Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi ZAHM MENINGITI VA MENINGOENTsEFALITI

ZAHM MENINGITI VA MENINGOENTsEFALITI


Etiologiyasi. Kasallik tarqatuvchisi oq treponema bo‘lib, u organizmga tushgach MNS ni bir necha oylar yoki yillar ichida zararlay boshlaydi. Infektsiya tushgandan so‘ng meningit bir necha oylar yoki yillar (3 yilgacha) o‘tib rivojlansa – erta, 3 yildan keyin rivojlansa – kech zahm meningiti deb aytiladi. Ba’zida meningit yoki meningoentsefalit infektsiya organizmga tushgandan 10 yoki 20 yil o‘tgandan so‘ng ham rivojlanadi.
       Patomorfologiyasi. Spetsifik yallig‘lanish jarayoni, asosan, miya pardalarining bazal qismida kechadi, konveksital soha pardalari kam zararlanadi. Parallel tarzda yoki pardalar zararlanishidan ham oldin tserebral arteriyalarda spetsifik yallig‘lanish reaktsiyalari boshlanadi, ya’ni zahm vaskuliti rivojlanadi. Mayda va o‘rta kalibrdagi arteriyalar devori xuddi aterosklerozdagi kabi qalinlashadi. Aterosklerozdan farqli o‘laroq, zahmda arteriyalarning barcha devorlari zararlanadi va qalinlashadi. Miya pardalaridagi spetsifik yallig‘lanish jarayoni ularning qalinlashuvi va ushbu sohalarda ekssudatlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Ekssudatlarda plazmatik hujayralar va limfotsitlar juda ko‘p aniqlanadi. Miya qorinchalari ham kengayadi va ularning devori proliferatsiyaga uchraydi. Miya pardalaridagi spetsifik yallig‘lanish jarayonlari tepadan qattiq pardaning vistseral yuzasiga, pastdan esa miya to‘qimasiga qarab tarqalib boradi. Meningoentsefalitda spetsifik yallig‘lanish jarayoni miya pardalari, miya to‘qimasi va tserebral arteriyalarda kechadi.
        Klinikasi. Meningit klinikasi nimo‘tkir yoki surunkali tarzda boshlanadi. Tana harorati 37-38°S dan oshmaydi. Bemorning umumiy ahvoli ham og‘irlashmaydi. Ba’zi bemorlar o‘zidagi doimiy bosh og‘rig‘i va umumiy holsizlikni charchash alomati deb bilishadi va vrachga murojaat qilishmaydi. Ba’zi bemorlarda meningeal simptomlar aniqlanmaydi yoki ular o‘ta sust ifodalangan bo‘ladi. Shu bois, zahm meningiti tashxisini o‘z vaqtida aniqlash qiyindir. Uni aniqlash imkoniyati, odatda, kranial nervlar zararlana boshlagandan so‘ng paydo bo‘ladi. Bemor narsalar ikkita bo‘lib ko‘rinayotganligi, yuqori qovoqning tushishi, ko‘zining g‘ilay bo‘lib borayotganligi va yurganda gandiraklab ketayotganligidan qo‘rqib, vrachga murojaat qiladi. Odatda, ana shundan keyin chuqur tekshiruvlar o‘tkazila boshlanadi va bemorda neyrozahm rivojlanayotganligi ayon bo‘ladi.
Kranial nervlardan, ko‘pincha, II, III va IV nervlarni patologik jarayon qamrab oladi. Ushbu kranial nervlar deyarli har doim zararlanadi. Chunki zahm meningiti, asosan, miya pardalarining bazal qismida kuzatiladi. Patologik jarayon miyacha-ko‘prik burchagida joylashsa, V, VII va VIII nervlar zararlanadi va ataktsiya rivojlanadi. Ularning zararlanishi ko‘pincha shu erda hosil bo‘lgan chandiq yoki gummalar bilan bog‘liq. Aksariyat bemorlar kuchli bosh aylanishi va quloqdagi shovqindan shikoyat qilishadi.
       Bemorda Arjil-Robertson simptomi ham aniqlanadi. Qorachiqlarning yorug‘likka to‘g‘ri va hamkor reaktsiyasi yo‘qolib, konvergentsiya va akkomadatsiyaga reaktsiyasi saqlanib qolishiga Arjil-Robertson simptomi deyiladi. Bu kasallik uchun o‘ta xos simptom neyrozahmning so‘nggi bosqichlarida yaqqol aniqlanadi.
        Zahm meningitida bosh miyaning konveksital sohasi kam zararlanganligi bois, tserebral tipdagi falajliklar va sezgi buzilishlari kam uchraydi. Bu simptomlar engil mono- va gemiparezlar, mono- va gemigipesteziyalar ko‘rinishida bo‘ladi. Ba’zida piramidal buzilishlar faqat pay reflekslari giperrefleksiyasi va patologik simptomlar bilan namoyon bo‘lib, mushaklar kuchi esa kamaymaydi. Konveksital soha pardalari va po‘stloqning yuza qismida zahm chandiqlari paydo bo‘lishi Jekson tipidagi tutqanoq xurujlari sababchisi hamdir. Shuningdek, deliriya va gallyutsinatsiyalar, psixomotor qo‘zg‘alishlar, xotira buzilishlari va tungi uyqusizlik ham ko‘p kuzatiladi. Bu simptomlar ba’zan kasallikning dastlabki bosqichidayoq paydo bo‘ladi, ba’zida keyinroq yuzaga keladi. Kasallikning so‘nggi bosqichlarida neyropsixologik buzilishlar kuchaya borib, og‘ir dementsiya darajasigacha etishi mumkin.
        Ba’zida zahm meningiti o‘tkir boshlanadi. Bemorning tana harorati 39°C gacha oshadi. Meningeal simptomlar ham biroz kuchli ifodalangan bo‘ladi. Bosh og‘rig‘i, asosan, ensa va chakka sohalarida kuzatiladi. Bosh og‘rig‘i ko‘z kosasi va bo‘yin qismiga irradiatsiya qiladi, jismoniy harakatlarda kuchayadi. Bosh og‘rig‘i kuchayganda ko‘ngil aynishi va qayt qilish paydo bo‘ladi. Kalla qutisi va, ayniqsa, so‘rg‘ichsimon o‘siqcha sohasi perkussiya qilinganda bosh og‘rig‘i zo‘rayadi. Bosh og‘rig‘ining kechasi kuchayishi ham zahm meningiti uchun xos.
      Likvorologik o‘zgarishlar. Likvor bosimi ko‘tariladi. Uning rangi tiniq bo‘lib, engil limfotsitar pleositoz (1 mkl likvorda 50–100 ta) aniqlanadi, oqsil miqdori oshadi (0,6–0,9 g/l) va Vasserman reaktsiyasi musbat bo‘ladi. Ushbu likvorologik o‘zgarishlar zahm bosqichi hamda meningit va meningoentsefalitning qay darajada namoyon bo‘layotganligiga bog‘liq.
       Tashxis va qiyosiy tashxis. Bemorning zahm bilan kasallanganligi, meningitning nimo‘tkir yoki surunkali boshlanishi, qon va likvorda serologik reaktsiyalarning musbat bo‘lishi asosida zahm meningiti tashxisi qo‘yiladi. Serologik testlardan Vasserman, immunoflyurestsentsiya reaktsiyasi (IFR) va oq treponemalar immobilizatsiyasi reaktsiyasi (OTIR) zahmni aniqlash uchun o‘ta sezgir testlardan hisoblanadi.
       Zahm meningiti (meningoentsefaliti) klinikasi va kechishi sil meningiti (meningoentsefaliti) klinikasi va kechishiga juda o‘xshaydi. Shu bois, qiyosiy tashxis avvalambor ushbu ikkala kasallik orasida o‘tkaziladi. Laborator va instrumental tekshiruvlargina to‘g‘ri tashxis qo‘yishga yordam beradi. Ba’zida bitta bemorning o‘zida sil ham, zahm ham aniqlanadi. Bunday paytlarda meningit etiologiyasini aniqlash o‘ta mushkul.
       Shuningdek, kasallikni bosh miya o‘smasi bilan ham qiyoslash kerak. Chunki ikkala kasallikning kechishi bir-biriga juda o‘xshash. Erta o‘tkazilgan MRT tekshiruvi bu masalaga oydinlik kiritadi.
      Davolash. Zahm va uning asoratlarini davolashda benzilpenitsillin eng asosiy antibiotik bo‘lib qolmoqda. Benzilpenisillin 2 000 000–4 000 000 BK dan kuniga 6 mahal v/i ga qilinadi. Uning bir kunlik dozasi 12–24 mln BK ni tashkil qilishi va shu doza 10-14 kun mobaynida qilinishi kerak.
Agar bemorning penisillinga allergiyasi bo‘lsa, boshqa antibiotiklar tavtsiya etiladi. Masalan, xloramfenikol bir kunda 1 kg tana vazniga 100 mg dan har 6 soatda v/i ga qilinadi. Dori 6 hafta mobaynida qilinishi kerak. Shuningdek, seftriakson 1 kg tana vazniga 100 mg dan kuniga 1 mahal 10-14 kun mobaynida v/i ga yuboriladi.
      Meningit va meningoentsefalitlarda boshqa dori vositalari ham tavtsiya etiladi. Bular – kortikosteroidlar, tserebral mikrotsirkulyatsiyani yaxshilovchi dorilar, degidratatsiya va desensibilizatsiya vositalari, analgetiklar, sedativ dorilar, antikonvulsantlar va h.k.
       Prognoz. Kasallik surunkali kechganligi bois bemor doimo vrach nazoratida turishi kerak. Biron oylardan so‘ng davolashni takroriy o‘tkazishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Davolash 3 xil natija bilan tugallanadi: bemor butunlay tuzaladi, kasallik ma’lum bir bosqichda to‘xtab qoladi yoki zo‘rayib boradi.


Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc







Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив