Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi UZOQLAShTIRUVChI NERV NEVROPATIYaSI

UZOQLAShTIRUVChI NERV NEVROPATIYaSI


Uzoqlashtiruvchi nerv fissura orbitalis superior orqali ko‘z kosasiga kiradi va ko‘zning tashqi muskuli m. rectus lateralisni innervatsiya qiladi. Uzoqlashtiruvchi nerv zararlansa, qo‘shiluvchi g‘ilaylik paydo bo‘ladi va bemor ko‘zini tashqariga burishga qiynaladi yoki bura olmaydi. Bemor ko‘zini tashqariga burmoqchi bo‘lsa, diplopiya paydo bo‘ladi yoki kuchayadi.
Uzoqlashtiruvchi nerv zararlanishini bilib olish murakkab emas. Barcha qiyinchiliklar ushbu nervning zararlanishini yuzaga keltiruvchi kasalliklarni aniqlash bilan bog‘liq. Uzoqlashtiruvchi nerv ko‘zni harakatlantiruvchi boshqa nervlarga qaraganda uzun bo‘lganligi bois miya asosida joylashgan turli xil patologik jarayonlarda ko‘p zararlanadi. Shuning uchun ham bu nervning topografik ahamiyati juda katta.

Uzoqlashtiruvchi nerv zararlanishi etiologik omillari:
  • Ishemik infarkt. Varoliy ko‘prigining pastki bazal qismi infarktida VI nerv aksoni va VII  nerv yadrosi hamda shu erdan o‘tuvchi piramidal yo‘llar zararlanadi. Bunda alternirlashgan Fovill sindromi rivojlanadi, ya’ni zararlangan tomonda qo‘shiluvchi g‘ilaylik va mimik muskullarning periferik falajligi, qarama-qarshi tomonda markaziy gemiparez paydo bo‘ladi. Varoliy ko‘prigi asosida joylashgan a.basilaris  anevrizmasida ham VI nerv zararlanishi mumkin.
  • Birlamchi va metastatik o‘smalar. Varoliy ko‘prigining birlamchi o‘smalari, asosan, gliomalar bo‘lib, ularning aksariyati VI nerv yadrosidan o‘sadi. Bu sohaning metastatik o‘smalari esa ko‘pincha burun-halqum bo‘shlig‘ining xavfli o‘smalari metastazidir. Ma’lumki, VI nerv aksoni ko‘prik bilan uzunchoq miya piramidasi orasidan chiqadi va qattiq pardani teshib, kavernoz sinus (sinus cavernosus) ichiga kiradi. Shu bois miya pardasi va kavernoz sinus o‘smalarida VI nerv ko‘p zararlanadi. Bu sohada meningioma, sarkoma, xondroma, xordoma, epidermoid kistalar, tuberkulema, sifiloma va limfomalar ko‘p uchraydi. Demak, qo‘shiluvchi g‘ilaylik va ko‘zni tashqariga bura olmaslik ushbu kasalliklarning klinik simptomi bo‘lishi mumkin. Bu esa bemorni jiddiyroq tekshirishni talab etadi.
  • Bosh miya jarohatlari. Ko‘pincha bosh miya jarohatlaridan so‘ng VI nerv zararlanishi kuzatiladi. Bu esa chakka suyagi piramidasining jarohatlanishi bilan bog‘liq.
  • Subaraxnoidal qon quyilish. Subaraxnoidal qon quyilishda uzoqlashtiruvchi nerv patologiyasi kuzatilishi mumkin. Buning sababi – nervning subaraxnoidal bo‘shliqda to‘plangan qon bilan bosilib qolishidir.
  • Kavernoz sinus trombozi. Yuz-ko‘z sohasi furunkuli, yiringli gaymorit va burun bo‘shlig‘i yarachalari kavernoz sinus trombozi kabi asoratlarni berishi mumkin. Kavernoz sinus ichidan VI nerv o‘tganligi bois ushbu sinus trombozida bu nerv deyarli har doim zararlanadi.
  • Kavernoz sinus sohasi anevrizmasi. Kavernoz sinus ichida ichki uyqu arteriyasi va VI nerv yonma-yon joylashgan. Shu bois, ichki uyqu arteriyasining kavernoz qismi anevrizmasida ushbu nerv zararlanishi ko‘p uchraydi.
  • Chakka suyagi piramidasining diffuz yallig‘lanishi. Ushbu patologiya VI, VII, VIII nervlar va ba’zan V nervning zararlanishi bilan namoyon bo‘ladi. Quloq chakka sohasida kuchli og‘riqlar ham kuzatiladi.
  • Miyacha-ko‘prik burchagi kasalliklari. Bu sohada VIII nerv nevrinomasi, meningioma, epidermoid kista, metastatik o‘smalar va yallig‘lanish kasalliklari ko‘p uchraydi. Ushbu kasalliklarda miyacha-ko‘prik burchagidan o‘tuvchi kranial nervlar, ya’ni V, VII va VIII nervlar bilan birgalikda VI nerv ham zararlanishi mumkin. Shuningdek, bu sohaga yaqin joylashgan oldingi pastki miyacha arteriyasi anevrizmasi ham VI nerv zararlanishiga sabab bo‘ladi.
  • Sfenoidal yoriq (ko‘z kosasining ustki yorig‘i) sindromi. Ushbu yoriqdan o‘tuvchi III, IV va VI nervlar hamda V nervning birinchi shoxchasi zararlanishi simptomlari bilan namoyon bo‘ladi.
  • Tarqoq skleroz. Tarqoq sklerozda ham uzoqlashtiruvchi nerv mononevropatiyasi kuzatiladi.
  • Vernike entsefalopatiyasi. Surunkali alkogolizmda tiamin etishmovchiligi sababli ham uzoqlashtiruvchi nerv nevropatiyasi rivojlanadi.
  • Toksik ta’sirlar va metabolik buzilishlar. Uzoqlashtiruvchi nerv xuddi boshqa kranial nervlar kabi turli xil toksik ta’sirlar va metabolik buzilishlar oqibatida ham zararlanishi mumkin. Turli dorilar va kimyoviy vositalar bilan zaharlanish, uremiya, diabet, eklampsiya kabi bir qator kasalliklar uzoqlashtiruvchi nerv zararlanishiga olib keladi.
  • Mebius sindromi. VI va VII nerv yadrolarining tug‘ma bo‘lmasligi (aplaziya) sababli yuzaga kelgan patologik holatga Mebius sindromi deyiladi. Bu nuqson bilan tug‘ilganlarda ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar patologiyasi mimik muskullar falaji bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Mebius sindromi bola tug‘ilgan zahoti aniqlanadi. Boshqa kranial nervlar ham zararlanishi mumkin.
  • Psevdonevropatiya. Miasteniya, miopatiya va gipertireozda ko‘zni tashqariga buruvchi muskul zararlanishi mumkin. Bunda uzoqlashtiruvchi nerv zararlanmagan bo‘ladi.
  • Uzoqlashtiruvchi nervning idiopatik nevropatiyasi. Ba’zi hollarda (20%) uzoqlashtiruvchi nerv nevropatiyasining sababi aniqlanmay qoladi. Bunday holatlar idiopatik nevropatiya deb yuritiladi.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
                  © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив