BEKKER MIOPATIYaSI


Etiologiyasi. Kasallik retsessiv va X-xromosomaga birikkan tipda nasldan-naslga o‘tadi. Asosan, o‘g‘il bolalarda uchraydi. Patologik gen X-xromosomaning Xr21 lokusida joylashgan. Dyushen miopatiyasiga o‘xshab, ushbu miopatiyaning rivojlanishi ham distrofin genining mutatsiyasi bilan bog‘liq. Bu gen muskul tolalarining oqsili hisoblanmish distrofin sintezini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega. Agar distrofin sintezi butunlay buzilsa, Dyushen miopatiyasi qisman buzilsa, Bekker miopatiyasi rivojlanadi.

Bekker miopatiyasi klinik jihatdan Dyushen miopatiyasiga juda o‘xshab ketadi, biroq u ancha kech rivojlanadi va engil kechadi.
       
Klinikasi. Dastlabki belgilari 20-40 yoshlarda boshlanadi. Kasallik juda sekin rivojlanadi, ya’ni bemor 15-20 yil mobaynida mustaqil yurish qobiliyatini saqlab qoladi. Atrofiyalar dastlab tos va oyoqlarning proksimal muskullaridan simmetrik tarzda boshlanadi. Keyinchalik spinal, elka va qo‘llarning proksimal muskullarida atrofiya vujudga kela boshlaydi. Yuz muskullari kam zararlanadi. Boldir muskullari psevdogipertrofiyasi erta boshlansa-da, Dyushen miopatiyasidagi kabi katta darajaga etmaydi. Kasallik qancha kech boshlansa, u shuncha engilroq kechadi. Kasallikning engil kechishi uni ogir kechuvchi Dyushen miopatiyasidan farqlab turuvchi yana bir belgidir. O‘z funktsiyasini to‘la bajara olmayotgan oyoq muskullari charchashi sababli turli og‘riqlar (mialgiyalar) paydo bo‘ladi. Keyinchalik kardiomiopatiya rivojlanadi. Suyak-bo‘g‘im deformatsiyasi ham juda kech, ya’ni bir necha yildan so‘ng shakllanadi. Intellekt saqlanib qoladi.
      
Tashxis qo‘yish algoritmi:

       •    Nasldan-naslga retsessiv va X-xromosomaga birikkan tipda o‘tishi.
       •    Kasallikning 20-40 yoshlarda boshlanishi.
       •    Tos va oyoqlarning proksimal muskullari atrofiyasi.
       •    Boldir muskullari psevdogipertrofiyasi.
       •    Kech rivojlanuvchi kardiomiopatiya.
       •    EMG da muskullarning birlamchi atrofiyasi.
       •    Engil kechishi va uzoq davom etishi.
       •    Qon zardobida KFK miqdori oshishi.

Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi
              ©asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив