BIRLAMChI, IKKILAMChI VA UChLAMChI MAYDONLAR
Birlamchi maydonlar proektsion tipdagi xujayralardan iborat bo‘lib, po‘stloq markazlarini periferiya bilan bog‘laydi. Masalan, oldingi va orqa markaziy pushta neyronlari, ensa sohasida joylashgan ko‘ruv markazi, chakka sohasida joylashgan eshituv markazi birlamchi maydonlarga kiradi (1-jadval).
1-jadval
Po‘stloq maydonlari
Po‘stloq maydonlari | Brodmann maydonlari |
Birlamchi maydonlar (proektsion sohalar) | 3 – orqa markaziy pushta 4 – oldingi markaziy pushta 17 – birlamchi ko‘ruv sohasi 41 – birlamchi eshituv sohasi |
Ikkilamchi maydonlar (proektsion-assotsiativ sohalar) | 1, 2 va 5-maydonlar – teri-kinestetik analizatori; 18 va 19 – ko‘ruv gnostik markazlari 22 va 42 – eshituv analizatori; 6 va 8-maydonlar (premotor soha) – harakat analizatori |
Uchlamchi maydonlar (assotsiativ markazlar) | Peshona sohasida – 9, 10, 11, 45, 46, 47; Chakka sohasida – 21 va 31 maydonlar; Pastki parietal pushta – 39 va 40 maydonlar |
Barcha birlamchi maydonlarni topik printsip asosida tavsiflash mumkin. Chunki ushbu markazlar aniq bir funktsiyani bajarishga ixtisoslashgan va periferiya bilan bog‘langan. Masalan, ko‘ruv apparatidan keluvchi signallar 17-maydonga, eshituv apparatidan 41-maydonga, umumiy sezgidan keluvchi signallar 3-maydonga keladi. Harakat bilan bog‘liq yo‘llar esa 4-maydondan boshlanadi. Umuman olganda, birlamchi maydonlar zararlanishi neyropsixologik simptomlar emas, balki nevrologik simptomlar bilan namoyon bo‘ladi. Bunday buzilishlar nevrologik tekshiruvlar yordamida darrov aniqlanadi. Bunga misol qilib gemiparez, gemianesteziya, kortikal ko‘rliklarni misol qilib ko‘rsatish mumkin.
Ikkilamchi maydonlar birlamchi maydonlar yonida joylashgan bo‘lib, proektsion-assotsiativ hujayralardan iborat. Birlamchi maydonlarga kelib tushgan signallar ikkilamchi maydonlarga uzatiladi va bu erda ular murakkab analiz va sintez qilinadi. Masalan, 17-maydon predmetni ko‘radi, biroq uning nimaligini tanimaydi, 18 va 19-maydonlar esa predmetni taniydi. Shuning uchun ham 17-maydon zararlansa, kortikal ko‘rlik paydo bo‘ladi. 18 va 19-maydonlar zararlansa, ko‘ruv agnoziyasi rivojlanadi. Demak, 17-maydon ob’ektni ko‘rish uchun javobgar bo‘lsa, 18-maydon ob’ektni tanish (bilish) uchun javobgar.
Uchlamchi maydonlar faqat assotsiativ neyronlardan iborat bo‘lib, po‘stloqda bir necha analizatorlar bilan chegaradosh sohalarda joylashgan. Uchlamchi maydonlar po‘stloqning deyarli yarmini egallagan bo‘lib, turli funktsional sistemalarni bir-biri bilan bog‘lab turadi. Uchlamchi maydonlar joylashgan sohalarni po‘stloqning assotsiativ sohalari deb atashadi. Ular kalta o‘simtali yulduzsimon xujayralardan iborat. Assotsiativ sohalar po‘stloqning temporal, parietal va oksipital bo‘laklari chegarasida (TRO – temporo-parieto-occipitalis) sohasi hamda prefrontal sohada joylashgan. Faqat inson uchun xos bo‘lgan o‘ta murakkab intellektual operatsiyalar aynan uchlamchi maydonlar faoliyati bilan bog‘liq. Bunga nutq va u bilan bog‘liq bo‘lgan ongli faoliyatni misol qilib ko‘rsatish mumkin. Birlamchi va ikkilamchi maydonlar hayvonlarda ham bo‘ladi. Biroq uchlamchi maydon ularda yo‘q.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. Darslik., 2-nashr., T.; 2021., 960b.
©Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. T.; 2021., 312b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha