BO‘YIN NERVLARI PATOLOGIYaSI
Bo‘yinning birinchi va ikkinchi nervlari bo‘yin chigalini hosil qilishda qatnashmaydi. Ular bevosita kraniotservikal soha muskullari va terisiga boradi.
Bo‘yinning birinchi nervi (n. cervicalis primus). Bu nerv (S1) harakat tolalaridan iborat bo‘lib, umurtqa kanalidan ensa suyagi va atlant orasidagi yoriq orqali chiqadi. Nerv umurtqa arteriyasi egatchasida a. vertebralis bilan yonma-yon turib, tashqariga chiqadi va oldingi hamda orqa tarmoqlarga bo‘linadi. S1 nervning oldingi tarmog‘i umurtqa pog‘onasining oldingi yon yuzasiga o‘tib oladi va mm. rectus capitis anterior et lateralis ni innervatsiya qiladi. Bu muskullar boshni yon tomonlarga buraydi va oldinga bukadi. S1 nervning orqa tarmog‘i n. suboccipitalis (ensaosti nervi) deb ataladi. Bu nerv mm. recti capitis major et minor, m. semispinalis capitis, mm. obliqui capitislarni innervatsiya qiladi. Bu muskullarning funktsiyasi boshni orqaga qayirish va yon tomonlarga burishdan iborat.
Patologiyasi. S1 nervi kraniotservikal jarohatlarda ko‘p zararlanadi. Uning infektsion zararlanishi juda kam uchraydi. Bu nerv ta’sirlantirilsa, boshning klonik titrashlari ro‘y beradi. Nerv bir tomonda ta’sirlansa, bosh o‘sha tomonga buralib, unda klonik titrashlar kuzatiladi. Agar S1 nerv ikki tomonda ham ta’sirlansa (atlant jarohatida kuzatiladi), bosh goh bir tomonga, goh ikkinchi tomonga buralib titray boshlaydi, ya’ni buraluvchi klonik titrashlar paydo bo‘ladi.
Bo‘yinning ikkinchi nervi (n. cervicalis secundus). Bu nerv (S2) bo‘yinning birinchi va ikkinchi umurtqalari orasidan chiqadi va orqa tarmoqlarga bo‘linadi. S2 nervning oldingi tarmog‘i bo‘yin chigalini tashkil qilishda ishtirok etadi. Orqa tarmog‘i atlantning orqa qismidan chiqadi va 3 ta, ya’ni ko‘tariluvchi (ramus ascendens)tushuvchi (ramus descendens) va ensaning katta nervi (n. occipitalis mayor) shoxchalarga bo‘linadi.
Ensaning katta nervi. S2 nervning yirik tarmog‘i hisoblanadi va uning patologiyasi ko‘p uchraydi. Asosiy etiologik omillar – bular infektsiya, osteoxondroz, spondiloartrit va travmatik jarohatlar. N. occipitalis mayor yuqoriga yo‘nalib, ensaning tashqi do‘ngligi yonida trapesiyatsimon muskul payini teshib o‘tadi va mayda shoxchalarga bo‘linadi. Uning shoxchalari ensa va tepa sohalari terisini innervatsiya qiladi. Bu nerv zararlanishi ensaning katta nervi nevralgiyasi deb ataladi. Kasallik klinikasi, asosan, boshning ensa va tepa sohalarida xurujsimon sanchuvchi og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. Og‘riqlar shamol tekkanda, boshni yon tomonlarga burganda va oldinga engashtirsa kuchayib ketadi. Shuning uchun bemorlar boshini qimirlatmasdan, uni biroz orqaga va zararlangan yon tomonga og‘dirib turadi. Og‘rigan nuqtani aniqlash uchun so‘rg‘ichsimon o‘simta va tashqi ensa do‘ngligi orasidan o‘tuvchi chiziqning o‘rtasini (nerv chiqadigan joy) bosib tekshirish kerak.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha