JARROHLIK AMALIYoTIDA BEMORLAR PSIXOLOGIYaSI
Jarroh va bemor orasidagi psixologik munosabatlar
Tibbiyotda jarrohlik amaliyoti alohida o‘rin tutadi. Xalq orasida «Agar bemor dori-darmon bilan tuzalmasa, uni operatsiya qilib, jarrohlar tuzatishadi», degan fikr yuradi. Terapevtik amaliyotga nisbatan, jarrohlik amaliyoti aksariyat bemorlar va ularning yaqinlari uchun katta bir psixologik sinovdir. Demak, tibbiyotning boshqa yo‘nalishlaridagi kabi jarrohlik amaliyotida ham psixologik yordamning ahamiyati juda yuqori. Buni jarrohlik kasbini tanlayotgan har bir talaba anglashi zarur.
Tibbiy psixologiyadan ma’ruza tugashiga biroz qolganda “Savollar bormi?” deb talabalarga murojaat qildim. Yaxshi o‘qiydigan bir talaba qo‘l ko‘tarib, “Ustoz, men jarroh bo‘lmoqchiman, otam ham jarroh, operatsiyalarga qatnashib yuraman, yaxshi jarrohlar navbatchiligiga kelib turaman, jarroh bo‘laman, deb institutga kirdim. Operatsiyaga buyurilgan bemor bilan jarroh uzoq vaqt suhbatlashib o‘tirishi shartmi? Masalan, jarrohh kuchli bo‘lsa, psixologik suhbatlar shartmi? Shunga siz nima deysiz?” – deb so‘radi.
Savol o‘rinli edi. Albatta, jarroh va bemor uchun muvaffaqiyatli o‘tgan operatsiya har qanday psixologik suhbatdan yuqori. Lekin afsuski, ko‘pchilik vrachlar psixologning asosiy vazifasi bemor bilan suhbatlashib, uni tinchlantirish deb bilishadi. Suhbat – bu psixodiagnostika va psixoterapiyaning asosiy quroli. Biroq psixologiya – inson tasavvuri doirasiga ham sig‘maydigan beqiyos imkoniyatlar va o‘zining turli uslublariga ega fan. Psixologiyaning imkoniyatlari cheksiz!
Talabaning savoliga quyidagi voqea tafsilotlari javob bo‘lsa kerak. Meni jarrohlik bo‘limiga «Nevropatolog maslahati kerak», deb chaqirib qolishdi. Bemor yotgan palataga kirsam, professor bir qancha vrachlar, talabalar va o‘qituvchilar bilan men ko‘rishim zarur bo‘lgan bemorni tekshirayotgan ekan. Men professor ko‘rigi tugashini kutib chekkaroqda turdim. Bemorni operatsiya qilgan yosh vrach kasallik varaqasini o‘qib beryapti. Vrach o‘z navbatchiligi paytida bemorni “o‘tkir appenditsit” tashxisi bilan zudlik bilan operatsiya qilgan. Operatsiya mahalliy og‘riqsizlantirish usuli orqali qilingan va muvaffaqiyatli o‘tgan. Operatsiyadan so‘ng bemor ertalabgacha uxlagan. Ertalab soat o‘nlarda “Operatsiya bo‘lgan joyim kuchli og‘riyapti”, deb palata vrachini chaqirgan. Vrach kirib qarasa, bemor oyoqlarini bukib, yonboshlab yotibdi. Vrach operatsiya qilingan joyni tekshirgan va u erda hech qanday asoratlarni ko‘rmagach, hamshiraga tinchlantiruvchi ukol qilishni buyurgan. Bemor ukoldan so‘ng uxlab qolgan, biroq uyg‘ongandan so‘ng «Yana og‘riyapti, operatsiya qilingan joyda tampon yoki boshqa biror narsa qolgan bo‘lsa kerak», deb yig‘layvergan. Kechga yaqin og‘riq kuchaygan, bemor g‘ujanak bo‘lib yotib olgan, tana harorati ham 38 S ga ko‘tarilgan. Bemor tinchlantiruvchi ukoldan voz kechgan. «Operatsiya qilingan joyda vrach biror narsani unutib qoldirgan» deb, vrachlarni qayta operatsiyaga undagan. O‘sha kuni kechqurun bemorni boshqa bir yoshi katta jarroh, fan nomzodi operatsiya qiladi. Ikkinchi operatsiyani qilgan ushbu jarroh ham bemorni ko‘rishda ishtirok etayotgan edi. U operatsiya haqida ma’lumot berdi. Operatsiya joyi ikkinchi bor ochilganda, u erda hech qanday narsa unutilib qolinmagani va birinchi operatsiya haqiqatan ham muvaffaqiyatli o‘tganini aytdi. Biroq, shunday bo‘lsa-da, mana bugun, ya’ni dastlabki operatsiyaning 4-kuni ham og‘riq to‘xtamayotgani, aksincha, kuchaygani va shu bois nevropatolog chaqirishganini professorga aytishdi. Professor ikkala jarrohni ham tinglab bemorga yuzlandi. G‘ujanak bo‘lib yotib olgan bemor qo‘rquv-xavotir to‘la ko‘zlari bilan professorga tikildi. Karovatning bosh qismida bemorning qizi ham suhbatga qo‘shildi va onasining kechasi bir necha bor og‘riqdan uyg‘ongani, og‘riq qoldiruvchi ukollardan voz kechganini aytdi. Professor bemordan «Nima uchun og‘riq qoldiruvchi dorilardan voz kechyapsiz, axir og‘riq qolsa, o‘zingizga yaxshi-ku», degan savolga bemor “Axir appenditsitda og‘riq qoldiruvchi dori qilsa bo‘lmaydi, u yorilib, yiring qoringa o‘tib ketadi deyishadi-ku», dedi. Talabalardan biri suhbatga qo‘shilib «Operatsiyadan oldin og‘riqsizlantiruvchi ukollar qilinmaydi, operatsiyadan so‘ng esa mumkin», dedi. Professor bemor bilan bahslashib o‘tirmasdan, uni tekshira boshladi. Bemor g‘ujanak bo‘lib olgan, qornini ochib, tekshirish va hattoki, tanasiga qo‘l tegizishga yo‘l bermasdi. Bemor gap bilan chalg‘iganda, og‘riqqa e’tibor qilmas, operatsiya haqida so‘z ketganda, og‘riqdan ingrardi. Professor «Siz oyoqlaringizni sekin-asta yozib yuboring, shunday qilsangiz, og‘riq kamayadi», dedi. Bemor qo‘rqib sekin oyoqlarini uzatdi. «Endi ko‘ylakni ko‘taring», dedi doktor. Bemor «Lekin qornimga tegmaysiz», deb ko‘ylagini sekin ko‘tardi va qo‘rquv-xavotir bilan doktorga qaradi. Operatsiya qilingan joy bint bilan yopib qo‘yilgan va leykoplastir yopishtirilgan edi. Professor «Endi bu bintni olamiz, men operatsiyalar qanday o‘tkazilganini ko‘rishim kerak», dedi. Biroz urinishlardan so‘ng bemor ko‘ndi. Professor operatsiya bo‘lgan joyni ko‘rib, ikkala operatsiya ham muvaffaqiyatli o‘tganiga yana bir bor ishonch hosil qildi. Biroq bemor hamon og‘riqdan shikoyat qilar va «Operatsiya bo‘lgan joyda xuddi bir narsa tugundek tiqilib turibdi», deb yig‘lardi. Vaziyatdan chiqish kerak edi. Professor bemorni ko‘ndirib, operatsiya bo‘lgan joyni tekshira boshladi va kesilgan joyning atrofini ataylab birdan bosib yubordi. Bemor dod-voy solib, baqirib yubordi va yana oyoqlarini g‘ujanak qilib oldi.
Professor «Ana xolos!» deb operatsiya qilgan jarrohlarga yuzlandi. U «Operatsiyalar yaxshi o‘tgan, biroq bemor g‘ujanak bo‘lib yotaverganidan, operatsiya o‘rnidagi nervlar tugilib qolgan, operatsiyadan so‘ng oyoqlarni cho‘zib yotish kerak edi. Nega shuni bemorga aytmadinglar, ana endi kesilgan nervlar bitish o‘rniga tugilib qolibdi», deb doktorlarni koyigandek bo‘ldi. Ba’zi doktorlar professor nima demoqchi ekanligini anglab etishgan bo‘lsa, boshqa birlari nima uchun u «nervlar tugilib qolgan», deb aytayotganidan hayron bo‘lib qarab turishardi. Ingrab yotgan bemor esa birdan ziyrak tortib, «Endi nima bo‘ladi?», deb xavotir bilan professorga yuzlandi. Professor birinchi operatsiya qilgan doktorga qarab, «5 grammli shpritsga novokain tortib keling» dedi. “Endi o‘sha “nervlar tugilib” qolgan joyga novokain yuboramiz va tugunni yozib yuboramiz», dedi va bemorga qarab, «Endi chidaysiz, novokain yuborayotganimda og‘riq yana kuchayadi, so‘ng siz oyoqlaringizni og‘risayam, bukib-ocha boshlaysiz va ana shundan so‘ng tugilgan nerv ochilib ketadi va og‘riq 10 daqiqaga etmasdan to‘xtaydi», dedi. Bemor biroz ikkilanib turdi-da, qo‘rqa-pisa xavotir bilan oyoqlarini yozdi va o‘zi qornini ochdi. Professor operatsiya qilingan joyni spirt bilan tozalab, chandiqning ikki chetiga shprits tiqib, zudlik bilan novokain yubordi. Bemor dodlab yubordi. Professor «Aytdim-ku sizga, og‘riydi deb, qani endi aytganimni qiling, tez-tez oyoqlaringizni bukib-yozing, ana shunda nervlar yozilib, og‘riq kamaya boshlaydi, aks holda yana 3-operatsiyani qilib, o‘sha uzilgan nervlarni bir-biriga ulashga to‘g‘ri keladi, qani tez-tez bo‘ling!». Bemor shoshib-pishib professorning keskin tarzda bergan buyruqlarini bajardi. «Endi o‘tirib oling, qani tez-tez bo‘ling!” deb, bemorni shoshirdi. Bemor “Axir ...” deb so‘zga shaylanuvdi hamki, professor “Aytganimni qiling” dedi buyruq ohangida. Bemor biroz qiynalib bo‘lsa-da, o‘tirib oldi. «Endi o‘rningizdan turib yuring, tez bo‘ling!». Deyarli 5 kundan buyon turib yurmayotgan va faqat og‘riqdan shikoyat qilib yotgan bemor biroz ishonchsizlik bilan bo‘lsa-da o‘rnidan turib yura boshladi. Endi bemor og‘riq sezmayotgan va o‘zida yo‘q xursand edi. Bemor palatada yura boshladi, bemor ko‘rigida ishtirok etayotganlar ikkiga bo‘linib, unga yo‘l berishdi. Professorning ko‘zi menga tushdi. «Ie, nevropatologimiz ham shu erda ekanlar-ku, bu bemorga endi nevropatologning keragi yo‘q. Mana, o‘zimiz davolab qo‘ydik», dedi kulib. Professor operatsiya qilgan vrachga boqib, «Bu bemorga bugunoq uyga javob bering, endi u sog‘!» dedi yumshoq ohangda. Deyarli yarim soat oldin og‘riqdan hatto oyog‘ini ham ochib-yoza olmayotgan bemor professor tomonidan juda ustomonlik bilan o‘tkazilgan psixoterapiya va platseboterapiyadan so‘ng darddan xalos bo‘ldi. U endi uyga ketishi mumkinligi haqidagi yangilikdan xursand bo‘lib, o‘zi yotgan o‘rnini taxlab, qiziga topshiriqlar berib, ketish taraddudiga tushib qoldi.
Professor yonidagi shogirdlari va talabalar bilan boshqa palatalardagi bemorlarni ko‘rgani chiqib ketdi. Men bemor bilan suhbatlasha boshladim. Suhbat asnosida ma’lum bo‘ldiki, bemorning yonida parvarish qilib o‘tirgan 24 yashar qizi viloyatda «o‘tkir appenditsit» tashxisi bilan uch marta operatsiya bo‘lgan va ikkala holatda ham operatsiya muvaffaqiyatsiz chiqqan: birinchi gal vrach tamponni unutib qoldirgan va u ikkinchi operatsiyada olib tashlangan, operatsiya qilingan joy yiringlab ketib, «appendoektomiya asorati, chegaralangan peritonit» tashxisi bilan uchinchi bor operatsiya qilingan. Barcha voqealar onasining ko‘z oldida bo‘lib o‘tgan. Bemor 20 kundan ortiqroq jarrohlik bo‘limida qolib ketgan va shu vaqt mobaynida uning yonida doimo onasi bo‘lgan. Uchta operatsiya 3 ta vrach tomonidan amalga oshirilgan. Dastlabki operatsiyani qilgan vrach bemorni 3 kunda uyga chiqarib yuborishni va’da qilgan. Biroq vaziyat og‘ir tus olgan. Ushbu vaziyat butun bir oilada katta ruhiy jarohat qoldirgan. Onasi «Kizim endi tuzalmaydi, nogiron bo‘lib qoladi», deb qo‘rqib yurgan. Chunki 20 kun ichida qizi juda ozib ham ketgan. Lekin bemor qiynalib bo‘lsa-da, tuzalgan. Oradan 2 yil o‘tmay, Toshkentda o‘qib yurgan talaba o‘g‘lini qizi bilan birga ko‘rgani kelgan onaning o‘zi appenditsit bo‘lib qoladi va vaziyat yuqorida ko‘rsatilganidek keskin tus oladi.
Professor ishlatgan usulni bemorni operatsiya qilgan ikkala jarroh ham qo‘llashi mumkin edi. Biroq ularda uquv va tajriba etishmadi. Bu oddiy bir appenditsit bilan bo‘lgan voqea. Jarrohlik amaliyotida bir qancha murakkab holatlar mavjudki, ularning aksariyati psixologik yondashuvni talab qiladi. Demak, jarrohlik operatsiyalari muvaffaqiyatli o‘tishi uchun har bir jarroh nafaqat o‘z kasbining mutaxassisi, balki etuk psixolog ham bo‘lishi kerak.
Jarrohlik kasbida shoshilinch operatsiyalarning ko‘pligi, vaqt tig‘izligi jarrohlar bilan bemorlar orasida o‘zgacha psixologik muhitning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Yana shuni ta’kidlash lozimki, tibbiyotning boshqa yo‘nalishlariga qaraganda jarrohlikda bemorlardan faollik emas, aksincha, ehtiyotkorlik va kam harakat talab qilinadi. Jarrohlik kasbining o‘ziga xosligi – tez qaror qabul qilib, zudlik bilan uni amalga oshirishdir, rejali operatsiyalar bundan mustasno. Ba’zi jarrohlar operatsiya sababi va undan qutiladigan natija haqida bemorga aytib o‘tirmaydi. Bu esa bemorda xavotir uyg‘otishi mumkin. Bunday paytlarda bemor belgilangan operatsiyadan voz kechishi yoki bo‘lmasa, operatsiya tafsilotlarini yoritib beruvchi boshqa jarrohni tanlashi mumkin. Biroq shuni tan olish lozimki, operatsiyani muvaffaqiyatli bajaradigan va katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan jarrohdan bemor har qanday vaziyatda ham voz kechmaydi, hatto u qo‘pol bo‘lsa ham.
Jarrohlik operatsiyasining o‘zi ham bemor psixologiyasiga, uning his-tuyg‘ulariga turlicha ta’sir qiladi. Chunki vujud va tana yagona bir tizimdir. Operatsiyadan so‘ng ruhiy muvozanatning salbiy yoki ijobiy tomonga qarab o‘zgarishi, albatta, operatsiya natijasiga bog‘liq. Operatsiya muvaffaqiyatli bajarilsa, operatsiyadan oldingi qo‘rquv, xavotir va o‘zaro tushunmovchiliklar darrov barham topadi. Agar operatsiya natijasi muvaffaqiyatsiz bo‘lsa, operatsiyadan oldingi gumon, xavotir va shu kabi tushunmovchiliklar jarroh uchun yomon tus olishi, ba’zan esa katta janjalga aylanib ketishi mumkin. Shuning uchun ham aksariyat G‘arb davlatlarida operatsiyaning barcha tafsilotlari, ustunliklari va asoratlari bemorning yaqin qarindoshlari hamda uning o‘ziga tushuntirib beriladi, albatta, deontologiya va etika qoidalariga amal qilgan holda. Sir saqlanishi shart bo‘lmagan holatlarni bemordan yashirishga hojat yo‘q. Chunki saqlanishi shart bo‘lmagan sir-sanoatlar bemor va uning qarindoshlarida jarroh va u o‘tkazayotgan operatsiyasiga nisbatan katta gumon uyg‘otishi mumkin. Bu gumon operatsiya muvaffaqiyatsiz chiqqan taqdirda, jarrohni yomon vaziyatda qoldirishi va ikki o‘rtada sudlashuvlar boshlanib ketishiga sabab bo‘ladi.
Agar operatsiyalar biror bir a’zo yoki uning bir qismini olib tashlash bilan yakunlansa, operatsiya muvaffaqiyatli chiqqan taqdirda ham bemor ruhiyati buziladi. Chunki u ushbu operatsiya sababli avvalgi kasbida ishlay olmasligi yoki to‘laqonli hayot kechirolmasligi mumkin. Albatta, bunday paytlarda jarroh ushbu operatsiyani qilmasa, boshqa asoratlar yuzaga kelishi mumkinligi, endi bundan so‘ng jarrohlik muammolaridan xalos bo‘lganligi, sog‘lig‘iga e’tibor qilib yurishini bemorga tushuntirib, uni tinchlantirishi lozim.
Mutaxassislar fikricha, jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan bemorlarning 30 % da, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra 70 % da u yoki bu ko‘rinishda ruhiy buzilishlar kuzatiladi, ayniqsa, ipoxondriya. Ular jarrohdan kasalligini sinchkovlik bilan tekshirish, bir nechta vrachlar ishtirokida konsilium o‘tkazilishini talab qilishadi. Ba’zilari esa boshqa bir jarrohlar bilan maslahatlashadi, «Operatsiya shartmi-yo‘qmi?» deb, o‘zi taniydigan vrachlar oldiga boradi. Boshqa bir bemorlar esa o‘zini qiynab yurgan darddan operatsiya orqali birato‘la qutulish istagida jarrohlarga murojaat qilishadi. Ko‘pincha bunday holatlar isteriyaga duchor bo‘lgan bemorlarda kuzatiladi. Bemor o‘zini qiynab yurgan buqoqni yoki bo‘lmasa, qorin sohasidagi doimiy og‘riqdan batamom qutulish uchun operatsiya qildiradi. Haqiqatan ham tonzilloektomiya, strumektomiya, xoletsistoektomiya, appendoektomiya kabi operatsiyalar bemor xohishiga qarab (albatta, tibbiy ko‘rsatmalarni e’tiborga olgan holda) o‘tkazib turiladi. Masalan, sog‘lom odamlar «Og‘ir appenditsit bo‘lib qolsam nima bo‘ladi, yaxshisi, sog‘ paytimda ko‘richakdan qutulib qo‘ya qolay», deb o‘zlari ongli ravishda operatsiya qildirishadi. Bunday holatlar, ayniqsa, yaqinlari to‘satdan appenditsit bo‘lib, operatsiya bo‘lgan odamlarda kuzatiladi. O‘zining ham shu holatga tushib qolishidan qo‘rqib, jarrohga murojaat qiladi. Appendoektomiya operatsiyasi uncha murakkab bo‘lmaganligi sababli, ba’zan jarrohning o‘zi uni bemorning qarindoshlariga tavsiya qiladi. Bu bir tomondan to‘g‘ridir ham. Chunki o‘tkir appenditsit ba’zi hollarda peritonit asoratini beradi yoki tashxis o‘z vaqtida aniqlanmay, ko‘richak yorilib ketadi. Bu esa hayot uchun xavflidir.
Yaqin bir tanishim «flegmonoz appenditsit» tashxisi bilan zudlik bilan tunda operatsiya qildirgan. Operatsiyadan so‘ng jarroh bemorning yaqinlariga kasallik peritonitga o‘tishiga oz qolganligini aytadi. Uning ahvolidan qo‘rqqan akasi o‘z xohishi va vrach tavsiyasiga ko‘ra, appendoektomiyaga rozi bo‘ladi.
Giyohvand moddani bir marta bo‘lsa-da qabul qilish va tanasidagi kuchli og‘riqlardan qutulish uchun ba’zi narkomanlar jarrohlik operatsiyasiga ham tayyor turishadi. Giyohvand moddalarni va spirtli ichimliklarni ko‘p iste’mol qiluvchilarda hamda ruhiy kasalligi bor bemorlarda o‘tkir jarrohlik kasalliklari kuzatilsa, bu vrachlar uchun katta tashvish tug‘diradi. Ayniqsa, bolalarda oligofreniya, imbetsil holatlar va boshqa tug‘ma nuqsonlar, qariyalarda esa involyutsion psixoz yoki dementsiya jarrohlar uchun bir qancha qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Bunday bemorlarning xulq-atvoridagi patologik o‘zgarishlar tashxisni to‘g‘ri aniqlashga to‘sqinlik qiladi, ular operatsiyadan so‘ng vrach tavsiyalariga to‘la amal qila olishmaydi va buning natijasida, operatsiya qilingan joy ochilib ketishi, qon ketishi kabi bemor hayoti uchun xavfli vaziyatlar paydo bo‘lishi mumkin. Bunday bemorlar operatsiyadan oldin ham, keyin ham tibbiy psixolog yoki psixiatr nazoratiga olinishi zarur.
Bemorni operatsiyaga tayyorlash
Bemorni operatsiyaga tayyorlash murakkab jarayondir, chunki asabi o‘ta mustahkam odam ham operatsiyadan hayiqishi mumkin. Bemorni operatsiyaga nafaqat tibbiy ko‘rsatmalarni e’tiborga olgan holda, balki psixologik nuqtai nazardan ham tayyorlash zarur. «Hammasi yaxshi bo‘ladi, qo‘rqmang» degan an’anaviy iboralar bemorni hamma vaqt ham qoniqtiravermaydi. Jarroh dastlab bemordagi qo‘rquvni bartaraf qilishga harakat qilishi lozim, operatsiyaga va o‘ziga ishonch tug‘dira olishi kerak. Ayniqsa, bu so‘zlar jarrohlik kasbini egallab, endigina amaliyotga kirib kelayotgan yoshlar uchun o‘ta zarur. Boshqa kasblardan farqli o‘laroq, jarrohning obro‘-e’tibori uning muvaffaqiyatli o‘tkazgan operatsiyalariga proportsional tarzda bog‘liq. Yosh jarrohlar hali uncha ko‘p operatsiya qilmagan bo‘ladi va tabiiyki, u tanilishi va o‘z mahoratini ko‘rsatishi uchun bemor bilan ishlashi kerak. Yuqori darajada professional jarroh darajasiga etish uchun yosh jarrohlar bunday operatsiyalarni ko‘plab bajarishlari lozim. Operatsiya muvaff
aqiyatli o‘tishi va o‘ziga ishonch uyg‘otishi uchun jarroh bemor bilan psixologik suhbatlar o‘tkazib turishiga to‘g‘ri keladi. Barcha mashhur jarrohlar dastlab shu yo‘ldan borgan.
Operatsiyadan oldin bemorda turli xil psixovegetativ va psixosomatik belgilar kuzatilishi mumkin. Bular uyqu buzilishi, bosh aylanishi, yomon tush ko‘rish, ko‘p terlash, titrash, taxikardiya, AQB o‘ynab turishi, o‘lim qo‘rquvi, ich ketish, tez-tez siyish va boshqalar. Ma’lumki, operatsiyaga monelik qiluvchi holatlarni aniqlash uchun bemor boshqa mutaxassislar, masalan, terapevtlarga ko‘rsatiladi, turli xil laborator va diagnostik tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Ba’zan bemor terapevtdan qandaydir bir umid bilan «Bu bemorga operatsiya mumkin emas, uni dori-darmonlar bilan davolanglar», degan so‘zlarni eshitgisi keladi. Hatto operatsiyadan oldin yaqinlari bilan vidolashadigan, yaqinlariga vasiyat qiladigan holatlar ham uchrab turadi. Bemorni operatsiyaga psixologik nuqtai nazardan tayyorlashda nafaqat operatsiya qiluvchi jarroh, balki boshqa tibbiy xodimlar, ya’ni palata vrachi, hamshira (ayniqsa, operatsiyada ishtirok etuvchi) ham faol ishtirok etishlari zarur. Ba’zi bemorlar uni operatsiya qiluvchi jarroh so‘ziga emas, balki boshqa bir vrach yoki hamshira va hattoki o‘sha bo‘limda davolanayotgan bemorning so‘zlariga quloq tutadi va operatsiyadan voz kechadi. Shifokorlar orasidagi o‘zaro ishonch va etika tamoyillari ham katta ahamiyatga ega, chunki doimo operatsiyalarda ishtirok etib yuruvchi hamshira bemorni uni operatsiya qiluvchi jarrohdan aynitib qo‘yishi mumkin.
Operatsiyadan voz kechish sabablari turli-tuman bo‘lib, ular asosan rejali operatsiyalarga taalluqli. Bunday vajlarning ba’zilari haqida to‘xtalib ham o‘tdik. Bular – yaqin kishisining xuddi shunday tarzda o‘tkazilgan operatsiyadan keyin vafot etishi yoki nogiron bo‘lib qolishi, yaqinlarining operatsiya qildirmaslik haqidagi talabi, narkozdan qo‘rqish, jarroh va bemor orasidagi nosog‘lom psixologik vaziyat yoki tushuntirish ishlarining etarli darajada olib borilmasligi, qarilik davri, bir necha bor operatsiya o‘tkazgan bemorlar maslahati, isteriya yoki ruhiy kasalliklar.
Jarrohlikda psixologiya fani naqadar ahamiyatli ekanligi haqida yuqorida ma’lumot berdik. Ba’zan ruhiy jarohatlarni davolashda jarrohlik usullaridan ham foydalanish zarurati tug‘iladi. Hattoki gipnoz yordamida ham davolab bo‘lmaydigan ba’zi og‘ir ruhiy jarohatlarni davolashda jarrohlik operatsiyasiga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan ushbu voqea bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Voqea yoz kunlarining birida ro‘y bergan. Bir ayol «insomniya», ya’ni uyqusizlik tashxisi bilan nevropatologda davolanib yuradi. U kechalari uxlay olmasdi. Uyqusizlikdan aziyat chekib, yana vrachning oldiga borganida, vrach unga kuchliroq uxlatuvchi dori buyuradi. Bemor dorini ichsa-da, hech uyqusi kelavermaydi. Uyqusi qochgan ayol tunda to‘lin oy yog‘dusida pastqam uyining derazasidan tashqariga qarab xayol surib o‘tiradi. Derazaning tagidan kichik bir ariqcha oqib o‘tardi. U ariqchada sakrab suzib yurgan baqalarga tikilib, «Buncha kichik bo‘lmasa bular, uxlab yotganimda ichimga kirib ketishsa-ya», degan xayol bilan choyshabni ustiga yopib uxlab qoladi. Tush ko‘radi. Tushida kichikroq bir baqa derazadan u yotgan karovat tomon sakrab-sakrab yuradi va bemorning og‘ziga kirib ketadi. Bemor qo‘rqib uyg‘onib ketadi va birdan derazaga qaraydi. Tong endi otayotgan edi. Yorug‘lik tusha boshlagan deraza tokchasida 2–3 ta baqa sakrab yurganiga ko‘zi tushadi. Ularni ko‘rib, bemorda qattiq kekirik paydo bo‘ladi va u baqaning sayraganiga o‘xshab eshitiladi. Kekirik tez-tez takrorlanaveradi. Hovliga chiqadi va vodoprovod jo‘mragini ochib, og‘zini chayib tashlaydi, qusishga harakat qiladi, qusa olmaydi. Bir kosa iliq suvni to‘ldirib ichadi va yana qusishga harakat qiladi. Kekirik kuchayib boraveradi va tez-tez takrorlana boshlaydi. Bu ayolning eri olamdan o‘tgan bo‘lib, voyaga etgan qizi bilan yashardi. Qo‘rqib ketib, qizini uyg‘otadi va unga «Men uxlab yotganimda, baqa yutib yubordim, shekilli, u oshqozonimda turibdi», deb yig‘lab yuboradi. Qizi uni tinchlantirishga harakat qiladi, «Balki tush ko‘rgandirsiz», deydi. «Yo‘q, tushim bo‘lganida bilardim, men aniq bilaman, baqa og‘zimga kirib ketganidan so‘ng uyg‘onib ketdim, ko‘zimni ochsam, deraza tokchalarida baqalar o‘ynab yuruvdi, bu tush emas!» deydi zorlanib. Qizining «Oyijon, ba’zan odamning tushini o‘ngidan ajratish qiyin bo‘ladi-ku, siz tush ko‘rgansiz», deyishiga qaramasdan doktorga boramiz, deb turib oladi.
Ular erta saharda bir tanish doktorning uyiga borishadi va bo‘lgan voqeani aytib berishadi. Bemor tinmay kekirardi. Doktor uni tekshirmasdan, kulib shunday deydi: «Baqani yutib bo‘lmaydi, u tomoqdan o‘tmaydi, baqa hech qachon odamning og‘zidan uning ichiga kira olmaydi». Bemor doktordan norozi bo‘lib, uning yonidan chiqib ketadi. Bemor qizi bilan boshqa vrachlarga qatnay boshlaydi, ulardan turli tekshiruvlar o‘tkazishni talab qilaveradi. Uni nevropatolog, psixiatr, jarroh, terapevt, rentgenologlar tekshirishadi. Tekshiruvda qatnashgan barcha shifokorlar bemorning ichida baqa yo‘qligiga uni ishontirmoqchi bo‘lishadi. Biroq bu urinishlar zoya ketadi. Bemor tabiblarga qatnay boshlaydi. Ularning deyarli hammasi bir xil gapni aytishardi: «Baqa odamning ichiga kira olmaydi, siz yomon tush ko‘rgansiz». Bemorning tinchi buziladi, u nima esa, qusib tashlayveradi, kekirish sira qolmaydi.
Bemor shu ahvolda bir oy qiynalib yuradi va ozib ketadi. Bu voqeadan xabardor odamlar: «Baqa qolgan bo‘lsa ham u o‘lib bo‘lgan, organizmdan chiqib ketgan», deb ishontirishga harakat qilishadi. Lekin bu gaplar hech naf bermaydi. Baqa ichimga kirib ketdi, degan fikr uning miyasiga o‘tirib qolgan edi. U jarrohlardan operatsiya qilib, baqani olib tashlashni talab qila boshlaydi. «U mening oshqozonimda yashab yuribdi, u hali o‘lmagan, ichimni kemiryapti», deb yig‘layveradi. Axiyri uni professorga ko‘rsatishadi. Professor bo‘lib o‘tgan barcha voqealarni batafsil o‘rganib chiqadi, bemorni to‘la tekshiradi va bemorga jarroh bilan maslahatlashib, uning qornini operatsiya qilib ochib ko‘rishni va’da qiladi: «Agar haqiqatan ham baqa ichingizda yashayotgan bo‘lsa, uni olib tashlash kerak!» deydi. Bu so‘zlardan bemorning ko‘ngli taskin topadi. Uni jarrohlik bo‘limiga yotqizib operatsiyaga tayyorlashadi.
Professor «oshqozondan baqani olib tashlash» operatsiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha muolajalarni butunlay sir saqlashni operatsiyani o‘tkazuvchi jarrohga va hamshiraga tayinlaydi. Bemor operatsiya xonasiga olib kiriladi va u dori ta’sirida uxlatiladi. Operatsiyadan oldin kichikroq bir baqa topib kelishadi va u yopilib-ochiladigan idishga joylanadi. Operatsiyaning barcha qonun-qoidalariga amal qilingan holda bemorning qorin terisi, teri osti yog‘ qatlami kesiladi va qayta tikib qo‘yiladi. Operatsiyada bor-yo‘g‘i uchta odam, ya’ni jarroh, hamshira va professor ishtirok etishadi. Bu g‘aroyib operatsiyaning sirini faqat ular bilishardi. Professor hamshiraga bemor ko‘zini ochgan zahoti baqa solingan idishni ochib yuborishni buyuradi. Narkozning ta’siri qochgach, bemor ko‘zini ochadi. Shu payt hamshira baqa solingan idishni ochib yuboradi. Baqa bemorning ustidan bir-ikki sakrab pastga tushib ketadi. Bemor bu holatni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Professor bemorga boqib: «Siz to‘g‘ri aytgan ekansiz, baqa haqiqatan ham qattiq uxlab yotganingizda ichingizga kirib ketgan ekan, lekin u shuncha vaqt ichingizda o‘lmay yashaganiga hayronman!» deydi. Jarroh ham «Men bunaqa operatsiyani birinchi marta qilishim», deydi kulib. «Axiyri mening aytganim to‘g‘ri chiqdi», deydi bemor yuzidan nur yog‘ilib. Xullas, bemor butunlay tuzalib ketadi, kekirish yo‘qoladi, ishtahasi ochiladi, uyqusi ham tiklanadi. Qornida faqat kesilgandan engil chandiq qoladi, xolos.
Oradan bir yil o‘tadi. Bir kuni bozorda «baqa yutib yuborgan ayol» qizi bilan aylanib yurib, hamshirani uchratib qoladi. Hamshira uni zo‘rg‘a taniydi, kasallikdan qiynalib, ozib ketgan bu ayol endi semirib, tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketgan edi. Ular qadrdon dugonalardek uzoq vaqt suhbat qurishadi, uni operatsiya qilib og‘ir va uyatli darddan xalos qilgan doktorlarga mingdan-ming qulluq aytadi. Suhbat orasida «Menga o‘xshab baqa yutib yuborgan ayollar kelishyaptimi?» – deb so‘raydi kulib. Hamshira ketishga shaylanayotganida uning kallasiga bema’ni bir fikr keladi: «Aslida nima bo‘lganini aytib bersammikan, oradan bir yil o‘tdi-ku, baribir bemor tuzalib ketgan-u». Beburd hamshira bo‘lib o‘tgan voqea tafsilotini oqizmay-tomizmay bemorga so‘zlab boradi. Hamshira shifokor etikasiga mutlaqo zid bo‘lgan o‘ta qaltis ishga qo‘l uradi. Barcha haqiqatni o‘z qulog‘i bilan uni operatsiya qilishda ishtirok etgan hamshiradan eshitgan ayol turgan joyida qotib qoladi. Uning ko‘zlari bir nuqtaga tikilgan va qulog‘iga hech narsa kirmas edi. Psixiatriyada bu holat stupor deb ataladi. Onasining bu holatini ko‘rgan qizi hamshirani so‘zlashdan to‘xtatadi. Hamshira bu holatni ko‘rib, qo‘rqqanidan voqea joyidan ketib qoladi. Ayolni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirishadi. Bemor suv ichmay, ovqat emay qo‘yadi. Uni zond orqali ovqatlantirish ham juda qiyin kechadi. Bemor ozib ketadi. Oradan bir oy ham o‘tmasdan ayol vafot etadi. Hamshira esa qamaladi.
Bu, albatta, ayanchli voqea. Bir tomondan, og‘ir psixopatologik sindromni bartaraf etishda mashhur professorning yuksak darajada qo‘llagan jarrohlik mahoratini ko‘rsak, ikkinchi tomondan, o‘rta tibbiyot xodimining bir og‘iz so‘zi oqibatida avvalgisidan ham og‘ir psixopatologik sindrom, ya’ni yatropatiya rivojlanib, o‘lim bilan tugaganining guvohi bo‘lamiz. Shifokor yuqori darajada mas’uliyatli bo‘lishi va har bir so‘zni o‘ylab gapirishi kerak.
Mashhur terapevt va deontolog olim Erkin Qosimov ta’biri bilan aytganda, shifokor – bu «vrach» so‘zining sinonimi emas, u keng ma’noli atamadir, «shifokor» deganda, bemorga shifo berishda ishtirok etuvchi barcha tibbiyot xodimlari, ya’ni vrachlar, hamshiralar va kichik tibbiy xodimlar (sanitarkalar) tushuniladi. Har bir shifokor deontologiya va etika tamoyillariga qat’iyan amal qilishlari shart.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha