Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi ZO‘RIQISh BOSh OG‘RIG‘I

ZO‘RIQISh BOSh OG‘RIG‘I


Zo‘riqish bosh og‘rig‘i (ZBO) – boshni ikki tomondan siquvchi og‘riqlar bo‘lib, ko‘pincha perikranial muskullar taranglashuvi bilan kechadi. ZBO birlamchi bosh og‘riqlar sirasiga kiradi. ZBO 2 guruhga ajratib o‘rganiladi: 1) epizodik ZBO; 2) surunkali ZBO. Epizodik ZBO umumiy populyatsiyada 60–80% uchrasa, surunkali ZBO 3–5% uchraydi. Erkaklarga qaraganda ayollar 2 barobar ko‘p kasallanishadi. Kasallik eng ko‘p kuzatiladigan davr bu 30–40 yoshlar. Ammo u bolalik va o‘smirlik davrida ham, yoshi kattalarda ham rivojlanishi mumkin. ZBO aholi orasida ko‘p tarqalganligi bois, uni turli etiologiyali bosh og‘riqlar bilan birga uchratish mumkin. Masalan, o‘rta yoki katta yoshdagilarda ZBO – gipertoniya kasalligi va bo‘yin osteoxondrozi, yoshlarda – nerv sistemasining yallig‘lanish kasalliklari bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. ZBO alohida kasallik sifatida ajratilgunga qadar nevrasteniya, psixasteniya, psixogen tsefalgiya, araxnoidit, migren tashxislari bilan yuritilgan.

Etiologiyasi va patogenezi. ZBO etiologiyasi to‘la o‘rganilmagan. Ammo mutaxassislar ZBO ga olib keluvchi bir qator xatarli omillarni ajratishadi. Kasallik rivojlanishida psixogen omillarga katta urg‘u beriladi. Bular – depressiya, xavotir, o‘tkir va surunkali stresslar. Doimiy xavotir va depressiyada ZBO juda ko‘p  uchraydi. Shuningdek, ishlash va dam olish tartibi buzilishiga ham katta urg‘u beriladi. Doimo bir xil holatda o‘tirish, ya’ni kompyuter monitori oldida soatlab qolib ketish yoki shu kabi boshni qimirlatmay ishlaydigan holatlar perikranial muskullar taranglashuvi va ZBO rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Bo‘yin umurtqalari bilan boshning ensa sohasini birlashtiruvchi muskullar taranglashuvi ham xatarli omillar sirasiga kiradi. ZBO rivojlanishida o‘tkazilgan kraniotserebral va kraniotservikal jarohatlarning ham o‘rni katta.

ZBO da perikranial muskullar sohasi bosib tekshirilganda kuchli og‘riqli nuqtalar topiladi. Bo‘yin-ensa, chakka va chaynov muskullari taranglashgan bo‘ladi. Shuning uchun boshning barcha sohasida trigger nuqtalar aniqlanadi. Taranglashgan muskullarda normal metabolizm buziladi. Kislorod va suvgacha parchalanmay qolgan oraliq metabolitlar muskullarni ortiqcha ta’sirlantiradi. Bu esa achishtiruvchi bosh og‘riq va reflektor spazmlar sababchisidir. Natijada patologik zanjirli reaktsiya shakllanadi. ZBO patogenezida perikranial tomirlar spazmi, venoz staz va lokal shishlarning o‘rni katta. ZBO da perikranial muskullar taranglashuvi har doim kuzatilmaydi, biroq xavotirli-depressiv sindrom va disforiya juda ko‘p aniqlanadi. 

Eslatma. Kasallik etiologiyasida psixoemotsional zo‘riqishlar asosiy o‘rin tutganligi uchun ham uning nomi “zo‘riqish bosh og‘rig‘i” deb ataladi. Shuningdek, bu kasallik psixogen bosh og‘riq va idiopatik bosh og‘riq deb ham ataladi.


Tasnifi. ZBO tasnifi bosh og‘riqlarni o‘rganish bo‘yicha Xalqaro jamiyat (International Headache Society) tomonidan 2004-yili taklif etilgan. Uning qisqacha tasnifini keltirib o‘tamiz:
   
I. Epizodik ZBO
  • Perikranial muskullar taranglashuvi bilan kechuvchi.
  • Perikranial muskullar taranglashmay kechuvchi.
    II. Surunkali ZBO
  • Perikranial muskullar taranglashuvi bilan kechuvchi.
  • Perikranial muskullar taranglashmay kechuvchi.
Klinikasi. Bemor boshning ikki tomoni qattiq siqib og‘rishidan shikoyat qiladi. U ushbu bosh og‘riqlarni shunday ta’riflaydi: «Doktor, mening boshim xuddi siqib turuvchi kaska kiydirib qo‘ygandek yoki tasma bilan qattiq qisib bog‘lagandek og‘riydi». Ba’zida og‘riq kuchli bo‘lmasa-da, uning siqib og‘ruvchi xususiyati saqlanib qoladi. Barcha tomondan siqib va bosib turuvchi bosh og‘riqlar ZBO uchun juda xos. Bu uni migrendan farqlovchi asosiy belgi hamdir. Migrendan farqli o‘laroq, ZBO da ko‘ngil aynish va qusish deyarli kuzatilmaydi. Lekin og‘riq xurujlari paytida yorug‘lik va ortiqcha shovqin ularga yoqmaydi. Surunkali davom etadigan ZBO da siqib og‘ruvchi bosh og‘riqlarga lo‘qillovchi bosh og‘riqlar ham qo‘shiladi (15.2-rasm).

ZBO uchun ikki tomonlama og‘riqlar juda xos bo‘lsa-da, ba’zida og‘riqlar bir tomonlama tus oladi. Ular hatto boshning ma’lum bir qismida, ya’ni peshona, chakka, ensa yoki tepa sohasida joylashishi mumkin. Juda ko‘p hollarda bosh og‘riqlarga psixoemotsional buzilishlar ham qo‘shiladi yoki ular kuchayadi. Og‘riq paytida bemorning kayfiyati tushib ketadi, hech kim bilan gaplashgisi kelmay, qorong‘i xonaga kirib yotib oladi. Agar og‘riqlar kunduzi boshlansa, ishni tashlab uyga keladi va yotib uxlashga harakat qiladi. U tezroq og‘riqdan qutulish uchun analgetiklar qilishni iltimos qilaveradi. Surunkali kechuvchi ZBO da ba’zi bemorlar analgetiklarga o‘rganib qolishadi. Biroq ZBO da og‘riqlar migrendagidek kuchli bo‘lmaydi. Bemorning atrofida yaxshi psixologik muhit yaratilsa va bemorga analgetiklar olaverish yaxshi emasligi tushuntirilsa, u bu dorilardan vaqtincha voz kechishi mumkin. Ba’zi bemorlarning boshini uqalasa ham bosh og‘rig‘i kamayadi va uyquga ketadi.

ZBO xurujlari paytida perikranial muskullar taranglashgan bo‘ladi. Boshning barcha nuqtalarida og‘riqlar aniqlanadi. Albatta, bu og‘riqlar psixogen giperesteziya bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Bemordan “boshingizning qaysi qismi ko‘proq og‘riyapti”, deb so‘ralsa, “hamma joyi”, deb javob beradi. Ba’zi bemorlar faqat ensa-bo‘yin sohasini ko‘rsatadi.

Bosh og‘riqlar paytida ham, boshqa paytlarda ham o‘choqli nevrologik simptomlar aniqlanmaydi. Tekshiruvlar faqat pay reflekslarining nevrotik tipda oshganligi va umumiy giperesteziya belgilarini ko‘rsatadi. Albatta, boshning qaysi sohasi bosib tekshirilsa ham og‘riyveradi. Shuningdek, ikkala ko‘z olmasini bosib tekshirsa ham og‘riq paydo bo‘ladi. Bunday bemorlar asossiz ravishda “surunkali intrakranial gipertenziya” tashxisi bilan davolanib yurishadi.

Tashxis. ZBO tashxisini qo‘yish uchun anamnestik ma’lumotlar, og‘riq xususiyatlari va uning kechishi hamda nevrologik statusda o‘choqli simptomlarning bo‘lmasligiga asosiy e’tibor qaratiladi. Bemorning psixosomatik statusini o‘rganish ham muhim ahamiyatga ega. Bosh og‘riqlar etiologiyasini aniqlash va qiyosiy tashxis o‘tkazish maqsadida MRT, EEG va dupleksli skanirlash tekshiruvlari o‘tkaziladi. Bosh og‘riqlarni o‘rganish bo‘yicha Xalqaro ekspertlar guruhi tomonidan ZBO tashxisini qo‘yish algoritmi ishlab chiqilgan. Uni keltirib o‘tamiz.

A) Epizodik ZBO ning diagnostik belgilari:
  • Bir oyda bir necha bor (1–15 marotaba) og‘riq xuruji ro‘y berishi;
  • Bosh og‘riqning 30 daqiqadan 7 kungacha davom etishi;
  • Og‘riqlar boshning ikkala tomonida ham kuzatilishi;
  • Siquvchi va bosuvchi xususiyatga egaligi (biroq lo‘qillovchi emas);
  • O‘rta darajadagi bosh og‘riqlar (migrendagidek kuchli emas);
  • Oddiy jismoniy harakatlarda bosh og‘riqning kuchaymasligi;
  • Ko‘ngil aynish va qusishlar bo‘lmasligi;
  • Foto- va fonofobiyalar xos emasligi.
Anamnez bo‘yicha va nevrologik tekshiruvlarda bosh miyaning o‘choqli zararlanishlari aniqlanmaydi. Aksariyat hollarda perikranial muskullar taranglashuvi hisobiga boshda og‘riqli nuqtalar aniqlanadi. Kranioservikal muskullar taranglashuvi ham lokal og‘riqlarni kuchaytiradi.

B) Surunkali ZBO ning diagnostik belgilari:
  • Har kungi yoki kunora uchrovchi bosh og‘riqlar;
  • Soatlab yoki bir necha kunlab to‘xtovsiz davom etishi;
  • Boshning ikkala tomonida ham og‘riqlar kuzatilishi;
  • Siquvchi va bosuvchi (lo‘qillovchi emas) xususiyatga ega ekanligi;
  • O‘rta darajada bo‘lishi (migrendagidek kuchli emas);
  • Oddiy jismoniy harakatlarda bosh og‘riq kuchaymasligi;
  • Ko‘ngil aynish va qusishlar bo‘lmasligi;
  • Foto- va fonofobiyalar xos emasligi;
  • Bosh og‘riqning boshqa kasalliklar bilan bog‘liq emasligi;
  • Obektiv o‘choqli nevrologik simptomlar kuzatilmasligi;
  • Perikranial muskullar taranglashib, og‘riqli nuqtalar aniqlanishi.

Qiyosiy tashxis. Barcha turdagi bosh og‘riqlar bilan o‘tkaziladi. ZBO deyarli har doim migren va klaster bosh og‘riqlar bilan qiyoslanadi (1-jadval).
                                                                                                                          1-jadval
                     Bosh og‘riqlarning diagnostik belgilari

Belgilar
Zo‘riqish bosh og‘rig‘i
Migren
Klaster bosh og‘riq

Lokalizatsiya
Odatda, ikki tomonlama
Odatda, bir tomonlama
Chakka   va   orbital sohada, bir tomonda

Davomiyligi
30 daqiqa -7 kun
4-72 soat
15-180 daqiqa
Xususiyati
Bosuvchi, siquvchi
Lo‘qillovchi
Kuydirguvchi, burovchi
Kuchi
Past va o‘rta darajada
O‘rta va yuqori darajada
    Juda kuchli
Qo‘shimcha simptomlar
Foto-va fonofobiya kam uchraydi, bo‘yin va elka
sohasida og‘riq
kuzatilishi mumkin
Ko‘ngil aynish, qusish, fotofobiya, fonofobiya, vegetativ buzilishlar    
Ko‘ngil aynish, bradikardiya, ko‘z yoshi oqishi, ko‘zning qizarib ketishi, rinoreya, bosh og‘rigan tomonda burun bitishi va oqishi
Prodromal belgilar va auralar
Bo‘lmaydi

Prodromal belgilar -50%, auralar - 30%.
Bo‘lmaydi

Boshlanish payti
Har qanday paytda
Har qanday paytda
Odatda, kechasi, bir xil vaqtda, mavsumiy qo‘zg‘alishlar
Qaysi yoshda boshlanishi
Har  qanday   yoshda, ko‘proq o‘rta yoshlarda
10-30 yosh
30-50 yosh
Qaysi jinsda ko‘p uchrashi
Ayollarda (2:1)
Ayollarda (3:1)
Erkaklarda (6:1)
Oilaviy anamnez
40% holatlarda oilaviy bo‘lib uchraydi
50% holatlarda oilaviy bo‘lib uchraydi    
Yo‘q

Qo‘zg‘ovchi omillar
Psixoemotsional zo‘riqishlar, stress, bo‘yin muskullarining uzoq vaqt taranglashib qolishi
Kuchli yorug‘lik, shovqin, hidlar, spirtli ichimliklar, kun tartibining o‘zgarishi
Spirtli ichimliklar, chekish, nitroglitserin, bioritmning o‘zgarishi



Davolash. Kompleks tarzda olib boriladi. Buning uchun farmakologik, fizioterapevtik va psixoterapevtik muolajalar qo‘llaniladi. Farmakologik dorilar, ko‘pincha bosh og‘riq paydo bo‘lgan paytda tavsiya etiladi. Engil holatlarda tsitramon ham bosh og‘riqni yaxshi bartaraf etadi. Ba’zi hollarda bemor paratsetamol (0,5–1,0 g) yoki atsetilsalitsil kislotasi (0,5–1,0 g) qabul qilsa, bosh og‘rig‘i to‘xtaydi yoki kamayadi. Kuchliroq bosh og‘riqlarda bu dorilar samara bermaydi. Bunday paytlarda yallig‘lanishga qarshi nosteroid dorilar, ya’ni ibuprofen 400 mg, naproksen 500 mg, ketoprofen 50 mg tavsiya etiladi. Bu dorilarning turi ko‘p bo‘lib, ularni tavsiya etishda monelik qiluvchi holatlar va nojo‘ya ta’sirlar e’tiborga olinadi. ZBO perikranial muskullar taranglashuvi bilan birgalikda namoyon bo‘lsa, markaziy miorelaksantlar ham tavsiya etilishadi. Masalan, tizanidin (sirdalud) kuniga 6–12 mg, tolperizon (midokalm) 100–150 mg va b.q.
Surunkali ZBO da analgetiklar samara bermaydi. Ularni og‘riq kuchaygan payti qilish mumkin, xolos. Analgetiklarni uzoq muddat tavsiya etish abuzus bosh ogriqlar rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. ZBO deyarli har doim qo‘rquv, xavotir va turli vegetativ buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi. ZBO kelib chiqishida psixogen omillarga katta urg‘u beriladi. Shuning uchun ham anksiolitiklar va trankvilizatorlar ZBO aniqlangan bemorlarga ko‘p tavsiya etiladi. Biroq bu dorilarning og‘riqni qoldiruvchi ta’siri 7–10 kunlardan so‘ng bilinib boshlaydi.
Surunkali ZBO ni bartaraf etish uchun amitriptilin ham qo‘llaniladi.        Amitriptilin kam dozada tavsiya etib boshlanadi. Dastlab kechqurun 25 mg amitriptilin ichiladi, 3 kundan so‘ng 50 mg (kunduzi va kechasi 25 mg dan), yana 3 kun o‘tgach, dorini 25 mg dan 3 mahal ichish tavsiya qilinadi. Shu yo‘l bilan dorining kundalik dozasi 100–150 mg ga etkazilishi mumkin. Dastlabki 5 kunlikda 20-40 mg amitriptilin natriy xloridning 0,9% li fiziologik eritmasida venadan tomchilatib yuborilsa, samarasi juda yaxshi bo‘ladi. Keyinchalik esa dorini tabletkada ichish tavsiya etiladi. Dastlabki kunlari kuchli uyqu kuzatiladi. Ammo oradan 3–4 kun o‘tgach, dorining sedativ ta’siri kamaya boshlaydi. Amitriptilin 2–3 oy mobaynida qabul qilinadi. Bu dori depressiv bosh og‘riqlarda ham samarali hisoblanadi. U psixosomatik buzilishlarni ham yaxshi bartaraf etadi.    Amitriptilin glaukoma, taxikardiya, ateroskleroz, kardioskleroz va prostata adenomasida tavsiya etilmaydi.
         
Amitriptilin o‘rniga imipramin tavsiya etilishi ham mumkin. Imipramin ham kuniga 25 mg dan ichiladi. Dorining dozasi har 2–3 kunda 25 mg ga oshirib boriladi. Dorining kundalik dozasi 100–150 mg ga etkazilishi mumkin. Imipraminning nojo‘ya ta’sirlari amitriptilindagidek. Shuningdek, doksepinni (sinekvan) kuniga 25 mg dan ichish tavtsiya etiladi. Ta’sir etish mexanizmi amitriptilinga o‘xshash. Dorining kundalik dozasi sekin-asta 75–100 mg ga etkaziladi.
       
Amitriptilinga o‘xshash dorilarni qo‘llashga monelik qiluvchi holatlarda fluoksetin (prozak) 20 mg, sertralin (zoloft) 50 mg kabi antidepressantlar tavsiya etiladi. Biroq bu dorilarning analgetik va sedativ ta’siri amitriptilinga qaraganda sust hisoblanadi. Ularni amitriptilin bilan birgalikda tavsiya etish mumkin emas.
        
Surunkali ZBO da alprazolam (ksanaks) juda samarali dorilardan biridir. Alprazolam atipik benzodiazepin bo‘lib, uning anksiolitik ta’siri kuchli. Alprazolam engil miorelaksant ta’sirga ham ega. Shu bois u perikranial muskullar taranglashuvi bilan kechuvchi ZBO da ko‘p qo‘llaniladi. Dastlab alprazolamni 0,25 mg dan kechqurun ichish tavsiya etiladi. Har 2–3 kunda dorining dozasi 0,25 mg ga oshirib boriladi. Dorining bir kunlik maksimal dozasi 3 mg dan oshmasligi kerak. U 4 ga bo‘lib beriladi. Kutilgan natijaga erishilgach, dorining dozasi sekin-asta kamaytiriladi. Katta dozada ichilayotgan dorini birdan to‘xtatib qo‘yish mumkin emas. Alprazolamning antidepressiv ta’siri biroz sust ifodalangan. Ammo bu dori psixosomatik buzilishlarni bartaraf etishda samarali hisoblanadi.

Trazodon ham samarali anksiolitik va trankvilizatordan biridir. Bu dori psixogen og‘riqlar va psixosomatik buzilishlarni korrektsiya qilishda keng qo‘llaniladi. Trazodonni 25 mg dan kuniga 3 mahal ichish tavtsiya etiladi. Trazodon 25, 50 va 100 mg li tabletka va kapsulalarda ishlab chiqariladi. Dorining bir kunlik dozasini asta-sekinlik bilan 300 mg ga etkazish mumkin. Kutilgan natijaga erishilgach, dorining dozasi kamaytirib boriladi.
      
Tranksen uzoq ta’sir etuvchi benzodiazepinlar sirasiga kiradi. Dorini kam dozada, ya’ni kuniga 15 mg dan ichish buyuriladi. Har 3–5 kunda dorining dozasi oshirib boriladi. Uning bir kunlik maksimal dozasi – 75-100 mg.
       
Bemorning kechqurun tinch uxlashi juda ahamiyatlidir. Shuning uchun zopiklon, zolpidem kabi uxlatuvchi dorilar ham buyuriladi. Benzodiazepinlardan klonazepamni kechasi ichib yotish mumkin. Kunduz kunlari tinchlantiruvchi giyohlardan tarkib topgan dorilar (valerian ekstrakti va h.k.) tavsiya etiladi.    Bemorga reflektor ta’sirga ega bo‘lgan davolash muolajalari, ya’ni igna bilan davolash, dorilar elektroforezi, bo‘yin va boshni uqalash, dorsanval kabi muolajalar ham yordam beradi.
       
Bemor sog‘lom turmush tarziga o‘rgatiladi. Unga bosh og‘riqning asosiy sabablari psixoemotsional zo‘riqishlar va kam harakatli hayot tarzi (bir xil vaziyatda o‘tirib ishlash) ekanligi tushuntiriladi. Bemor o‘zining kun tartibini to‘g‘ri tuzib chiqishi, yashash va ishlashda bir xillikdan voz kechishi zarurligi uqtiriladi. Yillar mobaynida shakllanib qolgan stereotip hayot tarzini o‘zgartirish ham ZBO ning keskin kamayishiga olib keladi. Rejali tarzda sport bilan shug‘ullanish, ayniqsa, ertalabki sayr, yugurish va suzish stereotip bosh og‘riqlarni bartaraf etishda juda foydali amallardir. Shuningdek, uyquga ketishdan oldingi tungi sayr (ayniqsa, shaharda yashaydiganlar uchun) ham o‘ta foydali.
       
Prognoz. Kasallik bemorning hayotiga xavf solmaydi. Lekin surunkali ZBO uzoq davom etganligi bois bemorning kundalik turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday bemorlar depressiyaga moyil bo‘lishadi yoki depressiyaga moyil odamlarda ZBO rivojlanadi. Shuning uchun ham ZBO da antidepressantlar samarali hisoblanadi. Bemorga surunkali stressli vaziyatlarda psixoterapevtga murojaat qilishi tavtsiya etiladi. Ular UASh va tibbiy psixolog nazoratida turishi lozim.



Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив