ShAXS VA QIZIQIShLAR HAQIDA BILASIZMI?
Psixologiyada shaxs o‘zining yo‘nalganligi va qobiliyati bilan ajralib turadi. Yo‘nalganligi deganda, odamning ehtiyoji, qiziqishi, istagi, moyilligi, e’tiqodi, orzulari va dunyoqarashi tushuniladi. Zamonaviy va madaniyatli kishining qiziqishlari turli-tuman bo‘ladi. Qiziqishlar yoshga qarab o‘zgarib boradi. Uch yoshdan besh yoshgacha bo‘lgan sog‘lom bolada hamma narsani bilishga qiziqish yaqqol ifodalangan bo‘ladi. Bu yoshdagi bolaning savollari “Bu nima?”, “Nega?”, “Nima uchun?”dan iborat bo‘ladi. Maktabgacha yoshda o‘yinchoqlarga, ular bilan o‘ynashga va mazmunli o‘yinlarga moyillik uyg‘onadi. Xuddi shu davrda bolada rasm solishga, jonli tabiat va hayvonlarga, ertaklarga, fantastika, hazil-mutoyibalarga ham qiziqish uyg‘onadi. O‘qish va ayrim fanlarga (matematika, musiqa, rasm solish, she’r to‘qish) qiziqish rivojlanadi. Bu qiziqishlar vaqtinchalik va doimiy bo‘lishi mumkin. Texnika, sportga qiziqish ham birmuncha erta paydo bo‘ladi.
Badiiy adabiyotlarga qiziqishning o‘ziga xos qonuniyatlari bor: avvalo, ertaklarga, so‘ng esa sarguzasht, fantastik, detektiv adabiyotlarga, so‘ngra romantika, jinslar orasidagi munosabatlarga va siyosatga qiziqish paydo bo‘ladi. Lekin ba’zi qiziqishlar parallel holda kuzatilishi ham mumkin. Qiziqishlar odamning didiga ham bog‘liq. Did odam hayotining turli davrida, goho erta, goho esa kech shakllanadi. Dunyoqarash va falsafa masalalari, hayot mazmuniga qiziqishlar qariyb yigirma yoshda shakllanadi. Xuddi shu yoshda yoki keyinchalik jamoat ishlariga qiziqish uyg‘onadi.
O‘zga jinsga qiziqish (mayl) 12-15 yoshdan boshlab rivojlanadi. Qiziqishlarning turidan tashqari, ularning ijtimoiy mavqei va kengligi ham ahamiyatlidir. Qiziqishi chegaralangan odamlar faqat o‘z hunari bilan cheklanib qoladi. Qolgan narsalar deyarli ularni qiziqtirmaydi. Qiziqish doirasi keng bo‘lgan odam ko‘proq bilishga intiladi. U fan-texnikaning turli xil sohalarini egallab, ijtimoiy-siyosiy masalalar, san’at va sport bilan qiziqadi. Lekin sanab o‘tilgan barcha qiziqishlar bir xil qimmatga ega bo‘lmaydi. Ulardan biri asosiy, qolganlari ikkinchi darajali ahamiyatga ega bo‘ladi. Chunonchi, vrach uchun quyidagi fanlar – anatomiya, terapiya, farmakologiya, psixologiya eng diqqatga sazovor sanalsa-da, bu unga siyosat, musiqa, sport, she’riyat, ov qilish bilan qiziqishga xalaqit bermaydi.
Qiziqishlarning barqarorligi ham ahamiyatlidir. Ba’zi odamlarda ularning asosiy qiziqishlari umrbod hamroh bo‘lsa, boshqalarda tez paydo bo‘lib, o‘tib ketadi. Psixopatiyada qiziqishlar beqaror bo‘ladi. Natijada, kishi shunchaki qiziquvchan bo‘lib qoladi, amalda esa hech bir faol ish qilmaydi yoki chala bajaradi. Qiziqishlar kuchli va sust bo‘lishi mumkin. Biror faoliyatga kuchli qiziqqan odam to‘siqlarni enga oladi, kerak bo‘lsa, qurbon bo‘ladi. Odam shaxsiga batafsil ta’rif berish uchun uning qiziqishlarini chuqur o‘rganish zarur.
Buyuk shaxslar
Buyuk shaxslar o‘z aql-zakovati va ilmi bilan avliyo darajasigacha etishgan. Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshbandiy, Najmiddin Kubro, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy kabi allomalarni bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin.
Har bir odamning dunyoqarashi ko‘proq uning biror maqsadga intilgani, tarbiyasi, orttirgan bilimi va hayot tajribasiga bog‘liq. Ijtimoiy-tarixiy shart-sharoitlar kishining dunyoqarashi shakllanishida muhim o‘rin tutadi. Agar kishining dunyoqarashi jamiyatda kechayotgan salbiy jarayonlarga mos kelmasa va bu jarayonlar ijobiy deb tan olinsa, bu holat shaxsning jamiyatga va atrofdagilarga bo‘lgan munosabatini butunlay o‘zgartirib yuboradi. Shuning uchun ham buyuk shaxslar (Cho‘lpon, Fitrat va boshqalar) o‘z zamonasining qurboni bo‘lishgan yoki qatag‘on qilingan.
Ko‘pchilik olimlarning yutuqlarida ularning shaxsi muhim ahamiyatga molik ekanligi, shaxsning ilm-fan rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatishi aytib o‘tiladi. Har qanday odam, u qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’i nazar shaxs bo‘lib kamol topishi kerak.
Shaxsning kamol topishida qobiliyat va iste’dodning ham ahamiyati katta. Qobiliyat muayyan faoliyatni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan individual xususiyatdir. Odam qobiliyatli bo‘lib tug‘ilmaydi, balki etishadi. Ilk bolalik davridan boshlab odamda nimagadir qobiliyat bo‘ladi, nimagadir esa bo‘lmaydi. Buni ota-ona darrov ilg‘ab olsa, keyinchalik bola etuk shaxs bo‘lib etishishi mumkin.
Alisher Navoiydagi she’riyatga bo‘lgan qiziqish ilk bolalik yoshidan ilg‘ab olingan va unga har tomonlama ko‘mak berilgan. Natijada Hazrat Navoiy buyuk shaxs bo‘lib etishdi va she’riyat sultoni degan nomni oldi. Demak, qobiliyatni taraqqiy ettirish zarur. Bordi-yu qobiliyatning nishonasi bo‘lmasa, uni rivojlantirib bo‘lmaydi. Masalan, skripkachi bo‘lish uchun bir emas, bir necha qobiliyatga ega bo‘lish kerak. Skripkachi maromni sezishi, musiqiy va kinestetik xotirasi bo‘lishi, qo‘l barmoqlari mayin va aniq harakat qilmog‘i lozim. Bunga yana musiqiy did, hissiylik va ko‘pgina boshqa qobiliyatlar qo‘shiladi. Ana shu xususiyatlar bo‘lganda, sanab o‘tilgan barcha qobiliyatlarni o‘qish va mashq qilish jarayonida rivojlantirish mumkin.
Chunonchi, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Al-Farg‘oniy, Bobur, Kamoliddin Behzod, Forobiy, Rudakiy, Pushkin, Mosart, Shekspir, Paskal, Leonardo da Vinchi, Mikelanjelo kabi allomalarda qobiliyat va iste’dod juda erta, ya’ni bolalik davridan hayratlanarli darajada rivojlangan. Biroq aksariyat olimlar, ixtirochilar va davlat arboblarining iste’dodi kechroq namoyon bo‘ladi.
Bitta bola hamma fandan a’lochi bo‘la olmaydi
Ko‘pchilik o‘quvchilarning darslarni o‘zlashtirishlari tamomila pedagogik jarayon sifatiga bog‘liq va ularning barchasi yaxshi o‘qishlari kerak degan fikr xatodir. Bu fikr o‘qitishning soxtalashuvi va sifatining pasayishi, baholarni sun’iy ravishda oshirish hamda maktab va oliy o‘quv yurtlarida tegishli diplomni rasmiyatchilik asosida berishga olib keladi.
Dohiylar va psixopatlar
Shaxsga ta’rif bera turib, buyuk allomalarda talant kurtaklari erta yoshdan boshlab nish urishi haqida aytib o‘tdim. Shu erda shaxs bilan bog‘liq yana bir qiziq muammo haqida so‘z yuritishni lozim deb topdim, ya’ni buyuk shaxslar (dohiylar)ning ruhiy nuqsonlari to‘g‘risida. Psixopatiya alomatlari bo‘lgan buyuk shaxslar haqida ilmiy adabiyotlarda turli ma’lumotlarni uchratamiz. Psixopatiya – bu shaxsning patologik o‘zgarishi bo‘lib, uning shakllanishida tug‘ma omillarga katta urg‘u beriladi.
Olimlar iqtidor va ruhiy nuqsonlar orasida uzviy bog‘liqlikni aniqlashga doim harakat qilishgan. Bu bog‘liqlikni o‘rganish deyarli 100 yil oldin boshlangan. Olimlar tarixiy shaxslarning hayoti bilan qiziqib, ularning oila a’zolari, qarindosh-urug‘lari, ota-onasi va farzandlari haqida ma’lumot yig‘ishgan. Men ham buyuk shaxslarning oilaviy hayoti va nuqsonlari haqida ma’lumotlar to‘pladim. Buning natijasida antiqa bir xulosa paydo bo‘ldi: agar geneologik shajaraning bir shoxchasi bo‘ylab ularning ajdodlarida (ota-onasi, buvasi, buvisi) iqtidorli shaxslar aniqlangan bo‘lsa, boshqa bir shoxchasi bo‘ylab ruhiy nuqsonlar, hatto ruhiy kasalliklar aniqlangan. Boshqa xorij olimlari qatori iqtidor bilan ruhiy nuqsonlar orasidagi bog‘lanishni aniqlashga 1925 yili tadqiqotchi olim G.V. Segalin ham harakat qilgan. U eng buyuk shaxslarning hayoti va ulardagi ruhiy nuqsonlarni o‘rgangan va quyidagi jadvallarni tuzgan.
1-jadval
Otasida ruhiy nuqson aniqlangan,
onasi esa iqtidorli bo‘lgan buyuk shaxslar
Buyuk shaxslar | Otasi | Onasi | ||
Iqtidor | Nuqson | Iqtidor | Nuqson | |
Uspenskiy | - | + | + | - |
Stendal | - | + | + | - |
Lev Tolstoy | - | + | + | - |
Dostoevskiy | - | + | + | - |
J.J. Russo | - | + | + | - |
Sharl Jerar | - | + | + | - |
2-jadval
Otasi va onasida ruhiy nuqson aniqlangan
buyuk shaxslar
Buyuk shaxslar | Otasi | Onasi | ||
Iqtidor | Nuqson | Iqtidor | Nuqson | |
Kepler | + | + | - | + |
Gyote | + | + | - | + |
Blok | + | + | + | + |
Mopassan | - | + | + | + |
Bayron | + | + | + | + |
Shopengauer | - | + | + | + |
Balzak | + | + | - | + |
Bu jadvallardan ko‘rinib turibdiki, buyuklik (aniqrog‘i, iqtidor) va ruhiy nuqsonlar nasldan-naslga o‘tishi mumkin. Ular orasida uzviy bog‘liqlik bor va ruhiy buzilishlar dunyo miqyosida nomi chiqqan buyuk shaxslar (Stendal, Nitsshe, Eynshteyn, Russo, Gyote, Balzak, Landau va h.k.)da aniqlangan. Masalan, A. Eynshteyn g‘alati xarakteri bilan boshqa olimlardan ajralib turgan.
Muallifning fikricha, ruhiy sog‘lom kishilarda iqtidor sog‘lom miya tomonidan “bosib” turiladi va talantning “otilib” chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ruhiy nosog‘lom shaxslarda esa bunday to‘siq yo‘q va talant bemalol o‘zini to‘la namoyon qila oladi. Tadqiqotchi o‘z fikrini davom ettira turib, quyidagi xulosada to‘xtaladi: buyuk kishilarning genida ikkita komponent mavjud bo‘lib, ulardan biri uning ajdodlaridan o‘tgan iqtidor bo‘lsa, ikkinchisi ruhiy nuqsondir. Bunday irsiy buzilishlar buyuk shaxslarning o‘zida kuzatilmasa-da, ularning yaqinlarida (akasi, ukasi yoki singlisida) kuzatilgan. Masalan, Gegel, Didro va Shumanning singillarida, L.Tolstoy, Gyugo, Feyerbax va Uspenskiylarning ukalarida ruhiy kasalliklar bo‘lgan.
Buyuk shaxslar va ularning farzandlari
G.V.Segalin fikricha, buyuk shaxslarning farzandlari aksariyat hollarda aqli past va ruhiy nuqsonlarga boy bo‘lishadi. Masalan, Bax, Shuman, Tatsit, Mendelson, Gyotening o‘g‘illari va Mark Tvenning qizi ruhiy kasallik bilan og‘rishgan. Tadqiqotchilar yana bir qiziq, umuman olganda, hammaga ma’lum bo‘lgan bir taxminni o‘rtaga tashlashadi.
Ba’zida buyuk shaxslar sog‘lom bo‘lgan taqdirda ham, ular o‘z talantlarini ro‘yobga chiqarishi uchun ichkilikka ruju qo‘yishgan, masalan, shoirlar. Haqiqatan ham eng jozibali ba’zi she’rlar va kashfiyotlar mast holda yaratilganligini ko‘pchilik biladi. Go‘yoki ichkilik talantni bosib turuvchi to‘siqni olib tashlaydi va buyuk shaxsning miyasida paydo bo‘lgan olamshumul fikrlarni ro‘yobga chiqaradi. Bu fikrga qisman qo‘shilish mumkin, albatta. Lekin hech qachon aroqni yoki boshqa spirtli ichimliklarni talantning yo‘lboshchisi sifatida e’tirof etib bo‘lmaydi.
Fikrimizcha, buyuk shaxslarda uchraydigan aroqxo‘rlik (ba’zida axloqiy buzilishlar) ruhiy etishmovchiliklarni qondiruvchi bir omildir, xolos. Bugungi kunda mutaxassislar iste’dodni ro‘yobga chiqaruvchi omillar ustida ish olib borishmoqda. Lekin maktabni zo‘rg‘a tamomlagan va doim qoloq bo‘lgan Albert Eynshteynning qobiliyatini ro‘yobga chiqarish uchun maxsus shug‘ullanishmagan. Shunday bo‘lsa-da, u buyuk shaxs bo‘lib etishdi va olamshumul kashfiyotlari bilan Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarga qisman bo‘lsa-da, tanqidiy ko‘z bilan qarash kerak. Vaholanki, faqat ruhiy nuqsonga ega bo‘lgan odamgina buyuk shaxs bo‘lib etishadi deb xulosa qilish haqiqatga mutlaqo ziddir. Chunki Motsart, Shekspir, Dyuma, Shopen va Raxmaninov (bu ro‘yxatni davom ettirish mumkin) kabi buyuk shaxslarda ruhiy nuqsonlar bo‘lmagan. Yana shuni ta’kidlash lozimki, yuqorida nomi tilga olingan shaxslar ruhiy shifoxonalarda davolanishmagan va aksariyat hollarda ularning xulq-atvoridagi g‘alati o‘zgarishlarga qarab baho berilgan, xolos. Bunday paytlarda ruhiy kasallik haqida emas, balki shaxsning patologik o‘zgarishi haqida fikr yuritish kerak.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha