Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi BO‘YIN ChIGALI NERVLARI PATOLOGIYaSI

BO‘YIN ChIGALI NERVLARI PATOLOGIYaSI


Bo‘yin chigali (plexus cervicalis)ni C1–C4 spinal nervlarning oldingi tarmoqlari hosil qiladi. Bo‘yin chigalidan sezgi, harakat va aralash nervlar chiqadi.
       A) Bo‘yin chigalining teri nervlari
       Ensaning kichik nervi (n. occipitalis minor, C1–C3). Ensa sohasining lateral qismi terisini innervatsiya qiladi. Nerv zararlanganda ushbu sohada nevralgiya kuzatiladi.
       Quloqning katta nervi (n. auricularis magnus, C3). Quloq suprasining katta qismi, quloqning tashqi teshigi va quloq orqasi terisini innervatsiya qiladi. Nerv zararlanganda ushbu sohalarda nevralgik og‘riqlar kuzatiladi.
       Bo‘yinning ko‘ndalang nervi (n. transversus colli, C2–C3). Bo‘yin terisini innervatsiya qiladi. Zararlansa, ushbu sohada paresteziya va og‘riqlar kuzatiladi.
       O‘mrov usti nervlari (nn. supraclaviculares, C3–C4). O‘mrov usti sohasi, elkaning yuqori tashqi yuzasi, ko‘krak qafasining oldingi yuzasi (1-qovurg‘agacha), orqa tomondan kurakning yuqori sohasi terisini innervatsiya qiladi. Bu nervlar zararlanganda ko‘rsatilgan sohalarda og‘riqlar, paresteziyalar, gipo- va giperesteziyalar kuzatiladi.
       B) Bo‘yin chigalining muskullarga boruvchi nervlari
       Bo‘yin chigalining harakat tolalari mm. recti capitis anterior et lateralis, mm. longi capitis et colli, mm. scaleni, m. levator scapulae, mm. intertransversali anteriores, m. sternocleidomastoideus, m. trapeziuslarni innervatsiya qiladi. Bu muskullar bo‘yin va elkaning barcha harakatlarini ta’minlab beruvchi muskullardir.
       V) Aralash nervlar
       Diafragma nervi (n. phrenicus, C1–C3) harakat va sezgi tolalaridan iborat. Bu nerv m. scalenius anterior bo‘ylab pastga yo‘nalib, o‘mrovosti arteriyasi va venasi orasidan o‘tib, ko‘krak qafasi bo‘shlig‘iga tushadi. O‘ng tomondagi n. phrenicus o‘ng o‘pkaning old tomonida vertikal tarzda joylashib oladi va perikardning lateral yuzasi bo‘ylab diafragmaga etib keladi. Chap tomondagi n. phrenicus aorta ravog‘ining old yuzasi bo‘ylab chap o‘pkaning old tomoniga o‘tib oladi va perikardning chap lateral yuzasi bo‘ylab diafragmaga etib keladi. Ikkala nerv ham oldingi ko‘ks oralig‘i (mediastinum anterius) ichidan perikard bilan plevra orasida joylashib o‘tadi. N. phrenicus simpatik tugunlar tolalari bilan anastomozga ham ega.
       N. phrenicus harakat tolalari diafragmani innervatsiya qiladi va nafas olish harakatlarini ta’minlaydi, sezgi tolalari plevra va perikardni innervatsiya qiladi.
       Patologiyasi. Diafragma nervi turli patologik holatlarda zararlanadi. Virusli va bakterial infektsiyalar, intoksikatsiyalar, travmatik jarohatlar, metastatik o‘smalar va tservikal disk churralarida bu nerv ko‘p zararlanadi. Uning to‘la zararlanishi diafragma harakatini to‘xtatib qo‘yadi va bu hayot uchun xavflidir. Nervning ta’sirlanishi kuchli hiqichoq, bo‘g‘ilish va ko‘krak qafasida sanchuvchi og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. Bu og‘riqlar elka sohasiga ham irradiatsiya qilishi mumkin.


Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив