Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi BOSh MIYaNING METASTATIK O‘SMALARI

BOSh MIYaNING METASTATIK O‘SMALARI


Bosh miyaning metastatik o‘smalari, odatda, o‘sma hujayralarining boshqa a’zolardan arterial qon tomirlar orqali bosh miyaga etib kelishi sababli rivojlanadi. Shu bois bosh miyaning metastatik o‘smalari vaskulyarizatsiya kuchli bo‘lgan sohalar, ya’ni bosh miya katta yarim sharlarida ko‘p uchraydi. Metastatik o‘smalar juda ko‘p hollarda supratentorial joylashadi. Bosh miyaning metastatik o‘smalari, ko‘pincha, o‘pka raki sababli rivojlanadi. Kam hollarda ko‘krak bezi raki, melanoma, bo‘yrak va to‘g‘ri ichak raklari bosh miyaga metastaz beradi.
       
Kalla suyagida joylashgan metastatik o‘smalar juda kam hollarda miya to‘qimasiga o‘sib kiradi. Chunki bunga bosh miyaning qattiq pardasi to‘sqinlik qiladi. Dura mater kalla suyagida joylashgan o‘ta xavfli o‘smalarning bosh miya tomon infiltrativ yo‘l bilan o‘sishiga to‘sqinlik qiladi. Agarda kalla suyagining metastatik o‘smasi bosh miya to‘qimasiga o‘ta olsa yoki kranial nervlarni zararlasa, nevrologik simptomlar vujudga keladi. Shuningdek, bu o‘smalar qattiq parda sinusi okklyuziyasiga sababchi bo‘lib, og‘ir holatni yuzaga keltirishi mumkin.
       
Metastatik o‘smalar klinikasi ko‘pincha insultga o‘xshab boshlanadi. Lokal nevrologik simptomlarning insultsimon tarzda o‘tkir paydo bo‘lishi, ko‘p hollarda o‘smaga qon quyilish bilan bog‘liq. Chunki o‘smaning tomirlari mo‘rt bo‘ladi. O‘smaga qon quyilishi, asosan, AQB ko‘tarilganda ro‘y beradi. Bunday paytlarda bemorga “Miya insulti” tashxisi qo‘yiladi. Agarda chuqur tekshiruvlar o‘tkazilmasa, o‘sma kasalligi e’tibordan chetda qoladi.
       
Metastatik o‘smalar bosh miyaning turli sohalarida paydo bo‘lishi mumkin. Ularning ba’zilari o‘choqli nevrologik simptomlar bilan namoyon bo‘lsa, boshqa birlari nevrologik simptomlarsiz kechadi. Metastatik o‘smalarning klinik belgilari o‘tkir virusli respirator infektsiyalardan so‘ng ham vujudga keladi va nevrologik simptomlar asta-sekin zo‘raya boradi. Bunday paytlarda kasallik meningoentsefalitga o‘xshab kechadi va bu holat ham diagnostik xatolarga sababchi bo‘ladi.
       
Metastatik o‘smalarning deyarli barchasida kuchli intoksikatsiya rivojlanadi. Buning asosiy sababi – o‘smaning parchalanib turishi va o‘sma to‘qimalaridagi dismetabolizm. Toksik entsefalopatiya kuchli bosh og‘rig‘i, qusish, bosh aylanishi, uyqu buzilishi, ruhiy buzilishlar, xotira pasayishi va umumiy holsizlik kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Ularni vaqtincha bo‘lsa-da, dorilar bilan korrektsiya qilish mumkin. Davolash muolajalaridan so‘ng bemorning ahvolida ijobiy o‘zgarishlar paydo bo‘ladi.
       
Ba’zida bosh miyaning metastatik o‘smalari toksik mielopatiya bilan namoyon bo‘ladi. Bunday paytlarda tserebral simptomlardan spinal simptomlar ustunlik qiladi. Bu holat, ko‘pincha, miya qorinchalari va subaraxnoidal tsisternalarda joylashgan o‘smalarda kuzatiladi.
       
Metastaz ko‘p hollarda bosh miya parenximasida rivojlanganligi bois, IKG va ko‘ruv nervi diski dimlanishi kam uchraydi yoki ular paydo bo‘lgunga qadar tashxis aniqlanadi. Bosh miyaning metastatik o‘smasida perifokal shish yaqqol ifodalangan bo‘ladi. Aksariyat hollarda, davolash muolajalaridan so‘ng lokal simptomlar yo‘qoladi. Bu esa perifokal shish yo‘qolishi bilan bog‘liq.
       
Bosh miyaning metastatik o‘smalarida intrakranial gemorragiya, tserebral ishemiya, miya venalari trombozi, miya tomirlari emboliyasi kabi patologik holatlar ham kuzatiladi. Bemorning umumiy ahvoli juda og‘ir bo‘lib, u ozib ketadi. Kalla suyagining asosida joylashgan miya pardalarining metastatik o‘smalari yassi holda o‘sadi va bir qancha kranial nervlarni zararlaydi. Bunga Garsen sindromi deb aytiladi. Bu sindrom, ko‘pincha, kalla suyagi asosida paydo bo‘lgan kartsinoma va sarkomalarda rivojlanadi. Bosh miyaning metastatik o‘smasi aniqlangan holatlarda boshqa a’zolarni (o‘pka, ko‘krak bezi, oshqozon-ichak sistemasi va h.k.) ham chuqur tekshirish zarur.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив