararlanishi bilan izohlanadi. Falajlangan tomonda kuzatiladigan paresteziya va shishlar venoz turg‘unlik va shu sababli uch shoxli nerv retseptorlarining qo‘zg‘alishi bilan ham bog‘liq.
Mimik muskullarning asimmetrik falajidan tashqari, yuz nervining qaysi qismi zararlanganligiga qarab qo‘shimcha simptomlar ham paydo bo‘ladi. Ushbu simptomlarni aniqlash orqali patologik jarayon yuz nervining qaysi qismida joylashganini bilib olish mumkin (5.1-jadval).
5.1-jadval
Yuz nervining turli sohalari zararlanganda kuzatiladigan simptomlar
Yuz nervi zararlanadigan joylar | Simptomlari |
Nervning intrakranial, ya’ni ichki eshituv teshigi (porus acusticus internus) ga kiradigan qismi. Bu erdan eshituv ( VIII nerv) nervi ham o‘tadi | Mimik muskullar falaji+eshitish pasayishi va vestibulyar buzilishlar (VIII nerv zararlanganligi uchun), tilning oldingi 3/2 qismida ta’m bilish buzilishi, ko‘z yoshi ajralib chiqishi pasayishi, ba’zida ko‘zning butunlay quruqlashib qolishi (kseroftalmiya) |
Fallopiy kanali ichida nervning tizza tugunigacha (ganglion geniculi) bo‘lgan qismi, ya’ni n. petrosus major chiqadigan joydan oldingi qismi | Mimik muskullar falaji+kseroftalmiya, giperakuziya, tilning oldingi 3/2 qismida ta’m bilish buzilishi |
Fallopiy kanali ichida nervning n. petrosus major ajralib chiqqandan keyingi qismi | Mimik muskullar falaji+yosh oqishi kuchayishi, giperakuziya, tilning oldingi 3/2 qismida ta’m bilish buzilishi va ko‘z yoshi oqishi kuchayishi |
Fallopiy kanalida nervning n. stapedius ajralib chiqqandan keyingi va chorda tympani ajralib chiqishidan oldingi qismi | Mimik muskullar falaji+tilning oldingi 3/2 qismida ta’m bilish buzilishi va ko‘z yoshi oqishi kuchayishi |
Nervning ekstrakanal qismi, ya’ni Fallopiy kanalidan chiqqan qismi (foramen stylomastoideum orqali) | Mimik muskullar falaji + ko‘z yoshi oqishi kuchayishi |
Tashxis va qiyosiy tashxis. Klinik tashxis qo‘yish ko‘pincha qiyinchilik tug‘dirmaydi. Barcha qiyinchiliklar etiologik tashxis qo‘yish bilan bog‘liq. Yuz nevropatiyasi (Bell falaji) bir qator kasalliklar bilan qiyoslanadi.
- Miyacha-ko‘prik burchagi o‘smasi yoki yallig‘lanish kasalliklari uchun miyacha simptomlari, mimik muskullar falaji va eshituv nervi zararlanishi belgilari xos. Kasallik belgilari ketma-ket paydo bo‘ladi va asta-sekin rivojlanib boradi.
- VIII nerv nevrinomasi eshitishning pasayishi, vestibulyar bosh aylanish va ataksiyalar bilan namoyon bo‘ladi. Keyinchalik, ya’ni yuz nervi zararlana boshlasa, mimik muskullar falajlanadi. Kasallik belgilari asta-sekin paydo bo‘ladi va kuchaya boradi.
- Xant sindromi, ya’ni tizzasimon tugun ganglionitida mimik muskullar falajligi kuzatilgani uchun ham uni yuz nervi nevropatiyasi bilan qiyoslash zarur bo‘ladi.
- Melkersson-Rozental sindromi. Etiologiyasi noaniq bo‘lmish ushbu sindrom kam uchraydi va yuz nervining ketma-ket keluvchi ikki tomonlama zararlanishi bilan namoyon bo‘ladi. Avval bir tomondagi, keyin ikkinchi tomondagi yuz nervi zararlanadi. Kasallik mimik muskullar falaji, yuzda angionevrotik shish, granulematoz xeylit (yunonch. cheilos – lab) va til yuzasining yorilishi bilan kechadi. Kasallik qaytalanuvchi xususiyatga ega va har doim yuzning angionevrotik shishi kuzatiladi. Ba’zida Bell falaji ham qaytalanishi mumkin. Biroq unda yuzning angionevrotik shishi xeylit va til yuzasida patologik o‘zgarishlar vujudga kelmaydi.
- Yuz nervining ikki tomonlama zararlanishi Giyen-Barre sindromi, Mebius sindromi, neyroborellioz, leykoz, miya pardalari karsinomatozi, zahm, sarkoidoz, miasteniya, porfiriya, OITS, distrofik miotoniya, miya qutisi jarohatlari, infektsion mononukleaz, idiopatik kranial paximeningit va Pedjet kasalligida ham uchraydi.
- Yuz gemispazmi. Yuz nervi innervasiya qiluvchi mimik muskullarning ixtiyorsiz qisqarishlari bilan namoyon bo‘luvchi paroksizmal holatlarga yuz gemispazmi deb aytiladi. Spazm to‘satdan paydo bo‘ladi va, odatda, ko‘zning aylana muskullaridan boshlanadi, keyin boshqa mimik muskullarga tarqaydi. Kasallik klinikasi ba’zida yuz nevriti asoratlariga o‘xshab ketadi (5.2-rasm). Yuz gemispazmida barcha mimik muskullar asimmetriyasini kuzatish mumkin: ko‘z yorig‘i asimmetriyasi, lab burchaklari asimmetriyasi va h.k. Ammo bu asimmetriyalar mimik muskullar falajligidan emas, balki ularning to‘satdan ro‘y bergan spazmi bilan bog‘liq. Ular tez-tez kuzatiladi va stress paytida zo‘rayadi. Gohida kulish, gapirish va vrach tekshiruvlari paytida spazm paydo bo‘ladi yoki kuchayib ketadi. Spazm o‘tib ketgach, yuz asimmetriyasi kuzatilmaydi yoki yengil ko‘rinishda bo‘ladi.
Ba’zida, ya’ni miya shishi va bo‘kishi bilan kechuvchi og‘ir holatlarda, kortiko-nuklear yo‘llar zararlanishi nafaqat pastki mimik muskullar falajlanishi, balki yuqori mimik muskullarning engil falajligi bilan ham namoyon bo‘ladi. Bu holatni, ayniqsa, og‘ir serebral insultning o‘tkir davrida kuzatish mumkin. Bunday vaziyatlarda XII nervning markaziy falajligi va piramidal simptomlar aniqlanishi tashxisni to‘g‘ri qo‘yishga yordam beradi. Shuningdek, qosh usti refleksiga, albatta, e’tibor qaratish lozim.
Eslatma. Yuz nervining periferik falajligida qosh usti refleksi yo‘qoladi, markaziy falajlikda esa saqlanib qoladi.
Davolash. Yuz nervi nevropatiyasi zudlik bilan davolash muolajalarini boshlashni talab qiladigan patologik holat. Har bir kechiktirilgan kun og‘ir nevrologik va psixologik asoratlarga olib kelishi mumkin. Chunki kasallik belgilari inson yuzida namoyon bo‘layapti. Bemorni ambulatoriya sharoitida davolasa ham bo‘ladi. Agarda tashxis qo‘yishda qiyinchiliklar paydo bo‘lsa va boshqa mutaxassislar ko‘rigi zarur bo‘lsa, bemorni statsionarga joylashtirish mumkin. Har qanday holatda ham tashxisni zudlik bilan aniqlab, davolash muolajalarini erta boshlash talab etiladi.
Kortikosteroidlar. Davolashda ko‘zlangan asosiy maqsad – bu avvalambor, nerv atrofidagi shishni bartaraf etish va mikrosirkulyasiyani tiklashdir. Bu maqsadda kortikosteroidlardan foydalaniladi. Kortikosteroidlar qancha erta boshlansa, uning natijasi shuncha yuqori bo‘ladi. Shuning uchun ham kortikosteroidlar bilan davolashni kasallik aniqlangan kuniyoq boshlash tavsiya etiladi. Bu maqsadda, asosan, prednizolon qo‘llaniladi. Prednizolonni 1 kg tana vazniga 1-1,5 mg dan ichishga buyuriladi. Kattalar uchun dorining kundalik dohasi 80–120 mg ga teng. Prednizolon ushbu miqdorda 7 kun mobaynida ichiladi va uning dozasi har 3–4 kunda kamaytirib boriladi. Prednizolonni bundan ham katta dozalarda (kuniga 250–500 mg) tavsiya etishning samarasi isbot qilinmagan. Turli mamlakatlarda o‘tkazilgan tadqiqot natijalari yuz nevropatiyasida kortikosteroidlarning yuqori dozasi emas, balki ularni erta tavsiya etish samarali ekanligini ko‘rsatdi. Agarda kortikosteroidlar bilan davolash kasallik rivojlangandan so‘ng 2 hafta o‘tgach
boshlansa, uning samarasi juda past bo‘ladi. Chunki bu paytga kelib yuz nervida qayta tiklanmaydigan patologik o‘zgarishlar (masalan, aksonopatiya) ro‘y bera boshlaydi. Shu bois, yuz nevropatiyasida kortikosteroidlarni qo‘llash Xalqaro davolash standartlaridan o‘rin olgan.
Kortikosteroidlar bilan davolashning oshqozon-ichak sistemasiga zararli ta’sirini kamaytirish uchun antasid dorilar tavsiya etiladi. Masalan, omeprazol kuniga 20 mg dan 2 mahal, ranitidin 150 mg dan 2 mahal buyuriladi. Kortikosteroidlar bilan davolashda ularni tavsiya qilishga monelik qiluvchi patologik holatlar va kasalliklarni ham e’tiborga olish zarur.
Antivirus dorilar. Yuz nevropatiyasi kelib chiqishida viruslarning o‘rni katta. Shuning uchun dastlabki kunlardanoq antivirus dorilar tavsiya etiladi. Bu maqsadda asiklovir 1 kg tana vazniga 5 mg dan natriy xlorning 0,9% – 200 ml eritmasida kuniga 2–3 mahal venadan tomchilatib yuboriladi. Agar bemorning tana vazni 60 kg bo‘lsa, atsiklovirning bir martalik dozasi 300 mg, bir kunlik dozasi 600–900 mg ni tashkil qiladi. Dori ushbu dozada 5 kun mobaynida parenteral yo‘l bilan qilinadi, keyinchalik yana 5 kun davomida 200 mg dan kuniga 5 mahal yoki 400 mg dan 3 mahal ichishga buyuriladi. Agarda yuzda gerpetik toshmalar paydo bo‘lmasa, antivirus dorilarni 4–7 kun mobaynida tavsiya etishning o‘zi kifoya.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha