Bosh miya pardalari
Bosh miya 3 parda bilan qoplangan. Bular – qattiq parda (dura mater), o‘rgimchak to‘risimon (arachnoidea) va yumshoq parda (pia mater). Qattiq parda paximeninks (pachimeninx) deyiladi. Yumshoq parda bilan o‘rgimchak to‘risimon parda birgalikda leptomeninks (leptomeninx) deb ataladi.
Qattiq parda
Qattiq parda (dura mater) fibroz to‘qimadan iborat bo‘lib, kalla suyagi (cranium) tagida joylashgan. Uning ikkita, yani ustki va pastki qatlamlari farqlanadi. Pardaning ustki qatlami kalla suyagiga va uning bo‘rtiqlariga ichkaridan yopishib turadi. Kranial teshiklar devoriga ham yopishib turgan ustki qatlam undan chiqadigan nervlarni o‘rab turadi va qin vazifasini o‘taydi. Qattiq pardaning pastki qatlami esa araxnoidal parda tomonga qaragan. Qattiq parda va araxnoidal parda orasida subdural bo‘shliq (cavum subdurale) yotadi.
13.1-rasm. Qattiq parda o‘siqchalari.
Qattiq parda o‘siqlari. Qattiq pardaning turli yoriqlarga tortilib kirgan qismiga qattiq parda o‘siqchasi deyiladi (13.1-rasm). Bular: 1) katta miyaning o‘roqsimon o‘siqchasi (falx cerebri); 2) miyachaning o‘roqsimon o‘siqchasi (falx cerebelli); 3) miyacha chodiri (tentorium cerebelli); 4) turk egari diafragmasi (diaphragma sellae).
1. Falx cerebri – qattiq pardaning katta yarimsharlar orasiga tortilib kirgan qismi.
2. Falx cerebelli – qattiq pardaning miyacha yarimsharlari orasiga tortilib kirgan qismi.
3. Tentorium cerebelli – qattiq pardaning ensa bo‘lagi bilan miyacha orasida tortilgan qismi.
4. Diaphragma sellae – qattiq pardaning turk egari ustidan tortilgan qismi. Uning tagida gipofiz yotadi.
Qattiq parda sinuslari (sinus durae matris). Qattiq pardaning ustki va pastki qatlamlari ba’zi joylarda bir-biridan ajralib uzoqlashadi. Buning natijasida bo‘shliqlar hosil bo‘ladi va ularga qattiq parda sinuslari (sinus durae matris) deyiladi. Sinuslar ichida venoz qon to‘planib oqadi. Shu bois ular venoz sinuslar deb ham ataladi. Ba’zi darsliklarda bosh miya sinuslari atamasi qo‘llaniladi.
Qattiq pardaning quyidagi sinuslari farqlanadi:
- Yuqori sagital sinus (sinus sagittalis superior) – falx cerebri ning ustki qirrasi bo‘ylab joylashgan. Ensa tomonga tushayotib ko‘ndalang sinusga qo‘shilib ketadi.
- Pastki sagital sinus (sinus sagittalis inferior) – falx cerebri ning pastki qirrasi bo‘ylab joylashgan va to‘g‘ri sinusga qo‘shilib ketadi.
- To‘g‘ri sinus (sinus rectus) – yuqori va pastki sagital sinuslarning orqa uchlarini qo‘shib turadi va ko‘ndalang sinusga ochiladi.
- Ko‘ndalang sinus (sinus transversus) – miyacha chodirining orqa chekkasi bo‘ylab joylashgan yo‘g‘on sinus. Ensa suyagining ko‘ndalang egatida yotadi. Chap va o‘ng tomondagi ko‘ndalang sinuslar ensa suyagining ichki bo‘rtig‘i (protuberantia occipitalis interna) sohasida o‘zaro birlashadi.
- Sigmasimon sinus (sinus sigmoideus) – ikkala tomondagi ko‘ndalang sinuslarning S-simon shaklda egilib pastga tushib kelayotgan qismi. Chakka suyagining sigmasimon egatida yotadi. Bu sinus foramen jugulare dan o‘tgach ichki bo‘yintiriq vena (v. jugularis internus) nomi bilan davom etadi. Agar pastdagi rasmga e’tibor qilsangiz, v. jugularis internus sinuslarda to‘plangan venoz qonni kalla suyagi (cranium) ichidan olib chiqib ketuvchi eng yirik vena ekanligiga guvoh bo‘lasiz.
- Kavernoz sinus (sinus cavernosus) – kalla suyagining pastki qismida turk egari chekkasi bo‘ylab joylashgan. Ushbu sinus boshqa sinuslarga qaraganda katta klinik ahamiyatga ega. Chunki uning ichida simpatik tolalar bilan o‘ralgan a. carotis interna yotadi. Shuningdek, bu sinusning tashqi devori bo‘ylab III, IV, VI nervlar va V nervning 1-shoxi (ramus ophthalmicus) o‘tadi.
- Ensa sinusi (sinus occipitalis) – katta ensa teshigining yon tomonida joylashgan. Sigmasimon sinusga qo‘shilib ketadi.
- Yuqori toshsimon sinus (sinus petrosus superior) – kavernoz sinusdan boshlanuvchi sinus. Ikkala tomondagi chakka suyagining yuqori toshsimon egatida yotadi va ko‘ndalang sinusga qo‘shilib ketadi.
- Pastki toshsimon sinus (sinus petrosus inferior) – ensa va chakka suyaklari bo‘ylab o‘tuvchi pastki toshsimon egatda yotadi va sigmasimon sinusga qo‘shilib ketadi.
- Interkavernal sinus (sinus intercavernosus) – turk egari atrofida ikkala tomondagi kavernoz sinuslarni o‘zaro birlashtirib yopiq venoz aylana hosil qiluvchi sinus.
O‘rgimchak to‘risimon parda
O‘rgimchak to‘risimon parda (arachnoidea) qattiq va yumshoq pardalar orasida joylashgan. Nomidan ko‘rinib turibdiki, uning tuzilishi o‘rgimchak to‘riga o‘xshaydi. Yupqa biriktiruvchi to‘qimadan iborat ushbu pardani araxnoidal parda deb ham atashadi. Araxnoidal parda usti bo‘ylab o‘tgan tserebral venalar qattiq parda ichiga kirib ketadi va sinuslar bilan qo‘shiladi. Biroq, araxnoidal pardaning o‘zida qon tomirlar yo‘q. Arachnoidea yumshoq pardaning tomirlari orqali diffuz yo‘l bilan oziqlanadi (13.3-rasm).
13.3-rasm. Miya pardalari va emissar venalar
Paxion granulyatsiyalar. Araxnoidal pardadan qattiq parda tomon chiqqan ko‘p bo‘rtiqchalar bor. Bunga paxion (araxnoidal) granulyatsiyalar (granulation arachnoidales) deyiladi. Paxion granulyatsiyalar qattiq parda devorini surib sinuslar ichiga kiradi. Ular orqali subaraxnoidal bo‘shliqdan likvor sinuslar ichiga sizib o‘tib turadi.
Araxanoidal parda yumshoq parda bilan biriktiruvchi to‘qimadan iborat trabekulalar orqali bog‘langan. Arachnoidea va pia mater katta yarim sharlarning konveksital yuzasida, ayniqsa, pushtalar ustida bir-biriga juda yaqin joylashadi va birlashib ketadi. Pia mater dan farqli o‘laroq, arachnoidea katta yarimsharlar egatlari va pushtalari relefini takrorlamaydi. Ushbu ikkala parda orasida joylashgan bo‘shliqqa subaraxnoidal bo‘shliq (cavum subarachnoidale) deyiladi. Unda likvor aylanadi.
Subaraxnoidal tsisternalar. Subaraxnoidal bo‘shliq kengaygan joylarga tsisternalar (cisternae subarachnoideae) deyiladi. Yirik va kichik tsisternalar farqlanadi (13.4-rasm).
Cavum subarachnoidale Araxnoidal
13.4-rasm. Subaraxnoidal tsisternalarQuyidagi tsisternalar farqlanadi:
- Katta tsisterna (cisterna magna) – miyacha bilan uzunchoq miya orasida joylashgan. Shuning uchun uning yana bir nomi – cisterna cerebello-oblongata.
- Lateral tsisterna (cisterna fossae lateralis) – Silviy yorig‘i sohasida joylashgan.
- Xiazmal tsisterna (cisterna chiasmatis) – chiazma opticum dan oldinda joylashgan.
- Oyoqlararo tsisterna (cisterna interpeduncularis) – miya oyoqlari orasida joylashgan.
- Ko‘prik tsistemasi (cisterna prepontinus) – Varoliy ko‘prigidan oldinda joylashgan.
- To‘rttepalik tsistemasi (cisterna quadrigeminalis) – to‘rttepalik sohasida joylashgan.
Barcha tsisternalar subaraxnoidal bo‘shliqlar orqali o‘zaro bog‘langan va shu bois likvor hech qanday to‘siqsiz aylanib yuradi. Shuningdek, qorinchalar ham likvor yo‘llari va teshiklari orqali tsisternalar bilan bog‘langan. Masalan, IV qorinchaning Majandi (medial) va Lyushko (lateral) teshiklari tsisterna magna ichiga ochiladi. Tsisterna magna katta ensa teshigi orqali orqa miyaning subaraxnoidal bo‘shlig‘iga bevosita davom etadi.
Yumshoq parda
Yumshoq parda (pia mater) qon tomirlarga juda boy. Shu bois uni tomirli parda deb ham atashadi. Yumshoq parda yupqa bo‘lib, katta yarim sharlarga tegib joylashgan. U miyaning barcha egatlari va pushtalari relefini takrorlaydi.
Yumshoq pardadan pastda bo‘shliq yo‘q. Yumshoq parda kapillyarlari po‘stloq ichiga ham kirib uni qon bilan ta’minlashda ishtirok etadi. Yumshoq parda nerv tolalariga ham boy. Bazi joylarda miyaning ichiga kirib borgan pia mater qorinchalarga o‘tib, ularning qon tomirlardan iborat chigallarini (plexus choroideus) hosil qiladi.
Pardalarning himoya funktsiyasi
Pardalar va ularning orasidagi bo‘shliqlar bosh miya uchun juda katta himoya funktsiyasini bajaradi. Ayniqsa, bosh miyani mexanik jarohatlardan asrashda bu pardalar o‘ta muhim ahamiyatga ega. Masalan, boshga kelib urilgan zarba paytida venoz sinuslar va likvorga to‘la tsisternalar bufer rolini o‘ynab miya to‘qimasini lat eyishdan asrab qoladi.
Shuningdek, infektsiya yoki jarohatlar sababli intrakranial bosim oshgan sayin tsisternalar va subaraxnoidal bo‘shliq kengayib miya to‘qimasi ezilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Rivojlanib boruvchi intrakranial gematomada ham tsisternalar kengayib dislokatsion sindrom rivojlanishini to‘xtatadi yoki kechiktiradi.
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha