Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Umumiy uyqu arteriyasi trombozi

Umumiy uyqu arteriyasi trombozi


Umumiy uyqu arteriyasi boshlanadigan joyda rivojlangan tromboz klinikasi. Umumiy uyqu arteriyasi boshlanadigan joyda tromboz, ko‘pincha aorta ravog‘ining zararlanishi bilan birgalikda kuzatiladi. Umumiy uyqu arteriyasi okklyuziyasida yaqqol ifodalangan klinik belgilar kuzatilmaydi. Buning sababi – kollateral qon aylanishning tashqi uyqu arteriyasi orqali amalga oshirilishidir. Umumiy uyqu arteriyasi boshlanadigan joy okklyuziyasida tashqi uyqu arteriyasida tomir urishi pasayadi, chakka arteriyasida esa yo‘qoladi. Agar okklyuziya kollateral qon aylanishning kuchayishiga sababchi bo‘lsa, unda bir yoki ikkala tomondagi chakka arteriyasida  pulsatsiya kuchayadi.
Agar bemorda anonim-karotid yoki subklavio-karotid sindrom rivojlansa, tromboz kuzatilgan tomonda uyqu, o‘mrov osti, elka va bilak arteriyalarida tomir urishi pasayadi. Shuningdek, ushbu sindromda o‘tib ketuvchi harakat, sezgi, koordinatsiya, vestibulyar, nutq va ko‘rishning buzilishlari tez-tez kuzatilib turadi. Bu simptomlar boshni yon yoki orqa tomonga keskin bursa, paydo bo‘ladi yoki kuchayadi. Bunday paytlarda bemorning boshi aylanib ketib, o‘tirib qoladi yoki hushdan ketadi. Ba’zan ortostatik sinkopal holatlar va epileptik xurujlar ro‘y beradi. Subklavio-karotid sindrom TIA ning asosiy sababchilaridan biridir. Shuningdek, bu sindrom bosh miyada qon aylanishining surunkali buzilishiga olib keladi. Bunday bemorlarning arterial qon bosimi ikkala qo‘lda 2 xil bo‘ladi, bilak arteriyasida tomir urishi bir tomonda yuqori, ikkinchi tomonda past (tromboz tomonda) bo‘ladi. Bu bemorlarda kardiovaskulyar buzilishlar ham ko‘p kuzatiladi. Demak, TIA va bosh miyada qon aylanishining surunkali buzilishlari aniqlangan paytlarda, albatta, bo‘yin tomirlari tekshirilishi kerak. Bu esa insult profilaktikasini amalga oshirish uchun o‘ta muhimdir.
Umumiy uyqu arteriyasi bifurkatsiyasi sohasi trombozi klinikasi. Umumiy uyqu arteriyasi bifurkatsiyasi ushbu arteriyaning tashqi va ichki uyqu arteriyalariga bo‘linadigan joyi bo‘lib, uning proektsiyasi qalqonsimon bez sohasiga to‘g‘ri keladi. Agar tromboz ushbu sohada rivojlansa, ichki va tashqi uyqu arteriyalarida qon aylanish buziladi. Bu soha trombozi sekin-asta rivojlansa, ob’ektiv nevrologik simptomlar, odatda, kuzatilmaydi. Bunday bemorlar bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, boshning bir tomonida guvillagan shovqin, xotira pasayishi, hushdan ketishlar, uyqu buzilishi, boshni yon tomonlarga burganda gandiraklab ketish kabi shikoyatlar bilan vrachga murojaat qilishadi. Ularda AQB o‘ynab turishi, taxikardiya yoki bradikardiya ham kuzatiladi. Ba’zan qarama-qarshi tomonda chakka arteriyasi  pulsatsiyasi kuchayib, zararlangan tomonda esa pasayadi. Zararlangan tomonda ko‘z to‘r pardasining markaziy arteriyasida bosim pasayadi. Umumiy uyqu arteriyasi bifurkatsiyasi sohasining sekin rivojlanuvchi trombozida ham TIA kuzatilib turadi va bosh miyada qon aylanishining surunkali buzilishi rivojlanadi. Agar tromboz o‘tkir rivojlansa, unda og‘ir insult ro‘y beradi.
Umumiy uyqu arteriyasi qatlanishi (dissektsiyasi). Umumiy uyqu arteriyasi qatlanishining asosiy klinik belgilari – bo‘yin, chakka va ko‘z kosasining bir tomonida og‘riq, Gorner sindromi, quloqda  pulsatsiya beruvchi shovqindir. AQB oshganda bu belgilar kuchayadi. Quloqdagi shovqin boshni shu tomonga bukkanda zo‘rayadi. Kasallik uzoq vaqt o‘choqli nevrologik simptomlarsiz kechadi. Keyinchalik ichki uyqu arteriyasi trombozi klinikasiga o‘xshash klinik sindromlar o‘tkir paydo bo‘lishi mumkin.

Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
              ©Z. Ibodullayev. Insult va koma, Toshkent, 2013., 193 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi 
              ©asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив