Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Benzodiazepin unumlari

Benzodiazepin unumlari


  1. Alprazolam (ksanaks, zolomaks) – yuqori anksiolitik ta’sirga ega trankvilizator. Panik ataka, fobiya va xavotirli-depressiv buzilishlarda tavsiya etiladi. Shuningdek, alkogolizm, dementsiya va klimakterik nevrozda ham qo‘llaniladi. Davolash davomiyligi – 2-3 oy. Nojo‘ya ta’sirlari: uyquchanlik, bosh aylanishi, ataksiya, qabziyat, uzoq muddat ichilsa, o‘rganib qolish kuzatiladi. 18 yoshgacha mumkin emas. Epilepsiya bu dorini tavsiya etishga monelik qilmaydi.   Boshqa trankvilizatorlar kabi terapevtik dozalarda qabul qilinayotgan paytda birdan to‘xtatib bo‘lmaydi. Bunday paytlarda qo‘rquv va xavotir yana qo‘zg‘aydi. Monelik qiluvchi holatlar: glaukoma, miasteniya, uyqudagi apnoe, nafas etishmovchiligi, homiladorlik, laktatsiya davri, jigar va buyrak etishmovchiligi. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 0,25, 0,5 va 1 mg. Bir kunlik maksimal dozasi – 4 mg.
  2. Medazepam (rudotel, mezanam, nobrium) – benzodiazepinlar guruhiga mansub trankvilizator bo‘lib, anksiolitik, antikonvulsiv va miorelaksatsiya ta’sirlarga ega. Kuchli sedatsiya chaqirmaydi, shu bois kunduzgi trankvilizator hisoblanadi. Psixonevroz, ayniqsa, giperstenik tipdagi nevroz va o‘smirlardagi xulq-atvor buzilishida keng qo‘llaniladi. 10 yoshgacha tavsiya etilmaydi. Alkogolizmda kuzatiladigan abstinent sindromlarda ham samarasi bor.  Nojo‘ya ta’sirlari: bosh aylanishi, taxikardiya, akkomodatsiya buzilishi. Miasteniyada mumkin emas. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 10 mg. 
  3. Nozepam (oksazepam, tazepam) – sedativ ta’sirga ega trankvilizator. Boshqa trankvilizatorlar kabi psixonevrotik buzilishlarda tavsiya qilinadi. 18 yoshgacha tavsiya etilmaydi. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 10 mg.
  4. Diazepam (sibazon, seduksen, valium, relanium) – kuchli sedativ va antikonvulsiv ta’sirga ega trankvilizator. Seduksen yordamida tutqanoq xurujlari va kuchli psixomotor qo‘zg‘alishlar tez to‘xtatiladi. Shu bois tez tibbiy yordam xizmatida bu doridan keng foydalaniladi. Alkogolizm va narkomaniyada kuzatiladigan abstinent sindromlar ham seduksen orqali bartaraf qilinadi. Uzoq muddat qabul qilinsa, doriga bog‘lanib qolish xavfi mavjud. Chaqaloqlarga 1 oyga to‘lgandan keyin tavsiya etib boshlash mumkin. Bu davrda, ko‘pincha tutqanoq xurujini bartaraf etish uchun qo‘llaniladi. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 5 mg; ampula – 2 ml 0,5 % li eritma.
  5. Fenazepam – uxlatuvchi, tinchlantiruvchi, miorelaksatsiya beruvchi va tutqanoq xurujini to‘xtatuvchi kuchli trankvilizator. Ushbu dori kuchli qo‘rquv va xavotir, bezovtalik bilan namoyon bo‘luvchi psixoemotsional qo‘zg‘alishlarda juda samarali. Shuningdek, shaxsning psixopatologik va ipoxondrik tipdagi o‘zgarishlari, senestopatiya, surunkali uyqu buzilishlarida ham qo‘llaniladi.    Epilepsiyada kuzatiladigan psixopatologik o‘zgarishlar, MNS zararlanishlari sababli yuzaga kelgan mushaklar gipertonusi va giperkinezlarda ham qo‘llaniladi.   Dorini uzoq muddat qabul qilish mumkin emas. Aks holda boshqa benzodiazepinlar kabi o‘rganib qolish sindromi rivojlanadi. 18 yoshga qadar tavsiya etilmaydi. Og‘ir va uzoq davom etuvchi depressiyada tavsiya etilsa, suitsidal fikrlar kuchayishi mumkin. Monelik qiluvchi holatlar: miasteniya, bronxial astma, glaukoma va tungi apnoe. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 0,25; 0,5 va 1 mg.
  6. Triazolam (xaltsion) – benzodiazepinlar guruhiga mansub qisqa muddat ta’sir etuvchi va tez uyqu chaqiruvchi trankvilizator. Bu dori qabul qilingach, 15-20 daqiqa ichida uyqu keladi. Triazolam, shuningdek, miorelaksatsiya, antikonvulsiv va kuchli anksiolitik ta’sirlarga ham ega. 18 yoshgacha tavsiya etilmaydi. Asosiy ko‘rsatmasi – uyqusizlik. Nojo‘ya ta’sirlari: uyquchanlik, bosh aylanishi, koordinatsiya buzilishi. Ishlab chiqarilishi: tabletka –  0,25 mg. 
  7. Xlordiazepoksid (elenium, xlozepid, librium) – seduksenga qaraganda engilroq ta’sirga ega trankvilizator. Ko‘rsatmasi, nojo‘ya ta’sirlari va monelik qiluvchi holatlar seduksen kabi, biroq birmuncha engil ifodalangan. 4 yoshgacha tavsiya etilmaydi. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 5 va 10 mg; ampula – 2 ml (100 mg).
  8. Klonazepam (rivotril, antelepsin, kloneks) – benzodiazepinlar guruhiga mansub antikonvulsant. Kuchli anksiolitik, sedativ va miorelaksatsiya chaqiruvchi ta’sirlarga ega. Psixopatologik o‘zgarishlar bilan namoyon bo‘ladigan epilepsiya, organik psixoz va psixomotor qo‘zg‘alishlar, somnambuliya, muskullar gipertonusi, uyqusizlik, abstinent sindrom, o‘tkir affektiv buzilishlar, tremor, neyroleptik sindrom (akatiziya, diskineziya, katalepsiya, katotoniya, bezovta oyoqlar sindromi), migren, bezovta oyoqlar sindromi, trigeminal nevralgiya,  deliriya va gallyutsinatsiya, fobiya va xavotir bilan kechuvchi nevrologik kasalliklarda buyuriladi. Bu dori har qanday yoshda, hatto chaqaloqlarga ham beriladi. Farmakorezistent epilepsiyada ham samarali. Klonazepamni boshqa antipsixotik dorilar (masalan, neyroleptiklar), antikonvulsantlar, tritsiklik antidepressantlar, uxlatuvchi dorilar, sedativ dorilar, analgetiklar, miorelaksantlar bilan birgalikda tavsiya etish mumkin. Nojo‘ya ta’sirlari: uyquchanlik, bosh aylanishi, bosh og‘rishi, terida toshmalar, umumiy holsizlik. Monelik qiluvchi holatlar: Miasteniya, homiladorlik, laktatsiya davri, bronxial astma, glaukoma, o‘tkir mastlik davrida va og‘ir depressiya bilan kasallangan bemorlarga (suitsid kuchayishi mumkin) tavsiya etilmaydi. Ishlab chiqarilishi: 0,25, 05, 1 va 2 mg li tabletkalar. 

Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
  © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
  ©asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив