“ZAMONAVIY MAUGLI” SINDROMI
U ta’lim sohasida suyagi qotgan ziyoli inson edi. Bir kuni qo‘l telefonim jiringlab qoldi. Keling, uning ismini o‘zgartirib Olim aka deb qo‘ya qolay. Olim aka menga qo‘ng‘iroq qilib, o‘z iltimosini uzoq tushuntira ketdi:
– Xorijdan qizim keldi, uning o‘g‘lini bir ko‘rib bersangiz, xulq-atvori keskin o‘zgargan, ko‘rsatmagan joyim qolmadi, har xil tashxislar qo‘yilgan, doktorlar aniq fikrga kelisha olmayapti, davolash samara bermayapti, bolani faqat neyropsixolog davolay olishi mumkin deyishdi ular.
Bu oila bilan bizning azaldan bordi-keldimiz bor. O‘g‘li Evropada, qizi AQShda yashaydi, nevaralar o‘sha yoqlarda tug‘ilgan va tarbiyalanmoqda.
Ularni uyga taklif qildim. Ota-bobolarimiz rasm-rusumidan uzoqlashmay xontaxtaga dasturxon yozdim. Er-xotin qizi va ikkala nevarasi bilan kelishibdi. O‘g‘il nevara olti yoshlardan oshgan, qiz nevara esa uch yoshlar chamasi edi. O‘g‘il nevarasi eshikdan kirgan zahoti butun diqqat-e’tiborimizni o‘ziga tortdi. U begona joyga kirgan ba’zi qiziqqon bolalarga o‘xshab, “U kim”, “Bu nima” deb savollar ham bermadi, bizga ham e’tibor qilmadi.
Odatda, to‘polonchi bolalar ham begona joyga borsa, u erni ko‘zi bilan bir sidra o‘rganib chiqadi, ota-onasining pinjiga kirib, tinch o‘tirishga harakat qiladi. Bu bola esa sakrab dasturxon ustiga chiqib oldi-da, uning ustidagi eguliklarni pala-partish og‘ziga sola boshladi, so‘ngra bolaning ko‘zi stol chekkasida turgan mening sensorli telefonimga tushdi. Bola dasturxondan qo‘liga olgan narsalarni turgan joyiga tashladi va undan sakrab tushib, telefonga yopishdi. Telefonni darrov o‘ynay ketdi va xonani bir aylanib chiqib, televizor pultiga yopishib oldi. Jajji qizaloq ham akasining xatti-harakatlariga taqlid qila boshladi. Bir zumda bo‘layotgan bu holatdan uyalib ketgan (bizning uyga kelishmaganiga ikki yildan oshgandi) Olim aka nevarasini tartibga chaqirmoqchi bo‘ldi. Nevara uning elkasiga sakrab chiqib oldi. Olim aka nevarasini etagiga zo‘rg‘a tushirdi-da, telefon va televizor pultini qo‘lidan olib, menga uzatdi.
Oradan biroz fursat o‘tib, qizim mehmonlar olib kelgan tovuq go‘shtini to‘g‘rab, chinni idishlarga solib, dasturxonga tortdi. So‘ngra pomidor sharbatini piyolalarga quyib, endi uzataman degan ham ediki, bola birinchi likopchadagi tovuqqa jon holatda tashlanib, uni bir-ikki tishladi-da dasturxonga irg‘itdi. Pomidor sharbati solingan piyola ag‘darilib, dasturxonga to‘kilib ketdi. Bu holatni ko‘rib, buvisi qattiq xijolat tortdi va “Bolani uydan olib chiqa qol”, dedi qiziga.
Bebosh bolani na onasi, na buvisi, na buvasi, na xotinim tartibga chaqira olardi. Men bolaga indamay, uni kuzatishda davom etdim, hatto “O‘z holiga qo‘yinglar, o‘ynayversin” dedim. Axiyri Olim aka qiziga qarab: “Kichkinani tashqariga olib chiq, o‘g‘lingni Zarifboy akang bir tekshirsinlar”, dedi. So‘ngra nevarasiga qarab u bilan gaplashmoqchi bo‘ldi. “Bu bola juda aqlli, qani ayt-chi?” deb kichik-kichik matematik savollar bera boshladi. Bola savollarga to‘g‘ri javob berardi, biroq hech narsaga e’tiborsiz, ko‘zlari ko‘p o‘ynar va bir joyda tek turmasdan ko‘p tipirchilar edi. Oradan yarim soatcha vaqt o‘tdi. Bola hech tinim bilmas va inson bolasiga xos bo‘lmagan xatti-harakatlarni qilishdan to‘xtamasdi. Bunday bolada neyropsixologik tekshiruvlar o‘tkazish uchun bir necha xodimlari bor kichik bir laboratoriya kerak edi. Rafiqam “Yur o‘g‘lim, senga hovlini ko‘rsataman” deb bolaning buvisi bilan birgalikda tashqariga chiqishdi. Biz Olim aka bilan xonada yolg‘iz qoldik.
– Zarifboy uka, o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Nevaramizda mana shu holat faqatgina uxlaganda tinchiydi. Bundoq qarasa, yoshidan ortiq aqli bor, biroq xulqi nega bunaqa? – dedi siqilib Olim aka. – Bu nima? Bu o‘sha Siz kitobingizda yozgan “Bebosh bola sindromi”mi?
– Olim aka! Nevarangizdagi xulq-atvor buzilishlari bebosh bola sindromiga sig‘maydi, bu boshqa sindrom, – dedim. – Bebosh bola sindromida tafakkur saqlanib qoladi, faqat xulq-atvor va diqqat-e’tibor buzilgan bo‘ladi. Sizning nevarangizda diqqat umuman yo‘qolgan, tafakkur olami ham toraygan.
Olim aka menga xavotir bilan qaradi-da:
– Ishqilib ruhiy kasallik emasmi? Nega nevaramda shuncha bo‘lmag‘ur qiliq, axir ular qaerdan paydo bo‘lgan, bizning naslimiz toza-ku?
– Bu “Zamonaviy Maugli sindromi”, – dedim.
Shifokor bo‘lmasa-da, dunyoqarashi keng bu inson ajablanib:
– Birinchi marta eshitishim, axir bunday sindrom yo‘q, shekilli?
– To‘g‘ri. Bunday tashxis yo‘q, biroq endi shunday tashxisni o‘ylab topishga to‘g‘ri keladi. Birinchi bor bu tashxisni Sizning nevarangizga qo‘ymoqchiman.
Olim aka indamay, bir nuqtaga tikilib, xayol surib qoldi. Olim akaga aytib, qizini, ya’ni bolaning onasini chaqirtirdim. Qizi hovlidan qaytib kelib yonimizga o‘tirdi. Men bolaning onasini asta suhbatga tortdim. Homiladorlik qanaqa o‘tgani, bola tug‘ilgach, uni qanday tarbiyalagani haqida so‘rab-surishtira boshladim.
– Mening bilishimcha, ikkala bola ham AQShda tug‘ilgan va o‘sha erda tarbiyalanyapti, to‘g‘rimi?
– Ha, – dedi u.
– Bola menimcha beshikdan boshlab turli xil elektron o‘yinchoqlarga o‘rgangan shekilli?
– Ha, adashmasam ikki oyligidan planshetni arg‘imchoqqa osib qo‘yganman.
– Nega?
– Bolaning miyasini rivojlantirish uchun.
– O‘zingiz-chi, o‘zingiz bola bilan muloqot qilarmidingiz?
– Ha, bola katta bo‘lgan sayin men u bilan muloqot qilishga intilardim, biroq u men bilan muloqot qilmasdi.
– Unda bola kim bilan gaplashardi?
Ona mening savolimni tushundi shekilli:
– Planshet bilan, – dedi va xavotir bilan menga qaradi.
– Axir, onangiz tarbiyalashga sizlarnikiga borib turardilar shekilli?
– U ikkimizdan ham planshetni afzal ko‘rardi, unga planshet bo‘lsa bo‘lgani edi.
– Demak, bolaning ko‘z ochib ko‘rgani planshet bo‘lgan ekan-da?
– Ha, shunday desa ham bo‘ladi, aytdim-ku, mening o‘qishim bor, adasi deyarli bolaga qaray olmagan. Ishdan, o‘qishdan charchab kelib uxlab qolardik. Bilasiz, Amerikada yashash va o‘qishning o‘zi bo‘lmaydi, – dedi uning kayfiyati cho‘kib.
Men ularga hammaga yod bo‘lib ketgan Maugli haqidagi multfilmni neyropsixologik nuqtai nazardan tahlil qilib tushuntirib berdim. Tug‘ilgandan faqat hayvonlar orasida o‘sib-ulg‘aygan Maugli o‘rmondagi barcha hayvonlarning xatti-harakatlarini bemalol takrorlagan, biroq odamga o‘xshash birorta ongli harakatlarni qila olmagan, nutq ham rivojlanmay qolganligini barchamiz bilamiz. Maugli er sharidagi yakkayu yagona ongli mavjudot bo‘lmish insonga xos fazilatlardan mahrum bo‘lganidan ham xabarimiz bor. Chunki u odamlar bilan muloqotda bo‘lmadi. Mauglini olimlar odamlar orasida tarbiyalab, unda odamlarga xos fazilatlarni shakllantirmoqchi bo‘lishdi. Biroq hech qanday natijaga erishilmadi. Adashmasam, o‘sha Maugli ham besh-olti yoshlar atrofida edi. Maugli odamlardan voz kechib, yana yirtqich hayvonlar orasida yashashni ma’qul topdi.
Ha, biz yoshligimizdan biladigan Maugli ongsiz mavjudotlar orasida katta bo‘lganligi bois, unda ong rivojlanmay qoldi. Hozirgi bolalarni esa ona qornidan tushgan zahoti ham ongsiz, ham jonsiz narsalar, ya’ni planshetlar og‘ushida katta qilishga harakat qilayapmiz. Natijada zamonaviy Mauglilar soni ortib bormoqda. Bu voqea, albatta, meni ham taajjubga soldi.
Neyropsixolog sifatida miyaning ba’zi funktsiyalarini yana bir bor eslatib o‘tmoqchi edim. Bu haqda men kitoblarim hamda OAVga bergan intervyularimda ko‘p bora ma’lumot berganman.
Insonning miyasi ikki yarim shardan iborat. Chap yarim shar bola bilan nutq (muloqot) orqali rivojlanadi, ya’ni bola bilan suhbatlashib turish, hikoya va ertaklar eshitish orqali rivojlanadi. O‘ng yarim shar miyaga nutqqa aloqasi bo‘lmagan ma’lumotlar, ya’ni go‘zal tabiat, chiroyli rasm va musiqalarni tahlil qilish orqali rivojlanadi. Demak, bola nuqsonsiz rivojlanishi uchun u bilan albatta suhbatlashib turish, ertaklar aytib berish hamda uni tabiat qo‘yniga olib chiqib turish, teatr, hayvonot bog‘i va musiqa maktablariga olib borish, rasm chizdirish kerak bo‘ladi. Ana shunda bosh miyaning ikkala yarim shari bir xil rivojlanadi va keyinchalik uning o‘zi ham mukammallikka intiladi.
Shu bilan birga, miyaning har bir yarim sharida to‘rtta bo‘lak farqlanadi. Ensa bo‘lagi – ko‘z orqali, chakka bo‘lagi – so‘z orqali, tepa bo‘lagi – silash orqali kelayotgan signallarni tahlil qiladi, so‘ngra ma’lumotlar aql va tafakkurga ko‘proq aloqador bo‘lgan peshona bo‘lagidagi oliy markazlarga uzatiladi. Demak, bola ongi bir maromda rivojlanishi uchun bosh miyaning barcha tuzilmalariga tashqi muhitdan keluvchi signallar bir maromda tushib turishi kerak. Ushbu muvozanat buzilsa, miya rivojlanishdan orqada qoladi yoki miyaning qaysidir funktsiyasi ortiqcha rivojlanadi, boshqa funktsiyalar esa ortda qoladi. Inson ruhiyati va aql-farosati shakllanishida asosiy ahamiyatga ega bo‘lgan vosita – bu so‘z, ya’ni muloqot. Buni aslo unutmang!
Go‘zal tabiatning betakror manzarasi ham so‘z va muloqotning o‘rnini bosa olmaydi. Agar bosa olganida edi archazorlarga burkangan chiroyli o‘rmonlar, tiniq daryolar va musaffo osmon qo‘ynida ulg‘aygan Maugli odamdan aqlli bo‘lar edi. Vaholanki, bunday bo‘lmadi-ku! Demak, hech narsa o‘zaro muloqotning o‘rnini bosa olmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, inson so‘z bilan tirik!
Men suhbat mobaynida “Zamonaviy Maugli» sindromini batafsil yoritishga harakat qildim. Bolaning xatti-harakatlari Maugli harakatlariga juda o‘xshab turganligi bois, bu tashxis mening xayolimga hozir kelgan edi. Men fursatdan foydalanib, bola bilan bog‘liq barcha vaziyatlarni o‘rganishga harakat qildim. Suhbat chog‘ida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, bola bilan muloqot deyarli bo‘lmagan, bo‘lgan taqdirda ham bolaning tug‘ma instinktlari, ya’ni ovqatlanish va hojatga chiqish instinktlarini qondirish paytida ona bolaning yoniga kelgan. Bu paytda ham bola bilan gaplashmay, balki ona telefonda gaplashib o‘tirgandir. Demak, bola bilan deyarli jonli muloqot bo‘lmagan.
Natijada so‘z orqali rivojlanadigan bosh miyaning chakka bo‘lagi rivojlanmay qolgan. Chakka bo‘lagi planshetdan chiqadigan tovushlarga moslashib rivojlangan. Bizning suhbat shu erga kelganda, Olim aka qiziga qarab: “Bor-chi, boladan bir xabar ol, uxlab qoldimikan, hamma yoq jim bo‘lib qoldi”, dedi. Shu payt buvisi bola bilan birga uyga kirib keldi. Bola uxlamagan edi. Bola ikkala qo‘li bilan berilib planshetni o‘ynayotgan edi. Olim aka va qizi menga qarab qo‘yishdi.
– Men hozir sizlarga “Maugli sindromi”ning yana bir belgisini ko‘rsataman, – dedim va o‘rnimdan turib sekin bolaga yaqinlashdim. Men uning yoniga borganimni bola sezmadi. U hech kimga e’tibor qilmasdi, hatto uni qo‘lidan ushlab, uyga olib kirishganini ham bola sezmadi. U virtual dunyoga boshi bilan sho‘ng‘igan edi. Men uning qo‘lidan planshetni tortib oldim. U menga tashlanib ketdi va qo‘limni tishlashga urindi. Men orqaga tisarildim, u tishini g‘ijirlatib, yana menga tashlandi. Planshetni qo‘liga qaytarib beruvdim, darrov tinchlandi-qoldi.
Olim aka hamma narsa tushunarli deb, qiziga bir qarab qo‘ydi-da o‘rnidan turib ketishga shaylandi. Biz mehmonlar bilan xayrlashdik. Ikki kundan keyin Olim akaning qizi o‘g‘li bilan “zamonaviy Mauglilar” yurtiga uchib ketishdi.
Oradan bir muddat o‘tmay, o‘zimizning yurtda tug‘ilib voyaga etayotgan yana bir bolaga “Zamonaviy Maugli” sindromi deb tashxis qo‘yishimga to‘g‘ri keldi. Afsus...
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha