Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi JINSIY FAOLIYaTNI BOShQARUVChI MARKAZLAR

JINSIY FAOLIYaTNI BOShQARUVChI MARKAZLAR


Odamning jinsiy faoliyatini boshqarishda quyidagi markazlar ishtirok etadi:
  1. Bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘i – jinsiy faoliyatni ongli tarzda boshqaradi va umumiy nazorat qiladi.
  2. Gipotalamus – jinsiy faoliyat paytida kuzatiladigan vegetativ reaktsiyalarni ta’minlaydi.
  3. Orqa miya – bu erda erektsiya (S2-S4) va eyakulyatsiya (L2-L4) markazlari joylashgan.

Spinal markazlar gipotalamus va  po‘stloq markazlari hamda jinsiy a’zolarda joylashgan retseptorlar bilan ikki tomonlama afferent va efferent aloqalarga ega. Jinsiy markazlarning o‘zaro ishi yuqori darajada muvofiqlashtirilgan. Jinsiy mayl (libido) va orgazm tserebrospinal markazlarning murakkab faoliyati natijasida yuzaga keladigan murakkab psixofiziologik jarayondir. Erektsiya va eyakulyatsiya spinal reflekslar sirasiga kiradi, shuning uchun ham bel-dumg‘aza segmentlaridan yuqorida joylashgan jarohatlanishlarda bu funktsiyalar saqlanib qoladi. Biroq jinsiy faoliyatni boshqarishda ishtirok etuvchi markazlardan biri izdan chiqsa, qolganlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. 
           Jinsiy gormonlar jinsiy markazlarning shartsiz reflektor qo‘zg‘atuvchisi hisoblanadi va jinsiy maylning kuchini belgilab beradi.  Bu jarayonda prostata, gipofiz va  buyrakusti bezi gormonlarining ahamiyati juda katta. Prostata bezi gormonlari muntazam qonga tushib turadi: ular kam miqdorda tushsa, urug‘don sekretsiyasini faollashtiradi, ko‘p miqdorda tushsa, susaytiradi. Agar erkak kishi bir necha kun jinsiy aloqasiz yashasa, unda jinsiy mayl (libido) susayishi mumkin va aksincha, yana jinsiy aloqa qila boshlasa, libido paydo bo‘ladi. Bu holatni quyidagicha izohlash mumkin: tez-tez bo‘ladigan jinsiy aloqada eyakulyatsiya bilan tashqariga ko‘p miqdorda prostata sekreti chiqariladi va uning juda oz miqdori qonga so‘riladi. Sekretning qonga tushishining kamayishi urug‘don faoliyatini oshiradi, uning gormonlari esa libidoni kuchaytiradi. Aksincha, jinsiy aloqa qancha kamayib ketsa, unga bo‘lgan talab ham yanada kam bo‘ladi, chunki prostataning sekreti qonga ko‘p miqdorda tushadi va urug‘don faoliyatini susaytiradi. Mabodo, 50 dan oshgan erkakda jinsiy mayl kuchaysa, bu, odatda, prostata adenomasi bilan bog‘liq bo‘ladi, chunki adenoma bezning faoliyatini pasaytiradi.
           Jinsiy gormonlar sekretor funktsiyani boshqarishda katta ahamiyatga ega bo‘lsa-da, libido, erektsiya va eyakulyatsiya kastratsiya qilingan erkak va ayollarning deyarli 50 foizida u yoki bu darajada saqlanib qoladi. Lekin faqat balog‘atga etgandan so‘ng qilingan kastratsiyada jinsiy funktsiya saqlanib qolishi mumkin. Bitta urug‘donning xaltachasiga tushmay qolishi yoki yallig‘lanishi ham jinsiy qobiliyatni pasaytirmaydi.
          Ayollarda libidoni nafaqat ayollar, balki erkaklar gormoni ham kuchaytiradi. Ayollar libidosi buyrakusti bezining po‘stloq hujayralarida ishlab chiqariladigan androgenlarga, ya’ni erkaklar jinsiy gormonlariga ham bog‘liq. Shuning uchun ham tuxumdonlarni olib tashlash, odatda, libido so‘nishiga sabab bo‘lmaydi, buyrak usti bezlari faoliyatining susayishi esa ayollarda libidoni pasaytiradi. Erkaklar jinsiy gormonlari ayollarda erotik tusdagi his-tuyg‘ular uyg‘otadi, organizmga faollashtiruvchi ta’sir ko‘rsatadi, erogen sohalar sezgirligini oshiradi. Bundan farqli o‘laroq, erkaklarga yuborilgan ayollar gormoni erkaklik funktsiyasini sustlashtiradi.
           Ammo jinsiy qo‘zg‘alish nafaqat gormonlar ta’siri ostida, balki erogen sohalardan miyaga keluvchi signallar orqali ham paydo bo‘ladi. Eng sezgir erogen sohalar – erkaklarda penisning kallasi va uning asosi, kamroq sezgir soha moyak xaltasi bo‘lsa, ayollarda kuchli erogen soha – bu klitor, so‘ng kichik lablar, undan so‘ng esa qinning kirish joyidir. Aksariyat ayollarda ko‘krak bezining uchi ham kuchli erogen soha hisoblanadi va uni ta’sirlantirib, orgazmni chaqirish mumkin. Lekin ko‘krak bezining uchi va qinning orqa qismi sezgirligi sust rivojlangan ayollar ham bor.
           Ginekologlar uqtirishicha, 86 % ayol qiniga kirgizilgan narsaning hajmini aytib bera olmaydi. Biroq aksariyat ayollar jinsiy aloqa paytida qinning tubida paydo bo‘ladigan to‘lqinlarni yaxshi sezishadi. Lekin koitus (jinsiy aloqa) paytida kuzatiladigan orgazm olatning qin devoriga ishqalanishidan hosil bo‘ladigan impulslar hisobiga paydo bo‘ladi, deb qaraladi. Jinsiy aloqadan so‘ng orgazm kuzatilmasa, klitorni qo‘l bilan ta’sirlantirish orqali orgazmni chaqirish mumkin. Bu, albatta, vaginal orgazmdan ko‘ra, klitor orgazmi kuchli rivojlangan ayollarda osonroq. Lekin orgazm kelishini faqat tananing ma’lum bir erogen sohalari bilan uzviy bog‘lash xato bo‘lur edi. Vaholanki, orgazm kelishida jinsiy qovushish paytida kuzatiladigan boshqa (o‘pishish, quchoqlashib yotish, erkalash) omillar ham muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, orgazmning qaysi usulda va qachon kelishi, ayol kishining birinchi bor erkak kishi bilan jinsiy yaqinlikni qanday boshlaganiga ham bog‘liq.
           Jinsiy qo‘zg‘alish shartli reflektor qo‘zg‘atuvchilar (ko‘rish, eshitish, hid bilish va h.k.) ta’siri ostida ham yuzaga keladi. Lekin u har kimda va turli yoshda har xil rivojlangan: eshitish yoki ko‘rish a’zolari orqali kelgan ta’sirotlar orqali jinsiy qo‘zg‘alish hosil bo‘lishi mumkin. Bunday jinsiy qo‘zg‘alishlar  ayniqsa, o‘spirinlarda kuchli rivojlangan. Ular yalang‘och ayollar surati yoki erotik tusdagi rasmlarni ko‘rib, kuchli ta’sirlanishi va bu holat orgazm bilan tugashi mumkin. Biroq erkaklarning yalang‘och surati hamma vaqt ham ayollarda erotik qo‘zg‘alishni chaqiravermaydi. Ba’zan tashqi ta’sirlar jinsiy hirsni susaytirishi yoki to‘xtatib qo‘yishi mumkin (masalan, hadeb erotik filmlar ko‘raverish). Erotik fantaziyalarga berilish erkaklarda jinsiy qo‘zg‘alishga sababchi bo‘lsa, odatda, ayollarga bu kam ta’sir qiladi. Jinsiy aloqa boshlanayotgan paytda erkaklar ayollarga qaraganda kuchliroq qo‘zg‘aladilar. Shuning uchun ham ularda ba’zan jinsiy aloqa boshlanmasdan turib, eyakulyatsiya ro‘y beradi. Lekin jinsiy qo‘zg‘alish darajasi jinsiy mizojga ham bog‘liq.


Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b. 
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив