Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Bemorni operatsiyaga tayyorlash

Bemorni operatsiyaga tayyorlash


Bemorni operatsiyaga tayyorlash murakkab jarayondir, chunki asabi o‘ta mustahkam odam ham operatsiyadan hayiqishi mumkin. Bemorni operatsiyaga nafaqat tibbiy ko‘rsatmalarni e’tiborga  olgan holda, balki psixologik nuqtai nazardan ham tayyorlash zarur. «Hammasi yaxshi bo‘ladi, qo‘rqmang» degan an’anaviy iboralar bemorni hamma vaqt ham qoniqtiravermaydi. Jarroh dastlab bemordagi qo‘rquvni bartaraf qilishga harakat qilishi lozim, operatsiyaga va o‘ziga ishonch tug‘dira olishi kerak. Ayniqsa, bu so‘zlar jarrohlik kasbini egallab, endigina amaliyotga kirib kelayotgan yoshlar uchun o‘ta zarur.  Boshqa kasblardan farqli o‘laroq, jarrohning obro‘-e’tibori uning muvaffaqiyatli o‘tkazgan operatsiyalariga proportsional tarzda bog‘liq. Yosh jarrohlar hali uncha ko‘p operatsiya qilmagan bo‘ladi va tabiiyki, u tanilishi va o‘z mahoratini ko‘rsatishi uchun bemor bilan ishlashi kerak. Yuqori darajada professional jarroh darajasiga etish uchun yosh jarrohlar bunday operatsiyalarni ko‘plab bajarishlari lozim. Operatsiya muvaff
aqiyatli o‘tishi va o‘ziga ishonch uyg‘otishi uchun jarroh bemor bilan psixologik suhbatlar o‘tkazib turishiga to‘g‘ri keladi. Barcha mashhur jarrohlar dastlab shu yo‘ldan borgan.
       
Operatsiyadan oldin bemorda turli xil psixovegetativ va psixosomatik belgilar kuzatilishi mumkin. Bular uyqu buzilishi, bosh aylanishi, yomon tush ko‘rish, ko‘p terlash, titrash, taxikardiya, AQB o‘ynab turishi, o‘lim qo‘rquvi, ich ketish, tez-tez siyish va boshqalar. Ma’lumki, operatsiyaga monelik qiluvchi holatlarni aniqlash uchun bemor boshqa mutaxassislar, masalan, terapevtlarga ko‘rsatiladi, turli xil laborator va diagnostik tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Ba’zan bemor terapevtdan qandaydir bir umid bilan «Bu bemorga operatsiya mumkin emas, uni dori-darmonlar bilan davolanglar», degan so‘zlarni eshitgisi keladi.  Hatto operatsiyadan oldin yaqinlari bilan vidolashadigan, yaqinlariga vasiyat qiladigan holatlar ham uchrab turadi. Bemorni operatsiyaga psixologik nuqtai nazardan tayyorlashda nafaqat operatsiya qiluvchi jarroh, balki boshqa tibbiy xodimlar, ya’ni palata vrachi, hamshira (ayniqsa, operatsiyada ishtirok etuvchi) ham faol ishtirok etishlari zarur. Ba’zi bemorlar uni operatsiya qiluvchi jarroh so‘ziga emas, balki boshqa bir vrach yoki hamshira va hattoki o‘sha bo‘limda davolanayotgan bemorning so‘zlariga quloq tutadi va operatsiyadan voz kechadi. Shifokorlar orasidagi o‘zaro ishonch va etika tamoyillari ham katta ahamiyatga ega,  chunki doimo operatsiyalarda ishtirok etib yuruvchi hamshira bemorni uni operatsiya qiluvchi jarrohdan aynitib qo‘yishi mumkin. 
       
Operatsiyadan voz kechish sabablari turli-tuman bo‘lib, ular asosan rejali operatsiyalarga taalluqli. Bunday vajlarning ba’zilari haqida to‘xtalib ham o‘tdik.  Bular –  yaqin kishisining xuddi shunday tarzda o‘tkazilgan operatsiyadan keyin vafot etishi yoki nogiron bo‘lib qolishi, yaqinlarining operatsiya qildirmaslik haqidagi talabi, narkozdan qo‘rqish, jarroh va bemor orasidagi nosog‘lom psixologik vaziyat yoki tushuntirish ishlarining etarli darajada olib borilmasligi, qarilik davri, bir necha bor operatsiya o‘tkazgan bemorlar maslahati, isteriya yoki ruhiy kasalliklar.
       
Jarrohlikda psixologiya fani naqadar ahamiyatli ekanligi haqida yuqorida ma’lumot berdik. Ba’zan ruhiy jarohatlarni davolashda jarrohlik usullaridan ham foydalanish zarurati tug‘iladi. Hattoki gipnoz yordamida ham davolab bo‘lmaydigan ba’zi og‘ir ruhiy jarohatlarni davolashda jarrohlik operatsiyasiga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan ushbu voqea bunga yaqqol misol bo‘la oladi. 

Voqea yoz kunlarining birida ro‘y bergan. Bir ayol «insomniya», ya’ni uyqusizlik tashxisi bilan nevropatologda davolanib yuradi. U kechalari uxlay olmasdi. Uyqusizlikdan aziyat chekib, yana vrachning oldiga borganida, vrach unga kuchliroq uxlatuvchi dori buyuradi. Bemor dorini ichsa-da, hech uyqusi kelavermaydi. Uyqusi qochgan ayol tunda to‘lin oy yog‘dusida pastqam uyining derazasidan tashqariga qarab xayol surib o‘tiradi. Derazaning tagidan kichik bir ariqcha oqib o‘tardi. U ariqchada sakrab suzib yurgan baqalarga tikilib, «Buncha kichik bo‘lmasa bular, uxlab yotganimda ichimga kirib ketishsa-ya», degan xayol bilan choyshabni ustiga yopib uxlab qoladi. Tush ko‘radi. Tushida kichikroq bir baqa derazadan u yotgan karovat tomon sakrab-sakrab yuradi va bemorning og‘ziga kirib ketadi. Bemor qo‘rqib uyg‘onib ketadi va birdan derazaga qaraydi. Tong endi otayotgan edi. Yorug‘lik tusha boshlagan deraza tokchasida 2–3 ta baqa sakrab yurganiga ko‘zi tushadi. Ularni ko‘rib, bemorda qattiq kekirik paydo bo‘ladi va u baqaning sayraganiga o‘xshab eshitiladi. Kekirik tez-tez takrorlanaveradi. Hovliga chiqadi va vodoprovod jo‘mragini ochib, og‘zini chayib tashlaydi, qusishga harakat qiladi, qusa olmaydi. Bir kosa iliq suvni to‘ldirib ichadi va yana qusishga harakat qiladi. Kekirik kuchayib boraveradi va tez-tez takrorlana boshlaydi. Bu ayolning eri olamdan o‘tgan bo‘lib, voyaga etgan qizi bilan yashardi. Qo‘rqib ketib, qizini uyg‘otadi va unga «Men uxlab yotganimda, baqa yutib yubordim, shekilli, u oshqozonimda turibdi», deb yig‘lab yuboradi. Qizi uni tinchlantirishga harakat qiladi, «Balki tush ko‘rgandirsiz», deydi. «Yo‘q, tushim bo‘lganida bilardim, men aniq bilaman, baqa og‘zimga kirib ketganidan so‘ng uyg‘onib ketdim, ko‘zimni ochsam, deraza tokchalarida baqalar o‘ynab yuruvdi, bu tush emas!» deydi zorlanib. Qizining «Oyijon, ba’zan odamning tushini o‘ngidan ajratish qiyin bo‘ladi-ku, siz tush ko‘rgansiz», deyishiga qaramasdan doktorga boramiz, deb turib oladi.
       
Ular erta saharda bir tanish doktorning uyiga borishadi va bo‘lgan voqeani aytib berishadi. Bemor tinmay kekirardi. Doktor uni tekshirmasdan, kulib shunday deydi: «Baqani yutib bo‘lmaydi, u tomoqdan o‘tmaydi, baqa hech qachon odamning og‘zidan uning ichiga kira olmaydi». Bemor doktordan norozi bo‘lib, uning yonidan chiqib ketadi. Bemor qizi bilan boshqa vrachlarga qatnay boshlaydi, ulardan turli tekshiruvlar o‘tkazishni talab qilaveradi. Uni nevropatolog, psixiatr, jarroh, terapevt, rentgenologlar tekshirishadi. Tekshiruvda qatnashgan barcha shifokorlar bemorning ichida baqa yo‘qligiga uni ishontirmoqchi bo‘lishadi. Biroq bu urinishlar zoya ketadi. Bemor tabiblarga qatnay boshlaydi. Ularning deyarli hammasi bir xil gapni aytishardi: «Baqa odamning ichiga kira olmaydi, siz yomon tush ko‘rgansiz». Bemorning tinchi buziladi, u nima esa, qusib tashlayveradi, kekirish sira qolmaydi.
       
Bemor shu ahvolda bir oy qiynalib yuradi va ozib ketadi. Bu voqeadan xabardor odamlar: «Baqa qolgan bo‘lsa ham u o‘lib bo‘lgan, organizmdan chiqib ketgan», deb ishontirishga harakat qilishadi. Lekin bu gaplar hech naf bermaydi. Baqa ichimga kirib ketdi, degan fikr uning miyasiga o‘tirib qolgan edi. U jarrohlardan operatsiya qilib, baqani olib tashlashni talab qila boshlaydi. «U mening oshqozonimda yashab yuribdi, u hali o‘lmagan, ichimni kemiryapti», deb yig‘layveradi. Axiyri uni professorga ko‘rsatishadi. Professor bo‘lib o‘tgan barcha voqealarni batafsil o‘rganib chiqadi, bemorni to‘la tekshiradi va bemorga jarroh bilan maslahatlashib, uning qornini operatsiya qilib ochib ko‘rishni va’da qiladi: «Agar haqiqatan ham baqa ichingizda yashayotgan bo‘lsa, uni olib tashlash kerak!» deydi. Bu so‘zlardan bemorning ko‘ngli taskin topadi. Uni jarrohlik bo‘limiga yotqizib operatsiyaga tayyorlashadi.
       
Professor «oshqozondan baqani olib tashlash» operatsiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha muolajalarni butunlay sir saqlashni operatsiyani o‘tkazuvchi jarrohga va hamshiraga tayinlaydi. Bemor operatsiya xonasiga olib kiriladi va u dori ta’sirida uxlatiladi. Operatsiyadan oldin kichikroq bir baqa topib kelishadi va u yopilib-ochiladigan idishga joylanadi. Operatsiyaning barcha qonun-qoidalariga amal qilingan holda bemorning qorin terisi, teri osti yog‘ qatlami kesiladi va qayta tikib qo‘yiladi. Operatsiyada bor-yo‘g‘i uchta odam, ya’ni jarroh, hamshira va professor ishtirok etishadi. Bu g‘aroyib operatsiyaning sirini faqat ular bilishardi. Professor hamshiraga bemor ko‘zini ochgan zahoti baqa solingan idishni ochib yuborishni buyuradi. Narkozning ta’siri qochgach, bemor ko‘zini ochadi. Shu payt hamshira baqa solingan idishni ochib yuboradi. Baqa bemorning ustidan bir-ikki sakrab pastga tushib ketadi. Bemor bu holatni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Professor bemorga boqib: «Siz to‘g‘ri aytgan ekansiz, baqa haqiqatan ham qattiq uxlab yotganingizda ichingizga kirib ketgan ekan, lekin u shuncha vaqt ichingizda o‘lmay yashaganiga hayronman!» deydi. Jarroh ham «Men bunaqa operatsiyani birinchi marta qilishim», deydi kulib. «Axiyri mening aytganim to‘g‘ri chiqdi», deydi bemor yuzidan nur yog‘ilib. Xullas, bemor butunlay tuzalib ketadi, kekirish yo‘qoladi, ishtahasi ochiladi, uyqusi ham tiklanadi. Qornida faqat kesilgandan engil chandiq qoladi, xolos. 
       
Oradan bir yil o‘tadi. Bir kuni bozorda «baqa yutib yuborgan ayol» qizi bilan aylanib yurib, hamshirani uchratib qoladi. Hamshira uni zo‘rg‘a taniydi, kasallikdan qiynalib, ozib ketgan bu ayol endi semirib, tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketgan edi. Ular qadrdon dugonalardek uzoq vaqt suhbat qurishadi, uni operatsiya qilib og‘ir va uyatli darddan xalos qilgan doktorlarga mingdan-ming qulluq aytadi. Suhbat orasida «Menga o‘xshab baqa yutib yuborgan ayollar kelishyaptimi?» – deb so‘raydi kulib. Hamshira ketishga shaylanayotganida uning kallasiga bema’ni bir fikr keladi: «Aslida nima bo‘lganini aytib bersammikan, oradan bir yil o‘tdi-ku, baribir bemor tuzalib ketgan-u». Beburd hamshira bo‘lib o‘tgan voqea tafsilotini oqizmay-tomizmay bemorga so‘zlab boradi. Hamshira shifokor etikasiga mutlaqo zid bo‘lgan o‘ta qaltis ishga qo‘l uradi. Barcha haqiqatni o‘z qulog‘i bilan uni operatsiya qilishda ishtirok etgan hamshiradan eshitgan ayol turgan joyida qotib qoladi. Uning ko‘zlari bir nuqtaga tikilgan va qulog‘iga hech narsa kirmas edi. Psixiatriyada bu holat stupor deb ataladi. Onasining bu holatini ko‘rgan qizi hamshirani so‘zlashdan to‘xtatadi. Hamshira bu holatni ko‘rib, qo‘rqqanidan voqea joyidan ketib qoladi. Ayolni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirishadi. Bemor suv ichmay, ovqat emay qo‘yadi. Uni zond orqali ovqatlantirish ham juda qiyin kechadi. Bemor ozib ketadi. Oradan bir oy ham o‘tmasdan ayol vafot etadi. Hamshira esa qamaladi.

Bu, albatta, ayanchli voqea. Bir tomondan, og‘ir psixopatologik sindromni bartaraf etishda mashhur professorning yuksak darajada qo‘llagan jarrohlik mahoratini ko‘rsak, ikkinchi tomondan, o‘rta tibbiyot xodimining bir og‘iz so‘zi oqibatida avvalgisidan ham og‘ir psixopatologik sindrom, ya’ni yatropatiya rivojlanib, o‘lim bilan tugaganining guvohi bo‘lamiz.  Shifokor yuqori darajada mas’uliyatli bo‘lishi va har bir so‘zni o‘ylab gapirishi kerak. 

Mashhur terapevt va deontolog olim Erkin Qosimov ta’biri bilan aytganda, shifokor – bu «vrach» so‘zining sinonimi emas, u keng ma’noli atamadir,  «shifokor» deganda, bemorga shifo berishda ishtirok etuvchi barcha tibbiyot xodimlari, ya’ni vrachlar, hamshiralar va kichik tibbiy xodimlar (sanitarkalar) tushuniladi. Har bir shifokor deontologiya  va  etika  tamoyillariga  qat’iyan amal qilishlari shart.

Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; ©asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив